Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

MUSTAFO CHOʻQAYEVNING TURKISTON MUXTORIYATI HAQIDAGI QARASHLARI

MUSTAFO CHOʻQAYEVNING TURKISTON MUXTORIYATI HAQIDAGI QARASHLARI

Feruz BOBOYEV, tarix fanlari doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Annotatsiya. Mazkur maqolada Mustafo Choʻqayning Turkiston Muxtoriyati haqidagi qarashlari va tarixiy jarayonlarga munosabati aks ettirilgan. Shuningdek, Zaki Validiy Toʻgʻonning Turkiston Muxtoriyati haqidagi fikrlariga Mustafo Choʻqayning ayrim raddiyalari yoritilgan.

Kalit soʻzlar: Turkiston Muxtoriyati, Mustafo Choʻqay, Validiy Toʻgʻon, sovet hokimiyati, qizil armiya, muhojir, kommunistik partiya.

Abstract. This thesis reflects the views of Mustafa Chokay on Turkestan Mukhtarayat and his attitude to historical processes. Some objections of Mustafa Chokay against the views of Zaki Validi Togon on the Turkestan autonomy are also highlighted.

Key words: Turkestan autonomy, Mustafa Chokay, Validi Togon, Soviet power, red army, emigrant, communist party.

 

Turkiston Muxtoriyati garchi 72 kun faoliyat koʻrsatgan boʻlsa-da, tarixda oʻziga xos iz qoldirgan hukumatlardan biri sanaladi. Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi, faoliyati va uning tarixi bilan bogʻliq bahs-munozaralar oʻz davrida, hattoki, hukumat aʼzolari va ishtirokchilari hamda keyingi davrlarda turli siyosatchilar, tarixchilar, adabiyotshunoslar va jamiyatshunoslar tomonidan olib borilgan va borilmoqda. Ilmda bahs-munozaralarning koʻp boʻlishi koʻrilgan masalani ochilmagan qirralarini namoyon boʻlishiga katta yordam beradi. Jumladan, Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida ishtirok etgan va ushbu jarayonlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shaxslardan Mustafo Choʻqay va Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻonlarning oʻzaro munosabatlari, ularning ayrim masalalarda fikr-mulohazalari hamda ular orasida bahslar keskin kechganligi koʻpchilik uchun toʻla ayon emas. Aslida shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarni tahlil qilish ham shu davrdagi jarayonlarga chuqurroq qarashga va voqealarga yanada aniqlik kiritishga imkon beradi.

Mustafo Choʻqay (1890-1942) – taniqli davlat va jamoat arbobi hamda Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun izchil kurashgan shaxslardan biri. Mustafo Choʻqay boshlangʻich maʼlumotni Oqmachitda olgach, Toshkentdagi erkaklar gimnaziyasida oʻqidi, Sankt-Peterburg universitetining yuridik fakultetini tugatgan. U Rossiya Davlat dumasining musulmonlar fraksiyasida kotib va tarjimon boʻlib ishlagan. Turkiston Muxtoriyatida Mustafo Choʻqay Tashqi ishlar vaziri lavozimiga saylandi va keyinchalik Bosh vazir boʻldi. 1921 yil fevraldan boshlab Mustafo Choʻqayning faoliyati muhojirlikda kechdi [1; -B. 23-29]. Mustafo Choʻqay rus, oʻzbek, qozoq, turk, fransuz, ingliz, nemis, polyak tillarida Turkistonning XX asr tarixiga oid koʻplab maqolalar va kitoblar yozdi.

Zaki Validiy Toʻgʻon (1890-1970) – olim va sharqshunos va siyosatchi. Oʻzbekiston hududida ilmiy izlanishlar olib borgan xorijlik tadqiqotchilar orasida qardosh turkiy xalqlar vakili, boshqird olimi Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻon alohida oʻrin tutadi. U Ufa va Qozondagi “Usmoniya”, “Shahobiddin Marjoniy”, “Qosimiya” madrasalarida tahsil olgan. Zaki Validiy arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan, Sharq tarixi va adabiyotiga qiziqqan, rus sharqshunos olimlarining asarlari bilan yaxshi tanish boʻlgan. Zaki Validiy oʻz davrining faol siyosatchisi va Boshqirdiston hukumatining raisi ham edi. Turkiy xalqlar, xususan, Boshqirdiston taraqqiyoti va mustaqilligi uchun olib borgan faol harakatlari bolsheviklar hukumati tomonidan keskin qarshiliklarga uchradi. Zaki Validiy oʻn bir yil davom etgan siyosiy faoliyatidan soʻng, 1925 yilda mamlakatni tark etdi va Istanbulga ketdi. Bu yerda u oʻz faoliyatini butunlay ilm- fan va taʼlimga bagʻishladi. 1930 yilda Vena universitetiga oʻqishga kirdi, doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Islom ilmlari boʻyicha falsafa fanlari doktori darajasini olib, Bonn universitetining islom ilmlari faxriy professori darajasiga erishdi [2; -B. 776-778].

