AGZAMXODJAEV SAIDAKBAR SAIDOVICH
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori
Agzamxodjayev Saidakbar Saidovich 1953-yil 2-mayda Andijon shahrida tugʻilgan. 1970-1977-yilarda Toshkent davlat universiteti Sharq fakultetining arab filologiyasi boʻlimini sharqshunos-arabshunos mutaxassisligi boʻyicha oʻqigan.
1977–1997-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix institutida ilmiy va katta ilmiy xodim lavozimlarida ishladi.
1988-yilda Oʻzbekistonning xorijiy sharq davlatlari bilan iqtisodiy va madaniy hamkorlik masalalarini oʻrganib, “Oʻzbekistanning Osiyo va Afrika rivojlanayotgan mamlakatlari bilan sogʻliqni saqlash sohasida hamkorligi (1961−1985 yy.)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
1996-yilda "Turkiston Muxtoriyati: borba za svobodu i nezavisimost (1917–1918 gg.)" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va tarix fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor boʻldi. 2002-yilda unga professor ilmiy unvoni berildi.
1997–1999-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining "Tarix, falsafa va madaniyatshunoslik" kafedrasi dotsenti va "Jahon ijtimoiy–siyosiy tarixi" kafedrasi mudiri boʻlib ishladi.
1999–2018-yillarda Toshkent islom universitetining "Islom tarixi va falsafasi" fakulteti dekani, Maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektor, "Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti", “Dinshunoslik” hamda “Tarix” kafedralari mudiri vazifasini bajarib keldi.
2018-yildan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori vazifasini bajarib kelmoqda. S.S.Agzamxodjayev oʻzbek va rus tillarida “Oʻzbekiston tarixi”, “Markaziy Osiyo xalqlari dini, madaniyati va urf-odatlari”, “Muzeyshunoslik va arxivshunoslik”, “Islom madaniyati va sanʼati” va boshqa oʻquv fanlaridan maʼruza va seminarlarni olib bormoqda.
Professor S.S.Agzamxodjayev xalqaro ilmiy konferensiya va seminarlarda ilmiy maʼruzalar bilan qatnashib kelmoqda. Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Turkiya, Italiya, Germaniya, Fransiya, AQSH, Yaponiya, Misr universitetlari tarixchi olimlari bilan ilmiy aloqalar bogʻlagan.
S.S.Agzamxodjayevning ilmiy tadqiqotlari XX asr boshida Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy jarayonlar va jadidchilik harakati tarixi bilan bogʻliqdir. Xususan, ilmiy ishlari 1917-1918-yillarda faoliyat koʻrsatgan Turkiston Muxtoriyati tarixiga bagʻishlangan. Olim tarix, sharqshunoslik va islomshunoslik boʻyicha olib borgan ilmiy izlanishlari yuzasidan 8 ta monografiya, 10 ta oʻquv-uslubiy dastur va qoʻllanma, 150 dan ortiq ilmiy va ilmiy–ommabop maqolalar nashrdan chiqardi.