Neʼmatullo MUHAMEDOV, tarix fanlari doktori, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri.
Annotatsiya. Ushbu maqolada Toshkentda jadidchilik harakati faoliyati yoritilgan. Shuningdek, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev va Abdulla Avloniyning maʼrifatparvarlik faoliyati toʻgʻrisida soʻz yuritilgan.
Kalit soʻzlar: rus-tuzem maktabi, yangi usul maktabi, maʼrifatparvar, ziyoli, bosmaxona, maktab, maorif, teatr, gazeta, jurnal.
Abstract: This article describes the activities of the Jadidist movement in Tashkent. Also, the educational activities of Munavvar qori Abdurashidkhanov, Ubaydulla Khojaev and Abdulla Avloni, were discussed.
Key words: Russian-tuzem school, new school, enlightened, intellectual, printing house, school, education, theater, newspaper, magazine.
Toshkentdagi jadidchilik – XIX asr oxiri va XX asr boshida Turkiston mintaqasi va unga tutash hududlar hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy maʼrifiy harakatning tarkibiy qismiga aylangan. Bu harakat dastlab XIX asrning 80-yillarida Qrimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida vujudga kelgan. Turkistonda jadidchilik harakati vujudga kelishida samarqandlik Mahmudxoʻja Behbudiy faoliyati muhim ahamiyat kasb etgan. Toshkentda Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Asadullaxoʻjayev (Ubaydulla Xoʻjayev), Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov bu harakat tepasida turgan. Munavvar qori esa Toshkent jadidlarining otasi deb eʼtirof etilgan.
Jadidlar musulmon maktablarining taʼlim usuli va dasturlarini isloh qilib, yangi usul (jadid) maktablari ochishgan. 1900-yil Toshkentda Munavvar qori tashkil qilgan yangi usul maktabi ish boshlagan. Keyinchalik u namuna maktabiga aylantirilib, unda 5–6 sinf kabi yuqori sinflar boʻlgan. Toshkentlik maʼrifatparvar Saidrasul Saidazizov shaharda yangi usuldagi mahalliy maktablar ochgan, ularni rus-tuzem maktablaridagi taʼlim-tarbiya metodikasi asosida ishlangan dastur va darsliklar bilan taʼminlagan, oʻzi ham oʻqituvchilik qilgan. Uning “usuli savtiya” (“tovush usuli”) metodidagi “Ustozi avval” (1902) darsligi nashr etilgan. Munavvar qorining “Adibi avval”, “Adibi soniy” (1907), Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” (1910), “Ikkinchi muallim” (1912) kabi darsliklari chop etilgan.
Jadidchilik harakati davomida ularning oʻz matbuoti shakllandi. Jadidlar Toshkentda 1905-1906 yillarda “Taraqqiy” (muharriri – Ismoil Obidiy), “Xurshid” (muharriri – Munavvarqori Abdurashidxonov), 1907-1908-yillarda “Shuhrat” (muharriri – Abdulla Avloniy), “Osiyo” (muharriri – Ahmadjon Bektemirov), “Tujjor” (muharriri – Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli), 1913-yilda “Sadoyi Turkiston” (muharriri – Ubaydulla Xoʻjayev), 1917-1918 yillarda “Najot” (muharriri – Munavvarqori Abdurashidxonov), “Kengash” (muharrirlari – Ahmad Zakiy Validiy va Munavvarqori Abdurashidxonov), “Turon” (muharriri – Muhammad Amin Afandizoda, Abdulla Avloniy), “Ulugʻ Turkiston” (muharriri – Kabir Bakirov), “Shoʻroi Islom” (muharriri – Abdulla Battol), “Turk soʻzi” (muharriri – Temurbek Xudoyorxonov), “Turk eli” (tahrir hayʼati) kabi gazetalar va 1915 yil “Al-isloh” (muharriri – Abdurahmon Sodiq oʻgʻli) jurnalini nashr qilgan.
