Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

“HURRIYAT” GAZETASI SAHIFALARIDA TURKISTON MUXTORIYATI HAQIDA

“HURRIYAT” GAZETASI SAHIFALARIDA TURKISTON MUXTORIYATI HAQIDA

Abduvali YOʻLDASHEV, Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi.

Annotatsiya. Ushbu maqolada Samarqandda 1917-1918-yillarda nashr etilgan “Hurriyat” gazetasi sahifalarida oʻzbek davlatchilik tarixida alohida iz qoldirgan Turkiston Muxtoriyatiga oid maqolalar tadqiq etilgan. Maqolada muxtoriyatning tashkil topishidan, toki, uning bolsheviklar tomonidan qonga botirilishigacha boʻlgan fojiali taqdiri aks etgan maqolalar, xabarlar tahlilga tortilgan.

Kalit soʻzlar: “Hurriyat” gazetasi, Samarqand, Turkiston Muxtoriyati, taraqqiyparvarlar, “Shoʻroi Islom”, Mahmudxoʻja Behbudiy, Hoji Muin, milliy hazina, askar, bolshevik.

 

Abstract. This article examines the articles on the autonomy of Turkestan, which left a special mark in the history of Uzbek statehood, published in Samarkand in 1917-1918. The article analyzes the articles and reports that reflect the tragic fate of the autonomy of Turkestan from the establishment to its bloodbath by the bolsheviks.

Key words: “Hurriyat” newspaper, Samarkand, Turkestan autonomy, jadids, “Shuroi Islam”, Mahmudhoja Behbudi, Hoji Muin, national treasure, soldier, bolshevik.

Turkiston Muxtoriyati – oʻzbek davlatchiligining yorqin namunasidir. Muxtoriyat hukumati Markaziy Osiyoning taraqqiyparvar kuchlari orzu qilgan davlat edi. Ammo juda qisqa vaqt hukm surib bolsheviklar tomonidan yoʻq qilindi. Muxtoriyat kam vaqt hukm surgan boʻlsa-da, tarixda oʻz izini qoldirdi. Uning faoliyati va taqdiriga oid koʻplab manbalar mavjud. Ana shulardan biri Samarqandda nashr etilgan “Hurriyat” gazetasidir.

“Hurriyat” gazetasi 1917-yil 16-apreldan Samarqandda Mardonqul Shohmuhammadzoda muharrirligida jadid ziyolilari tomonidan Akobir Shohmansur oʻgʻli mudirligida nashr etilgan. Ushbu gazetaga Abdurauf Fitrat (27-sonidan) ham muharrirlik qilgan. Gazetaga moddiy jihatdan “Zarafshon” shirkati kutubxonasi [1], keyinchalik samarqandlik taraqqiyparvar Muhammadqul Oʻrinboy oʻgʻli koʻmak berganlar. Ushbu gazeta bir yildan ortiq faoliyat yuritib 87 soni nashr etilgan. Unda Hoji Muin, Sayid Rizo Alizoda, Mahmudxoʻja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Halimiy, Muhammadiy, Mulla Ibrohim, Rojiy kabi ziyolilar oʻz ijodlari va maqolalari bilan faol ishtirok etganlar [2. 62-63]. Ushbu gazeta idorasi Samarqand shahrining Toshkand koʻchasida boʻlgan.

Mazkur gazetada Qoʻqonda tashkil etilgan Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishidan toki fojiali halokatigacha boʻlgan voqeylikka doir maqola va xabarlar berib borilgan. Xususan, gazetaning 1917-yildagi 56 sonida yozilgan “Turkiston Muxtoriyati” nomli maqolada: “Tunokun 30-noyabrda Xuqand syezdigʻa borgʻon Samarqand vakillari kelib, ushbu xabarni bizgʻa kelturdilar: 27 noyabr oqshom soat 12 da syezd tarafidan Turkistonning yerlik muxtoriyati eʼlon qilindi. Hozirda Turkiston millat majlisi 54 nafar aʼzodan iborat boʻlib, 36 nafari musulmonlar va 18 nafari gʻayri musulmonlardan saylanur. 36 musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatidan bul ravishda saylanurlar: Fargʻona 10 nafar, Samarqand 5 nafar, Sirdaryo 9 nafar, Yettisuv 6 nafar, Zoqospi 2 nafar, 4 nafari esa butun Turkiston shahar dumalari tarafidan tayin boʻlurlar. Bu muxtoriyatning suratini vujudgʻa quylushini yaqin orada jumhuriyat idorasi Turkiston majlis muassisonigʻa topshirur. Unla ila barobar Turkiston oʻlkasini yaqlit tashkil etgʻon millatlarning huquqlari har jihatdan muhofaza qilinur” [3], deb muxtoriyatning tashkil etilishi va tuzilmalari tarkibi haqida maʼlumot beriladi.