Mustafo Choʻqay xorijda faoliyat koʻrsatgan davrda Turkiston mintaqasidagi jarayonlarga doimiy ravishda oʻzining munosabatini bildirgan. Oʻzining fikrlarini turli matbuot materiallari orqali ifodalab kelgan. M. Choʻqay munosabat bildirgan masalalardan biri bu – Turkiston Muxtoriyati edi. U 1931 yil 11 dekabrda va 1932 yilning yanvar – fevral oylarida “Qoʻqon (Turkiston – F.B.) muxtoriyatining 14 yilligi munosabati bilan” bitta “ilmiy yolgʻon”ga qarshi maqolasini eʼlon qilgan. Unda M. Choʻqay Turkiston Muxtoriyati haqida aytilgan fikrlarga raddiyalar bergan.

Mustafo Choʻqayning tarixni soxtalashtirilishi, xususan, Turkiston Muxtoriyatining tarixi buzib talqin qilinishi haqida quyidagi xulosalarni beradi:

Birinchidan, Mustafo Choʻqayning fikricha, tarixni ikki yoʻl bilan yozish mumkin: tarixchi haqiqatan sodir boʻlgan faktlar toʻgʻrisidagi materiallarni katta eʼtibor bilan toʻplaydi va turli davrlarda sodir boʻlgan dalillar oʻrtasida sabablarni va bogʻlanishlarni oʻrganadi. Olayotgan bilim va maʼlumotlar manbalariga katta eʼtibor bilan qaraydi, toʻplangan maʼlumotlarni oʻzining ilmiy tayyorgarligiga qarab vijdon tarozida tortadi va shu tariqa bu maʼlumotlarni xolisona tahlil qiladi va baholaydi. Ilmiy tarixni toʻliq maʼnoda bilgan kishi uni shu usul bilan yozishi kerakligini taʼkidlaydi.

Mustafo Choʻqay ikkinchi yoʻl sifatida esa: tarixchiga faktlar oldindan maʼlum va kerak boʻlganda ularni oʻzi yaratishini aytib oʻtadi. Bunda Mustafo Choʻqay nimani nazarda tutadi? U bundan ishonchsizligi hammaga maʼlum boʻlgan manbalardan foydalanishni, bu yerda xolis ilmiy tahlil yoʻqligini, Kommunistik partiyaning yolgʻonlari hukmron ekanligiga urgʻu beradi. Shuningdek, u sovet hokimiyati homiyligidagi xalqlarning milliy harakatlarini tavsiflovchi sovet tarixchilarning tarixga munosabatini ikkinchi yoʻldan borganligini keltirib oʻtadi.

Ikkinchidan, bolsheviklar umuman fanga, xususan, tarixga obyektiv qarashni rad etishlarini, fan sinfiy kurash quroli ekanligini taʼkidlaydi. Shuningdek, tarix fan sifatida oʻtmish haqidagi fandan koʻra kelajak avlod uchun yaxshi saboq boʻla olishini bolsheviklar yaxshi biladilar, deb xulosa beradi. Shu bilan bir qatorda, 1916-yil qoʻzgʻoloni bolsheviklar tomonidan butunlay boshqacha soxtalashtirilgan talqinda tasvirlanganligini va bu haqda “Yosh Turkiston”ning sonlaridan birida unga munosabat yozganligini keltirib oʻtadi.

Uchinchidan, Turkiston Muxtoriyatining tarixini buzib talqin qilinishi xususida ham mulohazalarini bildirgan. Sovet tarixchilaridan biri P. Alekseenkov oʻzining yolgʻonlari bilan yuqorida aytilganidek, ikkinchi guruhga qoʻshilishini taʼkidlaydi. P. Alekseenkov Turkiston Muxtoriyati haqida risola yozgan [3; 72]. M. Choʻqay esa unga munosabat bildirib javob yozgan va “Yosh Turkiston” jurnalida eʼlon qilgan. M. Choʻqayning fikricha, P.Alekseenkovning maqsadi Kommunistik partiya dasturi talablariga koʻra Turkistonda rus proletariat diktaturasini himoya qilish, shu bilan birga Turkiston Muxtoriyatiga milliy va rus kapitalistlari bilan birgalikda milliy Turkiston burjuaziyasi boshchilik qilganligini isbotlashga harakat qilishdir.

