Saidnosir Mirjalilov (1884-1937) - Turkistondagi maʼrifatparvar va davlat arbobi. 1884 yili Turkiston shaxrida oʻzbek oilasida tugʻilgan. Dexdonchi- lik va savdo ishlari bilan shugʻullanib, Turkistonning yirik sarmoyadorlaridan biriga aylangan. Turkiston shaxrida paxta tozalash zavodi qurib, jadid maktabini ochgan (1914). Davlat Dumasi musulmon shuʼbasining Peterburgda boʻlib oʻtgan yigʻilishida qatnashgan (1914). U 1917 yili Toshkentga koʻchib kelgan va shahar Dumasiga aʼzo boʻlgan. “Shoʻroi Islom” tashkilotining aʼzosi sifatida Turkiston Muxtoriyati xukumatining 1917 yil noyabrda tashkil etilishida faol qatnashgan va xukumatning gʻaznachisi boʻlgan.
Muxtoriya xukumati bolsheviklar tomonidan agʻdarib tashlangach, S.Mirjalilov avval Samara va Tiflisga boradi, soʻngra bir muddat Turkiyada yashaydi. U 1921 yilda Toshkentga qaytib, “Turkiston” savdo-sanoat shirkatini tashkil qilib, undan tushgan daromad hisobiga “Milliy ittihod” tashkilotini qoʻllab-qoʻvvatlagan hamda Germaniyaga oʻqishga yuborilgan ayrim talabalarni nafaqa bilan taʼminlagan va ularga moddiy yordam koʻrsatgan. U “Nashri maorif” maʼrifiy tashkiloti va “Koʻmak” jamiyatining asoschilaridan biri (1923— 1925). S.Mirjalilov Turkiston shoirlari Hamza va Choʻlpon, yozuvchi Abdulla Qodiriyni moddiy jihatdan quvvatlab turgan.
U sovet rejimi tomonidan bir necha marta (1925, 1932, 1937) qamoqqa olingan. Solovki orollaridagi qamoqxonaga tashlangan (1925-1928). S.Mirjalilov 1937-yil 21-iyulda Toshkentda uchinchi marta qamoqqa olinib, 1937-yil 9-oktyabrda otib tashlangan[1]. Oʻlimidan soʻng oqlangan.
SMirjalilovning qizi Zarifa Saidnosirova (1908-1986) kimyogar olima, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1968) hamda birinchi oʻzbek ayol rassomi boʻlib, u taniqli yozuvchi Oybek (1905-1968)ning rafiqasidir. Z.Saidnosirovaning “Oybegim mening” xotiralar kitobi nashr qilingan.
[1] [Rajabov Q.] Mirjalilov Saidnosir //Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T. 5. - Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. - B. 692.