Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

MUSTAFO CHO‘QAY

Mustafo Cho‘qay – taniqli davlat va jamoat arbobi hamda Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun izchil kurashchi[1].

1890 yil 25 dekabrda [yangi hisob bilan 1891 yil 7 yanvarda] Sirdaryo oblasti Perovsk uyezdi Jopek volostidagi Avliyotarang‘il ovulida (ba’zi manbalarda yozilishicha, Narshoki qishlovida) tug‘ilgan[2]. Otasi Cho‘kaybey To‘rg‘ay dodxoh o‘g‘li bo‘lis (volost) boshlig‘i, qozoqlarning qipchoq urug‘i aslzodalaridan bo‘lgan, onasining ajdodlari Xiva xonlariga borib taqalgan. Mustafo Cho‘qay tarjimai holida o‘zini qipchoq deb hisoblagan[3].

Mustafo Cho‘qay boshlang‘ich ma’lumotni Oqmachitda olgach, Toshkentdagi erkaklar gimnaziyasida o‘qidi (1902 – 1910). Sankt-Peterburg universitetining yuridik fakultetini tugatgan (1914). Aynan ushbu o‘quv yurtlarini keyinchalik Rossiyadagi Muvaqqat hukumatning Bosh vaziri bo‘lgan Aleksandr Kerenskiy (1881 – 1970) ham taxminan o‘n yil oldin 1899 va 1904 yillarda tugatgan edi. Mustafo Cho‘qay 1916 – 1917 yillarda Rossiya IV Davlat dumasining musulmonlar fraksiyasida kotib va tarjimon bo‘lib ishlaydi. Turkistonda 1916 yili ko‘tarilgan qo‘zg‘olon shafqatsiz bostirilgandan keyin Davlat dumasining A. Kerenskiy boshchilik qilgan maxsus komissiyasi tarkibida o‘sha yili avgust oyida Turkiston o‘lkasida, jumladan, Jizzaxda bo‘lib vayronaga aylangan shahar xarobalarini ko‘rgan.

1917 yil aprelda Mustafo Cho‘qay Petrograddan Toshkentga qaytdi va Turkistondagi siyosiy jarayonlar markazida turdi. U Toshkentda 1917 yil bahoridan boshlab “Birlik tug‘i” va «Svobodnыy Turkestan» gazetalarini chop eta boshladi. 1917 yil 16 – 23 aprelda Toshkentda o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining I qurultoyida Mustafo Cho‘qay raisligida Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi [Kraymussovet], ya’ni Milliy Markaz tashkil qilindi. Orenburgda 21 – 28 iyulda o‘tgan Butunqirg‘iz [Butunqozoq] I s’yezdida faol qatnashdi. Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti a’zosi (1917 yil avgustdan). Toshkentda bolsheviklar tomonidan zo‘ravonlik bilan hokimiyat bosib olingach, Mustafo Cho‘qay boshchiligidagi Milliy Markaz noyabr oyi boshlarida Qo‘qonga ko‘chib bordi[4].

1917 yil 26-28 noyabrda (yangi hisob bilan 9-11 dekabrda) Qo‘qon shahrida Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Bu qurultoyni o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi (Kraymussovet) raisi Mustafo Cho‘qay kirish so‘zi bilan ochib berdi. U qurultoy hay’ati a’zoligiga ham saylandi. Qurultoy qatnashchilari uch kun davomida Turkiston o‘lkasining bo‘lg‘usi siyosiy tuzilishi haqidagi o‘z qarashlarini belgilab olishdi. Qurultoy qarorlarini ishlab chiqishda Mustafo Cho‘qay bilan birgalikda Muhammadjon Tinishboyev, Islom Sulton Shoaxmedov, Ubaydulla Xo‘jayev, Obidjon Mahmudov, Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqalar muhim rol o‘ynashdi.

Turkiston Muxtoriyati hukumati dastlab 8 nafar kishidan iborat tarkibda tuzildi. Muhammadjon Tinishboyev Bosh vazir va ichki ishlar vaziri lavozimini egalladi. Mustafo Cho‘qay tashqi ishlar vaziri lavozimiga saylandi. Hukumat tarkibiga Ubaydulla Xo‘jayev harbiy vazir va Obidjon Mahmudov oziq-ovqat vaziri sifatida kiritildi. Qurultoyda saylangan Turkiston Milliy Majlisi tarkibiga ko‘pchilik qatori Mustafo Cho‘qay ham kiritildi.