Toʻrtinchidan, M. Choʻqay Zaki Validiy Toʻgʻonning ham muxtoriyat haqidagi ayrim qarashlariga qoʻshilmagan. Hattoki, keskin inkor etgan. Zaki Validiy kitobi qoʻlyozmasining 340-sahifasida “Qoʻqon hukumatining yagona ishonchli shaxsi bosmachilarning raisi Ergash edi. General Chanishev boshchiligida muntazam militsiyani shakllantirish boshlanganiga qaramay, allaqachon kech edi. Hukumat butunlay kapitalistlar taʼsirida edi. Moliya vazirligini boshqarish rasmiy vazir, advokat Islom Shaahmedov emas, balki uning oʻrinbosari, yahudiy Genrix Zigelning qoʻlida edi. Hukumat xayr-ehsonlar bilan yashashga majbur boʻldi. Mahalliy savdogarlar xayr-ehson qilgan taqdirda, Sayid Nosir Mirjalolovdan boshqa hech kim javob bermadi. Hukumatning aniq gʻoya va dasturi yoʻq edi ...” shu kabi fikrlar keltirilgan. Bu fikrlarga esa M.Choʻqay oʻzining munosabatini bildirib, Zaki Validiy kitobining ilmiy tabiati bahsli ekanligini taʼkidlaydi. Bu asar mamlakatimizda sodir boʻlgan oʻsha lahzalardan bexabar boʻlgan turk kitobxonlari uchun yozilgan, deb baho beradi. Shuningdek, Genrix Zigelning yahudiy emas, u haqiqiy avstriyalik nemis boʻlganligini, u Turkiston hukumati Moliya nozirining doʻsti boʻlmaganligini, shuningdek, uni hukumatda hech qanday hokimiyatdan foydalanmaganligini keltirib oʻtadi. Bularning hammasini Zaki Validiyning fantaziyasi boʻlishi mumkin, deb xulosa qiladi. M.Choʻqayning fikricha, buning sababi Turkiston Muxtoriyati hukumati igʻvogar maqsadlarni koʻzlaganligini va kapitalistlar koʻrsatmasi bilan tuzilganligini hamda ularning taʼsirida boshqarilganligini asoslashga urinish boʻlgan va bu yoʻlda turli yolgʻon oʻylab topilgan, yuzlab asarlar nashr qilingan [4].

Beshinchidan, Turkiston Muxtoriyati agʻdarilgandan soʻng mintaqada boshlangan milliy ozodlik harakati masalasi. Bu borada ham M.Choʻqay bilan Zaki Validiy oʻrtasidagi fikrlar qarama-qarshiligi mavjud. M. Choʻqayning fikricha, mintaqada “bosmachi” deganda ikki xil tushuncha mavjudligini, birinchisi, talonchi va oʻgʻrilik bilan shugʻullangan guruhlar, ikkinchisi esa, milliy ozodlik uchun kurashgan haqiqiy erksevarlar boʻlganligini ilgari suradi. Biroq Validiy ularga aniq taʼrif bermasdan bolsheviklar manbalariga tayangan va “bosmachilar” umumiy nomda salbiy xarakter kasb etgan degan mulohazalarni qilgan.

Xullas, davlatchilik tarixida oʻziga xos oʻrin egallagan Turkiston Muxtoriyati tarixi bilan bogʻliq qarashlar oʻz davrida va keyingi yillarda ham bahs-munozaralarga sabab boʻlganligini kuzatish mumkin. Turkiston Muxtoriyati haqida qarashlarini eʼlon qilgan ham Mustafo Choʻqay ham Ahmad Zaki Validiy Toʻgʻon ham oʻzini haq deb hisoblaydi. Biroq tarixiy jarayonlarga baho berishda faqatgina Mustafo Choʻqay yoki Zaki Validiyning fikrlarini asos sifatida olish toʻgʻri boʻlmaydi. Ularni boshqa manbalar bilan qiyoslash va solishtirish lozim. Biroq ikki shaxs oʻrtasidagi munosabatlar va ular bahs yuritgan masalalarni tahlil qilish davrning oʻziga xos jihatlarini yanada chuqur oʻrganish imkonini beradi.

 

MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Ражабов Қ. Туркистон Мухторияти вазирлари ҳамда миллий мажлис аъзолари ҳаёти ва тақдири. – Тошкент: “Bodomzor Invest”,
  2. Xujayev Zaki Validiyning Turkiston ilmiy safari (1913-1914)ga oid tadqiqotlari // “Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences”. 2021. № 1.
  3. Алексеенков П. Кокандская автономия. Ташкент: Узгиз,
  4. РГВА. Ф. 461-к. Оп. 1. Д. 420. Л. 7–19.