Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

MAHMUDXOʻJA BEHBUDIY TURKISTONDAGI BANKLAR TOʻGʻRISIDA

MAHMUDXOʻJA BEHBUDIY TURKISTONDAGI BANKLAR TOʻGʻRISIDA

Feruza AMONOVA, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti doktoranti.

Annotatsiya. Maqolada Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻz asarlarida taklif qilgan iqtisodiy qarashlari, banklarning ahamiyati va undan toʻgʻri foydalanmaslikning oqibatlari ochib berilgan.

Kalit soʻzlar: Bank, kredit, meros, tojir, koʻbkari, chanladi, kultapoʻshon, moʻylabgiron, chinni.

Abstract. The article highlights the economic views proposed by Mahmudhoja Behbudi in his works, reveals the importance of banks and the consequences of their misuse.

Key words: Bank, credit, legacy, merchant, kobkari, chanladi, kultaposhan, moylabgiron, porcelain.

 

Bank kredit-moliya muassasasi boʻlib, kredit, ssuda berish, pul va turli qimmatbaho qogʻozlar chiqarish, vaqtincha boʻsh pul mablagʻlarni toʻplash vazifasini bajaradi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston oʻlkasida tashkil etilgan banklarning aksariyati xususiy tijorat banklari boʻlib, tadbirkorni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etgan. Omonat va kredit ilmidan xabardor boʻlgan mijozlar bank imtiyozlaridan foydalana olgan. Afsuski, baʼzi mahalliy tadbirkorlar moliyaviy rivojlanish darajasidan inqiroz bosqichiga qarab harakatlangan. Bu inqirozga faqat banklar emas tadbirkorlarning tijorat ilmidan bexabar ekanligi, olingan mablagʻni toʻgʻri sarflay olmaganligi ham omil boʻlgan.

Bu davrda Turkistonda tashkil topgan banklar faoliyati va ahamiyati haqida turli davriy matbuot materiallarida maqolalar eʼlon qilib turilgan. Jumladan, Turkiston taraqqiyparvarlarining yetakchisi Mahmudhoʻja Behbudiy (1875- 1919) Samarqandda nashr etilgan “Oyina” jurnalining 1914-yilgi sonlarida eʼlon qilingan bir qator maqolalarida banklar faoliyatining ijobiy tomonlarini tushuntirish bilan birga mahalliy aholining tijoratdagi sinish sabablarini misollar bilan keltirib oʻtgan [1;342-344].

Behbudiy “Ayb bonkada yoʻq, bizda. Chunki boshqa millatlar bonkalar sababi ila obod boʻlur. Davlati va mulki ortur. Ammo biz, zohiran bonkalar sababi ila barbod va faqir boʻlarmiz. Avvalgi bor mulkimiz qoʻldan ketarki, muning asl sababi bonka emas, oʻzimizni tarbiyasizligimiz va donishsizligimizni bilmaganimiz, tijorat ishi va ahli zamonadan bexabarligimizdan, xulosa, jaholat va nodonligimizdandir. Bonka sababi ila yahudiy, armani va boshqalar davlatlik boʻlur. Biz boʻlsa, bilaks..”, deb taʼkidlaydi [2; 342].

Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining “Bank xususida” maqolasida banklar toʻgʻrisida fikrini davom ettirib, musulmonlarni nima uchun bonkadan pul olib sinish sabablarini misollar bilan koʻrsatib oʻtdi. Masalan, uning yozishicha, “Abdullaboy bazzozni oʻzidan besh ming soʻm sarmoyasi bor. Doʻkonidan 500 soʻmlik molni olti oy vaʼda ila nasiya sotdi. Albatta, bu sotilgan molgʻa aqlan 50 soʻm foyda qoʻyub ediki, yuzda oʻn yuzasidan boʻlur. Endi doʻkondagi mol oz edi, yana mol olmoq uchun oqcha yoʻq. Kanturdan nasya olsa, avvalda naqdagʻa nisbatan 7-8 hissa qimmat qilib berur. Masalan,