1917-yilda boshlangan jadidchilik harakatining yangi bosqichida Toshkentlik maʼrifatparvarlar ham muhim rol oʻynagan. “Turon” uyushmasi zaminida 1917 yil 14 martda “Shoʻroi Islomiya” jamiyati (tashkiloti) tuzilgan (asoschilari Munavvar qori, Abduvohid qori, Ubaydulla Xoʻjayev). Jamiyat dasturini Munavvar qori yozgan. Toshkentda “Shoʻroi Islomiya», “Turon”, “Shoʻroi Ulamo” kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsatgan. Biroq 1917-yil 17 – 20-sentyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston va Qozogʻiston musulmonlarining qurultoyida “Shoʻroi Islomiya” va “Shoʻroi Ulamo”, “Turon” va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yoʻli bilan “Ittifoqi muslimin” siyosiy partiyasini tuzishga kelishildi.
Markaziy Osiyo maʼrifatparvar va jadidchiligining otasi Mahmudxoʻja Behbudiy boʻlsa, Toshkent maʼrifatparvarlarining otasi Munavvar qori Abdurashidxonov boʻlgan. “Munavvar” – soʻzi nur olgan, nurli deganidir. Turkiyada bu soʻzni ziyoli oʻrnida qoʻllaydilar. “Qori” deb Qurʼonni tajvid bilan oʻqiydiganni aytganlar. U Toshkentning Shayxontohur dahasi Darxon mahallasida maʼrifatli bir xonadonda tugʻilgan va voyaga yetgan. Otasi Abdurashidxon mudarris, onasi Xosiyatxon otin boʻlgan.
Munavvar onasi qoʻlida savod chiqargan. Dastlab Toshkentda Yunusxon madrasasida, soʻng Buxoroda oʻqigan. XIX asrning 90-yillari oxirida jadidchilik harakatida faol ishtirok eta boshlagan. 1901-yilda Toshkentda birinchilardan boʻlib “usuli jadid” maktabi ochadi. Bu maktablar uchun “Adibi avval”, “Adibi soniy” kabi alifbo va xrestomatiyalar, “Tavjid al-Qurʼon” (“Qurʼon qiroati”), “Yer yuzi” (“Geografiya”) singari qoʻllanmalar tuzgan va nashr etgan.
Munavvar qori va uning maktabi yuksak nufuzga ega edi. “Oyina” jurnalining 1914 yil sonlaridan birida Mahmudxoʻja Behbudiyning Turkistonda oliy milliy taʼlim istiqboli haqida bergan mushtariylarning savoliga javobi bosilgan. Behbudiy unda Toshkentda Munavvar qorining maktabini mana shunday oliy tahsilga zamin boʻla olishi mumkinligini aytgan.
Munavvar qori garchi teatr asari yozmagan boʻlsa-da, Turkistondagi teatrchilik ishlarining yoʻlga qoʻyilishida Abdulla Avloniy yonida turgan. 1913-yilda tuzilgan “Turon” jamiyati nizomida teatrchilik ishlari alohida taʼkidlangani, uning zaminida “Teatr” havaskorlari truppasi” tashkil topgani bejiz emas. 1914 yilning 27 fevralida Toshkentdagi “Kolizey” (hozirgi Savdo birjasi binosi)da mana shu truppa tomonidan “Padarkush” dramasi birinchi marotaba sahnaga qoʻyilgan. Tomosha oldidan Munavvar qori teatr va uning ahamiyati haqida nutq soʻzlagan. Matbuotda bu kun “Tarixiy kun” deb eʼlon qilingan. Bu haqda Shoir Tavallo sheʼr yozgan:
Choʻh munavvar etti olamni Munavvar qorimiz, Koʻrdimiz ravshanligʻidin feʼlimiz, atvorimiz. Ibrat oling, yoshlar, deb toʻqdi koʻzdin yoshlar, Nutqida tahrir edub, bizlarni yoʻq-u borimiz. Chun koʻnguldan biz eshitduk, chin-achigʻ aytgan soʻzi, Shuncha bidʼatlarni bilduk, voy, biz iqrormiz.