1917 yil 12 dekabrdan boshlab Mustafo Cho‘qay Turkiston Muxtoriyati hukumatining Bosh vaziri bo‘ldi. (M.Tinishboyev Alash O‘rda avtonom hukumati faoliyatida bevosita qatnashish uchun Qo‘qondan Orenburgga jo‘nab ketgan edi.) Ayni paytda Mustafo Cho‘qay Orenburgda 1917 yil 5-13 dekabrda (yangi hisob bilan 18-26 dekabrda) bo‘lib o‘tgan Butunqirg‘iz [Butunqozoq] vakillarining I s’yezdida tashkil qilingan Alash O‘rda hukumatining ham tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Shu o‘rinda Mustafo Cho‘qayning Alash O‘rda avtonom hukumati va rahbariyatiga bo‘lgan munosabatini aytib o‘tish lozim. Yoshligidan turkchilik g‘oyalari bilan tarbiyalangan Mustafo Cho‘qay yagona va bo‘linmas Turkiston tuzish tarafdori edi. U qozoq elatdoshlari bo‘lgan “Alash” partiyasi a’zolariga alohida avtonom hukumat tuzish zarur emasligini, ular yangi tashkil qilingan Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga alohida viloyat sifatida kirishlari mumkinligini bildiradi. Kelajakda bu muxtoriyatga Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududlarini ham qo‘shib olgan holda mustaqil Turkiston davlatini (O‘zbekiston yoki Qozog‘iston emas!) tuzish imkoniyati vujudga kelar edi. Biroq Mustafo Cho‘qay, Behbudiy, Munavvar Qori, Ubaydulla Xo‘jayev, Fayzulla Xo‘jayev kabi millat yetakchilarining bunday geosiyosiy qarashlari qozoq bovurlarimizga yoqmaydi. Shuning uchun Mustafo Cho‘qay o‘zi Alash O‘rda hukumati a’zosi va qozoq bo‘la turib, keyinchalik Qo‘qondagi fojialardan so‘ng ham haqli ravishda Alash O‘rda hukumatida faoliyat ko‘rsatmaydi va Orenburgda o‘rnashgan alasho‘rdachilar bilan aloqaga chiqmaydi.

Muxtoriyat hukumati bolsheviklarning harbiy kuchlari tomonidan tugatilgach, 1918 yil fevral oxirida Qo‘qondan chiqib ketdi hamda yashirin ravishda mart oyida Toshkentga keldi va bu yerda 2 oy yashadi. U 1918 yil 16 aprelda eski tanishi aktrisa Mariya Yakovlevna Gorina (1888 – 1969) bilan Toshkentdagi masjidda nikohdan o‘tib, turmush quradi. Yosh oila 1918 yil 1 mayda Toshkentdan poyezdda Moskvaga jo‘naydi. Biroq poyezd Volgadagi jangovar harakatlar sababli Aktyubinskkacha boradi, xolos. 1918 yil 8 iyunda Samarada bolsheviklarga qarshi Ta’sis majlisi a’zolari komiteti (Komuch) hukumati tuzildi. Iyul oyida Alash O‘rda rahbarlari Alixon Bukeyxanov va Mustafo Cho‘qay Samaraga kelib, Komuch hukumati bilan bolsheviklarga qarshi harbiy-siyosiy ittifoq tuzdi. Bu paytda Mustafo Cho‘qay Samara, Ufa, Omskda faoliyat ko‘rsatdi. 1918 yil 18 noyabrda o‘z safdoshlari bilan qamoqqa olingan Mustafo Cho‘qay turkistonlik eser Vadim Chaykin va tatar Ilyos Alkin bilan Chelyabinskda qamoqdan qochadi. 1918 yil 1 dekabrda Orenburgdagi Karvonsaroyda (Boshqirdiston hukumati qarorgohida) u bilan Boshqirdiston hukumati raisi Ahmad Zaki Validiy o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Mustafo Cho‘qay qisqa muddat Komuch hukumatida faoliyat ko‘rsatdi.

