Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

1917-YILDA TURKISTON HUDUDIDA MILLIY SIYOSIY JAMIYATLARNING VUJUDGA KELISHI

1917-YILDA TURKISTON HUDUDIDA MILLIY SIYOSIY JAMIYATLARNING VUJUDGA KELISHI

Abduholiq MINGNOROV, tarix fanlari nomzodi, Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika universiteti Oʻzbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi dotsenti.

Annotatsiya. 1917-yilda dunyo miqyosidagi va Rossiyada roʻy bergan siyosiy jarayonlar Turkistonga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Natijada milliy ziyoli larning faoliyatlari tufayli milliy siyosiy jamiyatlar tuzila boshlaydi. Bu maʼlumotlar oʻsha davrlagi milliy matbuot sahifalarida keng yoritilgan. Ushbu maqola mana shu manbalarni yoritib berishga xizmat qiladi.

Kalit soʻzlar: Shoʻroi Islomiya, Ulamo, Turon, Turk Adami Marka ziyati firqasi, Ittifoq, shoʻba, dastur, siyosiy jamiyatlar, murojaatnoma, tugaraklar, manba.

Abstract. In 1917, the world-wide and Russian political processes had an impact on Turkestan as well. As a result, national political societies begin to form due to the activities of national intellectuals. This information was widely covered in the pages of the national press of that time. This article serves to highlight these sources.

Key words: Shoʻroi Islamiya, Ulamo, Turon, Turk Adami Markaziyati firkasi, Ittifaq, branch, program, political societies, petition, pamphlets, source.

1917-yil Rossiyada roʻy bergan fevral voqealaridan keyin imperiyaning milliy chekka oʻlkalari, jumladan, Turkistonda ham tarixiy oʻzgarishlar sodir boʻla boshladi. Turkiston ziyolilar faoliyatlarida ham tub burilish yuz beradi. 1917-yilning dastlabki oyidan boshlab “Shoʻroi Islomiya”, “Turon”, “Ulamo”, “Ittifoq”, “Turk Adam Markaziyat” firqasi kabi kuchli tashkilotlar, jami yigirmaga yaqin milliy-siyosiy jamiyat va toʻgaraklar tuziladi.

1917–1918-yillardagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan bu tashkilotlar faoliyati oʻsha davr milliy matbuotida keng aks etgan. Milliy siyosiy jamiyatlar faoliyatlarini yoritib beradigan matbuot materiallarini bir necha guruhga ajratish mumkin:

  • Turkiston musulmonlarining qurultoy materiallaridan;
  • Siyosiy jarayonlarni        yoritishga    bagʻishlangan materiallardan;
  • Mahalliy taraqqiyparvarlarning maqolalaridan;
  • Siyosiy jamiyatlarning faoliyatini ochib berishga xizmat qiladigan turli xil xabarnomalarda koʻrish mumkin.

Milliy matbuot sahifalarida milliy jamiyatlarning dastur va nizomi, majlis bayonnomalari, turli xil murojaatnomalar, maqolalar, bayonotlar va milliy ozodlik harakati yoʻlboshchilarining maʼruzalari Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotini chuqur va har tomonlama ochib beradi.

“Najot” gazetasi sahifalarida “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining faoliyati bilan bogʻliq juda koʻp maʼlumotlar oʻrin olgan. Jumladan, unda jamiyatning 1917 yil 14–16 mart kunlarida boʻlib oʻtgan majlislarining tafsilotlari berilgan. Maʼlum boʻlishicha, 14-mart kunidagi majlisida Toshkent “Shoʻroi Islomiya” byurosini “jamiyat” deb atashni, 15 mart kungi yigʻilishda esa unga doimiy rais, sarkotib, xazinador va ularga yordamchilar saylash haqida qaror qabul qilingan. Bunda Abdulvohid Qori oʻgʻli – rais, Munavvar qori Abdurashidxonov – rais muovini, Kattaxoʻja Boboxoʻja oʻgʻli – sarkotib, Mulla Ziyo Oxund Yoʻldosh hoji oʻgʻli – xazinador, Abdulsami qori Hidoyatboy oʻgʻli – xazinador muovini etib saylanganlar [1].