Gazetaning 57-sonida Abdurauf Fitratning “Muxtoriyat” nomli  maqolasi  nashr  etilib,  unda  muallif  Turkiston Muxtoriyatiga tarif berar ekan “Mundan oʻgʻurli [oʻgʻurli – buyuk], mundan muqaddas, mundan suyunchli bir soʻzni borligʻiga ishonmayman”, deb yozadi. Maqola soʻngida esa: “... bir millatning muxtoriyati yolgʻuz bir syezdning eʼloni bilan tamom boʻlmas. Muxtoriyatni olmoq va saqlamoq kerakdir. Syezd oʻz ishini qildi. Qolgʻanlari butun millatning vazifasidir. Muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozim. Muxtoriyatni bajarmoq uchun aqcha keraqdir. Bularni millat hozir qilsun” [4], deya oʻz fikrlarini yakunlaydi.

Ushbu 57-sonda Ufa shahridagi “Oliya” madrasasida tahsil olayotgan toshkentlik Mirmuhsin Shermuhammedovning badiiy kechinmalar bilan tarixga boqqan holda muxtoriyatga bagʻishlab yozilgan maqolasi ham oʻrin olgan[5].

Shuningdek, mazkur sonda Turkiston musulmonlarinig Favqulodda IV qurultoyi, yaʼni 27 noyabrgacha boʻlgan muzokaralarida qabul qilingan qarorlar eʼlon qilingan. Unda tezlikda Turkiston uchun ijroiya komiteti tuzib Janubi-Sharqiy ittifoq shartlari bilan tanishish, iqtisodiy jihatdan ushbu ittifoq bilan hamkorlik qilish masalalariga doir qarorlar qabul qilingan[6]. “Hurriyat”ning 1917 yil 8 dekabr sonida esa Muxtoriyatining hukumat aʼzolari haqida maʼlumot berilib ular oʻlkaning qaysi hududlaridan saylanganliklari, millat majlisi namoyandari ismlari sanab oʻtilgan [7].

Muxtoriyat eʼlon qilingach, uning foydasi uchun xazinasiga ionalar toʻplash harakati bilan namoyishlar tashkil etila boshlandi. Bu haqida gazetaning 1917-yil 12-dekabr sonida: “mavlud nabiy kunida 12 rabi al avvalida Umum Turkiston musulumonlarining muxtoriyat bayrami boʻlur. Mazkur kuni Turkiston mamlakatining hariria “milli sarmoya” uchun ionalar yigʻilur” [8], deb xabar beriladi. Ushbu sondagi yana bir maqolada, 1917-yilning dekabr oyida Muxtoriyat foydasiga hududlarda oʻtkaziladigan hamda Samarqand shahrida tashkil etiladigan tantanali namoyishlari haqida maʼlumot beriladi. Unda Samarqanddagi “Zahmatkashlar ittifoqi” ham “Shoʻroi Islom” jamiyati bilan birlgalikda Muxtoriyat uchun namoyish qilishga qaror qilgan. Ammo “Shoʻroi Islom” jamiyati bu ishga rozilik bermay, namoyishda ishtirok etishni istamaydi. Shu boisdan Samarqanddagi namoyish tantanasi kechikayotgani bildirilgan. “Zahmatkashlar ittifoqi” “Shoʻroi Islom”ning bu harakatini “hurriyat va muxtoriyatga qarshi bir jinoyat boʻlsa kerak” [9] deb beholaydi. Maqola muallifi Hoji Muin “Shoʻroi islomiya”ning bu ishiga nisbatan 3 xil gumonni ilgari suradi: “1) qoʻrqoqlik, 2) muxtoriyatning fahmiga bormaslik, 3) muxtoriyatning vujudga chiqishiga ishonmaslik”. Maqola soʻngida “Shoʻroi Islom”ning bu harakatiga: “Shoʻroi Islom” jamiyati shuni bilsinlarki: bu kun Turkiston musulmonlari “muxtoriyat”ga molik boʻldilar. Mundan soʻngra “muxtoriyat” bilan birga yuqorilar va ushbu yoʻlda oʻz moli va jonlarini ayamaslar” [9], deb yozadi.