Mustafo Cho‘qay 1919 yil fevralda Yevropa davlatlariga maxsus memorandum bilan murojaat qilib, Turkistondagi istiqlolchilarning bolsheviklarga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlashga, sovet rejimini ag‘darib tashlashga chaqirdi[5].

Mustafo Cho‘qay qozoq dashtlari va Kaspiy dengizi orqali 1919 yil bahorida avval Boku so‘ngra Tiflis [Tbilisi] shahriga boradi. U Tiflisda 2 yil yashaydi. Bu yerda u musulmonlar uchun “Yeni Dünya” va “Şafak” gazetalarini tashkil qilib, “Na rubeje” jurnaliga muharrirlik qildi. Qizil armiya Tiflisni bosib olgach, 1921 yil fevral oyida Mustafo Cho‘qay muhojirlikka jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi hamda Istanbulga yetib keldi. Mustafo Cho‘qay xotini bilan 1921 yil yozida Parijga keldi. Mustafo Cho‘qay muhojirlikda 20 yil yashab, turli xalqaro anjumanlarda ishtirok etdi hamda matbuotda ingliz, fransuz, polyak, rus, turk tillarida o‘tkir publisistik maqolalar bilan muntazam qatnashib turdi. Parijda uning rus tilida “Markaziy Osiyodagi Sovetlar” (1928) hamda “Turkiston sovet hokimiyati ostida” (1935) hamda turk tilida Parij – Berlinda “1917 yil xotiralari parchalari”[6] (1937) kitoblari nashr etildi.

Mustafo Cho‘qay 1929 yildan boshlab Turkiston Milliy Birligi Markaziy Qo‘mitasining raisi bo‘ldi. 1929 – 1939 yillarda chiqqan “Yaş Türkistan” jurnaliga muharrirlik qildi. Jurnal Parijda tayyorlanib, Berlinda chop etilgan (uning 117 ta nomeri chop etilgan).

Mustafo Cho‘qay xorijda muhojirlikda yashayotganda O‘rta Osiyo respublikalarida sovet rejimiga qarshi davom etayotgan qurolli istiqlolchilik harakati (sovet hokimiyati yillarida u “bosmachilik” harakati deb atalgan) to‘g‘risida 1930 yil 19 fevralda “O basmachestve” maqolasida shunday deb yozgan edi: “Turkiston – Sovet Ittifoqining qo‘zg‘olonchilar hozirgacha o‘z harakatini to‘xtatmagan yagona qismi.  Buning ikkita sababi bor. Birinchidan, Moskva zulmidan qutulish uchun mamlakatni kurashga olib kelgan milliy tuyg‘uning kuchliligi. Bu umumiy holatning sababi hisoblanadi. Ikkinchidan, mahalliy xususiyatga molik sabab ham bor. Bu sovet milliy siyosatining faqat Turkistonga xos alohida xususiyatidir...

 Turkiston aholisi sovet hokimiyatiga qarshi uzluksiz (permanent) kurash holatidadir. Sovet hokimiyatiga qarshi “permanent kurash” kayfiyati zaminida qaytadan bosmachilikning paydo bo‘lishi bizni hayron qoldirmaydi. Bosmachilik - Turkistonda sovet xo‘jayinchiligining ko‘lankasi.

Bosmachilik  aynan Farg‘onada yuz berganligi shuni yaqqol ko‘rsatadiki, bu holat Moskva hukumatining paxta siyosatiga qarshi tez orada qo‘zg‘olonchilik harakati boshlanishiga ham sabab bo‘ladi”[7].

Germaniya SSSRga hujum qilgan 1941 yil 22 iyun kuni nasistlar Parij atrofidagi Nojan shaharchasida yashayotgan Mustafo Cho‘qayni qamoqqa olishdi hamda u 13 iyulgacha Kompyen xarbiy lagerida tutqunlikda saqlandi[8]. So‘ngra Mustafo Cho‘qay Berlinda bo‘ldi (15 iyuldan 26 avgustgacha). U 1941 yil sentyabr – dekabr oylarida sovet harbiy asirlari saqlanayotgan Suvalki, Vustrau va Chenstoxova konslagerlarida bo‘lib, asir olingan turkistonliklarni omon saqlash yo‘llarini izladi. Mustafo Cho‘qay va toshkentlik o‘zbek Vali Qayumxon (1904 – 1993) asir olingan turkistonliklardan Turkiston legioni tuzishni rejalashtirdilar. Biroq Mustafo Cho‘qay konslagerlarda yuqumli kasallikka chalindi hamda Berlindagi “Viktoriya” kasalxonasida tepkili terlama (tif)dan 1941 yil 27 dekabrda vafot etdi. U Berlindagi turk musulmonlarining Tempelxof qabristonida 1942 yil 2 yanvarda dafn etildi[9].

