Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

 

ISLOM SULTON SHOAXMEDOV

Taniqli musulmon jamoat va siyosat arbobi[1]1882-yil 21-noyabrda Orenburgda tatar-boshqird oilasida tugʻilgan. Otasi – Shagisulton (Sulton) Shagiaxmetovich Shagiaxmetov (1855-1896) Ufa guberniyasi Menzalinsk uyezdidagi boshqirdlar urugʻidan boʻlib, u 1876-yilda Qozon universitetining yuridik fakultetini tugatgan. U 1876-1890-yillarda Orenburg tatar muallimlari maktabida oʻqituvchilik qilgan, soʻngra Orenburg oʻlkasidagi sud idoralarida tergovchi boʻlib ishlagan. Onasi – Gaynizigan Muhammad-Sodiqovna Nigmatullina tatar ayoli boʻlib, u kelib chiqishi jihatidan oqsuyaklar tabaqasiga mansub boʻlgan.

I.Shoaxmedovning dunyoqarashi asosan Orenburg tatarlari oʻrtasida shakllangan. Uning maʼnaviy hayoti va ijtimoiy qarashlari shakllanishida tatar ayoli boʻlgan onasi muhim rol oʻynagan.

I.Shoaxmedov Orenburg erkaklar gimnaziyasini tugatgach (1905), Sankt-Peterburg universitetining avval sharqshunoslik, soʻngra yuridik fakultetida oʻqiydi (1905 – 1910). Turkiy va rus tillaridan tashqari ingliz, fransuz, nemis tillarini yaxshi bilgan. Talabalik paytida u Rossiyadagi sotsial-demokratik harakatga qiziqib, 1907-yilda Toshkent garnizoni soldatlari oʻrtasida tashviqot ishlarini olib borgan. 

Universitetning toʻliq kursini 1910-yil oxirida tugatib, 1911-yil yanvarda u diplomni olgan. Sankt-Peterburg sud palatasida 1912-yil avgustdan ish boshlaydi. U Peterburgda 1912-yil oktyabrda chiqqan “Musulmanskoy gazetы”ning muharriri boʻldi. Bir qator sud ishlarida mensheviklar partiyasi vakillarini himoya qiladi. I.Shoaxmedov Rossiya imperiyasidagi musulmon aholisi huquqlari uchun kurashgan. 1915-yil boshlarida Qoʻqonga kelgan. I.Shoaxmedov Skobelev okrug sudida tergovchi advokat oʻrinbosari sifatida oʻz faoliyatini boshlaydi[2]. Bu yerda u “Sadoi Fargʻona” gazetasini chiqarishda muhim rol oʻynaydi. 1916-yilda u “Gʻayrat” jamiyatini tuzib, “Turkestanskiy kray” gazetasi nashrini yoʻlga qoʻyadi va unga muharrirlik qiladi. 1916-yil Fargʻona vodiysida koʻtarilgan mardikorchilik qoʻzgʻolonini qoʻllab-quvvatlaydi.

Fevral inqilobi kunlarida u Petrogradda boʻlgan. Bu paytda Xalq sotsialistlari partiyasiga yaqinlashgan. 1917-yil mart oyi oxirida u Turkistonga qaytadi. 1917-yil iyundan boshlab Milliy Shoʻro Ijroiya komiteti raisi vazifasini bajaruvchi boʻlib faoliyat koʻrsatgan. Qozonda 1917-yilda oʻtkazilgan Butunrossiya musulmonlari II syezdi qatnashchisi.

  1. Shoaxmedov 1917-yil Toshkentga kelib, Turkistondagi muxtoriyatchilik harakatida faol qatnashdi. Qayta chiqa boshlagan “Turkestanskiy kray” (Toshkent, 1917) gazetasi muharriri va noshiri. Turkiston musulmonlari Markaziy Shoʻrosi aʼzosi. Butunturkiston musulmonlari I-IV qurultoylarining faol qatnashchisi[3].

