Murod ZIKRULLAYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari.
Annotatsiya. Maqolada Turkiston milliy matbuot nashrlari, jumladan “Ulamo” jamiyatining “Al-Izoh” jurnalidagi Turkiston Muxtoriyatiga oid maqolalar tadqiq qilingan. Jurnal maqolalaridagi maʼlumotlarning qiyosiy tahlili asosida “Ulamo” jamiyatining Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi, uning faoliyati hamda bolsheviklar tomonidan tor-mor etilishiga boʻlgan munosabati yoitilgan.
Kalit soʻzlar: Oʻzbekiston tarixi, inqilob, Turkiston Muxtoriyati, “Ulamo” jamiyati, “Al-Izoh” jurnali.
Abstract. The article describes the Turkestan Autonomy in the Turkestan national press publications, as well as “Al-Izah” magazine of the “Ulama” society. The attitude of the “Ulama” society to the organization of the Turkestan Autonomy, its activities, and its defeat by the Bolsheviks was published here based on the comparative analysis of the information in the magazine articles. Key words: History of Uzbekistan, Revalution, Autonomy of Turkestan,
Organization “Ulamo”, “Shurai Islamiya”, Press of Turkestan, magazine “Al-Izakh”.
Vatanimiz tarixining ochilmagan qirralarini tadqiq etishda, muayyan davrda sodir boʻlgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni atroflicha, xolisona oʻrganishda birlamchi manbalarning ahamiyati katta boʻlib, ularni tadqiq etishga ehtiyoj ortib bormoqda.
1917-1918-yillarda “Ulamo” jamiyati tomonidan nashrdan chiqarilgan “Al-Izoh” jurnali Turkistonning ijtimoiy- siyosiy, madaniy va diniy hayotini oʻrganishda ana shunday muhim manbalardan biridir.
“Ulamo” jamiyati 1917-yilning iyun oyida Toshkentda bir guruh ulamolar tomonidan “Shoʻroi islomiya” jamiyati bilan umumiy ish koʻrish bilar barobar millatlar hamda musulmonlarning axloqiy asoslarini muhofaza qilish, musulmon fuqarolar orasida diniy zaminda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har xil shikoyat va anglashimovchiliklarni hal etish va tushuntirish maqsadida taʼsis etilgan [1: 4-b].
Jamiyat oʻz maqsad va dasturlarini targʻib qilish uchun tez orada Toshkentda haftada bir marta chiqadigan diniy, ilmiy, adabiy, siyosiy nashri afkori – “Al-Izoh” jurnalini chiqara boshladi. Jurnalning toʻliq nomi “Al-izohul maromiy likulli anomiy” boʻlib, barcha insonlarga shariat hukmlari boʻyicha batafsil, maromiga yetkazib izoh beruvchi, degan maʼnoni anglatadi. Uning noshiri va masʼul mudiri Abdumalik hoji Abdunabiyev edi.
Eʼlon qilingan maqolalarning mualliflari asosan oʻz davrining yirik ulamolaridan hisoblangan Mubashshirxon Taroziy, mulla Toshpoʻlat qori, mulla Pirmuhammad Aʼlam, Shams Najmiy Andijoniy, mulla Niyoz Alibek, mulla Qoraboy Toʻraqoʻrgʻoniy, Sayid Ahmad Vasliy Samarqandiy, Ahmadxoʻja, mulla Akmalxon, Siddiqxoʻja eshon, mulla Tursun Muhammad Aʼlam Turkistoniy, mulla Isoxon Aʼlam domla, Axrorxon Abdulla oʻgʻli, Alovuddin mahzum boʻlgan.