Mustafo Cho‘qay rus, o‘zbek, qozoq, turk, fransuz, ingliz, nemis, polyak tillarida Turkistonning XX asr tarixiga oid ko‘plab maqolalar va kitoblar yozdi. “1917 yil xotira parchalari” (Berlin, 1937; o‘zbek tilida) kitobi katta shuhrat qozondi. Bu asar turk (Anqara, 1988), rus (Germaniya, 1989; Tokio-Moskva, 2001), o‘zbek (Toshkent, 1992) tillarida alohida kitob bo‘lib nashr qilindi. Uning 2 jildli “Tanlangan asarlar” kitobi (Almati, 1998-1999) qozoq va qisman rus tillarida bosilib chiqdi.

SSSR tarqalgach, Qozog‘iston va O‘zbekistonda Mustafo Cho‘qayning asarlari chop etildi. Taniqli tarixchi olim professor Kushim Yesmag‘ambetov (1938 – 2016) boshchiligida 2012 – 2014 yillarda Almatida Mustafo Cho‘qayning 12 jildlik asarlar to‘plami nashrdan chiqdi[10]. Qozog‘istonda Mustafo Cho‘qay haqida badiiy asarlar yaratildi, kinofilmlar suratga olindi, uning xotirasiga atab ko‘plab haykallari o‘rnatildi. Bu yerda muntazam ravishda Mustafo Cho‘qayga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazib turiladi.

Shunday qilib, turkiy xalqlarning atoqli farzandi, mashhar davlat va siyosiy davlat arbobi Mustafo Cho‘qayning hayoti va faoliyati XXI asrda yashayotgan barcha turkiy xalqlar, xususan, qozoqlar va o‘zbeklar uchun porloq namuna hisoblanadi. O‘z hayotini Turkiston birligi va mustaqilligi uchun kurashga bag‘ishlagan, ham Rossiya imperiyasi, ham sovet davlati, ham Yevropada muhojirlikda, ham Germaniyada nasistlar hukmronligi sharoitida murakkab va ziddiyatli bir vaziyatda faoliyat yuritgan bo‘lishiga qaramasdan u yorqin siymo bo‘lib qolaveradi[11].

 

[1] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 23-29.

[2] Sadыkova B. Mustafa Chokay. –Almatы: “Alash”, 2004. –S. 231.

[3] Mustafa Shokay.

[4] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 23-29.

[5] Rajabov Q. Mustafo Choʻqay //Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T. 6. –Toshkent: “Oʻzbekiston milliy eniklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. –B. 157.

[6] Qarang: Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari (1917-yil xotiralari). Soʻzboshi muallifi B. Qosimov. –Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992. – 80 bet; Mustafa Chokayev. Otrыvki iz vospominaniy v 1917 g. Sostavleniye, predisloviye, primechaniya S.M. Isxakova. –Tokio-Moskva, 2001. – 54 str.

[7] Mustafa Shokay.

[8] Mariya Chokay. Ya pishu Vam iz Nojana... (Vospominaniya, pisma, dokumentы). –Almatы: “Kaynar”, 2001. –S. 165.

[9] Sadыkova B. Istoriya Turkestanskogo legiona v dokumentax. –Almatы: “Kaynar”, 2002. – 248 str.; On je. Mustafa Chokay v emigratsii. –Almatы: “Mektep”, 2009. – 248 str.

[10] Mustafa Shoqay. Shыgʻыrmalarыnыn tolыq jinagʻы. On yeki tomdыq. Tom I – XII. Kurastыrgʻon algʻы soz ben tusinidirmelerdi jazgʻan K.Yesmagʻambetov. –Almatы: “Dayk-Press”, 2012 – 2014.

[11] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 23-29.