Toshkentlik maʼrifatparvarlarning yana bir vakili Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev (1878-1937) – jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, davlat va siyosat arbobi, birinchi oʻzbek huquqshunosi va advokati. Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻja oʻgʻli (Ubaydulla Xoʻjayev) 1878-yili Toshkent shahrida tugʻilgan. U tugʻilgan oila Shayx Xovandi Tahur daha, Mergancha mahallalik Asadullaxoʻja Abdurahmonxoʻja bogʻbon va Toʻxtabibining toʻrt oʻgʻli va bir qizi boʻlgan.
Sirojiddin Ahmadning yozishicha, Asadullaxoʻja bogʻbon uchala oʻgʻlining eskicha xat-savodini chiqargach, rus-tuzem maktabiga topshiradi. Oʻgʻillarining hammasi ham maktabni “aʼlo”ga bitirib, yetuk tarjimon boʻlib yetishadilar. Ubaydulla Xoʻjayev rus-tuzem maktabida oʻqishni tugatgach, otasi bilan birga ishladi, keyin Toshkent shahar 1-uchastkasining Mirovoy sudyasi Oranskiyga kamtarona ish haqi evaziga ishga joylashgan. U keyinchalik Toshkent okrug sudiga erkin mirza sifatida joylashadi.
Ubaydulla Xoʻjayev Toshkent okrug sudida ishlab, koʻp tanish orttirdi. Maʼlumotlarga koʻra, unga mahalliy advokat eʼtibor berib, Rossiyaga ish yurituvchi sifatida olib ketgan. Boshqa maʼlumotlarga qaraganda, Ubaydulla Xoʻjayev Mirovoy sudya Oranskiy yordamida tajriba orttiradi va oʻsha sudya bilan Saratovga ketadi.
Xoʻjayev 1908–1912 – yillarda Rossiyaning Saratov shahridagi yuridik institutida tahsil oldi. Ubaydulla Xoʻjayev talabalik yillaridayoq oʻsha davr muammolari haqida oʻylay boshladi. U rus yozuvchisi Lev Tolstoy bilan yozishmalar olib borgan. Saratov shahrida oʻqigan kezlari Tolstoy ijodi bilan chuqurroq tanishdi. Asadullaxoʻjayev 1909 yilda Tolstoyning “yovuzlikka yovuzlik bilan javob bermaslik” haqidagi aqidasiga muxolif oʻlaroq rus adibiga oʻz fikr-mulohazalarini yozib yuboradi va Tolstoy javob xatini ham oladi.
Jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, davlat va siyosat arbobi, oʻzbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻja oʻgʻli (Ubaydulla Xoʻjayev) 1878-yili Toshkent shahrida tugʻilgan. Rus- tuzem maktabini tamomlagach, davlat muassasalarida tarjimonlik bilan shugʻullangan. Keyinchalik Saratov universitetining huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyat bilan tamomlagan. Ubaydulla Xoʻjayev dastlabki oʻzbek advokatlaridan biri edi. Oʻqishni tugatgach, u Toshkent okrug sudida advokat boʻlib xizmat qiladi. Oʻz atrofiga yoshlarni toʻplab, “Umid” yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot “Taraqqiyparvar” deb nomlanib, jadidlarning asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi.
Ubaydulla Xoʻjayev doimo xalqning dardi bilan yashadi. Shu bois 1916-yilning iyun oyidagi roʻy bergan voqealarda, yaʼni mardikorlikka olish toʻgʻrisidagi farmonga Turkistonning xalqparvar, ongli huquqshunosi sifatida qarshi chiqdi. 1916 yilda “Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi”ning raisi lavozimida ishladi. Qoʻmita chor amaldorlarining oʻzboshimchaliklarini fosh qildi. 1916-yil 25-iyun kuni qabul qilingan “Mardikorlikka joʻnatish haqidagi” oq podsho farmonini bekor qildirish uchun Ubaydulla Xoʻjayev mahalliy millatparvar Mirkomil Mirmoʻminboyev bilan birga Peterburgga boradi. U Rossiya imperiyasi davlat dumasining 1916-yilning dekabr oyidagi majlisida, imperator farmoni Rossiya imperiyasining qonunchiligida koʻrsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani isbotlab berdi.