Jurnal oʻz sahifalarida davrning dolzarb muammolarini, diniy-ahloqiy, siyosiy, madaniy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni yoritib bordi. Afsuski, XX asrning boshlarida roʻy bergan oʻta ziddiyatli ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda Turkiston chor Rossiyasi mustamlakasidan sovetlarning, yaʼni “qizil” imperiyaning mustamlakasiga aylandi. 1917-yilning oxirlarida Turkistonda bolsheviklar (qurol kuchi bilan – M.Z.) boshqaruvni oʻz qoʻllariga olib, oʻz hokimiyatlariga xavf soluvchi milliy jamiyat va tashkilotlarni yoʻq qilishga kirishdilar, “inqilobning jazolovchi qilichi” milliy va diniy harakatga alohida kuch bilan hujum qildi. “Ulamo” jamiyati ham faoliyati “ishchilarning manfaatiga javob bermaganligi uchun” 1918 yil 13 may oyida Turkiston Sovet respublikasi Xalq Komissarlari Sovetining 243-sonli qarori bilan tugatildi. Aynan shu qaror bilan “aholining bir qismini boshqasiga qarshi qoʻygan maqolalarni chop etgani uchun”, degan bahona bilan “Al-Izoh” jurnali ham yopildi [2].
“Ulamo” jamiyati va uning nashri – “Al-Izoh” jurnali (jami 31 ta soni chiqqan) qisqa muddat (1917 yil iyun – 1918 yil may) faoliyat koʻrsatgan boʻlishiga qaramasdan Turkiston oʻlkasida kechgan ogʻir iqtisodiy axvol, ocharchilik, qaxatchilik davrida aholini ham moddiy ham maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlash, musulmonlarning diniy savodxonligini oshirish, shariat ahkomlari va milliy qadriyatlarni saqlab qolish, millatning hurriyat, mustaqillik yoʻlida birlashtirish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirdi.
“Al-Izoh” jurnalining sahifalarida 1917-1918-yillarda Turkiston oʻlkasida sodir boʻlgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealar, xususan, Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi, uning fojeali tugatilishi, Muxtoriyatning oʻlka xalqlari uchun naqadar ahamiyatli boʻlganligi bilan bogʻliq qator maqolalar berilgan. Ular orqali bu voqea tarixiga oid qoʻshimcha maʼlumotlar olish, “Ulamo”ning Muxtoriyatga boʻlgan munosabatiga oydinlik kiritish mumkin.
Tarixdan maʼlumki, XX asrning boshlarida oʻzbek xalqi tarixida oʻchmas iz qoldirgan, ozodlik va mustaqillik gʻoyalarini oʻzida mujassamlashtirgan, oʻlkadagi birinchi milliy-demokratik davlat tuzilmasi – Turkiston Muxtoriyati tashkil etiladi.
Uzoq yillar mustamlaka zulmi ostida yashagan Turkiston xalqining azaliy orzu-umidlarini oʻzida namoyon etgan, ularning manfaatlariga toʻla mos keladigan Muxtoriyatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻlkaning turli shaharlarida jamoat yigʻinlari tashkil etilgan, namoyishlar oʻtkazilgan [3:4-b].
Barcha qatorida “Ulamo”chilar ham mazkur Muxtoriyatni olqishladilar, uni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida musulmonlar orasida tashviqot-targʻibot ishlarini olib bordilar. Bu jarayonda “Al- Izoh” jurnali muhim omil boʻlib xizmat qildi.
Xususan, jurnalining 1917-yil 11-dekabrdagi 18-sonida “Xoʻqanda boʻlgʻon musulmon krayevoy syezdi qarori” sarlavhasi bilan Qoʻqonda Muxtoriyat eʼlon qlinganligi toʻgʻrisidagi xabarni “El bayrogʻi” gazetasining 28-noyabrdagi sonidan olib bostirdi va xabarni “Yashasun Turkistonning erlik muxtoriyati!”, deb yakunladi.
Jurnalning 1918-yil 1-fevraldagi 22-sonida taniqli ulamo, mudarris, shoir, olim, tarjimon, publitsist, mudarris Saidahmad Vasliy Samarqandiyning Muxtoriyatni qoʻllab- quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan mitinglardan birida soʻzlagan nutqi eʼlon qilingan. Oʻz umri va ijodini Vatan ravnaqi yoʻliga bagʻishlagan maʼrifatparvar ijodkor mitingda ishtirok etayotgan ulamo, talabalar, boylar va yoshlarga murojaat qilib, har biridan quyidagi iltimoslarni qiladi:
“1. Ey ulamoi islom, sizlar rahbar va peshvoi ahli islomdursiz. Lozimdurki eng avval zarracha qoldurmasdan sharʼning rioya edarak amal qilsongiz.
