Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATI TARIXI

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, respublika hayotining barcha jabhalarida tub islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Oʻzbek xalqining oʻz taqdirini oʻzi belgilashi milliy tiklanish bilan bogʻliq jarayonlarni chuqur idrok etishda milliy davlat qurilishi tajribasini ilmiy oʻrganilishi, Oʻzbekistonni yangilanish va taraqqiyot yoʻlidagi tajribalarni umumlashtirishni taqozo etadi.

 

Bugungi kunda yurtimizda milliy-demokratik davlatchilikni barpo etishda ilk tajriba boʻlgan Turkiston Muxtoriyati uchun kurash tarixi alohida ahamiyat kasb etadi. Ilmiy jamoatchilik eʼtiborini oʻziga jalb etgan bu tarix hozirda nafaqat ilmiy, balki amaliy va hatto siyosiy qiziqish uygʻotdi. Chunki uni yoritishda oʻsha yillar voqealariga qayta baho berilmoqda, Turkistonning siyosat, jamoat arboblari va mutafakkirlarining ozodlik va istiqlol uchun kurashdagi faoliyati aniqlanmoqda.   

XX asr boshida muxtoriyatchilik harakatining mafkurachilari boʻlgan jadidlar Turkistonda madaniy-maʼrifiy, keyinchalik esa siyosiy harakat sifatida tarqalib, oʻz maqsadlarini dunyoviy demokratik davlat qurishdan iborat deb eʼlon qilgan edilar. Jadidlar buning uchun davlatning iqtisodiy va siyosiy tizimini isloh etish hamda maorif va fanni taraqqiy ettirishga bel bogʻlagan edilar. Ammo bu yoʻlni tanlash bilan ular milliy va maʼnaviy boyliklardan voz kechish emas, balki ular negizida bosqichma-bosqich oʻzgarishlarga erishib shu vaqtgacha xalq fikrida oʻrnashib qolgan eskicha qarashlardan xalos boʻlmoqchi edilar. Chunki bular davlat taraqqiyoti va xalq ongining oʻsishiga toʻsqinlik qilardi.  

1917-yil Fevral oyida Rossiyada chor hukumatiga qarshi kurash shu darajada avjiga mindiki, natijada mutlaq monarxiya tizimi quladi. Uch asr davomida Rossiya imperiyasini toʻxtovsiz boshqarib kelgan Romanovlar sulolasi hukmronligi agʻdarildi.  1917-yil 27-fevralda Petrogradda ishchi va soldatlar deputatlari Soveti tashkil qilindi. Shundan keyin Rossiyaning yirik shaharlarida sovet hokimiyati oʻrnatila boshladi.

Boʻlib oʻtgan Davlat toʻntarishidan keyingi davr Turkiston xalqlarining siyosiy uygʻonishi, siyosiy kuchlarining tashkillashuvida muhim bosqich boʻldiki, bu kuchlar sobiq Rossiya imperiyasida rivojlanib kelayotgan demokratik kuchlarga tayanib, demokratik Rossiya tarkibida milliy-hududiy avtonomiya negizida mustamlaka zulmidan ozod boʻlish va keng suverenitet asosida oʻz davlatchiligini barpo etish yoʻlida dasturiy faoliyatlari bilan ochiqdan-ochiq kurashga kirishdilar. Buning uchun avtonomiya tarafdorlari tomonidan oʻzbek, qozoq, tojik, tatar, turkman va qirgʻizlarni birgalikda ish olib borishlari kerakligi gʻoyasi xalqqa tushuntirildi.

