Nodirjon ABDULAHATOV, tarix fanlari doktori, Fargʻona viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish markazining professori.
Annotatsiya. Ushbu maqolada Turkiston Muxtoriyatining faollari margʻilonlik Xolmuhammad Oxundiy va Xoja Margʻiloniyning maʼrifatparvalik faoliyati toʻgʻrisida soʻz yuritiladi.
Kalit soʻzlar: maʼrifatparvar, ziyoli, bosmaxona, maktab, qadriyat, qoʻlyozma, madaniyat, maorif, jarayon, manfaat.
Abstract. This article describes the educational activities of the activists of the Turkestan autonomy Khalmuhammad Okhundi and Khoja Margilani from Margilan.
Key words: enlightened, intellectual, typography, school, value, manuscript, culture, education, process, interest.
XIX asr ikkinchi yarmiga kelib, Turkiston jamiyati juda katta siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni boshidan kechirdi. Bu jarayonlar, avvalo, Turkistonning, xususan, Qoʻqon xonligining bosib olinishi va Fargʻona viloyatining chor imperiyasi tarkibiga kiritilishi, yangi siyosiy boshqaruv tizimining joriy etilishi, mintaqa jamiyati uchun yangi hisoblangan kapitalistik munosabatlarning kirib kelishi va iqtisodiy munosabatlardagi oʻzgarishlar kabi omillar bilan izohlanadi. Bu hududda buyuk davlatlar manfaatlari bilan madaniyatlar, qadriyatlar ham bir- biriga yuzma-yuz keldi. Koʻp hollarda bu toʻqnashuvlar tabiiy, tadrijiy boʻlmay, harbiy kuch ishlatish orqali amalga oshirildi [1;22].
Bunday ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat, eng avvalo, oʻlkadagi aholi qatlamlarining holati, tarkibi va hayotiga taʼsir etmay qolmadi. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asrning boshiga kelib butun Turkiston, shuningdek, Fargʻona viloyatining Qoʻqon, Fargʻona, Andijon, Namangan va Margʻilon shaharlarida aholining ijtimoiy tabaqalanish doirasi kengayib bordi. Bu, eng avvalo, quyidagi omillar bilan bogʻliq edi:
- yangi siyosiy boshqaruv tizimining tashkil topishi;
- koʻchirib keltirilgan rus aholisi hisobiga aholi ijtimoiy tarkibining kengayib borishi;
- oʻlkada iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilishi va transformatsiyasi;
- temir yoʻllarning qurilishi, fabrika-zavodlarning ishga tushirilishi;
- taʼlim, maorif va matbuot sohasidagi tub oʻzgarishlar, fan, madaniyat va sanʼatning rivojlanib borishi shular jumlasidandir [2;22].
Margʻilonda vodiyning boshqa shaharlaridan farq qilib, rus aholisi deyarli yoʻq boʻlganligi tufayli uyezd maʼmuriyati shahar obodonchiligi va qurilishiga umuman eʼtibor bermagan. Ammo azaldan savdo, hunarmandchilik va madaniyat markazi boʻlib kelgan, ushbu sohalarda katta tarixiy tajribaga ega boʻlgan Margʻilon aholisi bu davrda ham ipakchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, kulolchilik, doʻppidoʻzlik, misgarlik kabi hunarlarini va savdo- sotiq ishlarini faol davom ettirgan. Savdo sohasida esa Margʻilon shahri viloyat boʻyicha Qoʻqondan keyin ikkinchi oʻrinda turardi [3]. Shu sababdan Abdurahmon Fahmiy:
Ki chun paydo boʻlub, Xoʻqandi soni, Qolib bu, boʻldi ul xonlar makoni [4;533], deb yozgan edi.
Margʻilon shahrida sanoat obyektlari ham vodiyning boshqa shaharlariga nisbatan kam edi. Shaharda 4 ta uncha katta boʻlmagan paxta tozalash korxonalari, ipakchilik korxonalari hamda Rossiya- Xitoy banki filiali faoliyat olib borgan. Fargʻona vodiysidagi Qoʻqon, Andijon, Namangan shaharlaridagi yirik savdo-sanoat korxonalari egalarining asosiy qismini eng avvalo Moskva firmalari vakillari, ulardan keyin esa mahalliy yahudiylar tashkil etsa, Margʻilonda ularning koʻpchiligi asosan mahalliy aholi vakillaridan iborat edi [5;67].