Shunga qaramay, taraqqiyparvarlar milliy xazina uchun mablagʻ yigʻish tadbirlarini amalga oshirgan. Samarqand shahrida Muxtoriyat foydasiga Hoji Muinning 4 pardalik “Mazluma xotin” dramasi Samarqand yoshlari tomonidan 23-dekabrda qoʻyilishi haqidagi eʼlon shundan darak beradi. Bu haqidagi xabar “Hurriyat”ning 61-sonida eʼlon qilingan. Xabarda tomoshadan tushgan mablagʻ Muxtoriyatning milliy xazinasiga yuborilishi taʼkinlangan [10].

Qoʻqondagi musulmonlarning Favqulodda IV qurultoyida ishtirok etib qaytgan Mahmudxoʻja Behbudiy gazetaning 1917-yil 19-22-dekabr sonlarida oʻzining maqolasini eʼlon qiladi. Muallif gazetaning 19-dekabr 60-sonida Turkistondagi aprel oyidan boshlab Muxtoriyat eʼlon qilingunigacha boʻlgan davrdagi siyosiy voqealar va unda “Shoʻroi Islom” hamda “Ulamo” jamiyatlarining harakati va bunga qarshi bolsheviklarning tanlagan yoʻliga toʻxtaladi. Ushbu maqolaning davomi esa gazetaning 61-sonida nashr etilgan. Unda Muxtoriyat tuzish ishida kechgan jarayonlar, uning boshqaruvini tashkil etish masalalariga oid maʼlumotlarni beradi. Shuningdek, Muxtoriyatning tashkil etilishi bolsheviklar bilan yer va amlok ustida tortishuvlar vijudga kelishiga toʻxtaladi. Shu boisdan yer va amlokni taqsim boʻlmasligi, dinning rivoji uchun butun Turkiston xalqini muxtoriyat yoʻlida ittifoq boʻlishga chaqiradi.

Behbudiyning “Eʼtidolgʻa daʼvat” nomli yana bir ushbu gazetaning 1918-yil 12-yanvar sonidagi maqolasida, Samarqanddagi Mehnatkashlar va “Shoʻroi Islom” jamiyatlari oʻrtasidagi munozaralarga eʼtibor qaratgan. Unda yozishicha: “... oxirgi vaqtlar Samarqandda yana baʼzi tortishmalarning asari koʻrinmoqgʻa boshladiki, bul xalq uchun yaxshi emasdir. Hozirda Shoʻroi Islom jamiyati oʻng tarafni, Mehnatkashlar jamiyati soʻl tarafni tashkil etib, Taraqqiyparvarlar firqasi oʻrtagʻa qolib, ikki tarafdan ham qisilmoqgʻa boshladi. Zotan ip tortilaversa, oʻrtasidan uzular. Agarda Shoʻroyi Islom ila Mehnatkash firqasi tortishaversa, zarbasi markaz va eʼtidol [eʼtidol – tenglik, adolat] chi boʻlgʻon “Taraqqiyparvar” firqasigʻa tushaturgʻongʻa oʻxshaydir” [11], deb vaziyatga oʻz fikrlarini bildiradi. Behbudiy Samarqanddagi ushbu jamiyatlarni kelishib ishlashga tenglik va adolatga chaqirgan.

