Abdurahmonbek O‘razayev – taniqli davlat va jamoat arbobi.
1888 yilda Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahrida amaldor oilasida tug‘ilgan. Abdurahmonbek ota tomondan xuddi Mustafo Cho‘qay ajdodlari singari qozoqlarning qipchoq urug‘iga borib taqaladi. Otasi – Muhammad O‘razayev (1898 yil 10 mayda vafot etgan) O‘rta juzdagi aslzodalardan biri bo‘lib, 2-Orenburg kadet korpusini tugatgan hamda Marg‘ilon uyezdi boshqarmasida tarjimon va kotib bo‘lib ishlagan. Onasi – Niyozjon Bibixonim Farg‘ona viloyati Yangi Marg‘ilon uyezdi Avval qishlog‘ida tug‘ilgan o‘zbek ayoli bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng o‘qituvchilik qilgan. Yosh Abdurahmonbek tarbiyasida onasining xizmati katta edi.
A.O‘razayev Skobelev gimnaziyasi (1910) va Moskva universitetining yuridik fakultetini (1915) tugatgan. Advokat yordamchisi lavozimida ishlagan.
Farg‘ona saylov okrugidan Butunrossiya Ta’sis Majlisi a’zosi (1917) qilib saylandi. Turkiston Muxtoriyati hukumati 1917 yil noyabrda tashkil qilingach, u ichki ishlar vazirining o‘rinbosari hamda Milliy Majlis a’zosi bo‘ldi. So‘ngra ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Eserlar partiyasiga xayrixoh bo‘lgan.
Muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan ag‘darilgach, 1918 yil fevral oyi oxirida A. O‘razayev bolsheviklar qo‘liga tushib qolgan. U 1918 yil may oyida dastlab amnistiya qilindi hamda sovet hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ishladi.
A.O‘razayev keyinchalik Sibirga surgun qilindi. U yerda sil kasali bilan qattiq og‘rib qolgach, Toshkentdagi qarindoshlari (singlisi) oilasiga qaytishga ruxsat berildi. U bo‘lg‘usi akademik bo‘lgan kuyovi Qori Niyoziy xonadonida yashadi. Toshkentda bir muddat istiqomat qilgach, taxminan 1937 yilda og‘ir kasallik natijasida vafot etdi.
Abdurahmonbek O‘razayevning ikki nafardan akasi va singlisi bo‘lgan. Uning shaxsiy hayoti haqida yetarlicha ma’lumotlar saqlanib qolmagan.
A.O‘razayevning singlisi: Oyshaxonim O‘razayeva (1897 yil 2 sentyabr – 1988 yil 31 yanvar) onasi singari sovet maktablarida ishlagan. Turkistonda dastlabki ayol o‘qituvchilardan biri bo‘lgan. U Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahridagi ayollar gimnaziyasini tugatib, Namangandagi rus-tuzem maktabida rus tilidan dars bergan. So‘ngra Skobelevdagi sovet maktabida faoliyat ko‘rsatdi. U keyinchalik mashhur matematik olim bo‘lib yetishgan O‘zbekiston fan arbobi (1939), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1943-1947), fizika-matematika fanlari doktori (1939), professor, Sosialistik Mehnat Qahramoni (1967) bo‘lgan Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy (1897, Xo‘jand – 1970, Toshkent)ga turmushga chiqqan. T.N.Qori-Niyoziy O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatgach (1929), shu universitet rektori (1931-1933), O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissari va ayni paytda O‘zbekiston XKS huzuridagi Fan qo‘mitasi Prezidiumi raisi (1937-1938), O‘zbekiston SSR XKS raisi o‘rinbosari (1939-1943), SSSR FA O‘zbekiston filiali Prezidiumi raisi (1940-1943) hamda boshqa mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi.
Shu narsa xarakterli holki, sovet davrida o‘z tarjimai holini ancha o‘zgartirgan er-xotin Toshmuhammad va Oyshaxonim ikkalasi go‘yoki ham bir kunda, ham bir yilda – 1897 yil 2 sentyabrda biri Xo‘jandda, ikkinchisi Skobelev shahrida tug‘ilganligi to‘g‘risida rasmiy hujjatlarda yozishgan. Qori-Niyoziy sovet rejimi davrida, bir tomondan, O‘zbekistonda sovet madaniyati va ilm-fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zbek xalqi ma’naviyati va milliy madaniyatga qaqshatqich va ayovsiz zarba bergan.