1917-yilda “oʻz taqdirini oʻzi belgilash” gʻoyasi bilan bogʻliq “avtonomiya” soʻzini anglatgan “Muxtoriyat” tushunchasi eng ommaviy iboraga aylangan edi. Oʻsha tarixiy davrda jadidlar Rossiyadan ajralib mustaqil rivojlanish nechoqlik ogʻirligini va Turkiston qiyin sharoitga tushib qolishini oldindan koʻzlashgan edi. Chunki Turkiston Rossiya imperiyasi bilan har tomonlama iqtisodiy jihatdan bogʻlangan edi. Shuning uchun jadidlar tashkil etilayotgan Rossiya Federativ Demokratik Respublikasi (RFDR) bilan yagona iqtisodiy doirada mustaqil rivojlanishni kun tartibiga qoʻyishgan. Ular Turkistonga keng vakolatli milliy-hududiy avtonomiya, yaʼni muxtoriyat berilishining tarafdori edilar.

Taraqqiyparvarlar hurriyat va muxtoriyat uchun hayot-mamot kurashi vaqti yetib kelganini anglab mustamlakachilikni qattiq va ayovsiz tanqid qila boshladilar, oldingi konstitutsiyaviy yakka hokimlik (monarxiya) tuzumi gʻoyalaridan voz kechib, Turkistonga Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-hududiy avtonom respublika, yaʼni muxtoriyat berilishini talab qila boshladilar.

Muxtoriyatchilarning dastur hujjatlarida asosiy eʼtibor milliy-hududiy muxtoriyat tamoyillarini amalga oshirish yoʻllarini ishlab chiqishga qaratilgan edi. Xususan, hokimiyatning yuqori organlarini tashkil qilish, oʻlkani idora etish va oʻlka sudlarini barpo etish, davlat tizimlarini vujudga keltirish kabi zarur boʻlgan vazifa va masalalar kun tartibiga chiqarilgan edi.

Turkistonda davlat boshqaruv idora usuli sifatida respublika idora usuli maqbul deb topildi. Eng maʼqul va maqbul jamiyat deb demokratik jamiyat barpo qilish koʻzda tutilgandiki, bunday jamiyatda demokratik huquq va erkinliklar konstitutsiyaviy yoʻl bilan himoya etilishi zarur edi.

 Jadidlarning oʻsha yillardagi beqiyos xizmatlaridan yana biri bu – barcha Turkiston xalqlari va millatlarining qonun oldida tengligi haqidagi gʻoyaning ilgari surilishi boʻlib, bunga koʻra Turkiston fuqarolari jamiyat hayotining barcha iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va madaniy jabhalarida teng huquqqa ega boʻlishlari lozim edi.

 Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi oʻzlarining gʻoyalarini Turkiston jadidlari hayotga tatbiq qilar ekanlar, bularning hal etilishini mamlakatning turli ijtimoiy kuchlari bilan kelishilgan holda Rossiyada demokratik asosda chaqirilajak Taʼsis Majlisi bilan uzviy bogʻliqlikda koʻrdilar. Jadidlar Taʼsis Majlisidan oʻrin olish uchun juda koʻp urindilar, gʻayrat qildilar, hatto bu jarayonda oʻz saflarida taraqqiyparvarlardan tuzilgan “Shoʻroi Islomiya”, “Ulamo jamiyati” va “Turk adami markaziyati firqasi” nomli ijtimoiy-siyosiy tashkilotlarning vujudga kelishiga olib keldi.

1917-yil 25-oktyabrda (yangi sana bilan 7-noyabrda) qurol kuchiga tayangan bolsheviklar Petrogradda Muvaqqat xukumatni agdarib tashlab, xoqimiyatni zuravonlik yuli bilan egallashdi. Rossiyaning markazida yuz bergan voqealarning aks-sadosi oradan koʻp oʻtmay Turkistonga xam yetib keldi.

28-oktyabrda Toshkentning yangi shahar qismida yevropalik ishchi va soldatlar bolsheviklarning daʼvati bilan qurolli toʻqnashuvlarni boshlab yuborishdi.1917-yil 1-noyabrda Muvaqkat hukumatning Turkiston Komiteti aʼzolari qamoqqa olindi. Toshkentda zoʻravonlik yuli bilan sovet hokimiyati oʻrnatildi.