Podshohlikning taftishchisi F. K. Girs oʻzining hisobotida yozishicha, Yangi Margʻilondan 12 mil uzoqlikda joylashgan va unga umumiy aloqasi boʻlmagan Eski Margʻilon shahri har yili 9000 ming rubl berib, Yangi Margʻilon shahrining kamomadlarini toʻlab borgan. Bu esa oʻz navbatida yangi shahar aholisiga nisbatan mahalliy aholini sezilarli darajada norozilikni kuchaytirib, ikki shahar aholisi oʻrtasida munosabatlarni ziddiyatli tus olishiga sabab boʻlgan [6;112].
Mana shunday bir holatda Margʻilon ahli ham xuddi Turkistonning boshqa qadimiy madaniyat oʻchoqlari kabi asrlar davomida shakllanib kelgan oʻz milliy qadriyatlarini yoʻqotmadi, yaʼni “Turkiston oʻlkasiga kirib kelgan Yevropa madaniyati yutuqlari taʼsirida oʻz madaniyatini saqlab qolish va rivojlantirish uchun harakat qildi. Bu ishni amalga oshirishda milliy ziyolilarning roli juda katta boʻldi” [7;139].
Margʻilon shahri Qalandarxona dahasida joylashgan Kosagaron madrasasining mudarrisi Domla Oxunjon usta Muhammadamin oʻgʻli oʻz davrini maʼrifatparvar ziyolilaridan biri boʻlib, hatto Kosagaron mahallasida kitoblar chop etish uchun bosmaxona ham ochmoqchi boʻladi [8;62]. Biroq uning bu xayrli harakatlari chor maʼmurlari tomonidan qarshilikka uchraydi. Oʻzbekiston Respublikasining Milliy arxivida uning bosmaxona ochish toʻgʻrisida Harbiy gubernatorga yozgan xati ham saqlanib qolgan [9].
Taʼkid joizki, oʻsha davrlarda Oxunjon usta Muhammadamin oʻgʻli kabi taraqqiyparvar ziyolilar imkon qadar Margʻilon shahridagi sanʼatsevar aholini ilm va maʼrifatga boʻlgan katta qiziqishini qoniqtirish maqsadida xususiy bosmaxonalar ochishga uringanlar. XX asr boshlarida shaharda mahalliy aholi vakili boʻlgan Hojimuhammad Azimjon Margʻiloniy tomonidan ochilgan xususiy bosmaxonada adabiyot, sheʼriyat va dinga oid kitoblar chop etilgan. Chunonchi, bosmaxonada Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asari, Hofiz Sheʼroziyning sheʼriy toʻplami, Horun ar-Rashidning taʼbirnomalari, oʻzbek milliy ashulalari uchun milliy sheʼrlar majmuasi chop etilgan [10;115]. Bundan tashqari Margʻilonda 16 ta mahalliy kitob rastalari muntazam ishlab turgan [11;174]. Margʻilonda XX asrning boshlariga kelib maʼrifatparvarlar tomonidan yangi usuldagi maktablar ham tashkil qilingan. Shunday maktablardan birida Hamza Hakimzoda Niyoziy ham dars bergan. U Margʻilondagi muallimlik faoliyati davomida “Usuli savtiya”da muallimlik kursida oʻqitgan shogirdlari haqidagi maʼlumotlarni ham keltirib oʻtilgan [12;309].
Hamza Hakimzoda Niyoziy qoʻlida ilm olgan margʻilonlik maʼrifatparvar yoshlardan biri Xolmuhammad Oxundiy (1892-1938) toʻgʻrisida tarixchi olim Bahrom Irzayev shunday yozadi: “Maktabdagi 120 chogʻli oʻquvchi ichida Xolmuhammad alohida ajralib turardi. U fabrikada ishlab nemis tilini ham binoyidek oʻzlashtiradi. “Vaqt”, “Yulduz” jurnallaridan jadidchilik harakati bilan tanishadi. Ustozi Hamza Hakimzoda Niyoziy taʼsirida oʻzining dastlabki sheʼrlarini yozib gazetalarga yoʻllaydi.