400 soʻmlik molni olti oygʻa 470 soʻm, balki ziyoda qilib berar hamda yaxshi molgʻa yamonni qoʻshar. Agarda Abdullaboy bazzoz bonkagʻa sotgan moli uchun olgan vekselini qoʻysa, olti oygʻa bonka 500 soʻm naqd berib, faqat 15 yo 20 soʻmgina foyda saxlaydurki, bizni bazzozimiz ushbu pulgʻa 4-5 kanturdan chekkasigʻa chertib, siylab molni arzon narxga olur. Ana bonka hikmati va kerakligi shundan iboratdur va ham shunday oʻlchov ila muomala qilinsa, har kim bonkadan foyda koʻrar. Yoʻq, bonka uni uchun emaski, bir pulsiz doʻkon oʻlturub va bonka pulini nasya qilib, toʻy va ziyofat va imorat va sharoratgʻa, koʻbkari va azogʻa sarf qilib yo bonkadan qarz olib, haj borib, dunyogʻa baobroʻ va oxiratgʻa qarz yuklab ketmoq uchun emasdur” [3; 202].

Behbudiy tomonidan yozilgan “Oh, bonkalar bizni barbod etdi” nomli maqolasida esa buning sabablarini quyidagicha koʻrsatadi: “Mundan boshqa yana sinamoqimizgʻa sabab tariyqi tijoratni, molni olish va sotish joyini bilmaganimiz, paxta va boshqa gʻalla toʻgʻrisinda Amriqo, Afriqo va Ovrupa bozor va ziroatlarini holidan, boʻlgan va boʻlmaganidan bexabarligimizdur. Bizlar tojiri zamoniy emas..” [4; 343].

Yuqorida keltirilgan misollardan koʻrinib turibdiki, birinchidan, muallif ishbilarmon aholi uchun bankdan faydalanish foydali, ikkinchidan, bankdan tijoratdan xabari bor insonlargina foydalana olishini, uchinchidan, bankdan foydalanilganda hisob- kitoblarni vaqtida amalga oshirish kerakligini uqtirmoqda. Tojirlarimizni zamonaviy boʻlishi uchun hukumat tomonidan yangi islohotlar zarurligini koʻrsatmoqda.

Xalqimiz toʻy va bayramlarni hashamatli va dabdabali oʻtkazishda XX asr boshida ham dunyoda “yetakchi”lardan boʻlgan. Bugungi kun ham bundan mustasno emas. Bunday koʻp isrofgarchilik shariatimizda ham maʼqullanmagan. Afsuski bu taʼqiqlarga qaramay biz buni zoʻr berib bajaramiz. Ortidan koʻp yoʻqotishlarga va qiyinchiliklarga duchor boʻlamiz. Bunga misol Behbudiyning “Zoʻraki boy” maqolasida ochiq koʻrsatilgan:

“... Zoʻraki boy janoblarini ÿn ming soʻmlik merosi, bogʻ va xonasi bor edi. Bu odam agarda bogʻini yaxshi ishlatsa, muvofiqi shariat va insof tiriklik qilsa, isrofgarlik etmasa, toʻy va azo deb oʻzini barbod etmasa, albatta ortdurardi. Bu odam oʻzidek va hatto, oʻzidan oz nimarsalik kishilarni koʻrarga oʻgʻul toʻyiga ikki- uch ming soʻm sarf etar. Oʻgʻligʻa xotun olib bersa, yana bir-ikki, uch ming cÿm sarf etar. Bir oʻluk koʻmsa besh-olti yuz soʻm xarj etar. Hatto, olti oylik bolasini sochini olganda va yo olti kunlik bolasini beshikgʻa bogʻlaganda bir-ikki yuz soʻm sarf etar. Fotiha, charlar, ... kultapoʻshon, moʻylabgiron... va boshqalarni nari qoʻyduk, xulosa, bechora oʻn ming cÿmlik mulkdor qaraydurki, ish boʻlmaydur. Oʻgʻul va qizlar katta bÿlyb turubdur. Toʻy lozim, xatna, nikoh, uning orqasidan keti uzulmas bir suruk maʼraka va qoidalar lozim. Koʻbdan chiqib boʻlmaydur. Bechora odam oʻylavgʻa tushar. Toʻy qilmoq uchun bir-ikki tanob bogʻdan va yerdan sotsa koʻzi qiymaydur. Toʻy qilmasa, boʻlmaydur. Noiloj oʻylab-oʻylab, doʻkondorlik, yaʼni bazzozlik va choyfurushlik va yo boshqasini qilmoq boʻlub doʻkon ochar. Bonkalardan kredit ochar. Oʻn ming soʻmlik merosiy mulki bor ekan, besh bonkadan uch ming soʻmdan 15 ming qarz olur. Choy, qizil mol, gazvor, chinnivor, ... xullas, har nav kantur va fermalardan ham bir-ikki yilgʻa yetmasdan bir oʻn besh ming soʻm urar. Bir vaqt koʻrarsan, 30 ming soʻm ishlatguchi qib-qizil bir katta boy oʻzini muft dehqonligi ila roʻzgʻor qilur ekan, bir ming soʻmni butun umriga sanamagan 30 ming soʻmlik mol ichinda koʻmganini koʻrib bizni dehqonboyni avvalgi torgina aqli ham uchdi-ketdi...” [5; 272].

Behbudiy oʻz fikrini yana davom ettirib, maqolani quyidagicha yakunlaydi: “Bir vaqt eshitilur, zoʻraki boy boshqaga pul yetkurolmaydurlar. Imonsiz sarrof ham taqa-taq shildirni bilib, pul bermaydur. Bir necha vaqt soʻngra yana eshitilurki, veksellar bekor boʻldi. Oʻn ming soʻmlik mulk ila doʻkondagi besh-olti ming soʻmlik mol hibsgʻa olindi. Hisob qilib koʻrulsa, bilinurki, 30 ming soʻm qarz maydonda. Otadan qolgan mulk ila toʻrt-besh ming soʻmlik aroba-gʻaltak otu tek doʻkon mol endi nima boʻlur dersiz? Olti oy - bir yilgʻacha avvalgi mulklar sudgʻa sotilib, bechora zoʻraki boy ahlu ayoli ila darbadar qolur” [6; 165].

Xulosa qilib aytganda, inson mol-dunyoga meʼyordan ortiq berilmasligi, nafsini tiya bilish, atrofda boʻlayotgan hodisalardan saboq chiqarishni bilishi lozim. Har bir davlatda banklar boʻlishi kerak. Chunki ijtimoiy turmushni yaxshilashda, iqtisodiyotda qisman taʼsir koʻrsatadirgʻon omildir. Undan toʻgʻri foydalanish va sharti-amalini bajarish kifoya.

Mahmudxoʻja Behbudiy ham mamlakatni obod qilish, taraqqiyotga erishishda ilm-maʼrifatning roli qanchalik yuksak boʻlsa, savdo-tijoratni yoʻlga qoʻyishda bank ahamiyati ham shu qadar kattaligini uqtiradi. Uning banklar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan mulohazalari va ilgari surgan fikrlari iqtisodiyotni rivojlanishida banklar faoliyatining oʻrni va ahamiyati katta ekanligini anglatgan.

 

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  1. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Оҳ, бонкалар бизни барбод этди! // “Ойина” (Самарқанд). №19.1914 йил 3 январь. -Б.№ 342-344.
  2. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Оҳ, бонкалар бизни барбод этди! // “Ойина”. № 19.1914 йил 3 январь. – Б.№342.
  3. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Банк хусусида // “Ойина”. № 21.1914 йил 9 март. -Б.№202.
  4. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Оҳ, бонкалар бизни барбод этди! // “Ойина”. № 19. 1914 йил 3 январь. -Б.№ 343.
  5. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Зўраки бой // “Ойина”. № 1914 йил 2 август. – Б.№272.
  6. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Зўраки бой // “Ойина”. № 1914 йил 2 август. – Б.№272.