Sherali (Serali) Munaytbasovich Lapin (1868-1919) - Turkistondagi jamoat va siyosat arbobi. “Shoʻroi Ulamo” tashkiloti rahbarlaridan biri.
Sherali Lapin 1868-yil martda Sirdaryo viloyati Perovsk uyezdida (avvalgi Oqmachit, hozirgi kunda Qiziloʻrda yaqinida) tugʻilgan. Otasining ismi Munaytbas Lapin, onasiniki Boshay boʻlgan. Perovsk shahar bilim yurti, Toshkentdagi Turkiston oʻqituvchilar seminariyasi (1889), Sankt-Peterburg universiteti yuridik fakultetini (1904) tugatgan. Turkiy tillar va rus tilini puxta bilgan.
Samarqand viloyat sudida 1892-yil 1-fevraldan tarjimon vazifasida ish boshlagan. 1893-yildan u Samarqand viloyati harbiy gubernatorligida tarjimon boʻlib ishlagan. Turkiston oʻlkasi general-gubernatori va Turkiston okrugi qoʻmondoni baron A.B. Vrevskiyning Buxoro va Karkiga qilgan safarlarida tarjimonlik qilgan. Samarqand uyezdi Iskandar volostiga yagʻnob tilini oʻrganish uchun Samarqand viloyati harbiy gubernatori tomonidan 1897-yil iyun-iyul oylarida komandirovka qilingan. Keyiichalik Fargʻona, Sirdaryo, Zakaspiy viloyatlarida ham xizmat safarida boʻlgan.
1895-yili Samarqandsa uning ikkita asari: “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat” (4 000 soʻz va oʻzbek tilining qisqacha grammatikasi bilan) va “Samarqand shahri tarixiy yodgorliklaridagi yozuvlarning tarjimasi” (rus tilida) bosilib chiqqan. Lapin Samarqanddagi Goʻri Amir, Shohizinda maqbaralari, Bibixonim jomeʼ masjidi va madrasasi, Koʻkaldosh madrasasi, Shayboniylar daxmasi va boshqa meʼmoriy yodgorliklardagi yozuvlarni ilk marta rus tiliga tarjima qilgan. Markaziy rus matbuotida turkiy xalqlar tarixi, dini va madaniyati toʻgʻrisida ilmiy maqolalar chop ettirgan. Turkistonda jadid maktablari ochish talabi bilan chiqqan[1].
Sh.Lapin 1904-yili isteʼfoga chiqqach, xuquqpgunoslik qilgan va siyosiy faoliyat bilan shugʻullangan. U 1908-1910-yillarda Sankg-Peterburgda oʻzining xususiy advokatura idorasini ochgan. Rossiyadagi Z-Davlat Dumasi Musulmonlar fraksiyasining tashkiliy byurosida ishlagan. 1910-yilda Turkiston oʻlkasiga qaytgan.
Butunrossiya musulmonlari IV syezdi (Peterburg, 1914-yil iyul) faol qatnashgan. Fevral inqilobidan soʻng siyosiy faoliyati kuchaygan. 1917-yil martda Oqmachit shaxrida xalq vakillari Shoʻrosi raisi boʻlgan. 1917-yil iyulda “Shoʻroi Islomiya” jamiyati ikkiga ajralgach, u “Shoʻroi Ulamo” tashkilotining Toshkent shuʼbasini boshqargan (1917-1918). Toshkentda oʻtgan Turkiston ishchi, soldat va krestyan deputatlari III oʻlka syezdi (1917-yil 15-22-noyabr) hamda Koʻqonda boʻlgan Butunturkiston musulmonlari favqulodda IV qurultoyi (1917-yil 26-28-noyabr) qatnashchisi. Kurultoyda u Turkiston Milliy Majlisi tarkibiga kiritilgan hamda parlament raisi lavozimiga moʻljallangan boʻlsa ham oʻzi buni rad etgan.
Sherali Lapin 1917-yil noyabrda Toshkentda hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallagan rus bolsheviklariga yaqinlashdi. 1918-yil yanvardan u sovet hokimiyati va bolsheviklar bilan hamkorlikni boshladi. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach, u bu hamkorlikni toʻxtatadi. Sh.Lapin Germaniya bosh konsuli yordamida turk fuqaroligini qabul qilib, Petrogradga qaytadi hamda Pskov orqali 1918-yil 20-sentyabrda Berlinga keladi. Germaniyada ogʻir kasal boʻlib qolib, 1918-yil 17-dekabrda Edel instituti shifoxonasiga yotqizilgan.
Sh.Lapin 1919-yili Samarqandga qaytadi hamda tez orada noaniq sabablarga koʻra vafot etadi. U Samarqandsagi Shohizinda qabristonida dafn qilingan.
Sh.Lapinning qizi: Rabigʻa (1893-1954) Toshkentda tugʻilgan, u taniqli davlat arbobi Sanjarbek Asfandiyorov (1889-1938) ning rafiqasi hisoblanadi.
“ Rajabov Q., Haydarov M. Lapin Sherali // Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Tom S. - Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. - B. 227.