Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

OBIDJON MAHMUDOV

Obidjon Abduxoliqovich Mahmudov [Obid chatoq] – Turkistondagi jadidchilik harakatining vakili, davlat va jamoat arbobi, yirik sarmoyador va noshir.

Obidjon Mahmudov 1871-yil Margʻilonda tugʻilgan. Uning otasi Abduxoliq Abduqodirbek oʻgʻli boʻlib, Buxoro amirligida toʻpchiboshi lavozimida ishlagan. Abduxoliq Abduqodirbek oʻgʻli bir doʻstining taklifiga binoan Margʻilonga mehmonga borganida, otdan yiqilib oyogʻi singan va shifo topguniga qadar uning xonadonida yashashga majbur boʻlgan. U shu vaqtda doʻsti Mirzayunusning Robiya degan yaqin qarindoshiga uylanib, shu yerda yashab qolgan. Abduxoliq va Robiyaning farzandi Obidjon Mahmudov edi. Ularning toʻngʻich oʻgʻli Mirodil Qoʻqonning Shayxon mahallasidan uy-joy sotib olgach, Obidjon ham shu yergakoʻchib keladi. Shu yerda madrasa taʼlimini oladi. Darsdan boʻsh paytlarida moʻmchilik bilan shugʻullangan akasiga yordam berib, undan moʻmchilik hunarini, pochchasi Mirzakarim zargardan esa savdo-sotiqning sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganadi[1].

Obidjon Mahmudov Qoʻqonga koʻchib kelib, madrasa taʼlimini oldi. U Kaspiy dengizidagi Cheleken yarim oroliga borib, neft qazib olish bilan shugʻullandi va boyib ketdi[2]. Obidjon Mahmudovning tez orada Qoʻqonning yirik boylaridan biriga aylanishi Rossiya imperiyasining maxsus politsiyasi boʻlmish – Turkiston rayon muhofaza boʻlimi tomonidan doimiy kuzatuvda boʻlishiga sabab boʻlgan.

Obidjon  Mahmudov  1897-1901-yillarda  Sankt-Peterburg universitetining togʻ-kon muhandisligi fakultetini tugatgan. U  togʻ-kon boʻyicha yirik mutaxassis boʻlib, keyinchalik davlat arbobi, oʻzbek hamda rus tillarida ijod etgan adib, arab, turk tillarining bilimdoni, iqtisod, geologiya fanlari sohasida oʻziga xos bilimga ega boʻlgan yetuk shaxs boʻlib yetishadi[3].

Qoʻqonga qaytgach, togʻ-kon sanoati bilan shugʻullanib, Fargʻona vodiysida koʻplab neft konlarini ochishda ishtirok etdi. Shoʻrsuvdagi oltingugurt konini sotib olgan. Oʻqishni bitirganidan soʻng Qoʻqonga qaytib, neft konlarida ish boshlaydi. Karmana, Shoʻrsuv, Sariqqoʻrgʻon, Polvontosh, Olamushuk, Mumkonsoy kabi hududlardagi konlarda faoliyat olib borib, 1905-yilda hukumat tomonidan neft va ozokerit 23 ishlanmalarini oʻrganish uchun Ozarbayjonga yuboriladi. U yerda tajriba orttirib qaytganidan soʻng, barcha konlarda neft qazib chiqarish bilan shugʻullanadi[4].

Tarixchi N.Komilovning fikricha, O.Mahmudov boshchiligidagi bir guruh sarmoyadorlar 1906-yil 15-noyabrda Qoʻqon birja jamiyatini tashkil etishgan. 1907-yil 9-yanvarda birja jamiyati raisi A.I.Vegel va Obidjon Mahmudov boshchiligidagi 60 nafar aʼzo Fargʻona viloyati harbiy gubernatori Pokotilo Vasiliy Ivanovich (10.12.1904 –  28.07.1907)dan Qoʻqon birja jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida ruxsat soʻrashgan.