1917 yil 15 noyabrda III Turkiston Oʻlkasi ishchi, soldat va krestyan deputatlari syezdi ochilishi arafasida shu narsa aniq boʻldiki, u oʻlkada hokimiyatni tuzish haqidagi masalani hal etishni toʻla-toʻkis oʻziga qabul qildi. Bolsheviklar, eserlar, sotsialist-inqilobchilar va sotsial-demokratik mensheviklar hokimiyatni tashkil qilish tamoyillari haqidagi masalalar boʻyicha qizgʻin bahslarni tugatgach, soʻz Sherali Lapinga berildi. U oʻz nutqida syezd ishtirokchilarini Turkiston musulmonlarining III syezdi qabul etgan Oʻlka hokimiyatini tashkil etish haqidagi qaror bilan tanishtirdi. U “musulmonlar butun hokimiyatni ham talab qilishi mumkin edi, biroq kelgindi elementlarga yon berib, ularning vakillarini hokimiyatga kirishiga yoʻl qoʻydi” dedi va musulmonlar oʻlkada faqatgina bitta inqilobiy demokratiya hukm surishiga mutlaqo qarshi turishini ogohlantirdi.

Shunga qaramay, III Oʻlka ishchi, soldat va krestyan deputatlari syezdi tasdiqlagan Bayonnoma shuni eʼlon qildiki, oʻlkada hokimiyatning oliy organi “Oʻlka ishchi, soldat va krestyan deputatlari Soveti boʻlib, endilikda u Turkiston oʻlkasining Xalq Komissarlari Soveti deb nomlanadi” va uni shakllantirishda Oktyabr toʻntarishini amalga oshirgan soʻl sotsialistik partiyalar vakillarigina ishtirok etadi. Syezd mahalliy aholining oʻlka hokimiyat organida ishtirokiga doir aniq bir gapni aytadi: “Hozirgi vaqtda musulmonlarni oʻlka inqilobiy hokimiyatining oliy tashkilotiga kiritish maqsadga muvofiq emas. Chunki mahalliy aholining soldat, ishchi va krestyan sovetlari hokimiyatiga munosabati noaniq, shuningdek, mahalliy aholi orasida proletar sinfiy tashkilotlar yoʻq”.

Shunday qilib, syezd saylagan hukumat – Xalq Komissarlari Sovetiga oʻlka mahalliy aholisi vakillaridan biror kishi kirmadi. Xalq Komissarlari Soveti (XKS) raisi lavozimini Fyodor Kolesov egalladi.

Bolsheviklar III Oʻlka Sovetlari syezdini chaqirish va qarorlar qabul qilish orqali oʻlkada hokimiyatni tashkil etish va hokimiyat organlarini shakllantirish tamoyillari haqidagi masalani yakka hal qilib, millatlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini buzdi. Bolsheviklar mohiyatan dastlabki kunlardanoq chorizmning mahalliy aholiga nisbatan ulugʻ davlatchilik, shovinistik, mustamlakachilik siyosatini davom ettiruvchilari ekanliklarini namoyon etishdi.

           Turkistonda hokimiyat bolsheviklar qoʻliga oʻtishi bilan oʻlkada Muvaqqat hukumatning barcha boʻgʻinlari tugatilib, oʻrniga avvalo jazo organlari va sovet boshqaruv tizimi oʻrnatildi. Turkiston XKS 1917-yil noyabrda oʻlkada qizil gvardiya boʻlinmalarini tuzish haqida qaror qabul qiladi. Bu boʻlinmalar Sovet tuzumi va bolsheviklarga qarshi koʻtarilgan dastlabki ongli chiqishlarni bostirishda faol ishtirok etdi.

Biroq Turkistonning milliy vatanparvar kuchlari oʻlka taqdiri uchun bunday masʼul lahzada xalqning oʻz taqdirini oʻzi belgilash va oʻz davlatchiligini yaratish huquqini amalga oshirishga qaratilgan qatʼiy siyosiy pozitsiyada turdi. Milliy demokratlar oʻz munosabatlarini 1917-yil Oktyabr toʻntarishidan soʻng darhol namoyon qilgan edilar.