Rossiya imperiyasi mahalliy aholi manfaati uchun ochiq ishlovchi birorta siyosiy partiyaga ruxsat bermasligiga koʻzi yetgan Ubaydulla Xoʻjayev, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqalar bilan birgalikda “Turon” musulmon drama sanʼati havaskorlari ittifoqi nizomini tuzadi. 73 moddadan iborat bu nizom drama sanʼati toʻgʻrisidagi talablardan tashqari aholiga madaniy-maʼnaviy xizmat koʻrsatish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish masalalarini ham oʻz ichiga qamrab olgan edi.
Ubaydulla Xoʻjayev truppaning ishida qizgʻin ishtirok etadi, hatto ayrim spektakllarni namoyish etish masalasida kecha tashkilotchisi va maʼmuri sifatida qatnashgan. “Turkestanskiye vedomosti” gazetasining bergan xabarga qaraganda, 1914-yil 27-fevral kuni Kolizey binosida namoyish etilgan Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” dramasini sahnalashtirish va ommaga koʻrsatish tashkilotchisi Ubaydulla Xoʻjayev boʻlgan.
1917-yil fevral inqilobidan keyin u Turkistondagi mustaqillik va taraqqiyot uchun milliy harakatning faol rahnamolaridan biriga aylanadi. Toshkent “Shoʻroyi islomiya” tashkilotiga rais, Butunrossiya musulmon shoʻrosiga esa aʼzo etib saylanadi. U 1917-yilda boʻlib oʻtgan barcha Turkiston va Butunrossiya musulmonlari syezdlarida ishtirok etadi. Qoʻqonda boʻlib oʻtgan favqulodda oʻlka musulmonlarining syezdi uni Turkiston Muxtoriyatining Harbiy noziri etib saylaydi. Turkiston Muxtoriyati tor-mor etilgach, Ubaydulla Xoʻjayev Orenburgga boradi va Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.
XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniydir. Adib 1878 yilning 12 iyulida Toshkentda Mergancha mahallasida dunyoga keldi. Bobosi Mirneʼmatboy asli qoʻqonlik oʻqchi-yoychilardan edi. Otasi Miravlon aka mayda hunarmandlik-toʻquvchilik bilan shugʻullangan. Piyonbozorda (hozirgi Navoiy teatri maydoni), Yarmarka bozorida (hozirgi Sanʼat muzeyi atrofi) boʻz va chit bilan savdo qilardi. “Onamning oti Fotimadir”, - deb yozadi adib oʻz taijimayi holida. Bolaligi Mirobod mahallasining egri-bugri koʻchalarida, koʻpchilik qismini ruslar tashkil qilgan temir yoʻl ishchilari bolalari orasida kechdi. Abdulla 7 yoshdan Oʻqchidagi eski maktabda Akromxon domlada savod chiqargan. 1890-yilda shu mahalladagi madrasaga oʻtdi. Soʻng Shayxontohurdagi Abdumalikboy madrasasida Mulla Umar Oxunda tahsil koʻrdi. Ammo tirikchilikning ogʻirlashuvi oʻqishga imkon bermagan.
Avloniyning XX asr boshida Turkiston madaniy hayotida yuz bergan eng muhim oʻzgarishlaridan biri maktab oʻquv ishlarida oʻzini koʻrsata olgan. Avloniy bu davrda jadidchilik harakatiga qoʻshilib, Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri boʻlib tanildi. Avloniy 1904-yilda Mirobodda, soʻng Degrezliqda (1903–1914) xuddi shunday yangi usulda, yangicha maktab ochib, dars berdi va darsliklar yozdi.