Jamiyatning 60 nafardan iborat aʼzosi 1906-yil 15-noyabrda Qoʻqon shahrida yigʻilib, Qoʻqon birja jamiyatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni koʻrib chiqishadi. Ushbu yigʻilishda birja jamiyatining Nizomi ishlab chiqilib, aʼzolik badallari ham kiritiladi. Jamiyat aʼzolari 1907-yil 2-yanvar kuni ham yigʻilishib, Nizomning 46-bandiga koʻra jamiyat aʼzolarining 2/3 qismi birja jamiyatini tashkil etish uchun ovoz berganini eʼlon qilishadi[5]. Keyinchalik 1907-yilda 2299-sonli xat bilan Fargʻona viloyati harbiy gubernatori Rossiya imperatori Nikolay II nomiga xat yoʻllab, birja jamiyati tuzilganligi toʻgʻrisida hisobot beradi. Qolaversa, birja jamiyati faoliyati uchun Nizom ishlab chiqilgan boʻlib, uni tayyorlashda O.Mahmudovning hissasi katta boʻlgan. Xususan, u rus boylaridan I.Larin, A.Smirnov, R.Ribakov, A.Uvalyev, A.Korotkovlar, shuningdek, oʻzbek filantroplaridan A.Samandarov, I.Qosimbekov, Mulla Bobojon Sharifboyev, Mulla Sulaymonqul kabi yaqin doʻstlari bilan bu ishga bosh-qosh boʻlgan. Ushbu nizomda jamiyatning maqsad va vazifalari, ochiq birja savdolarini oʻtkazish, Turkistonga kirib kelayotgan mahsulotlarning yagona narxini belgilash, narxlarni suniy oshishiga yoʻl qoʻymaslik kabi masalalar koʻrsatilgan.

Nizomga muvofiq birja jamiyati quyidagi asosiy prinsiplar asosida ishlashi belgilangan edi: 1) birja savdolarining ochiqligi va oshkoraligi; 2) birja savdolarida narxlarni shakllantirish erkinligi; 3) birja bitimlarining ixtiyoriyligi; 4) birja barcha aʼzolarining birja savdolarida ishtirok etishida oʻzaro tengligi; 5) faqat oldindan belgilangan joyda va birjada bitimlar tuzish.

Yuqoridagi prinsiplar asosida jamiyatning mahalliy millatga mansub vakillari birja savdolarida ruslarning noqonuniy harakatlarini tartibga solib turishgan. Qolaversa, iqtisodiy nuqtayi nazardan Turkistonda tashkil etilishi lozim boʻlgan muxtoriyatning iqtisodiy asoslarini barpo etishgan.

