Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

NOSIRXON TOʻRA

Nosirxon Toʻra [Nosirxontoʻra Kamolxontoʻra oʻgʻli] (1871— 1935) - Turkistondagi istiqlolchilik harakatining gʻoyaviy rahbarlaridan biri, mashxur ulamo.

Namanganda oʻzbek ulamosi oilasida 1871-yili tugʻilgan. U Buxoroda, soʻngra Kobul, Dexdi, Bagʻdod va Hijoz shaharlarida tahsil olgan. Turkistonga qaytgach, 1912-yili Namangan shahriga qozi boʻlgan. 1913-yildan boshlab jadidchilik harakatida fassh qatnashgan. “Shoʻroi Islomiya” tashkilotining Namangan shuʼbasi rahbari, Namangan shahar Dumasi aʼzosi (1917).

Butunturkiston musulmonlari favkulodda IV kurultoyini 1917-yil 26-28-noyabrda Koʻqon shahrida oʻtkazishda jonbozlik koʻrsatdi. U1917-yil dekabrda Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga maorif vaziri sifatida kiritildi. 1918-yil fevralda muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan agʻdarilgach, Mustafo Choʻqayning yozishicha, Nosirxon Toʻra Namanganda bolsheviklar koʻliga tushadi[1]. Amnistiya tufayli ozod boʻlgach, u bir yil mobaynida yashirin hayot kechirgan. U1919-yili Kosonsoyda “Milliy ittihod” tashkiloti yacheykasini tashkil qilgan. Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olinadi. Orenburgda surgunda boʻlgan (1925-1928). Surgundan qaytgach, mavjud tuzumga qarshi fassh kurashni davom ettirgan[2].

OGPU maxsus uchligining 1930-yil 27-noyabrdagi yigʻilishida 5054-ish, yaʼni Nosirxon Toʻra ishi koʻrib chiqilgan hamda u otishga xukm qilingan[3]. U bilan birga yana koʻplab kishilarga oʻlim jazosi berilgan. Ayrim manbalarda koʻrsatilishicha, qatagʻon qilingan Nosirxon Toʻra 1935-yil 27-sentyabrda qamokda vafot etgan. Uning “Tarixi Turkiston” (15 boʻlimdan iborat), “Orenburg maktublari” esdaligi va boshqa asarlari mavjud.

Alixontoʻra Sogʻuniyning yozishicha, Nosirxon Toʻra asli Koson(soy) zodagonlaridan boʻlib, u keyinchalik Arabistonda yashagan Oltinxon Toʻra va Mubashshirxonlarning ustozi edi. Nosirxon Toʻra kommunistlarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargach, bu qoʻzgʻolon bostirilgandan soʻng u hamda ikki nafar oʻspirin oʻgʻli chekistlar tomonidan qoʻlga olinib, Toshkentga olib kelingan va otib tashlangan46.

“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 5-jildida Nosirxon Toʻraning vafoti sanasi 1938-yil 3-sentyabrda boʻlgan, deb yanglish koʻrsatilgan.

 

[1]   Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari. - B. 49.

[2]  [Rajabov Q.] Nosirxon Toʻra Said Kamolxon toʻra oʻgʻli // Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T. 6. - Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003.-B. 401.

[3]  Shamsutdinov R. Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun (Oʻrta Osiyo respublikalari misolida). - Toshkent: “Sharq”, 2003. - B. 177.