“Shoʻroi Islomiya” jamiyatining faoliyati uning dastlabki oylardanoq xalqni oʻz orqasidan ergashtira oladigan siyosiy jamiyat ekanligini namoyon etdi. Natijada tez orada Turkistonning turli shaharlarida “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining shoʻbalari tashkil qilina boshlaydi. Masalan, Fargʻona shahrida “Shoʻroi Islomiya” shoʻbasi [2], Samarqand shahrida “Klubi Islomiya” [3] , Andijon shahrida “Shoʻroi Islomiya” shoʻbasi [4], Namanganda “Shoʻroi Islomiya”[5] jamiyatlari tuzilganligini aytib oʻtish mumkin.

“1917-yil 14-iyuldagi “Turon” jamiyatining navbatdagi umumiy majlisini Nizomiddin afandi ochadi, bunda u “Turon” jamiyatini isloh qilishni taklif qiladi. Jamiyatga rais etib bir ovozdan Muhammad Amin Afandizodani, unga muovin etib Nizomiddin afandi saylandilar [6].

1917-yili Turkistonda “Turk Adami Markaziyati” firqasining tuzilishi bevosita Kavkazdan kelgan hayʼat aʼzolarining faoliyati bilan bogʻliq edi. “Ulugʻ Turkiston” gazetasi sahifalarida qayd etilishicha, “Toshkent shahrida 1917- yil 3-avgust kuni kechqurun “Shoʻroi Islomiya” jamiyati binosida “Turk Adami Markaziyati” firqasining majlisi boʻladi. Unda Muhammad Amin Afandizoda rais, Shokirjon Rahimiy esa sarkotiblik qiladi. Majlis boshida Muhammad Amin firqaning maqsad va rejalari xususida maʼruza qiladi. Soʻngra ikkinchi masala boʻyicha firqani boshqarish uchun 20 nafar aʼzo saylashga qaror qilinadi va 10 kishini idora aʼzoligiga saylaydilar [7].

Siyosiy jarayonlar juda tez rivojlana boshladi. Ayniqsa, milliy ziyolilar tomonidan Toshkent, Andijon, Samarqand, Fargʻona shaharlarida tuzilgan juda koʻplab milliy siyosiy jamiyat va toʻgaraklarni birlashtirish, yaʼni yagona Markaziy boshqaruv organini yaratishga harakat boshlanadi.

Andijon shahrida 1917-yil 23-avgust kuni “Havaskoron maorif” jamiyatining idorasida taraqqiyparvar “Turon” jamiyati, “Talabalar jamiyati” va “Havaskoron maorif” jamiyatlarining qoʻshma majlisida bu uch jamiyat “Turk Adami Markaziyati firqasi”ning dasturini qabul etdilar.

Shuningdek, unga 26 kishidan iborat hayʼat aʼzolari saylandi. Yuqorida keltirib oʻtilgan 3 ta jamiyatlarning mulkini “Turk Adami Markaziyati” firqasi”ning tasarrufiga oʻtkazish uchun komissiya tuziladi [8]. Yuqorida keltirilgan misollar bu firqada turli jamiyat aʼzolarining hamkorlikda faoliyat koʻrsatganligining isbotidir.

Xususan, Munavvar qori Abdurashidxonov, Miyon Buzruklar “Shoʻroi Islomiya” jamiyatidan, Shokirjon Rahimiy “Talabalar jamiyati”dan, Saidalixoʻja Tursunxoʻja oʻgʻli, Muhammadxon Poshshoxoʻjayev, Isroiljon Ibrohimjon oʻgʻli, Nizomiddin Isomiddinxoʻja oʻgʻli kabilar esa taraqqiyparvar “Turon” jamiyati aʼzolari edilar.

