UBAYDULLA XOʻJAYEV
[Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev; Ubaydulla Asaddullayevich Xoʻjayev] – taniqli davlat va jamoat arbobi, Turkistondagi jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi, oʻzbek matbuotining tashkilotchilaridan biri[1]. Toshkent shahrida hunarmand oilasida 1886-yili tugʻilgan. Baʼzi manbalarda u 1878-yil 12-mayda tugʻilgan deb ham koʻrsatiladi. Saratovdagi huquqshunoslik institutida oʻqigan (1908 – 1912). Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni oʻylab, mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib bordi (1909). Toshkent okrug sudida 1913-yildan xususiy advokat boʻlib ishladi. Jadidchilik harakatiga qoʻshilib, tez orada uning rahbarlaridan biriga aylandi. “Turon” jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U Toshkentda 1914-yil aprelda “Sadoi Turkiston” gazetasini chiqarib, unga muharrirlik qildi. Oʻz atrofiga yoshlarni toʻplab, “Umid” yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot “Taraqqiyparvar” deb nomlanib Turkiston jadidlarining asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi. “Sadoi Turkiston” gazetasi 1915-yil aprelda Rossiya imperiyasining mahalliy maʼmurlari tomonidan yopilgach, u Andijonga keldi va rus tilida “Turkestanskiy golos” gazetasini nashr qildirdi[2].
Toshkentda tuzilgan “Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi”ning raisi (1916). Mardikorchilik haqidagi imperator Nikolay II farmonini bekor qildirish uchun mahalliy sarmoyador Mirkomilboy Mirmoʻminboyev bilan birga Petrogradga bordi.
Butunturkiston musulmonlari I qurultoyida tashkil qilingan Turkiston oʻlka musulmonlari Markaziy Shoʻrosi (Milliy Markaz) kotibi va aʼzosi (1917-yil aprel). Butunrossiya musulmonlar Shoʻrosi Ijroiya Komiteti aʼzosi (1917-yil may). Toshkentda 1917-yil mart oyida tuzilgan “Shoʻroi Islomiya” tashkiloti raisi. Muxtoriyatchilik harakati tashabbuskorlaridan biri. Turkiston Muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri (1917-yil noyabr – 1918-yil fevral).
Ubaydulla Xoʻjayev 1918-yil fevralda hukumat topshirigʻi bilan Kavkazga bordi va Turkistonga gʻalla keltirish masalasini hal qildi[3]. Mustafo Choʻqayning yozishicha, muxtoriyat hukumati tugatilgach, u Ashxobod – Samarqand temir yoʻlida bolsheviklar qoʻliga tushib qoldi[4].
Sovet hokimiyati tomonidan 1918-yil mayda avf etilgach, u Orenburgga boradi va 1918-yil noyabrda Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.
Ubaydulla Xoʻjayev sovet rejimi tomonidan bir necha marta (1918, 1929, 1931, 1938) qamoqqa olingan. Toshkentda singlisining uyida muhtojlikda yashagan. Ingliz yozuvchisi J.R.Kiplingning mashhur “Maugli” asarini oʻzbekchaga tarjima qilgan. U oxirgi marta 1938-yil 20-fevralda Toshkentda hibsga olinib, SSSR NKVD maxsus kengashining qarori bilan 1939-yil 14-mayda 8 yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm qilingan. U oʻsha kuni Gorkovsk temir yoʻli Kotlas stansiyasiga jazoni oʻtash uchun joʻnatilgan[5]. U Kotlasdagi qamoqxonada 1942-yil 31-oktyabrda halok boʻldi. Oʻlimidan keyin sovet hokimiyati tomonidan oqlangan[6].
Ubaydulla Xoʻjayev singlisining oʻgʻli, yaʼni jiyani boʻlgan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukrullo (1921-2020) “Tirik ruhlar” (1999) romanida oʻz togʻasi Ubaydulla Xoʻjayev faoliyatini hamda “Kafansiz koʻmilganlar” (1990) xotira-qissasida qatagʻon qilingan yurtdoshlarimiz qismatini yoritgan[7].
[1] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 30-32.
[2] [Rajabov Q.]. Asadullaxoʻjayev Ubaydullaxoʻja //Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T. 1. –Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000. –B. 443.
[3] Unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari. Matnlar muallifi: S. Aʼzamxoʻjayev, D. Alimova, Sh. Rizayev. –Toshkent: “Akademiya”, 1999. –B. 22.
[4] Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari. –B. 49.
[5] Bu haqda qarang: Oʻzbekiston Milliy xavfsizlik xizmati arxivi, P – 35554, 2, 62 – varaqlar; P – 19990, 2, 31 – varaqlar.
[6] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 31-32.
[7] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 32.