Muzaffar TOJIBOYEV, tarix fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori.
Davron RAZAKOV, tarix fanlari nomzodi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti.
Annotatsiya: Ushbu maqolada Turkistonda milliy uygʻonish davrida taraqqiyparvar, maʼrifatparvar, millat fidoyisi Munavvar qori Abdurashidxonov haqida tarixiy maʼlumotlar berilgan.
Kalit soʻzlar: vatanparvar, millat, ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy, Turkiston, yangi usul maktabi, tarjimai hol, uygʻonish. Abstract. This scientific article reveals the activities of the national hero Munavvar Kari Abdurashidkhanov with historical facts
during the Renaissance in Turkestan.
Key words: patriot, of the nation, social, cultural, educational, Turkestan, modern school, autobiography, awakening.
XIX asr oxirida Turkistondagi maʼrifatparvarlik davrini boshlab bergan, oʻlka xalqlari manfaatlarini himoya qilishga oʻzining butun ongli faoliyatini bagʻishlagan fidoyi vatandoshlarimizdan biri Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻli (“Munavvar” – nur olgan, nurli degani. Turkiyada hozir ham bu soʻzni ziyoli oʻrnida qoʻllaydilar; “qori” – Qurʼonni maromiga yetkazib oʻqiydigan) edi.
U 1878 yilda Toshkentning Shayxontohur dahasidagi Darxon mahallasida mudarris oilasida tavallud topgan. Toshkentdagi Yunusxon madrasasida, soʻngra Buxoroda oliy tahsil olib “Hofizi Qurʼon” boʻlgach, XIX asrning 90-yillari oxirlarida jadidchilik harakatiga qoʻshilgan. Munavvar qori 1901-yilda Toshkentda birinchilardan boʻlib “usuli jadid” maktabini ochgan edi.
Jadidchilik namoyandalarini sinfiy dushman deb bilgan bolsheviklar bu harakatni faqat maʼrifiy harakat deb baholab, ularni siyosiy kaltabinlikda ayblab kelgan edilar. Holbuki, Munavvar qori 1927-yilda Toshkent okrug maorif xodimlari qurultoyida soʻzlagan nutqida bolsheviklar qoʻygan bu aybga: “Chor hukumatini yoʻqotish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat boʻlishi yashirin emas. Nainki, biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshqacha taʼbir bilan aytganda, doʻkonda nasiya yozadurgon xodimlar yetkazsak. Bu ishga aqlli odam shu bahoni berishda u yoq, bu yoqni mulohaza qilsin. Jadid maktabi ochishimizga siyosiy va madaniy kurashchilar tayyorlash bahosi berilmaganiga (taʼkid bizniki. – M.T., D.R.) taassub bildira olmay oʻta olmayman” [1; 181], degan edi.
Turkiston xalqlari ijtimoiy-siyosiy tafakkurining oʻsishida shubhasiz, jadidchilik matbuoti beqiyos xizmatlar qilgan. Munavvar qori 1906-yildan nashr etila boshlangan dastlabki milliy gazeta – “Taraqqiy”ning tashkilotchilaridan va mualliflaridan edi. Shu gazetaning 1906 yil 14 iyun sonida eʼlon qilgan “Bizning jaholat – jahli murakkab” maqolasida “Ey qardoshlar, voy millatdoshlar!!! Koʻzimizni gʻaflat uyqusidan ochib, atrofimizgʻa nazar solmakimiz lozimdir. Har millat oʻz saodat hol va istiqbolini muhofazatigʻa birinchi vosita ilm oʻlmakigʻa qanoat hosil qilib, ilm va maorifgʻa ortiq darajada qoʻshish qilgan bu zamonlarda bizlar bu gʻaflat va jaholatimizda davom etsak, istiqbolimiz nihoyatda xavflik oʻlub hamma olamga masxara va kulgu oʻlmogʻimizda hech shubha yoʻqdir. Bu jaholat natijasidurki, oʻzimiz yerlik musulmonlardan oʻldigʻimiz holda musofir rus va yahudiylar eshigida mardikor va xizmatchi oʻlduk. Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni yodlaridin chiqorib, isteʼdod va gʻayratlarini choyxona va pivaxonalargʻa sarf etmadadurlar” [2; 145-146], deb ogohlikka daʼvat etgan edi.