- Ey talabai islom, kelajakda din va vatan egasi sizlar boʻlursiz. Farzdurki har kim ilm va har fankim dindorlik va vatanparvarlikka daxldordur oʻqub; bilib ommada xizmatda boʻlingiz;
- Ey agʻniyoi islom, zimmangizdagi haqq-ul-zakot Qurʼoni karim hukmincha bechora va qashshoqlar Vojibdurki shariati gʻarroi ilsomiya ahkomigʻa amal qilib, adoi zakot qilingiz. Yaqin edaram har mahalladagi boylar oʻshal mahalladagi bechora va qashshoqlargʻa oʻz huquqlarini bersalar, biror bechoraning figʻoni zohir oʻlmas, balki koʻchalarda gadoy koʻrilmas;
- Ey islom yigitlari va Vatan boʻz bolalari, Vatanning muhofazasi sizlarning hamiyat va gʻayrat va quvvatlaringizga bogʻliqdur. Zarurdurki Vataningizni himoya Ayibdurkim, sizlar borligʻingizda baʼzi hamvatan va hamdinlaringiz jafo va taroj koʻrsa”.
Vasliyning ushbu murojaati barcha Turkiston ulamolarining oʻlkadagi davlatchilik masalasiga, Vatan ozodligi, millat ravnaqi yoʻlidagi qarashlarini ifodalaydi. “Omil va yakdil boʻlsak saʼid va muxtoriyatimiz ustivor oʻlur!”, degan iboralar bilan nutqiga xulosa yasaydi.
Biroq, bu mitingdan bir oz ilgariroq, aniqrogʻi “Ulamo” jamiyati tomonidan 1918-yil 5-yanvarda Toshkentdagi jome masjidida oʻtkazilgan yigʻilishda qabul qilingan qarorlar oʻlkaning barcha siyosiy kuchlari, ayniqsa musulmon aholisini joʻnbushga keltirdi. Xalq orasida “Ulamo” avval bizni Muxtoriyatga axd qildirdi, itoat qilishga qasam ichirdi, endi esa uni tan olmaslikka qaror berdi, bu qanday musulmonchilik!”, degan tanqidlar, taʼnalar, shov-shuvlar avj oldi.
“Ulamo” jamiyati tomonidan oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda xalq noroziligiga sababchi boʻlgan qarorlar “Al-Izoh” jurnalining 21-sonida “Toshkandda ulugʻ miting qarorlari” sarlavhasi bilan quyidagicha eʼlon qilingan: 1. Xoʻqand shahrinda tashkil edilmish hukumat aʼzolarina norozi oʻlgonlari sababli alargʻa protest “norozilik” bayon etub, muttafiq oʻlgonlari holda bir ogʻizdan alarni hukumat aʼzosi deb tonumasgʻa qaror berdilar; 2. Tezdan (Toshkand shahrina xos boʻlsa kerak) Muvaqqat hukumat aʼzosi tashkil etmoq xususinda “Ulamo” jamiyatigʻa ixtiyor berub tobshurdilar; 3. Muxtoriyat eʼloni kuninda xalq foidasigʻa yigʻilmish aqchalarni har kimda boʻlsa olib, yangidan boʻladurgʻon militsiyagʻa sarf etmakni “Ulamo” jamiyatigʻa topshurdilar.