1917-yil oktyabr-noyabr oylarida Toshkent va Qoʻqonda yuz bergan voqealar Turkistonda ijtimoiy-ciyosiy harakatlarning kuchayishiga sabab boʻldi.

Bolsheviklar bilan hamkorlikdan bosh tortish belgisi sifatida milliy demokratiya yoʻlboshchilari boshqargan markaziy “Shoʻroi Islomiya” tashkiloti aʼzolari Toshkentni tark etib, Qoʻqonga koʻchib oʻtdilar. Ular bu yerda 1917-yil 26-28-noyabr kunlari Turkiston  oʻlka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyini oʻtkazishdi. Bu syezd Turkistonda davlat tuzilishi haqidagi masalani hal etishni koʻzda tutdi.

Demokratik musulmon ziyolilar talabi bilan Turkiston aholisining yevropalik qismi vakillari ham qurultoyda teng huquqli boʻlib ishtirok etdilar. Sovetlarning III Oʻlka syezdi shovinistik qarorlariga qarama-qarshi oʻlaroq musulmon qurultoyi oʻz ishining barcha bosqichlarida chinakam baynalmilalchilik tamoyili, oʻlkaning koʻp millatli, shu jumladan yevropalik qismi aholisi manfaatlarini hisobga olishdan kelib chiqdi.

Bunday insonparvarlik yondashuvi IV Umumturkiston musulmonlari qurultoyi ochilgan paytdanoq namoyon boʻldi. Jumladan, Mahmudxoʻja Behbudiy syezdning huquqiy asosga egaligi haqidagi nutqida shuni alohida taʼkidladiki, “syezdda Turkistonning yevropalik aholisi vakillari ishtirok etayotgani uchun ham syezd qarorlari yanada obroʻlidir”.

Syezd faoliyatining asosiy yakuni Turkiston Muxtoriyatini tashkil etishdan iborat boʻldi. Turkiston Muxtoriyati oʻlka hududida milliy-demokratik davlatchilikni barpo etishning ilk amaliy tajribasi edi.

Uch kun mobaynida syezd ishtirokchilari Turkiston oʻlkasining boʻlgʻusi siyosiy tuzilishi haqidagi oʻz qarashlarini belgilab olishdi, bular syezdda qubul qilingan xujjatlarda oʻz aksini topdi. Xususan, 2017-yil 27-noyabrda quyidagi mazmunda Deklaratsiya qabul qilindi: «Yashasun Turkiston Muxtoriyati! Turkiston musulmonlarining toʻrtinichi favquloda qurultoyi Turkiston  oʻlkasida boʻlgʻon xalqlarning xohishlari boʻyincha buyuk rus inqilobi (Fevral inqilobi) tarafidan berilgan asoslarga binoan Federatsiya asosiga qurilgʻon Rusiya Jumhuriyati ila birlikda qolgʻani holda Turkistonni yerlik muxtoriyatli, yaʼni “territorialniy avtonomiyalik” eʼlon qiladur.                                   

Bu Muxtoriyatning ne suratda vujudga qoʻyilmogʻini yaqin orada yegʻiladurgʻon Umumturkiston xalqining Uchreditelniy Sobraniyasi (Turkiston Majlisi Muassasoni)ga topshiradur.

Shuning ila barobar Turkiston oʻlkasida aqalliyat tashkil qilgʻon millatlarning xuquqlarining har jihatdan saqlanilmogʻini ham tantanali suratda bayon etadur»  (“Ulugʻ Turkiston” gazetasi,1917-yil 8-dekabr).