“Hurriyat” gazetasining 1918 yil dastlabki sonlaridagi Muxtoriyatga bagʻishlangan maqolalarda davlatning taraqqiy etishi va bu yoʻldagi muammolarga bagʻishlanganligini koʻrish mumkin. Jumladan, 1918-yil 4-yanvar sonidagi “Yashasun Turkiston muxtoriyati!” nomli maqolada muallif: “Muxtoriyat uchun milliy askar, milliy xazina kerakdir. Ushbu ikki narsa mavjud boʻlsa ishlar buyuk bir muvaffaqiyat bilan olday borur”, deya bu ikki jihatga baho berib, “Milliy xazina: millat qopchugʻindan chiqgʻuvlidir. Milliy qoʻshin millat yigitlaridan boʻlgʻulidir. Unutmaylukkim: biz, oʻtgan zamonlarda Yer yuzini titratgan qahramonlarning bolalari erurmiz. Otalarimiz arslondek boturlar boʻlub, vatan va millat yoʻlida hech bir tahlikadan, hech bir balodan yuz oʻgirmay edilar” [12], deb yozadi.

Turkiston Muxtoriyatining barpo boʻlishi oʻlkada yashovchi qozoq halqlarini ham beeʼtibor qoldirmagan. Xususan, “Toʻrgʻay oblasti Argʻiz uyezining qozoqlari, Xoʻqanddagi muxtoriyat hayʼatigʻa  tilgrom  berib,  Turkiston  muxtoriyatigʻa qoʻshuldiqlarini bildurmishlar” [13] deb yoziladi, gazetaning 1918-yil 19-yanvar sonida. Ushbu sondagi Oʻgʻuzxon tahallusi ostidagi maqolada Muxtoriyatning oʻtgan davrdagi faoliyatiga nazar tashlab undagi muammolarni oʻrtaga tashlaydi. Maqola boshidanoq: “Muxtoriyatli Turkiston bu kun chin bir ish maydonini koʻra olgani yoʻq. Matbuoti, tashkiloti, xalqlari va ogʻalari “quruq soʻz” beruvdan boshqa bir ish koʻrsata olgʻani yoʻq” [14], deya yozadi. Oʻzining tanqidiy fikrlari bilan birga, muxtoriyat yoʻlida xalqni sergaklikka chorlab: “Bu kun butun millat bolasining ishi maydonigʻa chiquvi... farzdir!... turklar uchun yoʻqlamakdan koʻra vatan muhofazasi uchun temur qoʻli birlan dushmanga qarshi chiquv qadar lazzatli hech bir narsa yoʻqdir. Turk bolasi uchun yigitlik merosdir. Eh turk bolalari! Otlixon, Oʻgʻuzxon, Temur va Chingizlarning ruhlari tahqir etilmakda ekan, bobolaringizni mazori oyoq ostida dushman tarafindan tahqir etilmakda ekan... sen yoʻqlab yotma! Seni najot qiladurgʻon ulugʻ tangri sanga aytadir: insonni inson qiladurgʻon, muqaddas ishdir! Uygʻon! Ilgari, ish maydonigʻa! ...” [14], deya kurashga chorlaydi.

Najib imzosi ostida yozilgan “Muhim kunlar” nomli

maqolada esa Muxtoriyatning tashkil topgan dastlabki kunlaridagi faoliyatiga baho berilgan. Muallif fikricha, Muxtoriyatning tashkil etilishi soʻzda bor ammo amalda tayyor emasligidan dalolat beradi. Oʻz fikrini bildirar ekan: “Bizning muxtoriyatga hozirligʻimiz bor edimi? Yoʻq! Hozirlanamizmi? Yoʻq! Bularning hammasi yoʻq. Yolgʻiz muxtoriyat xayʼati bilan muvaqqat Turkiston hukumati bor. Munday boʻlgʻoch bu hozirligimiz tashkil etgan muxtoriyatimizni yashata olib, boshqalargʻa tanita olurmizmi? Ana shul savolgʻa javob bermak qiyin” [15], deb yozadi. Maqola davomida: “Kuchsiz, qalamsiz bir hukumatning borligʻi tarixda hech koʻrinmaganidek, bor boʻlish ham haqiqatdan uzoqdir. Shuning uchun bizgʻa hech bir fursatni oʻtkazmasdan qilich bilan qalamga yopushmogʻimiz kerak” [15], deb oʻz fikrlarini beradi.