Turkiston Muxtoriyati hukumatida Bosh vazir oʻrinbosari, keyinchalik moliya vaziri boʻldi. Turkiston Muxtoriyati Konstitutsiyasi loyihasining muallifi. Muxtoriyat hukumati tugatilgan paytda Qoʻqon qoʻrgʻoni ichida bolsheviklar tomonidan qoʻlga olingan (1918-yil fevral).

“Ulugʻ Turkiston” gazetasida 1918-yil bahorida yozilishicha, u Toshkentdagi qamoqxonada qiynoqlar natijasida aqldan ozgan va turma lazaretiga koʻchirilgan. 1918-yil may oyida bolsheviklar tomonidan Turkiston Muxtoriyati hukumatining tirik qolgan aʼzolari amnistiya qilingach, qamoqdan chiqqan.

1919-1920-yillarda I.Shoaxmedov bolsheviklar bilan hamkorlik qilgan. U Turkiston Xalq Xoʻjaligi Markaziy Kengashi hamda Qoʻqon uyezd-shahar revkomida 1920-yili faoliyat koʻrsatgan. 1920-yil oxirida u yashirin ravishda Manjuriyaga joʻnab ketgan. 1921-yil boshlarida u Britaniya Hindistoniga qarashli Peshovardagi rus qochoqlari joylashgan lagerga tushib qolgan.

1921-yil may oyida qattiq kasal boʻlib yotgan I.Shoaxmedovning xati Parijdagi rus muhojirlari qoʻliga kelib tushadi. Bu haqda keyinchalik Mustafo Choʻqay ham oʻz maqolasida yozib oʻtadi. I.Shoaxmedov qarindoshi badavlat savdogar Agafurov oilasining moddiy koʻmagida 1921-yil avgustda Vladivostokka keladi. U bu yerdan Parijga joʻnab ketishni rejalashtirgan edi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, I.Shoaxmedov oradan koʻp oʻtmay qattiq kasallangan va Vladivostokdagi qarindoshlari huzuriga qolib ketgan[4]. U taxminan 1922-yil yoki undan keyin vafot etgan.

Mustafo Choʻqay tomonidan 1931-yilda Berlinda chiqarilgan “Yash Turkestan” jurnalida chiqqan “Shax-Islam Shax-Axmad-Bey” nomli maqolada yozilishicha, u 1922-yili Parijda Shoaxmedovning singlisi bilan koʻrishgan paytda uning safdoshi ogʻir kasal boʻlgan. Shoaxmedovning keyingi taqdiri va qismatidan ular xabar topa olmagan[5].

I.Shoaxmedovning Shaxgali (1882-?) ismli akasi (u ham yurist) hamda Bibi Maryam, Bibi Galiya, Bibi Soliya, Bibi Zuhra nomli 4 nafar singlisi boʻlgan. I.Shoaxmedovning rafiqasi: Olga Viktorovna Benedskaya (1909-yildan)[6].

 

 [1] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 20.

 [2] Isxakov S. Revolyutsioner, politik, gosudarstvennыy deyatel. Sh.-I.Shagiaxmetov // “Rossiya XXI” (Moskva). 2018. №4. –S.6-29.

[3] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 21.

 [4]Shagiaxmetov Shaxislam (Islom) Shagisultonovich //Islam v Sankt-Peterburge. Ensiklopedicheskiy slovar. –Moskva-Nijniy Novgorod: “Medina”, 2009. –S. 301 – 302.

[5] Mustafa Shoqay. Shыgʻыrmalarыnыn tolыq jinagʻы. On yeki tomdыq. Tom V. Kurastыrgʻon algʻы soz ben tusinidirmelerdi jazgʻan K.Yesmagʻambetov. –Almatы: “Dayk-Press”, 2013. –S.79-80.

[6] Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda milliy majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: “Bodomzor Invest”, 2021. – B. 21-23.