Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

ABDURAUF FITRAT DAVLAT MUSTAQILLIGI MASALALARI XUSUSIDA

ABDURAUF FITRAT DAVLAT MUSTAQILLIGI MASALALARI XUSUSIDA

Mavluda ERGASHEVA, yuridik fanlari nomzodi, dotsent, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti mustaqil tadqiqotchisi.

Annotatsiya. Mazkur maqola oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri Abdurauf Fitratning davlat mustaqilligi haqida ilgari surgan qarashlariga bagʻishlangan. Ushbu masalaning mohiyatini ochib berishda Abdurauf Fitratning asar va maqolalaridagi fikrlari ilmiy tahlil etilgan.

Kalit soʻzlar: tarix, sessiya, mustaqillik, davlat, millat, taraqqiyot, jadid, ittifoq, huquq

Abstract. This article is dedicated to the views of the Uzbek historian, philologist, translator, writer, playwright and poet, one of the founders of the modern Uzbek language and literature, Abdurauf Fitrat, on the independence of the state.

Key words: history, session, independence, state, nation, development, jadid, union, law.

Oʻzbekistonning davlat mustaqilligini qoʻlga kiritishi ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohalarda boʻlgani kabi maʼnaviy-madaniy hayotimizda ham butunlay yangi sahifalar ochdi. Boy tarixiy xotirasi, maʼnaviy va madaniy merosi bilan gʻururlanish hissi xalqning oʻzligini teran anglashiga olib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtganlaridek, “Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yoʻlida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega” [1].

Aytish joizki, qatagʻon davrining nohaq qurbonlari boʻlgan koʻplab taraqqiyparvar ziyolilar, fidoiy jadidlar millat va mamlakat taraqqiyotini, ilmu maʼrifatni rivojlantirish, ulkan siyosiy oʻzgarishlarni amalga oshirish va mustaqillikni qoʻlga kiritish bilan bogʻlagan edi. Ular asarlarida, dasturlarida, millatning, xalqning siyosiy mustaqilligi shart qilib qoʻyilgan. Jumladan, jadidlar “Erk” partiyasining 9 banddan iborat boʻlgan Dasturida ham mamlakat va millat mustaqilligi toʻgʻrisidagi qoidalar mustahkam oʻz ifodasini topgan. Dasturning 3-moddasiga asosan “Turkiston mustamlakachilar qoʻlidan qutqarilib, mustaqil idora etilishiga erishilajak. Bu esa oʻlkada sinfiy tabaqalanishning oʻsishi uchun sharoit yaratib, dehqonlarning oʻz huquqlarini himoya qila olish darajasigacha rivojlanishiga imkon beradi” [2;110].

Mustabid tuzumga va mustamlakachilikka batamom barham berish, shuningdek, Turkiston mustaqilligi jadidlar uchun nafaqat gʻoya, balki amaliy faoliyatlarida boʻlgan.

Maʼrifatparvar mutafakkir Abdurauf Fitrat, jamiyat aʼzolari oʻrtasida hukm surgan parokandalik, tarqoqlikka barham berilsa, Turkistondagi barcha xalqlar mustamlakachilarga qarshi bir tan, bir jon boʻlib birlashsalar koʻzlangan maqsadga erishish mumkin, deydi. Ittihod (birlik – M.E.) va oshkora harakat zarurat darajasiga yetgan, ammo, ittihod qiyin masala boʻlib, ittihodsiz harakat ham nihoyatda zararlidir [3;134].

Oʻzi yashagan jamiyat va unda oʻrnatilgan ijtimoiy-siyosiy tartibsizliklarni qattiq tanqid qilib, Abdurauf Fitrat Rossiya imperiyasi mustamlakachilik siyosatining vahshiyona xarakterini ayovsiz ochib tashlaydi: “... ezildik, tahqir etildik, qoʻlimiz bogʻlandi, tilimiz kesildi, ogʻzimiz qopondi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumurildi, nomusimiz gʻasb qilindi, huquqimizga tajovuzlar boʻldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, toʻzimli turdik, sabr etdik” [4].

