MUHAMMADJON TINISHBOEV
Muhammadjon Tinishboyev [Muxamedjan Tinishpayev] – davlat va jamoat arbobi, tarixchi olim. 1879-yil 12-mayda Yettisuv viloyati Lepsinsk uyezdi Sadir volostining Echkiolmas togʻi etagida tugʻilgan. Millati – qozoq[1]. U 1889 – 1900-yillarda Verniy erkaklar gimnaziyasi, 1900 – 1906-yillarda Sankt-Peterburg Imperatorlik instituti – Aleksandr I nomidagi temir yoʻl transporti injenerlar institutida oʻqidi. 1907-yili II chaqiriq Rossiya Davlat dumasi deputati qilib saylandi. 1917-yil aprelda tuzilgan Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti aʼzosi. Ayni paytda Muvaqqat hukumatning Yettisuv viloyati komissari[2]. Qoʻqonda Turkiston Muxtoriyati hukumati 1917-yil 27-noyabrda tashkil topgach, hukumatning Bosh vaziri (1917-yil noyabr – dekabr) va ichki ishlar vaziri (1917-yil noyabr – 1918-yil fevral). 1917-yil 5 – 13-dekabrda Orenburgda oʻtkazilgan II Butunqozoq syezdida qatnashdi. Bu syezdda Alixon Bukeyxonov (1866 – 1937) boshchiligida Alash avtonomiyasi [Alash Oʻrda hukumati] tashkil topdi. U Alash Oʻrda hukumatida ichki ishlar vaziri (1917-yil dekabr – 1920-yil mart) va keyinchalik Bosh vazir oʻrinbosari lavozimlarida ishladi.
M.Tinishboyev keyinchalik Turkiston ASSR va Qozogʻiston ASSRda turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi. Turkiy xalqlar tarixi va etnografiyasiga oid turli asarlar yozgan hamda ular rus tilida Toshkentda nashr qilingan[3].
Sovet hokimiyati tomonidan M. Tinishboyev birinchi marta 1930-yil 3-avgustda qamoqqa olindi va besh yilga RSFSRning Markaziy qoratuproq hududi (hozirgi Voronej oblasti)ga surgun qilindi (1930 – 1935). Keyinchalik Toshkentda NKVD tomonidan 1937-yil 21-noyabrda qayta qamoqqa olindi hamda Toshkent turmasidagi kasalxonada u 1939-yil 3-iyulda vafot etdi[4].
1970-yil 27-fevralda Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti huzuridagi KGB tergov boʻlimi tomonidan M.Tinishboyevga nisbatan jinoiy ish qayta koʻrib chiqilib, u reabilitatsiya qilindi.
M.Tinishboyevning tanlangan asarlari va boshqa kitoblari Almatida 1991-yildan keyin nashr etildi. SSSR tarqalgach, Qozogʻistonda uning xotirasi sharafiga koʻplab haykallari oʻrnatildi. Qozogʻistonda maxsus medal chiqarilgan[5].
[1] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 18-19.
[2] Marat Yeskendiruli (Ebdeshev). Ministri “Alash Ordi” (qozoq va rus t.). –Almati, 2008. –S. 75 – 77.
[3] Rajabov Q. Tinishboyev Muhammadjon //Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T. 8. –Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. –B. 439.
[4] Muxamedjan Tinishpayev. Vospominaniya, dokumenti, fotografii. –Almati: “Tomiris-21”, 2017. –S.98.
[5] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 18-19.