Bu bilan syezd Turkistonda yashovchi millatlarning Ulugʻ Rossiya inqilobi eʼlon qilgan oʻz taqdirini oʻzi belgilash yuzasidan xohish irodasini ifodalab, Turkistonni hududiy jihatdan  muxtor deb eʼlon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Taʼsis Majlisiga havola etadi.

Shunday qilib, 1917-yil 27 noyabrda tashkil topgan avtonom respublikaning nomi “Turkiston Muxto­riya­ti” deb ataladigan boʻldi. Hokimiyat tarkibi esa quyidagicha shakllanishi lozim edi: Taʼsis syezdi chaqirilgunga qadar hokimiyat toʻla ravishda Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Milliy) Majlisi qoʻlida jamlanadi. Muvaqqat Kengash aʼzolaridan 12 kishilik hukumat tuziladigan boʻldi.

Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati tarkibiga  muxtoriyatchilik harakatining faol ishtirokchilari kirdi. Quyidagi kishilar hukumat aʼzolari boʻldilar:

  1. Muhammadjon Tinishpayev – Bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2-chaqiriq Davlat Dumasining aʼzosi, Muvaqqat hukumat Turkiston Komitetining aʼzosi, yoʻl muhandisi.
  2. Islom Sulton Shoahmedov – bosh vazir oʻrinbosari, Butunrossiya musulmonlari kengashi Markaziy Qoʻmitasining aʼzosi, huquqshunos,
  3. Mustafo Choʻqay – tashqi ishlar vaziri, Turkiston musulmonlari Markaziy Shoʻrosi raisi, huquqshunos.
  4. Ubaydulla Xoʻjayev – harbiy vazir, Butunrossiya musulmonlari kyengashi Markaziy Qoʻmitasi aʼzosi, huquqshunos.
  5. Hidoyatbek Yurali Agayev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
  6. Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qoʻqon shahar Dumasining raisi oʻrinbosari, togʻ-kon sanoati mutaxassisi.
  7. Abdurahmonbek Oʻrazayev – ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, huquqshunos.
  8. Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos.

Hukumat tarkibiga yana 4 kishi- yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar koʻrsatilgach, keyinchalik kiritilishi belgilandi.

Vaqt oʻtib ayrim sabablarga koʻra Mustafo Choʻqay Turkiston Muxtoriyati hukumatining Bosh vaziri lavozimini egalladi.

Turkiston Xalq (Milliy) Majlisiga belgilangan 54 oʻrin tarkibidan shaharlar mahalliy boshqarmalaridan ham 4 vakilga va oʻlkadagi turli yevropalik tashkilotlarning vakillariga 18 oʻrin ajratildi. Shunday qilib, uchdan bir oʻrin oʻlkadagi barcha aholining 7 foizini tashkil etgan yevropalik aholi vakillariga berildi.

 

Syezd tomonidan Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinib, davlat tuzilmalari shakllana boshlagani ulkan ahamiyatli voqea boʻldi. Umummusulmon syezdi tomonidan Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi oʻlka boʻylab katta shov-shuvlarga sabab boʻldi.1917-yil dekabr oyi boshlarida Toshkent, Namangan, Jalolobod, Qoʻqon, Samarqand shaharlarida va boshqa hududlarda ming-minglab yurt odamlari mitinglar, namoyishlar uyushtirib, muxtoriyatni qizgʻin qoʻllab-quvvatlab chiqdilar, bu toʻgʻrida  maxsus qarorlar qabul qilindi..

1917-yil 1-dekabrda Namangan uyezdida 10 mingga yaqin kishi ishtirok etgan namoyish boʻlib oʻtdi.   “Yashasun muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” deb yozilgan bayroqlar namoyishchilar qoʻlida xilpirar edi.

6-dekabrda Jalolobod volostidagi Xonobod qishlogʻida Muxtoriyat oʻrnatilishi munosabati bilan namoyish boʻlib oʻtadi. 7-dekabrda Qoʻqon shahrining 42 jamoat tashkilotlari vakillarining qoʻshma majlisida koʻp millionli Turkiston xalqiga samimiy tabrik yoʻllandi. Samarqandda boʻlib oʻtgan viloyat Soveti syezdida Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlashga qaror qilindi va xalq majlisi tarkibiga 5 yangi vakil saylandi. Kaspiyorti viloyatida ham syezd chaqirilib, Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlashga qaror qabul qilindi.