Milliy matbuot materiallarining tahlili 1917-yildagi siyosiy jarayonlarda muhim oʻrin tutgan yana bir siyosiy kuch – “Ittifoq” jamiyati boʻlganligini koʻrsatadi. Bu jamiyat 1917-yil 4-aprelda Toshkent shahridagi Rus-tatar maktab binosida boʻlgan yigʻilishda toshkentlik tatar ziyolilarining Turkistonda fuqarolik mavqeini koʻtarish maqsadida tuziladi [9]. “Ittifoq” jamiyatining shoʻbalari Fargʻona, Samarqand, Andijon shaharlarida ham faoliyat koʻrsata boshladi. 1917 yil 25 aprelidan “Ulugʻ Turkiston” gazetasini chop qila boshladi va mahalliy aholining milliy istiqlolga erishish harakatida faol ishtirok etdi.

Shuningdek, 1917-yil Turkiston oʻlkasining Toshkent, Qoʻqon, Samarqand, Andijon, shaharlarida “Musulmon ishchilar jamiyati”, “Talabalar jamiyati”, “Muallimlar jamiyati” kabi milliy jamiyatlar tuzildiki, bu toʻgaraklar aholini uyushtirish va hamjihat boʻlishi uchun katta amaliy faoliyat koʻrsatdilar. “Najot” gazetasining: “1917-yil 26-may kuni chiqqan sonida 15-may kuni musulmonlarning “Ixtiyot” [10] ittifoqi tuzilganligi toʻgʻrisida xabar berilgan. Uning maqsadi butun Turkiston musulmonlarini birlashtirish va ularga demokratiya iborasini mukammal tushuntirib, madaniy va milliy ishlarda yordam berish, Turkiston musulmonlarini Taʼsis majlisiga tayyorlab, xalqni tashqi va ichki zoʻravonlikdan muhofaza va mudofaa qilishdan iborat edi.

1917-yil 14-iyul kuni yana Toshkentda musulmonlarning umumiy majlisida “Musulmon ishchilar jamiyati” tuzilib, uning nizomi qabul qilinadi [11].

1917-yil 18-iyul kuni Qoʻqonda Orifjon Mirpoʻlatov boshchiligida “Qoʻqon mehnatkashlar ittifoqi” tuzilib, mazkur ittifoqning dasturi qabul qilinadi” [12]. “1 avgustda esa Samarqand shahrida musulmon ishchilaridan ikki yuz kishi toʻplanadi va “Zahmatkashlar” jamiyati tuziladi. Jamiyatga Mirzo Abdulqayum rais, xazinadorlikka esa Saidahmad Siddiqiy saylanadilar [13]. 1917 yil 22 avgustda Toshkent shahrida musulmon ishchilarining harakati bilan Oʻrdadagi Bobobek hovlisida Alijabbor Ismoilov va Mulla Gʻozi Muhammad oʻgʻli boshchiligida musulmon “Sartaroshlar” jamiyati tuziladi [14].

Bundan tashqari Toshkent, Samarqand, Qoʻqon, Buxoro, Namangan, Andijon, Margʻilon shaharlarida bir qancha kichik- kichik milliy jamiyat va toʻgaraklar tuziladi. Bu toʻgʻrida “Kengash” gazetasining 1917 yil 19 iyul sonidagi “Turkistonda tashkilot masalasi” [15], “Ulugʻ Turkiston” gazetasidagi “Farmoyishnoma” [16], “Turon” gazetasidagi “Yoshlar tarafidan ochilgan jamiyatlar”

[17] nomli maqolalar berilganki, ular orqali oʻsha davrdagi milliy siyosiy tashkilotlar xususida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlish mumkin.

1917-yil 3-aprel kuni Turkiston shahrida oʻtkazilgan yigʻilishda 4 mingdan ortiq odam qatnashgan. Bu yerda “Shoʻroi Islomiya” shoʻbasini ochish uchun Toshkentga vakil yuboriladi. Shoʻbaning 5 apreldagi majlisida esa uning doimiy raisi qilib Mulla Abduljabbor saylanadi [18].

