UBAYDULLA XO‘JAEV
Toshkent shahrida hunarmand oilasida 1886 yili tug‘ilgan. Ba’zi manbalarda u 1878 yil 12 mayda tug‘ilgan deb ham ko‘rsatiladi. Saratovdagi huquqshunoslik institutida o‘qigan (1908 – 1912). Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni o‘ylab, mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib bordi (1909). Toshkent okrug sudida 1913 yildan xususiy advokat bo‘lib ishladi. Jadidchilik harakatiga qo‘shilib, tez orada uning rahbarlaridan biriga aylandi. “Turon” jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U Toshkentda 1914 yil aprelda “Sadoi Turkiston” gazetasini chiqarib, unga muharrirlik qildi. O‘z atrofiga yoshlarni to‘plab, “Umid” yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot “Taraqqiyparvar” deb nomlanib Turkiston jadidlarining asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi. “Sadoi Turkiston” gazetasi 1915 yil aprelda Rossiya imperiyasining mahalliy ma’murlari tomonidan yopilgach, u Andijonga keldi va rus tilida “Turkestanskiy golos” gazetasini nashr qildirdi[2].
Toshkentda tuzilgan “Turkiston mardikorlikka olish qo‘mitasi”ning raisi (1916). Mardikorchilik haqidagi imperator Nikolay II farmonini bekor qildirish uchun mahalliy sarmoyador Mirkomilboy Mirmo‘minboyev bilan birga Petrogradga bordi.
Butunturkiston musulmonlari I qurultoyida tashkil qilingan Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘rosi (Milliy Markaz) kotibi va a’zosi (1917 yil aprel). Butunrossiya musulmonlar Sho‘rosi Ijroiya Komiteti a’zosi (1917 yil may). Toshkentda 1917 yil mart oyida tuzilgan “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti raisi. Muxtoriyatchilik harakati tashabbuskorlaridan biri. Turkiston Muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri (1917 yil noyabr – 1918 yil fevral).
Ubaydulla Xo‘jayev 1918 yil fevralda hukumat topshirig‘i bilan Kavkazga bordi va Turkistonga g‘alla keltirish masalasini hal qildi[3]. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, muxtoriyat hukumati tugatilgach, u Ashxobod – Samarqand temir yo‘lida bolsheviklar qo‘liga tushib qoldi[4].
Sovet hokimiyati tomonidan 1918 yil mayda avf etilgach, u Orenburgga boradi va 1918 yil noyabrda Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.
Ubaydulla Xo‘jayev sovet rejimi tomonidan bir necha marta (1918, 1929, 1931, 1938) qamoqqa olingan. Toshkentda singlisining uyida muhtojlikda yashagan. Ingliz yozuvchisi J.R.Kiplingning mashhur “Maugli” asarini o‘zbekchaga tarjima qilgan. U oxirgi marta 1938 yil 20 fevralda Toshkentda hibsga olinib, SSSR NKVD maxsus kengashining qarori bilan 1939 yil 14 mayda 8 yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan. U o‘sha kuni Gorkovsk temir yo‘li Kotlas stansiyasiga jazoni o‘tash uchun jo‘natilgan[5]. U Kotlasdagi qamoqxonada 1942 yil 31 oktyabrda halok bo‘ldi. O‘limidan keyin sovet hokimiyati tomonidan oqlangan[6].
Ubaydulla Xo‘jayev singlisining o‘g‘li, ya’ni jiyani bo‘lgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukrullo (1921-2020) “Tirik ruhlar” (1999) romanida o‘z tog‘asi Ubaydulla Xo‘jayev faoliyatini hamda “Kafansiz ko‘milganlar” (1990) xotira-qissasida qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz qismatini yoritgan[7].
[1] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 30-32.
[2] [Rajabov Q.]. Asadullaxoʻjayev Ubaydullaxoʻja //Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T. 1. –Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000. –B. 443.
[3] Unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari. Matnlar muallifi: S. Aʼzamxoʻjayev, D. Alimova, Sh. Rizayev. –Toshkent: “Akademiya”, 1999. –B. 22.
[4] Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari. –B. 49.
[5] Bu haqda qarang: Oʻzbekiston Milliy xavfsizlik xizmati arxivi, P – 35554, 2, 62 – varaqlar; P – 19990, 2, 31 – varaqlar.
[6] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 31-32.
[7] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 32.