Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

Muftizodalar qismati (1-qism). Salohiddin Muftizoda

Muftizodalar qismati (1-qism). Salohiddin Muftizoda

1886 yil Toshkent shahrida tavallud topgan Salohiddin Muftizodaning otasi mufti Abdumo‘min (1918 yilda vafot etgan) madrasa mudarrisi, bilimdon va halol inson sifatida nom qozongan edi.

Shuning uchun u qozixona muftisi bo‘lishi bilan bir qatorda Tarnov boshi mahallasida yer o‘lchovchilik vazifasini ham bajargan. Eski maktab va madrasada tahsil olgan o‘g‘li Salohiddin ham zamonasi talabi bilan rus-tuzem maktabida rus tilini mukammal o‘rganadi. U 1900-1905 yillarda madrasada o‘qish davrida Valixo‘ja Malikov do‘konida, so‘ng ikki yil Grammofon jamiyatida ishladi.

S.Muftizoda Toshkent ulamolaridan Zokir shayx Tillashayx o‘g‘li, Saʼdiyning Gulistonini o‘zbekchaga tarjima qilgan Murodxo‘ja Solixo‘jayev, birinchi o‘zbek professional shaxmatchisi Azmuddinxon Xo‘jayev, Bashrulloxon Asadullaxo‘jayev, tilshunos olim Faxri Kamol, savdogar maʼrifatparvar Ubaydullaqori Erg‘oziyev, Nizomiddin Xo‘jayev, Saʼdullaxo‘ja Tursunxo‘jayev kabi o‘z zamonasining yetuk insonlari davrasida ulg‘aydi.

Salohiddin Muftizoda dastlab, 1916-1917 yillarda Toshkentda taʼsis etilgan “Ulamo jamiyati”ga aʼzo bo‘ladi va Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshlaydi. U 1917 yildan “Turon” jamiyatiga kirib, Munavvar qori Abdurashidxonov, Salimxon Tillaxonov kabi jadid taraqqiyparvarlari bilan Turkiston istiqboli yo‘lidagi muhim kurashga bosh qo‘shadi. Shundan so‘ng, jadid matbuotida o‘zining faol chiqishlari bilan ishtirok eta boshlagan. Jumladan, Rossiya imperiyasidagi iqtisodiy inqirozdan foydalanib, hokimiyatni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan bolsheviklar tarafdorlarining g‘oyalarini ifodalovchi “Sukut qiling! Sohibi sarvatlarning nidosi” maqolasiga qarshi “Najot” gazetasining 10-sonida o‘z munosabatini bildiradi. S.Muftizoda maqolada Muvaqqat hukumatning tanazzuli sabablarini tahlil qiladi. U muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish choralarini izlaydi. Aholi noroziligining oldini olish, xalqning ahvolini yengillashtirish maqsadida davlatmand insonlarga murojaat etib, bozorlarni arzonlashtirish, fuqarolarning eng o‘tkir muammolarini zudlik bilan hal etishga chaqiradi. Shuningdek, xalq orasida notinchlik va xukumatga ishonchsizlikning tarafdori bo‘lgan kuchlarning (bolsheviklar) og‘ir vaziyatdan foydalanib hokimiyatga kelishdek g‘arazli maqsadlariga yetmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishga daʼvat etadi1. Bu shubhasiz, S. Muftizodaning Rossiya imperiyasida kechayotgan ijtimoiy jarayonlarni chuqur anglaganligini ko‘rsatadi.

Muftizoda o‘z vaqtida jadid taraqqiyparvarlari vakili sifatida Turkistondagi imperiyaparast kuchlarning amalga oshirgan missionerlik faoliyatiga qarshi keskin kurash olib bordi. “Najot” gazetasining 12-sonida chop etipgan “Tahqiqsiz sadoqat” maqolasida o‘zini taraqqiyparvar deb tanishtirgan U.Husayinovning “Turkistanskiy kuryer” gazetasini taraqqiyparvarlar uchun xizmat qilgan gazeta sifatida tanishtirishini tanqid qiladi. Muftizoda “Turkestanskiy kuryer”ning Turkistondagi missionerlik faoliyatiga oid maqolalarini misol keltirib, Husayinovning harakatini taraqqiyparvarlik emas, aksincha tanazzulparvarlik deb baholaydi2.