Shuningdek, muallif Muxtoriyatning xazinasi masalasi va oʻz matbuot nashri boʻlishiga toʻxtaladi. Uning alohida gazetasi boʻlishi lozimligi, bu gazeta hayʼatning ishlari bilan xalqni tanishtirib borishda muhim vazifa bajarishini, ushbu gazeta gʻayri millatlarga oʻzini tanishtirmoq hamda borligini bildirmoq uchun gazetada ruscha ilovasi ham boʻlishi lozimligi yuzasidan taklif bergan.

Gazetaning 1918-yil 19-fevral sonidagi “Siyosat maydonida” nomli maqolada muallif dunyo havolidan xabar berar ekan, yirik mamlakatlar koʻzlagan maqsadlar bilan birga Rossiyaning ahvoliga baho beradi. Shu bilan birga ana shu vaziyatdagi Turkiston masalasidan soʻz ochib: “Turkiston oʻlkasini saqlamoq uchun askarga ehtiyoj turadir. Chunki bu kungi siyosat Turkiston uchun hisobsiz falokat chuqurlari hozirlamoqdadir. Turkiston bu muhorabadan qurbonsiz qutilolmas. Bu qonli muhoraba bir vaqt Turkistonda qonlar va inqiloblar chiqarur, Turkiston koʻngillarinda qora bulutlar uchmay qolmas, bunday zamonda hamma xalq sulh uchun sulh boʻlsin. Chunki sulh talab etmak uchun musallah boʻlmoq shart aʼzimdir. Shu vaqtgʻacha uxlaganimiz yetar, bu kundan boshlab butun nom va shonimizgʻa muvofiq “yigit”ligimizni koʻrsatayluk. .... Boylarimiz davlatlari bilan, kambagʻallarimiz qoʻl kuchlari bilan, yigitlarimiz gʻayrat va shijoatlari bilan, ulamomiz vaʼz va nasihatlari bilan xotunlarimiz qoʻl ishlari Turkiston muxtoriyatini muhofaza qilmoq, aziz vatanimizni dushmanlardan saqlamoq uchun tayyor qilinaturgʻon milli askarimizgʻa yordam bersunlar!” [16], deb barchani sergaklikka va vatan mudofasiga chorlaydi.

“Hurriyat”  gazetasida  nashr  etilgan  fevral  oyining yigirmanchi sanalaridan keyingi Muxtoriyatga oid maqolalarda uning qonli ravishda bostirilishi va Turkistondagi ocharchilik balosiga bagʻishlanganligini koʻrish mumkin. Xususan, Hoji Muinning “Ogʻir hollar” nomli maqolasida Samarqanddagi fevral oyidagi voqealar yoritilar ekan: “buzuq Rusiya, bu soʻngʻi uch oy ichinda bizning Turkistonimizni ham ogʻir holgʻa tushurdi. Musulmonlarning tinchligini buzdi. Bir yoqdan ozuqa masalasi va ochliq balosi, ikkinchi tomondan siyosiy hollar, yaʼni Turkiston Muxtoriyatining tahlikada qolgʻonligʻi. Boshqa bir yoqdan, kunda boʻlub turgʻon oʻgʻurluq, toroj va talonlar, xalqni tinchsizlantirmoqda va falokatga solmoqdadir” [17], deb yozadi. S. A. imzosi bilan yozilgan “Mayus boʻlmaslik kerak!” nomli maqolada Turkistondagi ijtimoiy, iqtisodiy hayot manzarasi ochiqlangan. Unda ochlik, talonchilik voqealari bilan birga Turkiston Muxtoriyatining fojiali halokatiga muallif toʻxtalib: “bu kunlarda yuz bergan Xoʻqand fojia oliyasi, oning toʻgʻrusida albatda maqolalar yozilsa kerak, koʻnglida zarracha insoniyat hisi boʻlgʻan kishini muttaʼsir [Muttaʼsir – taʼsirlantirib] qilib, koʻzidan ixtiyorsiz yoshini oqizmay qoʻymas” [18], deb xabar beradi.

