Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

Nuriddin Muftizoda (Muftizodalar qismati. 2-qism)

Nuriddin Muftizoda (Muftizodalar qismati. 2-qism)

Salohiddin Muftizodaning ukasi Nuriddin Muftizoda ham sho‘ro mustabid tuzumining beayb qurbonlaridan biridir. 1904 yil tug‘ilgan Nuriddin 1916 yilgacha Munavvar qorining maktabida talim olgan va uning eng sevimli o‘quvchilaridan biri edi.

1918-1919 yillarda taraqqiyparvar ziyoli Said Ahroriyning “Vatan” maktabida tahsil olgan. Shundan so‘ng komsomol tashkilotiga kirib, Toshkent shahar Shayxontohur daha komsomolida kotib va bir vaqtda Eski shahar mahalla kommissiyasi markaziy byurosida kotiblik vazifalarida ishlagan. U 1925 yilda MK komsomol tashabbusi bilan Bokuga o‘qishga borgan. N.Muftizoda 1926-1932 yillar Toshkentda A.Ikromov nomidagi bosmaxonada musahhih vazifasida ishladi. 1932 yil O‘zbekiston komsomoli tomonidan O‘zbekiston ishchi-yoshlar teatrini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori eʼlon qilindi. N.Muftizoda bu ishga masʼul etib belgilandi va shu teatrda direktor, badiiy rahbar lavozimlarida 1937 yilgacha faoliyat olib bordi.

1937 yil sovet tarixshunosligida “Katta terror” deb nomlangan dahshatli kampaniya avj oldirilgan bir paytda sobiq muftining farzandi, Salohiddin Muftizodaning ukasi Nuriddin Muftizodani ham yo‘q qilish payiga tushadilar. Shu maqsadda uning atrofidagi insonlar so‘roqqa chaqirila boshladi. Ko‘lga kiritilgan tuhmatlar asosida 1937 yil avgustda N.Muftizodani qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqarildi va unga O‘zSSR JKning 66 moddasining I qismi bilan ayb qo‘yildi. 1937 yil 9 avgustda order berilib, Nuriddinga tegishli Toshkent shahri, Oktyabr tumani, “O‘tkir” mahallasi 22-uyda tintuv o‘tkaziladi. Biroq yosh, iqtidorli rejissyor, badiiy rahbar, teatr direktori Nuriddin Muftizodani ham osongina aybdor qilib bo‘lmadi, u o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni rad etadi. 1937 yil 25 avgust kuni o‘tkazilgan ilk so‘roqda N.Muftizoda barcha yaqinlari va do‘stlarini sanab beradi.

1937 yil 5 oktyabr kuni so‘roqda tergovchi N.Muftizodadan ilgari odam o‘ldirish bo‘yicha ayblanganligini so‘raydi. U aslida tergovchi nazarda tutayotgan ishda ayblanuvchi yoki gumondor emas guvoh sifatida ishtirok etganini aytib, hech qachon sudlanmaganini maʼlum qildi. O‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni inkor etish uchun guvohlar bilan yuzlashtirishlarini talab qildi. Biroq hech qanday yuzlashtirish amalga oshirilmadi.

O‘zSSR NKVD 3-bo‘lim kichik leytenanti Abdullayev tomonidan tayyorlangan Ayblov bayonnomasida Nuriddin Muftizodaning biror bir gapi kiritilmadi. Aksincha, unda Nuriddinning ikki marotaba odam o‘ldirishda ayblanib qamoqqa olingani (!), 1916-1918 yillarda Munavvar qori maktabida o‘qigani, 1917-1918 yillarda akasi S.Muftizoda, Munavvar qori va Salimxon Tillaxonovlarning sovet tuzumiga qarshi guruhida bo‘lgani kabi boshqa yana bir qator kurakda turmaydigan uydirmalar joy oldi. Yuqoridagi ayblar bilan N.Muftizodaga O‘zSSR JKning 66 moddasi I qismi qo‘llanadi, 1937 yil 21 noyabr kuni bo‘lgan “Uchlik” sudi qarori bilan o‘n yilga MTLga surgun qilindi 1938 yil 8 yanvar kuni Uglichga keltirilgan N.Muftizoda Volgastroy MTLda og‘ir sharoitda ishlashga majbur etildi.

