ABDULQODIR QUSHBEGIYEV
Turkistondagi milliy rahbar xodimlardan biri. Taraqqiyparvar ziyoli.
Mullo Abduqodirbek 1882-yilda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi Mirza Ahmad asli Andijon shahridan boʻlib, Xudoyorxon tomonidan Toshkent shahriga bosh harbiy qoʻmondon qushbegi lavozimiga tayinlangan edi.
1889-yilda otasi vafotidan soʻng 7 yashar Abdulqodir onasi bilan Andijonga – amakisi Shermuhammad Aliqulov xonadoniga kuchib kelishgan.
Andijonda u rus-tuzem maktabi va gimnaziyada tahsil olgan.
1917-yil inqilobigacha Mirkomilboy Mirmoʻminboyevning paxta savdosini boshqarib, savdo ishining hadisini oldi. Ayni paytda jadid taraqqiyparvarlarining gʻoyalari bilan tanishib, imkon qadar ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turadi.
1916-yil mardikorlikka olishning fojeali oqibatlarini taftish etish maqsadida tashkil etilgan komissiya ishida tarjimon sifatida ishtirok etib, mardikorlikka olishda koʻplab xatoliklarga yoʻl qoʻyilganiga guvoh boʻladi. Ayniqsa, fevral inqilobidan soʻng Ubaydulla Xoʻjayev bilan Kerenskiyning Andijonga kelishi va bu taftish bilan bogʻliq jarayonlar uning dunyoqarashiga keskin taʼsir qildi.
Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, u Andijonda tashkil etilgan “Yosh taraqqiyparvarlar” (Yosh sartlar) tashkiloti faoliyatida ishtirok qilgan. “Turk Adami Markaziyati firqasi”ni tuzishda faol qatnashgan. “Shoʻroi islomiya” jamiyatining Andijon shuʼbasi aʼzosi boʻlgan.
Abduqodir Qushbegiyev 1917-yil oxirida Andijondan musulmon byurosiga vakil sifatida saylanib, Toshkentga kelgan.
Turkiston Mutoriyati eʼlon qilingach, Milliy Majlis aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatadi. 1918-yil bahorida Qoʻqondagi qirgʻinlardan jonini saqlab qolgan Abduqodir Qushbegiyev avval soʻl eserlar partiyasiga, koʻp oʻtmay kommunistlar partiyasiga kirishga majbur boʻldi. 1918-yildan sovetlar xizmatiga oʻtib Turkiston Respublikasida qator masʼul lavozimlarda, jumladan, 1920-yildan TASSR Yer ishlari komissari lavozimida ishlaydi. Abduqodir Qushbegiyev Buxoro inqilobidan soʻng Buxoroga yoʻllandi. U yerda ham Yer ishlari komissari lavozimida ishladi.
Sovetlarning Yangi iqtisodiy siyosati tufayli maʼlum iqtisodiy erkinliklardan foydalanib Abduqodir Qushbegiyev Xitoy bilan qoramol savdosida katta yutuqlarga erishadi. Biroq, bu sovet hukumati maʼmurlariga yoqmadi va turli shartlar qoʻyila boshlandi. U rozi boʻlmagach esa 1925-yilda GPU tomonidan qamoqqa olinadi. Davlat bilan shartnomani buzishda ayblanib, RSFSR JKning 130-modda 2-qismi bilan 10 yilga konslagerga hukm qilingan.
Jazoning 5 yilu 2 oyini Solovki orolida oʻtab, 1930-yil iyunda oʻlim orolidan eson omon chiqadi. 1932-yil Vatanga qaytib, Toshkentda bir qancha vaqt ishsiz yurgach, Yangiyoʻl shahridagi Maorif xalq komissarligiga qarashli bolalar uyiga ishga kiradi va keyinroq uning mudiri boʻldi.
1937-yil 9-avgustda OʻzSSR NKVD tomonidan qayta qamoqqa olingan. OʻzSSR JKning 66-1-moddasi bilan ayblangan. A.Qushbegiyev soʻroqlarda oʻziga qoʻyilgan ayblarni rad etgan. Shunga qaramay, 1937-yil 14-avgustda OʻzSSR NKVD “uchligi” tomonidan oliy jazoga hukm qilingan. Hukm 1937-yil 18-avgustda ijro etilgan.
1958-yil 1-yanvarda A.Qushbegiyevning oʻgʻli Hasan Abduqodirov SSSR bosh prokurori nomiga otasining taqdiri bilan qiziqib ariza beradi. Biroq, Abduqodir Qushbegiyev 1941-yil 14-avgustda MTLda yurak yetishmovchiligidan vafot etgani haqida soxta maʼlumotnoma beriladi.
Abduqodir Qushbegiyev 1989-yil 15-sentyabrda OʻzSSR Prokuraturasi tomonidan oqlangan. Bu xabar OʻzSSR Prokuraturasi tomonidan faqat 1996-yil 23-dekabrda Abduqodir Qushbegiyevning nabirasi Adiba Karimovaga yetkazilgan.
Foydalanilgan manbalar:
- B.Irzayev. Abduqodir Qushbegiyev. Tarixning nomaʼlum sahifalari. Ilmiy maqolalar, hujjat va materiallar, xotiralar. 9-kitob. – Toshkent: Akademnashr, 2020. –B. 71
- Qahramon Rajabov. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda Milliy Majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “BODOMZOR INVEST” oilaviy korxonasi, 2021. – B. 62-64.