Xolmuhammad Oxundiy 1917-yili Turkiston Muxtoriyati hukumatini jon jahdi bilan qoʻllab-quvvatladi. U qonga botirilgach, 1918 yil bahorida Margʻilonda soʻl eserlar partiyasiga, shu yilning yoziga kelib esa kompartiyaga aʼzo boʻladi. Avval Fargʻona maorif boshqarmasida ishlaydi, soʻng Toshkentga keladi. 1923 yil yanvar oyida Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Nashri maorif” jamiyatining muassislaridan biri boʻladi. 1920–1925-yillar davomida Margʻilon shahar vaqf boʻlimining mudiri boʻladi. 1923-yili oʻzining nomidan 50 soʻm, vaqf hisobidan 1000 soʻm toʻplab Germaniyada oʻqiyotgan turkistonlik talabalarga yoʻllaydi.
Xolmuhammad Oxundiy “Nashri maorif” jamiyati koʻmagida Zahiriddin Aʼlam, Shohid Eson afandi, Abdulla Musobekov kabi koʻplab insonlarning boshini bir joyga toʻplab, “Haqiqat” jurnalini chop etadi. Oxundiy muharrirlik qilgan mazkur jurnaldagi maqolalar, ayniqsa, uning “Xotin-qizlarimizni oʻqitishimiz kerak” maqolasi hali-hamon ahamiyatini yoʻqotgan emas” [13;147].
Hamza Hakimzodaning yana bir shogirdi Ibrohimxoʻja Muhammadshohxoʻja oʻgʻli (1894–1937) ham “Xoja” taxallusida ijod qilish barobarida Fargʻona vodiysida shaxsiy kutubxona tashkil etgan. Ibrohimxoʻjaning shaxsiy kutubxonasida Alisher Navoiyning nodir qoʻlyozma asarlari saqlangan [14;160]. Jumladan, mashhur boshqird sharqshunosi Zaki Validiy Toʻgʻon (1890–1970) 1915 yilda Petrogradda chop etilgan “Fargʻona viloyatidagi sharq qoʻlyozmalari” nomli maqolasida ham bu haqda maʼlumot berib oʻtadi [15;319].
Ibrohimxoʻja xalqning savodxonligini oshirishda oʻsha yillarda chop etilgan yangi darsliklarning afzalligini, yangicha usulda oʻqitiladigan maktablarni tashkil etilishini qizgʻin qoʻllab-quvvatlagan va maktablarni otaliqqa olgan. Margʻilonlik jurnalistlar Oʻktam Eshonboboyev va Mutal Qodir qalamiga mansub “Sizni yoʻqlar zamon keldi” nomli risolada Margʻilon shahrining Kudingar mahallasidagi “Ahmadiya” deya nomlangan yangi usul maktabini ochishda Ibrohimxoʻjaning bosh-qosh boʻlganligi taʼkidlanadi [16;23].
Oʻtgan asrning 20-yillarida yuz bergan ocharchilik davrida Ibrohimxoʻjaning ibratli faoliyati bilan bogʻliq esdaliklar xalqning xotirasida muhrlanib qolgan. Maʼlumotlarga koʻra, aynan uning ishtirokida olib borilgan tadbirlar tufayli yuzlab insonlar hayoti saqlab qolingan. Ibrohimxoʻja va uning maslakdoshlari tomonidan Ibrohimxoʻjaning otasi Muhammadshohxoʻja (1862–1913) dan meros qolgan paxta zavodi hududida ochlarga bir kunda uch mahaldan yegulik tarqatib turilgan. Bu haqda “Ulugʻ Turkiston” gazetasining 1918-yilning 8-iyun sonida chop etilgan quyidagi xabarda ham taʼkidlab oʻtilgan: “Erkak, xotun, bolalarni Qalandarxona dahasidagi Muhammadshoh xoʻjaning paxta zavodida oʻrnashdilar. Hozirinda olargʻa har kun uch martaba taom berilub, yangi liboslar kiyundirub, bir xotun doʻxtir qaramogʻinda hifzi sihhatka muvofiq tarbiya etilmakda. Ishlarining baʼzi bir kamchilikli taraflarida yoʻq tugil. Shulayda oz fursatda tuzaluv ketuvida umid etiladur” [17;102].