Obidjon Mahmudovning faoliyatida asosiy yoʻnalishlardan biri bu noshirchilik edi. U bu sohada ham juda koʻp ishlarni amalga oshirganligini alohida taʼkidlash lozim. 1913-yili Obidjon Mahmudovning Fargʻona oblasti gubernatori A.I.Gippiusga murojaatiga koʻra, 5685-sonli guvohnoma bilan gazeta faoliyatiga ruxsat berilgan. Hujjatda keltirilishicha, 1906-yil senzura va noshirlik toʻgʻrisidagi Nizomning 114-moddasi asosida ― “Nashri Obidjan” deb nomlangan mahalliy gazetani Qoʻqon shahrida haftasiga 3-marta chop etish mumkinligi koʻrsatilgan. Gazetaning eʼlonlar, agentlik telegrammalari, boshqa gazetalardan xabarlarni qayta chop etish, tijorat va sanoat maʼlumotlari, yangiliklar va kashfiyotlar, voqea-hodisalar, hukumat buyruqlari va eʼlonlari asosida nashr etishga ruxsat berilgan. Gazeta faoliyatiga noshir va masʼul muharrir Obidjon Mahmudovning oʻzi edi. Gazeta oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygach, 1914-yil 1-avgustda Obidjon Mahmudov yana bir bor harbiy gubernatorga iltimosnoma yuboradi. Unda Evropa davlatlarining tinchlik va osoyishtalikni buzish borasidagi siyosati Buyuk Rossiyaning ularni daf qilish istagi bilan yagona qudratli oqimga, yakdil fikrga birlashganligi, bunday tarixiy davrda matbuot xizmati va uning vazifalari davlatning tinch-osoyishta paytlariga qaraganda yanada masʼuliyatli va murakkabroq hisoblanishi, xabarlar oqimi juda tez kelayotganligi, matbuot vazifalarini toʻliq bajarish, shuningdek, urush davri voqealari bilan ortgan jamoatchilik talablarini qondirish uchun rus tilida ― “Ferganskoye exo” va oʻzbek tilda ― “Sadoi Fargʻona” gazetalarini joriy dasturga muvofiq har kunlik qilib nashr etishga ruxsat berishini iltimos qiladi. Ushbu xatga javoban Fargʻona oblasti harbiy gubernatorining buyrugʻi chiqarilib, unga koʻra Obidjon Mahmudov nashriyotiga berilgan 5685-sonli guvohnoma bekor qilinib, yangi nomdagi ― “Sadoi Fargʻona” gazetasi chop etiladigan boʻldi. Shunday qilib, 1914-yildan rus tilida ― “Ferganskoye exo” va oʻzbek tilda ― “Sadoi Fargʻona” gazetalarini nashr etish boshlandi. Obidjon  Mahmudov  Fargʻona vodiysidagi jadidchilik harakatida faol qatnashgan va ularni moddiy jihatdan taʼminlab turgan. Qoʻqonda 1914-yili bosmaxona tashkil qilgan. Bundan tashqari, Obidjon Mahmudov “Tirik soʻz” (1917) gazetasining muharriri va noshiri edi. U matbuotda dolzarb masalalar bilan chiqib, Turkiston xalqini maʼrifatli boʻlishga chaqirgan, uni ozodlik uchun kurashga daʼvat etgan[6].

Obidjon  Mahmudov  faoliyatining asosini mamlakatning iqtisodiy mustaqillikka erishishini taʼminlash tashkil etgan. U “Sadoi Fargʻona” gazetasida Turkiston iqtisodiyotiga oid bir necha maqolalar eʼlon qilgan va ularda oʻlkaga kapitalistik iqtisodiy munosabatlarning kirib kelishi, adolatsizlik va  suiisteʼmolchiliklar  xalqning  tobora  tinka-madorini  qurita borayotganligini taʼkidlagan. Uning “Eski asrdan bir mazmun” nomli maqolasida chorizm mustabid hokimiyati oʻlkaning iqtisodiy ahvolini ogʻirlashtirib, mahalliy xalqlarning milliy qadr-qimmatini yerga urganligini afsus bilan taʼkidlaydi.

Shuningdek, Obidjon Mahmudov qoʻl mehnatiga asoslangan mayda ishlab chiqarish mashinalashgan sanoat ishlab chiqarish bilan raqobat qila olmasligini taʼkidlab,  ish  tanazzulga  yetib  bormasidan  ishlab  chiqarishni zamonaviylashtirish lozimligini taʼkidlaydi. Zero,  eski  usuldagi  iqtisodiy  mexanizmlar Turkistonning  kelajagini  belgilab  bera  olmasligini,  mustamlakachi hukumatning mamlakat boyliklarini tashib ketayotganligini ich-ichidan his qilgan holda bu borada koʻplab murojaatlar qilgan. Obidjon Mahmudovning bir maqolasida mahalliy bank ochish muammosiga eʼtibor qaratilib, unda mamlakatda dehqonlarni qarzdorlikdan qutqarish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun ularga kredit ajratish lozimligi aytilgan. Birinchidan, bu mulkdorlarning boyligini yanada oshishiga, ikkinchidan, agar bank mablagʻi faqat mahalliy boylarning sarmoyalaridan iborat boʻlsa, bankning egasi ham millatning oʻzi boʻlishini, uchinchidan dehqonlar shu kredit orqali qarzdorlikdan xalos boʻlishini taʼkidlaydi.