Salohiddin Muftizoda 1917 yil noyabr oyida bir guruh taraqqiyparvar yoshlar qatorida Qo‘qonga borib, Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga kiradi va uning matbuot xizmatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Muxtoriyat tor-mor etilgach, u bolshevikpar taʼqibidan Sibirga qochadi va bir muddat Tomsk shahrida yashaydi. Salohiddin Muftizoda 1919 yil g‘ala-g‘ovurlari paytida Toshkentga kelib, VKP(b)ga aʼzo bo‘ladi va 1925 yilgacha sovet davlati idoralarida ishladi. U dastlab Toshkent shahar Xalq taʼlimi bo‘limida boshliq, so‘ng O‘zbekiston SSR Xalq xo‘jaligi Komissarligida o‘rinbosar kabi masʼul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan bir paytda u sovet vaqtli matbuot sahifalarida muntazam chiqishlar qilib, xalqning milliy birligini saqlash, milliy o‘zlikni yo‘qotmaslik yo‘lida tinimsiz kurash olib bordi.

Salohiddin Muftizodaning “Sharq dushmanlari qaytadan turmakda” nomli maqolasi sobiq chor amaldori Nikolay Ostroumovning Toshkentga qayta tashrifiga bag‘ishlanadi. Unda “Astroumof, 50-60 yil ichida Turkiston xalqining hammasini ko‘ng‘iroq ostig‘a to‘plab bermakka qasam barobarida so‘z bergan edi. Shul maqsad bilan ul chor zamonasida ko‘p ishladi. Natijada bir kishi bo‘lsin qo‘ng‘iroq chaladurg‘on bo‘lmadi. Lekin, Astroumuf to‘raning Turkistonda ko‘rsatgan jiddiy xizmatlari soyasida birgina natijalik ishi bo‘lgan. U ham bo‘lsa, Turkistonda umumiy jadida maktablariga yerlik ulamolarni shaytonga qarshi bo‘lg‘ondek qarshilashtirish va Turkiston o‘zgarishchilari bo‘lg‘on yoshlarni (jadidlarni  muallif) “kofir” deb nafratlantirishdir. Usuli jadida maktablarining harom ekanligi to‘g‘risida bo‘lg‘on shaʼriy rivoyatlarni “Buxorodan oling‘on”, degan so‘z bilan chiqorguchi kishi shul Astroumovning o‘zidir. Bu ulug‘ “mujtahid”ning Turkistong‘a qaytadan kelishi sababsiz bo‘lmasa kerak” deydi. Muftizoda o‘z maqolasini “Ostroumov va unga o‘xshash mustamlakachilarga qaytadan Sharqda o‘run bermaslik lozim!” degan chaqiriq bilan tugatgan edi3.

Salimxon Tillaxonov, Ubaydulla Erg‘oziyev va Hojixonovlarning tergov bayonnomalarida eslanishicha, Salohiddin Muftizoda 1921 yildan “Milliy Ittihod” tashkilotiga kirgan va uning faollaridan bo‘lgan. 1925 yildan bolsheviklar Toshkent shahrida yangi yo‘l qurilishi bahonasi bilan xalqimizning qator tabarruk qadamjolarini, qabristonlarni buzib yubora boshladi. S.Muftizoda xalqning milliy qadriyatlariga nisbatan bunday bepisand munosabatga chidab tura olmadi. U Toshkeng ulamolari bilan sho‘ro maʼmurlarining bunday nojoiz xatti-harakatlariga qarshi namoyishlar tashkil etadi. Bu esa sovetlarning S.Muftizodaga qarshi jiddiy hujumiga bahona bo‘ladi. Hatto, “Mushtum” jurnalida avvaliga karikatura, so‘ng G‘.Yunusning “Azozil va Iblis” deb nomlangan buyurtma maqolasi bosildi. Unda Iblis (S.Muftizoda) va Azozil (Islomxo‘ja Novcha)larning “qilmish”lari tanqid qilinadi. Maqolada “…mozorlarni buzish hech narsa emas, biroq mozorlarni asori atiqa deb jar solayotgan S.Muftizodaning g‘avg‘osi yomon oqibatga olib keladi”, deyiladi. Aftidan, bu mojaro hammaga maʼlum bo‘lib ketgani uchun aniq dalillar keltirilmaydi, faqat G‘.Yunus maqolani “Iblis yo‘q qilindi, Azozilning ham navbati kelar!”4 deb yakunlagan edi.