Xulosa qilib aytganda, Margʻilon taraqqiyparvarlari butun Turkistonda boʻlgani kabi Chor Rossiyasi va dahriylik siyosatiga qurilgan shoʻrolar hukumatini davlat tepasiga kelgan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy parokandalik hukm surgan tarixiy oʻzgarishlar davrini boshlaridan kechirdilar. Shunday boʻlsa-da, mavjud parokandaliklar Margʻilon ziyolilarining maʼrifatparvarlik faoliyatini toʻxtatib qola olmadi. Ular umrlarini oxiriga qadar milliy oʻzlikni saqlash va millat xizmatiga bagʻishlab, zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni mukammal ado etishga intilib keldilar.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Исабоева Г. ХIХ асрда Қўқон хонлигида маданий ҳаёт. Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация автореферати. – Т., 2010.
- Нормуродова Г. Самарқанд вилояти аҳолиси ижтимоий қатламлари ва уларнинг жамиятдаги ўрни (XIX аср иккинчи ярми - XX аср бошлари) // “Ўзбекистон тарихи”. –Т., 2010. №2.
- ЎзР МА Ф. И-1, 1-рўйхат, 188-йиғма жилд.
- Туркистонда очарчилик, қаҳатчилик, ют / Тўплаб, нашрга тайёрловчи Хондамир Қодирий. – Т.: Янги аср авлоди, 2021.
- Статистический обзор Ферганской области за 1905 год. г.Скобелев, 1908.
- Отчет о состоянии Туркестанского края, составленный сенатором тайным советником Гирсом, командированным для ревизий края по высочайшему повелению. В двух частях, ч. 1, Администрация. Управление краем; ч. 2, Суд. Финансы, СПб, 1888.
- Исмоилова Ж. XIX асрнинг иккинчи ярми XX аср бошларида Тошкентнинг “Янги шаҳар” қисми тарихи. – Т.: “Fan va texnologiya” нашриёти, 2004.
- Абдулаҳатов Н. Хожа Марғилоний. – Т.: ABU MATBUOT- KONSALT, 2017.
- ЎзР МДА, И-19-ф. Фарғона вилоят бошқармаси. 1-р, 13282-иш.
- Зияева Д.Ҳ. Мустамлака ва Совет даврида Марғилон шаҳри
// Марғилон шаҳрининг жаҳон цивилизацияси тарихидаги ўрни. Марғилон шаҳрининг 2000 йиллик юбилейига бағишланган халқаро илмий конференция материаллари. Тошкент-Марғилон Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси “Фан” нашриёти, 2007.
- Статистический обзор Ферганской области за 1910 год; г. Скобелев, 1912.
- Ҳамза Ҳакимзода Ниёзий архивининг каталоги. Биринчи том. – Т.: Фан, 1990.
- Ирзаев Б. Қўқон тарихидан лавҳалар. –Т: Akademnashr,
- Абдулаҳатов Н. Хожа Марғиноний кутубхонасида темурийлар даврига доир қўлёзмалар // “Амир Темур - буюк давлат арбоби” мавзусидаги Республика илмий – амалий конфренция материаллари. – Ф.: “Фарғона”, 2016.
- Валидов З. А. Восточныя рукописи въ Ферганской области // Записки Восточного отделения императорскаго русскаго археологического общества. Том двадцать второй 1913-1914. Петроградъ. 1915.
- Ўктам Эшонбобо., Мутал Қодир. Сизни йўқлар замон келди. – Ф.: Фарғона, 2007.
- Абдураҳмон Фаҳмий. Девон. 534-535 варақ. Ушбу қўлёзма ҳозирда Фаҳмийнинг набираси Тошкент шаҳри Сергели тумани “Маданият” маҳалласида истиқомат қилаётган 1942 йилда туғилган Аҳмаджон Абдураҳмонов хонадонида сақланмоқда.