Milliy davlatchilikning qaror topishini joʻshqin muborakbod etib, matbuotda taniqli maʼrifatparvarlar, diniy, jamoat va siyosat arboblari birin-ketin chiqishlar qilib, Muxtoriyatni tabrikladilar. Ular orasida Mahmudxoʻja Behbudiy, Mirmuhsin Shermuhammad oʻgʻli, Abdulhamid Choʻlpon, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Kabir Bakirov, Islom Shoahmedov, Abdurauf Fitrat va boshqalar bor edi.

Xalq ommasining qizgʻin qoʻllab-quvvatlashidan ilhomlangan Turkiston Muxtoriyati hukumat vakillari jadal faoliyat boshladilar. Dastlabki kunlardan boshlab Millat majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar eʼlon qilinib, yangi hukumat davlat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb etdi. Bir nechta hukumat gazetalari oʻzbek, qozoq va rus tillarida nashr etila boshlandi. Shuningdek, hukumat milliy qoʻshinni tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratdi. Harbiy vazir Ubaydulla Xoʻjayev ishtirokida oʻtkazilgan koʻrik-parad vaqtida askarlar soni 2000 nafarga yetgan

.

1917-yilning 6-dekabrida Toshkentdagi Jomeʼ masjidida oʻtkazilgan namoyishda 60 mingga yaqin kishi qatnashdi. “Ulugʻ Turkiston” gazetasida yozilishicha, “Masjidning ichki sahni va tomlari odam bilan liq toʻlgan edi”. Namoyish Saidgʻani Mahdum raisligida oʻtdi. Munavvar qori bilan Sherali Lapin uning muovinlari edi. Yigʻilganlar Muxtoriyatni bir ovozdan maʼqullab, bundan buyon Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumatidan boshqa hech qanday hukumatni tan olmasliklari haqida qaror qabul qilishdi. Soʻngra namoyish qatnashchilari Xalq Majlisiga sodiq qolishga qasamyod qildi.

Turkiston xalqining “Muxtor Turkiston uchun” shiori ostida olib borgan kurashida 1917-yil 13-dekabrda boʻlib oʻtgan fojiali voqealar tub burilish nuqtasi boʻldi. Shu kuni Oktyabr inqilobidan soʻng Turkiston zaminida ilk marta xalq qoni toʻkildi. Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat Hukumati Mavludi-sharif bayram kuniga toʻgʻri kelgan 13-dekabrni “Turkiston Muxtoriyatining milliy jamgʻarmasiga pul yigʻish kuni” deb eʼlon qildi hamda bu mablagʻ ozodlik va  mustaqillikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi. Biroq  oʻlkada oʻrnashib turgan Turkiston sovet hukumati  va uning joylardagi hokimiyat mahkamalari voqealarning bu tarzda rivojlanishiga izn bermay, Muxtoriyat va uning tarafdorlarini yoʻq qilish yoʻlini butun choralar bilan oʻtkazib bordi.

Toshkentda Muxtoriyatni yoqlab oʻtkazilgan katta mitingning zoʻrlik bilan tarqatib yuborilishi va sovet xarbiy kuchlari otgan miltiq va pulemyot sadosi ostida koʻplab qurbonlar berilishi – bu Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan uyushtirilgan dastlabki suyqasd edi.