Munavvar qori fikricha, chorizm istilosidan avvalgi Turkistonni qamrab olgan mavjud iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-madaniy inqiroz sabablari XVII-XVIII asrlarga borib taqaladi. “Bul zamondin yuz yildan ziyodroq muqaddam zamondin boshlab, - deb taʼkidlaydi u, - millat devorining har tarafigʻa rahnalar paydo boʻldi. Munga sabab ulamo va umarolarimizning oʻz nafslarini rioyasida harakat qilmoqlari boʻldi. Podshoh va xonlarimiz boʻlsa, millatgʻa qilgʻon xizmatlari tanho xotun olmoq va kuchuk urushtirmoq va begʻayrat va haqqoniyat dindor kishilarni badargʻa qilmoq va tutub oʻldirmoq boʻldi. Shuning uchun millat devorining rahnalari tobora ziyoda boʻldi” [3; 140].
Rossiyadagi 1905-yil voqealaridan keyin Rossiya davlat dumasiga Turkistondan vakil saylash maqsadida ulamo va siyosiy arboblarimiz oʻtkazgan ikki-uch yigʻilish esa “yolgʻuz palov va ziyofatxoʻrlik birla nafsoniyatdan iborat bir majlis boʻlganligini” [4; 141], chunki unda har kim oʻz shaxsiy manfaati nuqtai nazaridan mulohaza yuritib, soʻzlaganini qayd etadi. Adib mahalliy boshqaruv maʼmuriyati vakillarining millat va Vatan manfaatlarini anglash masalasida hamon yakdil emasliklaridan kuyunib “…oʻz hukumatdorlarimizning koʻzlarini gʻaflat chunon qoplamishki, hanuz oʻz nafslarining foydasini axtarmoqqa mashgʻuldirlar va ul foydadin millat va shariatgʻa xoh foyda oʻlsun, xoh zarar oʻlsun har bir harakatlaridin manfaati shaxsiyalari maqsuddir. Va har fikrlarida rioyai nafslari mavjuddir” [5; 141], - deb yozadi.
Munavvar qori oʻlka xalqlarining milliy qadriyatlari mustamlakachilar tomonidan oyoq osti qilinganligini inkor etib boʻlmaydigan dalillar orqali ochib beradi. Turkiston bir vaqtlar boy madaniyatga ega zamin boʻlganligini, Samarqand, Buxoro, Qoʻqon, Toshkentdagi va ayrim qishloqlarda ham ulkan madrasalar aynan vaqflar tufayli ham dunyoviy, ham diniy fanlarni oʻrgatishda shuhrat topganligini taʼkidlab, bu shuhratning qay tariqa soʻnib qolganligini izohlaydiki, bu izohlar oʻquvchini chuqur oʻyga toldiradi.
Uningcha “keyingi paytlarda Turkistonda sodir boʻlgan urushlar oqibatida, xonlarning hukmronlikka intilishlari, turli bosqinchilarning hujumlari tufayli madaniyat-maʼrifat rivoji toʻxtab qoldi, baʼzi olim, ulamolar tabiiy ravishda vafot etdilar, boshqalari turli mamlakatlarga koʻchib ketdilar, qadimiy madaniyatni eslatuvchi madrasa va vaqflar hozirgacha saqlab qolindi. Har qanday madaniyatli xalqning hukumati madrasayu vaqflarni omillik bilan boshqarish orqali davlat gʻaznasiga zarar keltirmay, ushbu madrasa va maorif darajasini koʻtarishi hamda oʻquv ishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishi mumkin edi. Ammo, Turkiston, turkiy xalqlarining baxtsizligiga koʻra, eski rus hukumatlari tomonidan zabt etildi va xalqning madaniy-maʼrifiy masalalari oʻzga qolipga solindi. Eski rus hukumati mahalliy xalqlarni ruslashtirish maqsadini taʼqib etgani bois madaniyat-maʼrifat izlari Turkiston tuprogʻidan tamom yoʻqoldi” [6; 162].
Chor hukumatining Turkiston xalqlarini ruslashtirishga qaratilgan shovinistik milliy siyosatining amalga oshirilish mexanizmini ochib berib, Pobedonossev, Ilminskiy va Ostroumov singari missionerlarning nazorati ostida va ularning tashabbusi bilan eng yirik vaqflar mustamlakachilar foydasiga tortib olinganligini, madrasa va maktablarda faqat sof diniy xarakterdagi fanlar qoldirilib, geografiya, matematika, fizika kabi dunyoviy fanlar butunlay man etilganligini, bu fanlarni maxfiy ravishda oʻrgatuvchi oʻqituvchilar inqilobchi, panislomchi sifatida ogʻir jazolarga tortilganini, umumtaʼlim fanlarini oʻrganishni istovchilar esa rus tilini bilish-bilmasligidan qatʼi nazar, bu fanlarni rus tilida oʻrganishlari shart qilib qoʻyilganligini qayd etadi.