Darhaqiqat, ushbu qarorlar bir qarashda “Ulamo” jamiyatining dastavval Muxtoriyatga boʻlgan munosabati va shunga yarasha qilgan amallariga zid keladi. Shubhali vaziyatga jamiyatning oʻzi mazkur maqola soʻngida quyidagicha tushuntirish beradi: “Ushbu kunlarda “Ulamo” jamiyati aftonumiya (Muxtoriyat)gʻa qarshi degon soʻzni har zahgoʻy (behudagoʻy)lardan eshutmakdamiz. Ogoh boʻlingiz bul soʻz faqat ixtilof va adovat va fitnachilikdan hosil oʻlgʻon. “Ulamo” jamiyati borasina tuhmat va taʼnadur.
Xoʻqand hukumat aʼzolarin tonumaslikdan Aftonomiyagʻa qarshuliq chiqodurmu?
Har bir kishi, hatto, goʻdakgʻada hurriyatning birinchi samarasi deb tonilmish va orzu edilmish Aftonomiyagʻa “Ulamo” jamiyati qarshu boʻlmogʻi tugul “Juhalo jamiyati”da qarshi oʻlmas.
Sizlar ham yaxshi bilib eslaringizgʻa qoʻyungiz!” [4: 316-b]
Voqealar silsilasida, 1918-yil 18-yanvarda Toshkentda ochilgan soldat, ishchi va dehqonlar syezdiga “Ulamo” jamiyati tarafidan quyidagicha takliflar kiritilgan: “1-hozirdagi bolsheviklar hukumati joyida toʻxtasin va ammo hukumatini va maslagini Turkistonda turguvchi uruslarga va ajnabiylarga yurguzsin va ham Russiya jumhuriyatining Turkistondagi mushtarak ishlariga nazorat qilib toʻxtasun.
2-Turkistonga eʼlon qilingan muxtoriyat to Turkiston uchreditelniy sobraniya (taʼsis majlisi)ga qadar musulmonlarga maxsus boʻlsun va musulmonlar oʻz oldilariga alohida hukumat tashkil qilsunlar. Jami doxiliy ishlarni shariatga muvofiq ijro qilib turmoqlari uchun...
Ushbu tartiblar to Turkiston uchriditelniy sobraniya (Turkiston idora usuli) tasdiq qilinganicha joriy boʻlib tursun va ammo uchriditelniy sobraniyani chaqirmoq tartibini bolsheviklar hukumati Musulmon muxtoriyati bilan ittifoqlashib chaqirsun” [5: 5-b]. Takliflardan koʻrinib turibdiki, Toshkent ulamochilari Muxtoriyat hukumatini mutlaqo rad etgan emas. Aksincha, taʼsis majlisigacha Turkistonning tub aholisi uchun masʼul hukumat sifatida tan olmoqda. Demak, asl ziddiyat jadidlar va ulamolarning xalq oldidagi yetakchilik uchun intilishlari natijasi edi. Mavjud koʻngilsizliklar esa ulamolarning ham yoshlarning ham orasida boʻlgan ayrim “xufya”larning “buyurtma” asosidagi qilmishlarining samarasi boʻlgan deb taxmin qilishimizga ham imkon beradi [6: 103-b].
Afsuski, uzoq yillar mustamlaka zulmi ostida yashagan Turkiston xalqining azaliy orzu-umidlarini oʻzida namoyon etgan, ularning manfaatlariga toʻla mos keladigan Muxtoriyat yangi mustabid bolsheviklar tomonidan shavqatsizlarcha tor-mor keltirildi.
1918-yilning 19-fevralida Qoʻqon shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil qoʻshinning qonli hujumlari natijasida agʻdarib tashlandi. Hukumat agʻdarilgach, Qoʻqon va uning aholisi qirgʻinga uchradi.
Shoir Toshkandiy Kamiyning Qoʻqonda sodir boʻlgan ana shu fojeali voqeaga bagʻishlangan “Afsusnoma Xoʻqand fojeasina” sarlavhali sheʼri “Al-Izoh” jurnalining 26-sonida (1918-yil 21-mart) eʼlon qilinadi. Sheʼrda qurolli bosqinidan keyingi Qoʻqon shahrining ayanchli manzaralari shunday yoritiladi:
Voy, yuz voyki Fargʻona xarob oʻldi, darigʻ, Zulm oʻqi birla bukun gardu turob oʻldi, darigʻ, Bu musibatdin ulus chashmi burob oʻldi, darigʻ, Hamma katta-kichik bagʻri kabob oʻldi, darigʻ, Shahar obod edi chun dashti sarob oʻldi, darigʻ.