Bundan tashqari, Obidjon Mahmudov oʻz maqolalarining birida savdogarchilik, uning oʻziga xos xususiyatlari, afzalliklari toʻgʻrisida ham maʼlumotlar bergan. Uning yozishicha, ilgarigi zamonlarda savdogar ahli nufuzli tabaqa sifatida jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlgan. Ular oʻz faoliyatlarini shariat belgilab bergan normalar asosida olib borganlar. Yaʼni, sharʼan harom deb sanalgan ribo – sudxoʻrlik kabi xislatlar mahalliy savdogarchilik uchun yot hodisa ekanligini taʼkidlagan. Shuningdek, Obidjon Mahmudov maqolalarining birida qogʻoz ishlab chiqarish hunarmandchiligi toʻgʻrisida ham oʻz fikrlarini bayon etgan. Milliy qogʻoz ishlab chiqarishning yoʻq boʻlib ketmasligi uchun hukumat rahbarlarini milliy hunarmandchilikning  ushbu turini  rivojlantirishga  ahamiyat berishga chaqirgan[7].

Shuningdek, Obidjon Mahmudovning “Sadoi Fargʻona” gazetasida eʼlon qilgan maqolalarida oʻlkada iqtisodiy munosabatlarda adolatsizlik va suiisteʼmolchiliklar hamda Yevropa bank va firmalarining asl basharasini ochib tashladi: “...Oqcha kerak boʻlsa Fargʻonaga kel va yuringlar deb bir necha kunda: 25 firma, 10 bank, 5-10 komissionniy konturalar ochilub, oʻn, yigirma tarafdan oqchani tortaverdilar... Bank va firmalar faqat Nizomga toʻgʻri kelturub ishlarini oʻzlari xohlaganlaricha qilub, qancha insofsizlik qila bilsalar qildilar”[8].

Obidjon Mahmudov oʻz maqolalarida iqtisodiy masalalardan tashqari oʻlkadagi ijtimoiy muammolarga ham qaratgan. Uning taraqqiyparvarlik gʻoyalarida dinning inson maʼnaviy kamolotidagi oʻrnini toʻgʻri tushunish, bozor munosabatlarining shakllanish  jarayonlarini  faollashtirish,  taraqqiyparvar  demokratik institutlarni vujudga keltirish, oʻlkada oʻziga xos milliy rivojlanishni shakllantirish, shuningdek, noshirlik faoliyatini rivojlantirish kabi muhim tarixiy vazifalarni amalga oshirishga harakat qilgan. Bu vazifalarni amalga oshirishning muhim shartlari – islom tushunchasini yangilash, uni mutaassiblikdan tozalash, fan yutuqlari va ilgʻor texnologiyani egallash muammolarini hal etish edi[9].

Obidjon Mahmudov oʻzining maqolalarida ayrim – diniy ulamolarning oʻz manfaatlari yoʻlida islom mohiyatini buzib koʻrsatganliklarini tanqid qiladi va jamiyatdagi mavjud illatlar ogʻir oqibatlarga olib kelishini koʻrsatib beradi. Qolaversa, u taʼlim, iqtisod, madaniyat va umuman jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish zaruratini tushuntirishga intilgan. Uning fikrlari milliy doirada chegaralanmay, Yevropaning texnologik jihatidan Sharqqa nisbatan ancha ilgarilab ketganligini hisobga olgan holda Gʻarb sivilizatsiyasining muhim jihatlarini eʼtirof etgan. Shuningdek, uning gʻoyalarida asosiy eʼtibor butun ijtimoiy va iqtisodiy tizimni oʻzgartirish, taʼlim-tarbiyani yangilashga qaratilgan. Xususan, u yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, gazetalar chiqarish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarni nashr etish, iqtisodiy mustaqillik, Yevropa madaniyati yutuqlaridan foydalanishni targʻib etish orqali milliy dunyoviy taʼlimni yuzaga keltirish, maʼnaviy hayotni yangilash va boyitish, milliy oʻzlikni anglashni yuksaltirish lozimligini uqtiradi[10].