Shu bois Munavvar qori matbuotdagi chiqishlarida chorizm mustamlakachilik siyosatining mohiyatini xalq ongiga yetkazishga dadil harakat qildi. Masalan, “Najot” gazetasining 1917 yil 26-martdagi sonida Turkiston xalqlarining 1916-yilgi mardikorlikka qarshi qoʻzgʻoloni chor maʼmurlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirilganiga ishora qilib, “uydagi xotun- qiz, beshikdagi bolalar, hech narsa qoʻlidan kelmaydurgʻon chol va kampirlar, tilsiz hayvonlar, jonsiz imoratlar va mollar hech biri istisnosiz suratda otildi, kesildi, yoqildi, yondurildi… Alhosil, Turkiston musulmonlari zulm panjasining ostida shul qadar ezildilar va hurriyat, huquq yoʻlida shul qadar koʻp qurbon berdilarki, bir-ikki oy ichida boshqa millatlarning 145-yil ichida (Munavvar qori 1772 yilgi Yemelyan Pugachev qoʻzgʻolonidan 1917 yilgi Fevral inqilobigacha boʻlgan Rossiya tarixini nazarda tutgan. – taʼkid bizniki. – M.T., D.R.) bergan qurbonlariga quvlab yetishdilar” [7; 157], deb yozdi.
Munavvar qori XX asr boshidagi ijtimoiy-siyosiy tafakkurning, milliy-ozodlik harakatining eng eʼtiborli namoyandalaridan boʻlganligi uchun ham 1921 yilda uning nomzodi “Turkiston milliy birligi” nomli yashirin harakatning raisligiga qoʻyilgan. Biroq, u hech qachon isyonga, qoʻzgʻolonga daʼvat qilgan emas. Toʻgʻri, u “Haq olinur, berilmas” [8; 238], deb yozgan. degan shiorga amal qilgan. Lekin bu haqni ilm-maʼrifatni, fan- texnikani egallash, maʼrifiy-madaniy vositalarni ishga solish orqaligina qoʻlga kiritishni aqlga muvofiq deb topdi.
Shu maqsadda 1908-yildan 1923-yilga qadar uning gʻayrat va tashabbusi bilan yuzdan ortiq turkistonlik chetda oʻqib keldi. (Buxoroda bu tashabbusni 1920-1923 yillarda Fitrat va F. Xoʻjayev qoʻllab chiqdilar) Maʼlumotlarga qaraganda, birgina 1922-yilda Germaniyada oʻqiyotganlarning soni 60 ga yetgan. Shulardan beshtasi – Abduvahob Murodiy, Sattor Jabbor, Saidali Xoʻjayev, Ahmad Shukuriy, Vali Qayumxon toshkentliklar edi.
Munavvar qori teatrchilik ishini yoʻlga qoʻyib, “Teatr havaskorlari truppasi”ni tashkil etdi va Kolizeyda “Padarkush” dramasini birinchi marta sahnaga qoʻydi. Eng eʼtiborlisi shuki, Munavvar qori oʻzbek millati tarixida, birinchi navbatda, jamoat va siyosiy arbob sifatida qoldi. XIX asrning 90-yillari oxiridan umrining soʻngigacha millat va vatan ravnaqi, ozodligi yoʻlida kurash olib bordi.
Munavvar qori tashabbusi bilan 1925-yilda “Milliy ittihod” “Milliy istiqlol” degan nom bilan qayta tashkil etilgan. Bunga Markaziy Osiyoda milliy-davlat chegaralanishi oʻtkazilib, Turkistonning parchalanishi, Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining tashkil etilishi, shuningdek, bevosita Turkiston birligi uchun kurashning oʻta qiyin boʻlib qolganligi sabab boʻlgan. Munavvar qori boshliq “Milliy istiqlol” aʼzolari endi mustaqil Oʻzbekiston davlati uchun kurash gʻoyasi ostida ish yuritganlar.