Shuningdek, Abdurauf Fitrat Rossiya imperiyasi, uning oʻlkadagi vakillari va mahalliy amaldorlar tomonidan behad jabr-zulmga mahkum etilgan, qadr-qimmati, erki va haq-huquqlari poymol qilingan Turkistonning barcha tub joy mehnatkashlarini milliy ozodlik va mustaqillik uchun kurashga daʼvat etadi:

“Turonim, sendan ayrilmoq – mening uchun oʻlimim. Sening uchun oʻlmoq – mening tirikligimdir...

Dunyoning butun balolari boshimgʻa toʻkulsa,

Zulm choʻlining temir tikonlari koʻzlarimga kirsa, yana seni qutqararman. Men sening uchun tirildim, Sening uchun yasharman, Sening uchun oʻlurman.

Ey turklikning muqaddas oʻchogʻi! Oʻlim sening oʻlimingni istaganlarga,

Nafrat seni koʻmgani kelganlarga!” [5;32-33].

Abdurauf Fitrat “Muxtoriyat” asarida yozishicha, birinchi navbatda mustaqil davlatni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qiluvchi kuchli armiya zarur. Yagona qoʻmondonlik boshchilik qiladigan milliy armiya xalq bilan birga boʻlishi kerak. Mamlakat osoyishtaligi, fuqaro tinchligini taʼminlaydigan, xalq ommasiga tayangan harbiy qoʻshinlar davlatning kuch-qudratidir. Shuning uchun ham, milliy armiya millat madadiga tayanmogʻi kerak, “muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozimdir” [4], deydi. U Turkiston Muxtoriyati yangi davlat shakli sifatida xalq toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi, kuchli mudofaani tashkil qilishi va davlat mustaqilligini taʼminlashi zarurligini uqtiradi.

Milliy mustaqil demokratik davlatning tashkil topishi, Fitratning taʼkidlashicha, mamlakatda tinchlik va adolat oʻrnatilishi, xalq hokimiyatining mustahkamlanishi va jamiyatda fuqarolar manfaatiga mos keladigan yangi siyosiy tartiblar oʻrnatilishiga olib keladi. Ayni paytda, Abdurauf Fitrat Muxtoriyatning milliy demokratik davlat sifatida Turkiston general–gubernatorligiga nisbatan yuqori pogʻonada turishi toʻgʻrisida munosabat bildirgan.

Mutafakkirning fikricha, Turkistonda general- gubernatorlik davrida fuqarolar nafaqat siyosiy huquqlardan, balki ular erkin fikrlash huquqidan ham mahrum qilingandilar: “Kuchga tayangan har bir buyruqqa fikrni bermadik, yashintirdik, imonlarimizga avrab saqladik...” [4], deb afsuslanadi u.

Abdurauf Fitrat fuqaroning “mahkama eshiklaridan yigʻlab qaytganda, yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtqich jandarmaning tepgusi bilan yiqilganda”[4] insonlik qadr- qimmati va huquqlari yerga urilganiga norozilik bildiradi. U “yurtlarimiz yondirilganda, dindoshlarimiz osilganda” [4] jamiyatda qonunsizliklar hukm surgan bir paytda mohiyatni xalqqa tushuntirib berishga harakat qiladi.

Fitrat fuqarolarning haq-huquqlarini qoʻlga kiritishi, oʻz taqdirini oʻzi hal qilishi Muxtoriyat eʼlon etilishi bilan amalga oshmasligini koʻrsatib beradi. Yangi davlat shakli – Turkiston Muxtoriyatining hali nisbiy ekanligi toʻgʻrisida fikr bildirib, uni saqlab qolish, mustahkamlash, barqarorligini taʼminlash zarur, deb hisoblaydi.

Shuningdek, Fitrat Turkiston xalqlarining ikki tomonlama jabr-sitam ostida ezilib kelayotganligi toʻgʻrisida fikr bildirar ekan, buning sababi – mamlakatda mavjud milliy va mustamlakachilik zulmi ekanligini koʻrsatib beradi. Uning yozishicha, mahkamalarda, uylarda, yoʻllarda, tijorat ishlarida, hatto, vagon arbalarinda Turkiston yerlisining huquqi Turkiston musofiri boʻlgʻon rus va armanidan tubanda tutildi [6].