Milliy taraqqiyparvarlik harakatining yetakchilaridan biri sifatida qoloqlik, turgʻunlik, savodsizlik va jamiyatning boshqa mavjud kamchiliklariga qarshi kurash olib borgan Obidjon Mahmudov islohotlar orqali din va shariat asoslarini saqlab, islomni yangi sharoitlarga moslashtirishni va milliy, dunyoviy  muammolarni  hal  qilishda  Yevropa  madaniyati yutuqlaridan foydalanishni, Rossiya imperiyasi mustamlakachilik siyosatining talonchilik mohiyatini chuqur anglab, unga qarshi xayriya jamiyatlari, nashriyot muassasalari hamda yangi iqtisodiy mexanizmlar (birja, bank) asosida mamlakatni rivojlantirish, xalqni maʼrifat va ilmli qilish yoʻlida katta jasorat koʻrsatgan fidoyi shaxs edi[11].

Obidjon Mahmudovning “Sadoi Fargʻona” gazetasida turli reklamalar, fabrika va zavodlar haqida ham maʼlumotlar chop etilgan. Shuningdek, toʻy va maʼrakalar dabdaba hamda oʻzini koʻz-koʻz qilish vositasiga aylanib borayotgani, bu illatdan voz kechish kerakligi qoʻp bor taʼkidlangan va unga qarshi aniq choralar koʻrilgani ham yozilgan. Tibbiyotga oid maʼlumotlar va eʼlonlar berib borish ham gazeta faoliyatining muhim sohalaridan biri boʻlgan. Chunki odamlarning koʻpchiligi tabiblar tomonidan davolangan boʻlib, jamiyatda tibbiy madaniyat tushunchasi yetarli darajada rivojlanmagan edi. Shu sababli, gazetada xususiy shifoxona xizmatlari haqida, davolovchi shifokorlar xizmatidan foydalanish haqida ham koʻplab reklamalar berilgan[12].

Obidjon Mahmudov 1917-yilda Qoʻqon shahar Dumasi raisi oʻrinbosari qilib saylandi[13]. U  umri  davomida  Qoʻqonning  har  taraflama rivojlanishi uchun harakat qilgan va bu yoʻlda bilim, qobiliyatini ayamagan. Bu haqda Obidjon Mahmudovga zamondosh va maslakdosh boʻlgan Mustafo Choʻqay oʻzining esdaliklarida quyidagi fikrlarni aytib oʻtadi: “Obidjon Qoʻqon shahar dumasi rais oʻrinbosari etib saylanganidan soʻng, bu yerda samarali ijod qildi. U shahar obodonchiligiga daxldor hamma narsada Yangi Qoʻqon bilan Eski Qoʻqonning bir xil rivojlanishi uchun kurashdi”[14].