Maqola soʻngida muallif notinchlik va barcha tushkunliklardan qutilib yorugʻliqqa chiqishga umid bogʻlaydi.

Yana bir “Xoʻqand fojiasi” nomli maqolada Muxtoriyat mudofasi uchun kechgan kurash va undagi voqealar yoritiladi. Unda Muxtoriyatning 2000 ga yaqin qoʻshni 24 soat urush qilib soʻng qaytganligini yozar ekan, shahar binolari, bozorlar, rastalarga oʻt ketganligiga toʻxtaladi. Ana shu jarayondagi vaziyatni tasvirlab: “Bu fursatdan istefoda qilib, oʻshal kishilar eski va yangi shaharni talay boshlagʻanlar. Hatto, baʼzi doʻkon va binolargʻa oʻzlari olov qoʻyub yuborgʻanlar. Bu yongʻinni koʻrgan xalq, oʻz jonlarini qutqarmoq uchun mol va mulklariga qaramasdan, bogʻ va sahro tarafgʻa qocha boshlagʻanlar. Bu fursatni gʻanimat bilib yomon kishilar har yerdan koʻb-koʻb mollarni yuklab, toshib ketganlar” [19], deb yozadi.

Gazeta idorasi olgan xabarlari asosida Muxtoriyat qoʻshni bolsheviklar bilan 11 kun kurashgandan soʻng shaharni tark etishga majbur boʻlganligini yozadi. Shuningdek, maqolada 15 ga yaqin qoʻlga olingan Muxtoriyat aʼzolari haqida ham maʼlumot berilgan.

Xulosa qilib aytganda, “Hurriyat” gazetasi oʻz faoliyati jarayonida Turkistondagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlar bilan birga Samarqand xalqi va oʻz obunachilarini Qoʻqonda tashkil etilgan Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi, faoliyati, muammolar va fojiali taqdiriga doir yangiliklar bilan tanishtirib borgan. Gazetada koʻplab ziyolilar oʻz maqolalari bilan ishtirok etib muxtoriyatning rivojlanishi yoʻlidagi fikr-mulohazalarini bildirganlar. Ushbu gazetadagi maqolalar davr tarixini oʻrganishda va Turkiston Muxtoriyatiga doir voqea jarayonlarni tahlil etishda “Ulugʻ Turkiston”, “El bayrogʻi” kabi gazetalar qatorida muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

 

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  1. С. А. Ташаккур // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 16 апрель.
  2. Зиё Саъид. Ўзбек вақтли матбуоти тарихига материаллар. – Самарқанд – Тошканд: Ўзбекистон давлат нашриёти, 1927. 185 бет.
  3. Туркистон Мухторияти // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 1 декабрь.
  4. Фитрат. Мухторият // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 5 декабрь.
  5. Мирмуҳсин Шермуҳаммедов. Тарихий даврлар // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 5 декабрь.
  6. Туркистон Мухторияти // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 5 декабрь.
  7. Туркистон Мухторияти // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 8 декабрь.
  8. Мухторият байрами // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 12 декабрь.
  9. Ҳожи Муин. Намойиш тўғрисида // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 12 декабрь.
  10. Мухторият шарафига миллий театру // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 19 декабрь.
  11. Муфтий Маҳмудхўжа Беҳбудий. Эътидолға даъват // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 12 январь.
  12. М.Н.Г. Яшасун Туркистон Мухторияти! // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 2 январь.
  13. А. Т. Турлу хабарлар: Мухторият // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 19 январь.
  14. Ўғузхон. Сўз ва иш // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 19 январь.
  15. Нажиб. Муҳим кунлар // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 23 январь.
  16. Ўғузхон. Сиёсат майдонида // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 19 февраль.
  17. Ҳожи Муин. Оғир ҳоллар // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 22 феврал.
  18. С. А. Маюс бўлмаслик керак // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 1 март.
  19. Хўқанд фожиаси // “Ҳуррият” газетаси. 1918 йил 5 март.