Shunga qaramasdan, Turkiston Muxtoriyati hukumatini qoʻllab-quvvatlash davom etaverdi. Xususan, 1917-yil 26-30-dekabr kunlari Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari I favqulodda qurultoyining ham asosiy masalasi Turkiston Muxtoriyatiga munosabat masalasi edi. Butun Turkiston oʻlkasidan 200 yaqin vakillar qatnashgan ushbu qurultoy 30-dekabrda Turkiston Muxtoriyati hukumatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Turkiston oʻlkasi Xalq komissarlari Sovetiga ishonchsizlik bildirish haqida deklaratsiya qabul qildi. Unda “Musulmon ishchi, dehqon va askarlar qurultoyi Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni darhol Turkiston Muxtoriyati hukumati va Millat Majlisiga topshirilsin deb istak bildiradi”.

 Ammo, oʻlka bolsheviklari Turkiston Muxtoriyati hukumatiga katta xavf deb qaradilar. 1918-yil 19-26-yanvar kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston Oʻlkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlarining favqulodda IV syezdida Muxtoriyatga butunlay salbiy munosabat bildirildi. Ushbu syezd Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning aʼzolarini qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. Syezd bolsheviklar fraksiyasining Turkiston Muxtoriyati toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu rezolyutsiyada Turkiston qonuniy hukumati munofiqlarcha “qoraguruhchilar toʻdasi” deb ataldi. Bu ham yetmagandek, bu syezd bolsheviklarning tazyiqi ostida qonuniy kuchga ega boʻlgan, tub yerli aholi manfaatlarining himoyachisi boʻlib maydonga chiqqan oʻlkadagi ilk demokratik va xalqchil hukumat – Turkiston Muxtoriyati ustidan shafqatsiz hukm chiqardi.

  1918-yil 30-yanvarda Turkiston Xalq Komissarlari Soveti (TXKS) Muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlar boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning “Dashnaqsutyun” (“Ittifoq”) partiyasi aʼzolaridan  tuzilgan qurolli drujinalaridan ham keng foydalandilar.

  31-yanvar kunining ikkinchi yarmida boshlangan janglar bir necha kun davom etdi. Qon toʻkilishini oldini olish maqsadida muzokaralar olib borish harakatlari natija bermadi.

18-fevraldan 19-fevralga oʻtar kechasi Toshkentdan Turkiston oʻlkasi harbiy komissari Ye.L.Perfilyev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon qoʻshin yetib kela boshladi. Sovet qoʻshinlari Qoʻqonni uch tarafdan qurshovga oldi. Artilleriya toʻplari toʻliq jangovor holatga keltirib qoʻyildi.

19-fevral kuni Perfilyev barcha 12ta zambarakdan Qoʻqon aholisi ustiga oʻt ochishni, shu jumladan yondiradigan snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Tinch aholini toʻpga tutish kunduz soat 13.00 dan boshlanib shomgacha shaharni vayron etib tashladi. Ammo shunga qaramay, muxtoriyatchilar taslim boʻlmay, har bir binoni, har bir doʻkonni, har bir karvonsaroyni mardlarcha himoya qiladilar.

1918-yil 19-fevralda Qoʻqon shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklaring qonli hujumlari natijasida agʻdarib tashlandi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, dahshatli janglar va talon-tarojlar natijasida 10 mingdan ziyod kishi halok boʻlgan.

1918-yilning Qoʻqondagi fojiali fevral voqealaridan soʻng ozodlik uchun kurash izchil ravishda ochiq qurolli qarshilik shaklini ola boshladi. Shundan keyin Turkistonning tub aholisi va ularning siyosiy yoʻlboshchilari bolsheviklarni hukumat tuzilmalari xatti-harakatlarida milliy mentalitetga yot boʻlgan davlatchilikni joriy qilishga oshkora intilishni yaqqol koʻrgach, milliy masalani tinch yoʻl bilan hal etish imkoniyati tugadi, faqat qurol kuchi bilan ozodlik va mustaqillik haqidagi asriy orzuni amalga oshirish mumkin, degan xulosaga keldilar.

 Bu bilan Turkistonda sovetlarga qarshi ommaviy milliy – ozodlik   va istiqlolchilik harakatiga asos solindi.