Shundan so‘ng Salohiddin Muftizoda partiyadan o‘chirilib, uning uchun ko‘pgina eshiklar bekila boshladi. U bor obro‘ va mansabidan ayrilib ishsiz qoldirildi. Shunday bir sharoitda u o‘zining bo‘sh vaqtini tarjima ishiga bag‘ishlab, bir qator asarlarni o‘zbek tiliga o‘girdi5. Biroq, bu ham uzoqqa cho‘zilmadi. 1932 yil 25 noyabrda uni GPU xodimlari so‘nggi ish joyi O‘zSSR davlat kino boshqarmasida tarjimon bo‘lib ishlab yurgan vaqtida qamoqqa oladilar. S.Muftizodaga O‘zSSR JKning 57-10 hamda 58-10 moddalari, yaʼni sovet davlatiga qarshi targ‘ibot olib borish aybi qo‘yiladi.

1933 yil 4 mayda o‘tkazilgan OGPU sudida S.Muftizoda o‘ziga ko‘yilgan ayblarning barchasini asosli rad etgach, otuv xukmini 10 yil qamoq jazosiga almashtirishadi. U jazo muddatini to‘liq KarLag (Karelo-Fin ASSR)da o‘tab, 1942 yil Toshkentga qaytadi. S.Muftizoda 1942-1946 yillar Toshkentda yashaydi, biroq 1946 yil unga Toshkentda yashash uchun ruxsat yo‘qligini maʼlum qilishadi. Salohiddin Muftizoda 1946 yil fevraldan Bo‘stonliq tumaniga ko‘chib o‘tadi. U yerda kutubxonachi bo‘lib tinch emin hayot kechira boshlagan onda, izidan yana “kimlardir” tushadi. Ularning “sharofati” bilan 1948 yilning oxirida S.Muftizoda ishidan haydaladi va unga yana hech joyda ish berishmaydilar. 1949 yil 8 mart kuni Bo‘stonliq tumani, Iskandar posyolkasi, Pekarnaya ko‘chasi 8-uyda yashayotgan Salohiddin Muftizodani yana qamoqqa olishga qaror qiladilar. Unga Sovet hukumatiga qarshi targ‘ibot olib borganlik, yaʼni “SSSR endi AQSH, Angliyalar bilan urushadi va bu urushda yutqazadi”, deb aytgan so‘zlari asos qilib ko‘rsatiladi. 1949 yil 11 mart kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketasidan uning xotini hali eng kattasi 10 yoshga ham to‘lmagan 3 farzand bilan qolib ketgani anglashiladi. O‘tkazilgan tintuv vaqtida uning 1-USH № 500993 raqamli pasporti, oila aʼzolariga tegishli 4 dona surat va 20 ta hujjat olingan va ular 1949 yil 7 may kuni maxsus qaror asosida yoqish yo‘li bilan yuqotiladi.

1949 yil 8 mart kuni o‘tkazilgan ilk so‘roqda S.Muftizoda: “1946 yil fevraldan Toshkentda yashashga ruxsat yo‘qligi uchun Bo‘stonliqda yashayapman. 1946 yil fevraldan 1948 yil noyabrgacha kutubxonada ishlardim, so‘ng bo‘shatishdi, hozir ishsizman” deydi. 1949 yil 15 va 18 mart kunlari o‘tkazilgan so‘roqlarda u to‘liq o‘tmishini, KarLagdagi kechgan zaxmatli hayotini hikoya qiladi.