1917-yil 8-aprel majlisida Oʻsh, Andijon, Fargʻona, Turkiston shaharlarida jamiyatning shoʻbalari ochilganligi maʼlum qilinib, ularga Markaziy shoʻroning qonun va dasturi (programmasi)ni yuborishi haqida fikr bildirilgan. Jamiyatning 9-apreldagi majlisida esa Rossiyada ham bir shoʻba ochmoqqa qaror qilinadi va uni amalga oshirish ishi aʼzolardan ikki kishiga topshiriladi [19]. 1917-yil 9-apreldagi qurultoyda eng muhim masala bu – “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining dasturi ishlab chiqilishi va uning muhokamasi edi. Dastur 4 ta bob va har bir qismi bir qator moddalarni oʻz ichiga olar edi. Birinchi qism 4 moddadan iborat boʻlib, unda Turkiston musulmonlari orasida keng islohotlarni amalga oshirib, butun Turkiston musulmonlarini yagona bir partiya atrofiga birlashtirish asosiy maqsad qilib koʻrsatilgan. Dastur boʻlimlari quyidagilardan iborat:

  • “Shoʻroi Islomiya”ning maqsadi;
  • Aʼzolari;
  • “Shoʻroi Islomiya”ning moliyasi;
  • “Shoʻroi Islomiya”ning xizmat

Dasturda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy- maʼrifiy islohotlarni amalga oshirish nazarda tutilgan edi. Dasturda “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining aʼzolari xalq tomonidan saylangan turli milliy jamiyat va tashkilotlarning aʼzolaridan iborat boʻladi, degan bandni boʻlishining oʻzi ham bu dasturning ahamiyati naqadar muhim ekanligini koʻrsatib turibdi. Boshqa shaharlarda tuzilgan milliy jamiyatlar markaziy “Shoʻroi Islomiya” jamiyatiga bogʻlanishi, yaʼni uning chiqargan qarorlarini bajarib, hisobot berishi va muammolarni umumiy Turkiston qurultoyi orqali muhokama qilish degan moddasining ilgari surilishini oʻzi bu jamiyatning tashkiliy jihatdan ancha markazlashganidan dalolat beradi. “Shoʻroi Islomiya” jamiyati oʻz yoʻnalishida fuqaro va davlat manfaati yoʻlida kurashuvchi yirik siyosiy jamiyat ekanligini koʻrsatdi. Manbalarning guvohlik berishicha, bu jamiyat tarkibida turli millat va tabaqa vakillari faoliyat koʻrsatganlar.

Lekin, Rossiyadagi 1917 yil oktyabr davlat toʻntarishi oqibatida bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelishi Turkistonda milliy siyosiy tashkilotlarning tugatilishiga olib keldi. Bolsheviklar barcha milliy siyosiy kuchlarni siquv ostiga olib, faqat kommunistlar gʻoyasiga mos keluvchi milliy jamiyatlarnigina tuza boshladi va saqlab qoldi.

Toshkentda “Milliy ishlar seksiyasi”[20] ning tuzilishi va keyinchalik musulmon “Bolshevik partiyasi”[21]ning oʻz faoliyatini boshlashi bunga misol boʻladi. Matbuotda taʼkidlanishicha, jamiyatning 1917-yil 15-iyundagi majlisida Munavvar qori tomonidan “Shoʻroi Islomiya” jamiyatini markaziy shoʻroga koʻchirish toʻgʻrisidagi taklif qabul qilinadi. Shundan soʻng “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining 20 ming soʻmlik mablagʻi ham Turkiston Markaziy shoʻrosiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar bor [22].

Keyinchalik nafaqat Toshkent “Shoʻroi Islomiya” jamiyati, balki boshqa milliy jamiyatlarning aʼzolari ham markaziy shoʻro aʼzoligiga qabul qilina boshlanadi. Masalan, Toshkent ishchilar jamiyati aʼzosi Sanjar Isfandiyorov 15-iyun kuni majlisda Markaziy shoʻro aʼzoligiga qabul qilindi. 26-iyun kungi majlisda Boku Markaziy shoʻrosidan vakil boʻlib kelib, “Turon” jamiyatini qaytadan tashkil etishga yordam bergan va “Turk Adami Markaziyati” firqasini asoschisi va rahbarlaridan boʻlgan Muhammad Amin Afandizoda va Abulqosim Aminzodalar Turkiston Markaziy shoʻrosi aʼzoligiga qabul qilinadi [23].