1917-yil 14-martda “Shoʻroi Islomiya” tashkilotining tashkil etilishi muxtoriyat tuzish yoʻlida dastlabki qadamlardan edi. Obidjon Mahmudov tashkilot faoliyatini olib borishda va uni rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi. “Shoʻroi Islomiya” tashkiloti va uning faoliyati haqida Obidjon Mahmudov 1926-yil 21-aprelda qamoqqa olinishi paytidagi soʻroq bayonnomasida batafsil koʻrsatma bergan. Bu tashkilot gʻoyalari Turkistonga, xususan, Fargʻonaga tatar maʼrifatparvari Galimjon Borudiy tomonidan olib kelingan. 1917-yil 25-mayda Qoʻqonda Fargʻona viloyati musulmonlari qurultoyi boʻlib oʻtadi. Qurultoy rayosatiga O.Mahmudov, S.Akayev, K.Raxmonberdiyev, T.Norboʻtabekov, A.Ziyoyev, Ya.Yaxyoxonov, A.Umarboyevlar saylanadilar. Obidjon Mahmudov boshchiligidagi jadidlar xalqni “Shoʻroi Islomiya” atrofida birlashishga chaqiradilar. 1917-yil 12-14-iyulda Skobelev shahrida viloyat musulmonlari tashkilotlarining qurultoyi boʻlib oʻtgan. Unda “Turk adami markaziyat firqasi” tashkil  etilgan.  Yigʻilishda  firqa  (partiya)ning  Dasturi (maromnomasi) va Nizomi qabul qilingan boʻlib, ushbu masalada Obidjon Mahmudov katta rol oʻynagan[15].

Mustafo Choʻqay boshchiligidagi Milliy Markaz 1917-yil noyabr oyi boshlarida Toshkentdan Qoʻqonga koʻchib kelgach, Obidjon Mahmudovning hovlisida joylashganlar. 1917-yil 26-noyabrda Turkiston oʻlkasi musulmonlarining favqulodda IV syezdida Obidjon Mahmudov 150 kishilik Qoʻqon delegatsiyasining raisi sifatida Turkiston Muxtoriyati tuzilishi uchun barcha jadidlar kabi harakat qildi, keyinchalik 13 kishidan iborat syezd hayʼatining aʼzosi sifatida esa u qurultoy aʼzoligiga viloyat, ayrim diniy hamda milliy guruhlar boʻyicha emas, balki bilimdon va ishchan kishilarni tanlash asosida kiritish lozimligini taklif etdi. Obidjon Mahmudov Turkiston Muxtoriyati tashkil etilgandan soʻng oziq-ovqat vaziri boʻlib ishladi va faoliyati davomida xalq farovonligi uchun bor kuchi, bilimi hamda aql-zakovatini ayamadi. Oʻz bosmaxonasini muxtoriyat hukumati ixtiyoriga topshirdi. Bosmaxonada Turkiston Muxtoriyati hukumatining oʻzbekcha va ruscha gazetalari chop etilgan. Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat hukumatining  xalq  ommasiga  murojaatini  eʼlon  qilishda  Obidjon Mahmudovning roli katta boʻlgan[16].

Turkiston Muxtoriyati tugatilishi arafasida Obidjon Mahmudov Kavkazdan gʻalla mahsulotlari olib kelishi kerak boʻlgan. Biroq, sovet hukumati bilan qonli toʻqnashuvlar sababli Kavkazga ketolmay Buxoroda qolib ketadi[17]. Sovet hokimiyati tomonidan 1918-yil fevralda muxtoriyat hukumati tugatilgach, Mustafo Choʻqayning yozishicha, O. Mahmudov Buxoroda bolsheviklar qoʻliga tushib qoladi[18]. Muxtoriyat agʻdarilgach, uning aʼzolari 3 guruhga boʻlinib ketdi, birinchisi istiqlolchilik harakati tomoniga, ikkinchisi sovetlar tarafiga va uchinchisi muhojir boʻlib xorijga ketgan. Obidjon Mahmudov esa ana shu sovetlar tarafiga vaqtinchalik oʻtishga majbur boʻlganlardan biri edi. 1918-yil mayda Turkiston Muxtoriyati hukumati aʼzolari sovet hokimiyati tomonidan avf etilgan[19].