1949 yil 21 martdan so‘roq mavzusi o‘zgaradi va uning qanaqadir aksilsovet targ‘ibot olib borganini muhokama qila boshlaydilar. Shundan so‘ng 1949 yil 25 mart, 30 mart, 2 aprel va 10 aprel kunlarda o‘tkazilgan so‘roq bayonnomalari ham uning aksilsovet tashviqoti masalasiga bag‘ishlandi. Biroq S.Muftizoda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni asosli va ishonchli tarzda to‘laligicha rad etadi. Tabiiyki, 1930 yillarning dahshatli tegirmonidan omon chiqqan bu insonni osonlikcha aybdor qilishning imkoni yo‘q edi.

Aslida, S.Muftizodaga qarshi tergov materiallarini to‘plash ancha oldin boshlab yuborilgandi. 1949 yil 16 fevral kuni tergovga chaqirilgan Abduvali Rasulmuhammedov nomli “ishonchli shaxs” S.Muftizoda haqida kuyidagilarni hikoya qiladi: “Muftizodani bolaligidan bilaman, Toshkent madrasalaridan birida o‘qigan, otasi mufti edi. So‘ng rus-tuzem maktabida ham o‘qigan. Ko‘qon Muxtoriyati xukumatining aʼzosi edi. “Selmash” choyxonada sovetlar xalqni ekspluatatsiya qilib, hammani nonga zor etdi. Adolatsizlik, dinsizlik oqibatida sovetlar butun dunyoning nafratini olgan. Kommunizm insoniyatga hech qanday yaxshilik keltirmaydi. Aksincha, xalqning qadriyatlariga zid ravishda qizlarimizning ochiq-sochiq yurishi ularning axloqining buzilishiga olib keladi, degan edi. Yana S.Muftizoda: “SADUM (O‘rta Osiyo Diniy idorasi) tashkil etilganda meni chaqirishgandi. Men rad etdim. Chunki, sovetlar SADUMni ham, unga tayinlagan muftisini ham o‘zining qo‘g‘irchog‘iga aylantirib olgan” degandi, boshqa narsa qo‘shimcha qila olmayman”,- deb ko‘rsatma beradi.

1949 yil 9 mayda Salohiddin Muftizoda uchun Ayblov bayonnomasi eʼlon qilindi. Sudda Sadriddin Kamolov, Sara Mutalova, Rashid Islomov, Fatxulla Ibragimov, Abduvali Rasulmuhammedov va Shoabdukarim Shoabdurasulovlar ishtirok etadilar. Biroq, sudda ayblov o‘z isbotini topmadi. 1949 yil 19-20 avgust kunlari Bo‘stonliq tuman, Go‘zalkent ko‘rg‘onida bo‘lgan qayta sud S.Muftizodani O‘zSSR JKning 58-10 I qismiga asosan yana bir bor 10 yil qamoq jazosiga hukm etadi. Hukm 1949 yil 8 martdan hisoblanib, 1959 yil 8 martgacha ijroda bo‘lishi buyurildi. Uning yozgan kassatsion shikoyati inobatga olinmadi.

1954 yil 20 oktyabrda S.Muftizodaning Qozog‘iston SSR bosh prokuroriga, 1956 yil 25 sentyabrda SSSR KGB raisiga yozgan arizalari asosida uning ishi qayta ko‘rib chiqishga tortildi. 1978 yil 6 yanvarga kelibgina QozSSR Oliy Sudining Salohiddin Muftizodani to‘liq oqlash to‘g‘risidagi qarori uning o‘g‘li Muhammedov Hamidga yuboradi. 1992 yil 16 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi S.Muftizodaning oqlanganligini tan oldi va maʼlumotnomani Yunusobod massiv, 4-kvartal, 13-uy, 2-xonadonda istiqomat qiluvchi o‘g‘li Muhammedov Hamid Abdullayevichga yo‘llaydi.

Baxtiyor HASANOV,
tarix fanlari doktori

Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

1 Najot. 1917 yil 28 aprel

2 Muftizoda S. Tahqiqsiz sadoqat. Najot. 1917 yil, 6 may

3 Muftizoda S. Sharq dushmanlari qaytadan turmaqda // Turkiston. 1922 yil, 22 oktyabr

4 Azozil va Iblis. Mushtum. 1925 yil, 15 iyunь

5 Сайфуллина Лола. Янги турмуш йўлида (С.Муфтизода таржимаси). Т.: “Ўздавнашр”. 1927.