“Milliy ittihod” tashkiloti Markaziy Qoʻmitasining qarorlaridan birida aytilishicha, ular “bosmachilik” harakatidan toʻgʻri yoʻnalishda va aniq siyosiy maqsadni koʻzlab foydalanishni moʻljallaganlar. Buning uchun, eng avvalo, sovet Rossiyasi hukumati va uning vakillariga turli yoʻllar bilan “bizning xalqimiz sovetlashtirishni qabul qilolmayapti, xalq buni xohlamayapti, shuning uchun qoʻliga qurol olib, uyushib kurashga koʻtarilyapti, koʻp qon toʻkilishi mumkin” degan fikrni singdirib borishgan. Ushbu qarorda yozilishicha, “Bir vaqtning oʻzida tarqoq bosmachi guruhlarini birlashtirish va siyosiylashtirish yoʻlida ish olib borish kerak. Chunki yaxshi qurollangan va kurashlarda tajriba orttirgan bu kuchlar orasida ajoyib komandirlar va botir jangchilar pishib yetilgan boʻlib, ulardan kelajakda milliy armiyani juda tez shakllantirish mumkin. Vaqti kelib, sovet Rossiyasidan ajralish masalasi koʻtarilganda real kuchga ega boʻlinadi” [9; 22-23].
Markaziy Osiyoda sovet tuzumi istibdodi oʻrnatilgach jadidlar tutgan siyosiy pozitsiya xususida toʻxtalar ekan Munavvar qori Abdurashidxonov oʻzining bolsheviklar qamoqxonasida yozgan “Xotiralarimdan” asarida shunday deydi: “Bizlarning sinfiy dunyoqarashimiz negizida sinflarni inkor etish yotadi. Bizlar sinflarni bilmas edik, agar yirik burjuaziya deb hisoblanayotgan katta yer egalari va savdogarlarning juda ozgina guruhi hisobga olinmasa, bizlarning koʻz oʻngimizda hamma teng edi. Burjuaziya toʻgʻrisida gapirganda bizlar yirik savdogar va katta yer egalarinigina nazarda tutar edik. Bizlar shoʻro hukumatining mana shularga emas, balki mayda va oʻrta hol burjuaziyaga nisbatan olib borgan tadbirlariga qarshi boʻldik. Binobarin, bizlar asosan mayda burjuaziya manfaatlarini himoya qildik: mana shundan bizlarning oʻktabr inqilobidan keyin mamlakat siyosiy hayotida tutgan rolimiz, shoʻro hukumati, yoʻqsil diktaturasiga qarshi olib borgan kurashimiz tushunarli boʻlsa kerak. Bizlarning mustaqillik haqidagi shiorimiz avval burjua demokratik Turkistonni, undan soʻng esa, qayta chegaralanishdan keyin Oʻzbekistonni tashkil etish, hokimiyatni mayda va oʻrta burjuaziya qoʻliga berish toʻgʻrisidagi harakatimiz ana shundan kelib chiqadi” [10; 202].
Xulosa qilib aytganda, haqiqiy maʼnodagi mustaqillikni
orzu qilgan Munavvar qori Abdurashidxonovning Vatan va xalq baxt-saodatini koʻzlagan orzu-istaklari bugungi mustaqillik sharofati bilan roʻyobga chiqdi. Uning siyosiy-huquqiy qarashlari va hayot yoʻli esa XX asr birinchi choragidagi Turkiston xalqlari ijtimoiy-siyosiy tafakkuri, madaniyati, maʼrifatining mumtoz va betakror namunasi boʻlib qoldi.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. “Қоралаш яхши эмас” (Танланган асарлар), – Т., 2003. – Б. 181.
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. “Бизнинг жаҳолат – жаҳли мураккаб” (Танланган асарлар). -Т., 2003. – Б. 145-146.
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. Нутқ ва мақолалар (Танланган асарлар), -Т., 2003. – Б. 140.
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. Ўша асар. -Т.,
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. Ўша асар. -Т.,
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. “Туркистон вақфлари ҳақида” (Танланган асарлар). – Т., 2003.
- Мунаввар қори Абдурашидхонов. “Мақбул қурбонлар” (Танланган асарлар). – Т., 2003.
- Профессор Бегали Қосимов “бу фикр асли Жан Жак Руссога тегишли бўлиб, унинг “Ижтимоий шартнома” асаридан олинган, XIX аср ўрталарида Францияда ўқиб келган туркиялик ёшлар орқали у турк матбуотига, ундан Туркистонга келган” дея ёзган эди. Бу тўғрида қаранг: Қосимов Б. Миллий уйғониш: жасорат, маърифат, фидойилик. -Т.,
- Ражабов Қ. Бухорога қизил армия босқини ва унга қарши кураш: тарих ҳақиқати (1920-1924 йиллар). – Т., 2002.
- Жадидчилик: ислоҳот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. Даврий тўплам, № 1, – Т., 1999.