Aholining kechirgan azob-uqubatlarini esa quyidagi misralarda yaqqol koʻrishimiz mumkin:
Boʻldilar otasidan ul kuni farzand judo, Ochlik muxtasidan koʻzigʻa kun boʻldi qaro, Hikmating bilmam yo Rab, sen oʻzingsan dono, Hech bandaning boshina boʻyla musibat solma, Bu musibatlara Xoʻqand eli bob oʻldi darigʻ.
Fojealarning asl sababchilari boʻlgan bolsheviklarning kirdikorlari ham tigʻli qalam bilan ochiq fosh qilinadi:
Bolsheviklarning zulmimi yo feʼli badi, Zaru amvollarin qoʻymadi mundogʻ, taladi, Boʻlmayin qolmadi taroj gilamu namadi, Monei zulmu taʼaddi boʻla olmay hadi, Vohki mazlumlara yavmul hisob oʻldi darigʻ. Qaysi badbaxt sabab boʻldi ekan bu kora, Qildi bechora musulmon hammasin ovora, Bu olamdan hamma el jonu dili sadpora, Molu dunyolari afsus yoqildi nora,
Begunohlargʻa koʻring qattigʻ azob oʻldi darigʻ.
Jamiyatning rasmiy jurnalida bu kabi sheʼrning eʼlon qilinishi ham “Ulamo” jamiyatining Qoʻqon Muxtoriyati tugatilishiga qanday munosabatda boʻlganligini anglatadi.
Muxtoriyat hukumati qisqa fursat (1917-yil 27-noyabr – 1918-yil 22-fevral) faoliyat koʻrsatgan boʻlsa ham, u tariximizda chuqur iz qoldirdi. U erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga daʼvat etdi. Yangi Oʻzbekiston bunyod etilayotgan bugungi kunda milliy davlatchiligimizning tarixi haqida yosh avlodga kengroq maʼlumot berishda Turkiston Muxtoriyati hukumatining qisqa fursatda amalga oshirgan tadbirlar, shu bilan birga, Muxtoriyatning tor-mor keltirilishi bilan bogʻliq jarayonlarda oʻsha davrdagi milliy-siyosiy tashkilotlar, xususan “Ulamo” jamiyatining qanday taʼsir koʻrsatganligi toʻgʻrisidagi shubhali fikrlarni chuqur tahlil qilish, yangi faktlar asosida qayta oʻrganish tarixshunoslikda dolzarb muammolardan biri sanaladi.
Oʻylaymizki, Turkiston tarixini yorituvchi asl manbalardan biri – “Al-Izoh” jurnali sahifalaridan oʻrin olgan Turkiston Muxtoriyatiga oid maqolalarni oʻrganish oʻsha davrdagi bir qator tarixiy voqealarning haqqoniy manzaralarini aniqlashga xizmat qiladi.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Мақсад ва маслак // “Ал-Изоҳ”, 1-сон. 1917 йил 19 июнь
- ЎзР Миллий архиви. Фонд №Р-25. 1-рўйхат, 35-иш, 379-варақ.
- “Свободный Самарканд” газетаси. 1917 йил 20 декабрь
- Тошкандда улуғ митинг қарорлари // “Ал-Изоҳ” журнали. 1918 йил 12 январь. 21-сон.
- Тошканд хабарлари // “Ал-Изоҳ” журнали. 1917 йил 11 декабрь. 18-сон.
- Ирзаев Б. Туркистон Мухторияти тарихини ўрганишда муҳим манба // Ўзбек миллий давлатчилиги тарихида Туркистон Мухториятининг ўрни ва роли. Конференция материаллари тўплами. -Тошкент: “Тошкент ислом университети” нашриёт-матбаа бирлашмаси, 2017.