Obidjon Mahmudov 1918-yil oktyabrdan – 1919-yil may oyigacha Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Markaziy ijroiya Qoʻmitasining Moskvadagi vakolatxonasida matbuot boʻlimi muharriri va boʻlim boshligʻi, 1919-yil maydan – 1920-yil aprelgacha TASSR MIQning Moskvadagi vakolatxonasida paxta ishlari boʻlimida mutaxassis, 1920-yil aprel – 1921-yil maygacha TASSR MIQning Moskvadagi vakolatxonasida Tashqi aloqalar boʻlimi mutaxassisi,  1921-yil  may  –  1921-yil  oktyabrgacha  Toshkentda (Turkkomissiya)ning axborot boʻlimida mutaxassis, 1921-yil oktyabridan Bokuda tashkil etilgan ― Sharq xalqlari harakati va tashviqoti rayosatiga aʼzo sifatida faoliyat olib boradi.

Obidjon Mahmudov Moskvada ishlashiga qaramay, Turkistonda faoliyat yuritayotgan turli tashkilotlarga rahbarlik  qildi,  ularning  rivojlanishida  katta  rol  oʻynadi. U  Munavvarqori Abdurashidxonov va Sadriddinxon  Sharifxoʻjayevlar tashabbusi bilan Toshkentda tashkil etilgan “Milliy Ittihod” (“Ittihodi taraqqiy”) tashkilotining Qoʻqon shoʻbasiga boshchilik qildi. Shuningdek, Obidjon Mahmudov Anvar Poshshoning imzosi va “Mujoxidi  Islom  Anvarbey”  yozuvli  muhri  boʻlgan  instruktorlik guvohnomasiga ega boʻlib, tashkilot aʼzolariga siyosiy bilimlar bergan.

Obidjon Mahmudov 1921-yili “Nashri maorif” jamiyatining tashkil etilishida ham tashabbuskorlardan boʻlgan. Turkistonlik yoshlarni Berlinga joʻnatish va kommunistik kayfiyatdan holi qilib tarbiyalash maqsadida “Nashri maorif” jamiyatining aʼzolari tarkibiga Toshkent, Buxoro, Samarqand va boshqa hududlardan hukumatning deyarli barcha aʼzolari kirgan. Jamiyat aʼzolari Berlinda oʻqiyotgan talabalar bilan xat orqali bogʻlanib turishgan. Talabalar bir necha marta oʻz xatlarida moddiy ehtiyojlarini bayon qilishgan va jamiyat aʼzolari turkistonlik talabalarga moddiy yordam koʻrsatish masalasini muhokama qilishgan. Obidjon Mahmudov 2 nafar talabani oʻz hisobidan oʻqitgan.

Obidjon Mahmudov Turkistonda istiqlolchilik harakatini ham qoʻllab-quvvatlagan. Turkiston Muxtoriyati tugatilganidan soʻng, sovet hukumatiga qarshi kurashni aynan istiqlolchilar bilan birgalikda pinhona davom ettirgan, ularning ayrim uchrashuvlarini oʻz uyida tashkil etgan. Ergash qoʻrboshi, Isroilbek qoʻrboshilar bilan aloqada boʻlib, ularni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turgan[20].

1921-yilning noyabrida Obidjon Mahmudov Turkistonda ingliz-yapon intervensiyasini tashkillash va “bosmachilar” bilan aloqa oʻrnatganlikda, noqonuniy  ishlar  bilan  shugʻullanganlikda,  yashirin  yigʻilishlar uyushtirganlikda,  sovetlarga  qarshi  tizimli  tashviqot  ishlari  olib borganlikda ayblanib hibsga olingan. Ammo Obidjon Mahmudov oʻz ixtiyoridagi barcha mol-mulklaridan voz kechish evaziga hibsdan ozod qilingan.