Jamiyatda mustamlakachilik tartib-qoidalarining oʻrnatilishi natijasida, Fitratning taʼkidlashicha, mahalliy xalqning ahvoli yanada yomonlashdi, insoniy haq-huquqlar behad poymol qilindi, aholi ikki tomonlama zulm ostida ezildi. Mustamakachi maʼmurlarning oʻlkada vayronagarchilik, qirgʻinbarot, talon-tarojdan iborat siyosati mahalliy xalqlarga behisob kulfatlar olib keldi.

Fitratning fikricha, davlat mahkamalaridan nochor qaytganda, qamoqxonalarning dahshatli azobini tortganda, mustamlakachilar tomonidan insoniy huquqlar oyoqosti qilinganda, millatdoshlar dorga osilganda – ongimiz yoʻqoldi, miyamiz buzildi, koʻzimiz yogʻdusiz qoldi, biror narsani koʻrolmadik [4].

Shuni taʼkidlash kerakki, Abdurauf Fitrat va unga maslakdosh boʻlgan taraqqiyparvar ziyolilar – milliy ozodlik va mustaqillik uchun kurash yoʻlida tarqoqlik, noittifoqlik ogʻir kulfat ekanligini juda yaxshi anglagan edilar.

Barcha millatlar va jamoatlar uchun ayriliq va ittifoqsizlikdan ortiq kulfat, inqiroz yoʻqdir, - deb uqtirdi Fitrat, - faqatgina tarixda nomlari qolgan elatlarning yoʻqolib ketganlariga birinchi sabab – parokandalik va birlashmaganlikdir. U xalqni mustaqillik va ozodlik uchun kurashga daʼvat etar ekan, millatdoshlarni oʻzaro birlik va hamkorlikka chaqiradi: “Ey Turkiston musulmonlari! Tangri uchun, paygʻambar uchun, din uchun, millat uchun, keling birlashaylik, oramizdagi shaxsiy tortushuvlar, sinfiy ayriliqlardan koʻz yumayik; islom dinining birinchi buyrugʻi boʻlgan qardoshlik va ittihod iplari bilan bogʻlanaylik; qoʻlni – qoʻlga beraylik, haq yoʻlida, din yoʻlida, Vatan yoʻlida, millat yoʻlida jadidimiz, qadimimiz, mullamiz, mulkdorimiz va avomimiz bir yerda toʻplanaylik, bir – birimizga koʻmakchi va madadkor boʻlaylik” [7].

Xullas, elim deb, yurtim deb yonib yashagan buyuk maʼrifatparvar mutafakkir Abdurauf Fitratning xalqni ulkan bir milliy maqsad yoʻlida mustaqillik va ozodlikni qoʻlga kiritish uchun oʻzaro birlik va hamkorlik, ittifoq va ittihod toʻgʻrisida, davlat mustaqilligi, milliy demokratik davlat barpo etish masalalariga doir ilgʻor gʻoyalari – hozirgi davrda Oʻzbekistonning davlat mustaqilligini mustahkamlashda, huquqiy davlat qurishdek ezgu maqsadni amalga oshirishda muhim ahamiyatga molikdir.

 

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  1. Мирзиёев Ш. Ватан фидойиларининг ҳаёти ва меросини ўрганиш, хотирасини абадийлаштириш доимий эътиборда // “Халқ сўзи”. 2021 йил 1 сентябр.
  2. Аҳмад Закий Валидий Тўғон. Бўлинганни бўри ер // Туркистон халқларининг миллий мустақиллик учун кураши тарихидан. Хотиралар.

-Т.: Адолат, 1997 – 280 б.

  1. Фитрат А. Ҳиндистонда бир фарангли ила бухороли мударриснинг жадид мактаблари хусусинда қилған мунозараси. Танланган асарлар. I – жилд. -Т.: Маънавият. 2000. – 256 б.
  2. Фитрат А. Мухторият // “Ҳуррият”. 1917 йил 5 декабр.
  3. Фитрат А. Юрт қайғуси. Танланган асарлар. I-жилд. -Т.: Маънавият, 2000. – 256 б.
  4. Фитрат А. Туркистонда руслар // Ҳуррият. 1917, 63 – 64 сонлар. Яна қаранг: // “Шарқ юлдузи”. 1992 йил 4-сон (нашрга тайёрловчи ва сўзбоши муаллифи Ҳ.Болтабоев).
  5. Фитрат А. Иттифоқ этайлик! // “Ҳуррият”. 1917 йил 25 июл.