Yuqorida qayd qilinganidek, Turkistondagi eng yirik siyosiy kuchga ega boʻlgan “Ulamo” jamiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻsha davr milliy matbuoti sahifalarida juda koʻp uchratish mumkin. Ulamochilar avvalda yosh taraqqiyparvarlar bilan birgalikda faoliyat qoʻrsata boshlaganlar. “Najot” gazetasi Fevral inqilobidan soʻng ulamochilar Toshkent shahrida “Shoʻroi Islomiya” bayrogʻi ostida hamkorlikda ishlay boshlaganligi haqida xabar bergan [24]. Ammo bolsheviklarning Turkistonda olib borgan tashviqot ishlari va qoʻporuvchilik siyosati taʼsirida taraqqiyparvar yoshlar bilan ulamochilar orasida ajralish roʻy beradi. Turkiston Muxtoriyati tugatilib, oʻlkada bolsheviklarning toʻliq hukmronligi oʻrnatilgach, milliy siyosiy jamiyatlar ham tugatiladi. Manbalarda aks etgan bunday maʼlumotlarni oʻrganib, muomalaga kiritish asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  1. Шўрои Исломиянинг қарор ва хизматлари // “Нажот”. 1917 йил 9 апрель.
  2. Шўрои Исломиянинг қарор ва хизматлари // “Нажот”. 1917 йил 21 апрель.
  3. Клуб Исломия // “Ҳуррият”. 1917 йил 18 июль.
  4. Андижонда ёшлар томонидан очилган жамият // “Турон”. 1917 йил 10 август.
  5. Наманган аҳволи // “Турон”. 1917 йил 25 апрель.
  6. Турон жамияти // “Улуғ Туркистон”. 1917 йил 30 июль.
  7. Турк Адами Марказияти фирқаси // “Турон”. 1917 йил 10 сентябрь
  8. Андижонда жамиятлар бирлашув // “Турон”. 1917 йил 6 сентябрь.
  9. Иттифоқ жамияти // “Улуғ Туркистон”. 1917 йил 25 апрель.
  10. “Ихтиёт» союзи // “Нажот”. 1917 йил 26 май.
  11. Ишчилар жамияти // “Турон”. 1917 йил 3 август
  12. Қўқонда мусулмон меҳнаткашлар иттифоқи // “Ҳуррият”. 1917 йил 18 июль.
  13. Заҳматкашлар иттифоқи // “Ҳуррият”. 1917 йил 4 август.
  14. “Мусулмон сартарошлар жамияти тузилди” // “Турон”. 1917 йил 6 сентябрь
  15. Туркистонда ташкилот масаласи // “Кенгаш”. 1917 йил 19 июль.
  16. Фармойишнома // “Улуғ Туркистон”. 1917 йил 30 июль.
  17. Андижонда ёшлар тарафидан очилган жамият // “Турон”. 1917 йил 10 август.
  18. Туркистон // “Нажот”. 1917 йил 17 апрель.
  19. Шўрои Исломнинг қарор ва хизматлари // “Нажот”. 1917 йил 21 апрель.
  20. Миллий ишлар секцияси // “Улуғ Туркистон”. 1918 йил 13 август.
  21. Мусулмон большевик партияси // “Улуғ Туркистон”. 1918 йил 10 июнь.
  22. Туркистон марказий шўро протоколлари // “Кенгаш”. 1917 йил 25 июль.
  23. Туркистон мусулмон марказий шўро протоколлари // “Кенгаш”. 1917 йил 28 июль.
  24. Тошкентда муҳим воқеалар // “Нажот”. 1917 йил 3 июнь