Nuriddin Muftizoda 1938 yil 31 oktyabr kuni SSSR prokurori Vishinskiyga yozgan shikoyatida: “Men 1937 yil 14 avgust quni O‘zSSR JKning 66 modda I qismi bilan ayblanib, O‘zSSR NKVD tomonidan qamoqqa olindim. Menga quyidagi ayblar qo‘yshdi: 1) men 1936 yil iyunda Stalinning oyna ortidagi byustiga qarab, uni qo‘lim bilan ko‘rsatib, “Qachon bundan qutilamiz? ” degan ekanman. 2) 1937 yil aprelida bir yig‘ilishda SIK qonun chiqaruvchi organ, uning ishiga SK aralashmasin deb, SIKning oldida SKning obro‘sini tushirib qo‘yibman. 3) Go‘yoki, uyimda hujjatsiz qurol saqlaganman. 4) 1933 yil bir artistkani o‘ldirib qo‘ygan emishman. Qamoqqa olinishim zahoti tergovchi boshdan oyoq haqoratlar bilan menga qandaydir qog‘ozlarni majburan imzolata boshladi. Ularda nimalar yozilganini bilmayman ham. Vaholanki, 1935 yil 15 dekabridan Janubiy Qozoq viloyatida yashagan edim. Ko‘rsatilgan vaqtda Chimkent va uning turli tumanlarida konsertlar berib Toshkentga kela olmadim. Ikkinchidan, Shayxontohurdagi aytilgan ko‘chada unaqa ustaxonani ham, byustni ham ko‘rmaganman. Menimcha, unaqa joyning o‘zi bo‘lmasa kerak. Ikkinchi aybning o‘zi kulgili, deb hisoblayman va hech qanaqa oqibat keltirishiga ishonmayman. Qurol masalasida “Brauning”ni Samarqand opersektoridan olganman. Hamma hujjatlari bor. Artistkaning o‘limi holati bo‘yicha faqat guvoh sifatida ishtirok etganman, xolos. Tergovchidan menga qarshi guvohlik berganlar bilan yuzlashtirishini talab qilsam, u vaʼda berdi, ammo bajarmadi. 1937 yil 21 noyabrda esa sudda o‘n yil berib yubordilar. Otam vafot etganida men 11 yashar bola edim. Uning dindor bo‘lganida mening aybim nima? Men hech qachon sudlanmaganman. Odam o‘ldirish emas, umuman insonga qo‘l qo‘tarmaganman. Axir o‘zlari diniy oilada tarbiya topgan desa-yu, yana O‘zSSR JKning 66 modda I qismini qo‘llab ayb qo‘yishsa, bu nima degan gap ахир….

2-uchastka, Volgolag NKVD, Uglich gidrouzelining 125130-raqamli mahbusi.

1939 yil 27 aprelda bu xatga O‘z SSR NKVD Sadjaya tomonidan rad javobi berildi Shundan so‘ng, Uglichdan 1939 yil 2 sentyabrda O‘zSSR prokurori nomiga, 1939 yil 8 sentyabrda SSSR General komissari Beriyaga, 1940 yil 19 may kuni O‘zSSR NKVDsi Sadjayalar nomiga shikoyatlar yozdi. Ularda sovetcha tergovning eng tuban usullari, so‘roq jarayonidagi insonni taxqirlash, jismoniy qiynoq, tashna va och holda uzoq vaqt tik oyokda turish natijasida aqldan ozish darajasiga borgach qandaydir qog‘ozlarga ko‘l kqygandirman, ammo Vatanim oldida hech bir aybim yo‘q, deydi. Biroq 1940 yil 15 iyunda uning barcha arizalari rad etildi. Shundan so‘ng hech kimga shikoyat yozmadi, taqdirga tan berdi.

Jazoni o‘tab qaytgan Nuriddin Muftizoda Bo‘stonliq tumaniga akasi Salohiddin Muftizodaning oldiga keladi. Buni 1948 yil 20 dekabrda unga yuborilgan so‘rovnoma ham tasdiqlaydi. Biroq akasi qaytadan qamoqqa olingach, N.Muftizoda uning uyidan chiqib ketadi va “izsiz” yo‘qoladi. 1965 yil 22 alrelda Nuriddin Muftizoda Yuqori Chirchiq tumani, Yangibozor posyolkasi, Budyonniy ko‘chasi, 47-uydan O‘zSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Yo.Nasriddinova nomiga ariza yozib, nusxasini O‘zSSR Oliy Sudi raisiga yo‘llaydi. Shundan so‘ng uning ishi qayta ko‘rib chiqishga topshirildi. 1965 yil 8 iyulda O‘zSSR Oliy Sudining jinoiy ishlar bo‘yicha sud kollegiyasi Nuriddin Muftizodani aybsiz deb topadi va 1937 yil 21 noyabrdagi NKVD “uchlik” qarorini bekor qiladi.

Baxtiyor HASANOV,
tarix fanlari doktori

Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manbaa: https://shosh.uz/uz/nuriddin-muftizoda-muftizodalar-qismati-2-qism/