SOLOMON GERSFELD
Turkistondagi yirik sarmoyadorlardan biri, advokat va jurnalist. Sionistlar komitetining O‘rta Osiyo rayoni raisi. 1881 yil 27 noyabrda Odessada tug‘ilgan. Millati – buxoro yahudiylaridan. Bern universiteti (Shveysariya) yuridik fakultetining erkin tinglovchisi (1902 yildan). Rossiyaga qaytgach, Odessa yunkerlik bilim yurtiga imtihon topshirib, Samarqanddagi 6-Turkiston batalonida harbiy xizmatni boshlagan. 1904 – 1906 yillarda rus tilida “Samarkand” gazetasini chiqargan. Odessadagi Novorossiysk universiteti yuridik fakulteti 2-kurs talabaligiga qabul qilingan (1907). Odessa sionistlar komitetiga 1908 yil sentyabrda saylangan, “Odesskoye slovo” gazetasini chiqargan. 1913 yil mayda universitetni tugatib, Samarqandga qaytgan. Samarqand shahar Dumasida yahudiylar komiteti raisi. Samarqand shahar Dumasi a’zosi (1917).
Turkiston Muxtoriyati hukumatining birinchi tarkibida tub xalqlardan bo‘lmagan yagona nomzod sifatida kirib, moliya vaziri bo‘lgan. Milliy Majlis a’zosi (1917 yil noyabr – 1918 yil fevral). Keyinchalik moliya vaziri lavozimini Islom Shoaxmedovga topshirgan. Muxtoriyat hukumati ag‘darilganda qizil gvardiyachilar tomonidan Qo‘qonda 1918 yil 20 fevralda qo‘lga olingan va otib tashlangan. U O‘rta Osiyo temir yo‘lining Melnikovo stansiyasi (hozirgi Konibodom)da dafn etilgan. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, “Harsfeld Samarqandda bolsheviklar qo‘liga tushib qolgan edi”[1].
Buxoro yahudiylari talabi bilan S.Gersfeldning jasadi 1918 yil 16 aprelda eksgumasiya qilinib, yahudiylar jamoasi tomonidan uning jasadi Samarqanddagi yahudiylar qabristonida qayta dafn etilgan[2]. Halok bo‘lgan paytda S.A. Gersfeld hali 37 yoshga ham to‘lmagan edi.
[1] Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari. –B. 49..
[2] Герцфельд, Соломон Абрамович //Материал из Википедии – свободной энциклопедии...