Obidjon Mahmudov qamoqdan chiqqach, yana oʻz kasbi mumchilik bilan mashgʻul boʻladi. Davlat organlari lavozimlarida faoliyat koʻrsatish ilinjida 1921-yilning dekabridan 1922-yilning avgustiga qadar Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Savdo-sanoat vazirligi Tashqi savdo boʻlimi xodimi sifatida xizmat qila boshlaydi. Obidjon Mahmudov 1926-yili OGPU Kollegiyasining qaroriga muvofiq, 5 yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi. 1926-yil may oyida uning RSFSR MIQ raisi M.I.Kalininga yozgan xati inobatga olinib, 6 oydan soʻng barcha mol-mulklari musodara boʻlish evaziga qamoqdan ozod etiladi.

Qamoqdan chiqqach, Shoʻrsuvdagi neft konida ijarachi sifatida ishlab, umrining oxirigacha oʻz sevgan kasbi bilan shugʻullanadi. 1933-yilda Obidjon Mahmudovning Moskvada boʻlib oʻtgan Butunittifoq qishloq xoʻjalik koʻrgazmasiga Fargʻona viloyatidan topilgan togʻ qazilmalari namunalarini olib borib, koʻrgazmada togʻ-kon injeneri sifatida yana bir bor ishtirok etishi uning bizga maʼlum boʻlgan oxirgi faoliyatidan biridir. Obidjon Mahmudov 1936-yil 21-noyabrda endokardit kasalligi bilan vafot etadi. Marhum Qoʻqonning “Shayxon” qabristoniga dafn qilingan[21].

Qoʻqon jadidlarining yetakchisi, yirik maʼrifatparvar, noshir hamda geolog olim Obidjon Mahmudov ham el-yurt ravnaqi, yurt istiqboli yoʻlida xizmat qilgan. Uning taraqqiyparvarlik gʻoyalarida dinning inson maʼnaviy kamolotidagi oʻrnini toʻgʻri tushunish, bozor munosabatlarining shakllanish  jarayonlarini  faollashtirish,  taraqqiyparvar  demokratik institutlarni vujudga keltirish, oʻlkada oʻziga xos milliy rivojlanishni shakllantirish, shuningdek, noshirlik faoliyatini rivojlantirish kabi muhim tarixiy vazifalarni amalga oshirishga harakat qilgan. Shuningdek, Obidjon Mahmudov xalqning turmush sharoitini yaxshilash uchun mustamlaka – feodal zulmi va ogʻir majburiyatlardan xalos boʻlish, iqtisodiy mustaqillikka erishish zarur, degan gʻoyani ilgari surdi. U oʻlka ijtimoiy hayotini yaxshi bilishi, shuningdek, odamlarni qiynayotgan muammolarni sezishi va shu yurt farzandi sifatida jamiyatda vujudga kelgan muammolarni hal qilishda jonbozlik koʻrsatgan. Turkistonda maʼrifatparvarlikning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan shaxs sifatida u millatning yashashi, taraqqiy topishi uchun kurashgan taraqqiyparvar va ziyoli inson edi.

 

[1] Komilov N. Jadid Obidjon Mahmudovning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy qarashlari // “Ilmiy xabarnoma”. 2020. № 5 (49). – B. 47-48.

[2] Qarang: Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 33-35.

[3] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 16.

[4] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 33-34; Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 16.

[5] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudov faoliyati mahalliy va chet olimlari nigohida // “The Light of Islam”. 2020. № 3. –B. 59-60.

[6] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 33-35; Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 18-19.

[7] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 18-19.

[8] Komilov N. Jadid Obidjon Mahmudovning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy qarashlari // “Ilmiy xabarnoma”. 2020. № 5 (49). – B. 50-51.

[9] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 11.

[10] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 11.

[11] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 19-20.

[12] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 18-19.

[13] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 33-35;

[14] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 20.

[15] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 20-21.

[16] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 33-35; Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 20-21.

[17] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 16-17.

[18] Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari. –B. 49.

[19] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 33-35.

[20] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 20-21.

[21] Komilov N. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871-1936-y.y.). Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi avtoreferati. – Andijon, 2021. – B. 16-18.