1909 yilda “Jamiyati xayriya” ochdi va mahalliy xalq bolalarining oʻqib bilim olishi uchun pul yigʻib, maktablarga tarqatdi. Bu haqda hatto, Orenburgdagi “Vaqt” gazetasida yozilgan. 1913 yilning oxirida toshkentlik mashhur jadidlar - taraqqiyparvarlarning tashabbusi bilan “Turon” jamiyati tuzilgan. Uning muassislari quyidagilar edi:
- Ubaydulla Asadullayevich Xoʻjayev (Mergancha).
- Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov (Observatorskaya 3).
- Munavvar qori Abdurashidxonov (Shayxontohur).
- Komilbek Norbekov (Sagʻbon).
- Mulla Abdulla Avlonov (Sapyornaya 26).
- Muhammadjon Podshoxoʻjayev (Zanjirlik).
- Kattaxoʻja Boboxoʻjayev (Qor yogʻdi).
- Bashirullaxon Asatillaxoʻjayev (Mergancha).
- Nizomiddin Asomiddinxoʻjayev (Orqa koʻcha).
- Karimbek
Jamiyatning 73 moddalik ushbu ruscha nizomida uning maqsad- vazifalari quyidagicha belgilangan:
- a) aholi oʻrtasida sahna ishlariga, ezgulikka muhabbat uygʻotish, jiddiy munosabat oʻstirish;
- b) xalq uchun spektakllar qoʻyib berish va ular orqali xalqqa sogʻlom hordiq bagʻishlash;
- d) maʼnaviy va moddiy ahvolini yaxshilashga muhtoj boʻlgan Turkiston oʻlkasi doirasidagi musulmon eʼtiqodiga mansub kishilarga yordam berish.
Ikkinchi bandda jamiyatning quyidagi huquqlari belgilangan: kechalar, konsertlar, spektakllar va shularga oʻrxshash ommaviy tomoshalar uyushtirish; oʻz nomiga klub, musiqa kurslari, kutubxona va qiroatxona ochish; oʻz nomiga boshlangʻich maktablar ochish va taʼminlash; hojatmandlarga, shu jumladan, oʻquvchilarga moddiy yordam berish, ularning oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida oʻqishni davom ettirishlari uchun stipendiyalar taʼsis etish, shuningdek, maorif muassasalarini, rasmiy, xususiy, ijtimoiy – qanday toifada boʻlishidan qatʼi nazar moddiy qoʻllab-quvvatlash.
Darhaqiqat, jamiyat toshkentlik taraqqiyparvarlarning barcha faollarini atrofiga toʻpladi. Uning zaminida teatr havaskorlari truppasi tashkil topdi. Uning nomida klub, kutubxona, qiroatxona, gazeta maydonga keldi. Teatrshunos M.Rahmonov yozishicha, Avloniy bosh boʻlgan teatr havaskorlari truppasi 1913-yilning oxirida 25 kishidan iborat boʻlgan. Jumladan, ularning orasida Ilin bosmaxonasi ishchisi Nizomiddin Xoʻjayev, maorifchilar: Gʻulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy, Samiʼqori, Fuzayl Jonboyev, Hasan qori, xizmatchi Badriddin Aʼlamov, “prikazchik” (ish yurituvchi)lar Muhammadjon Podshoxoʻjayev, Qudratilla Yunusiy, Abdurahmon Akbarov, Qudratulla Mahsum kabilar bor edi. 1916 yilda truppaga Mannon Uygʻur, Sulaymon Xoʻjayevlar aʼzo boʻlib kirishgan.
Abdulla Avloniy Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxoʻjayev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xoʻjayev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiyparvarlar bilan sheriklikda “Nashriyot” (1914), “Maktab” (1916) shirkatlarini tuzgan. “Taraqqiy”, “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908), “Turon” (1917) gazetalarini nashr qilgan.
1918 yilda Abdulla Avloniy Turkiston Shoʻrolar hukumatining birinchi gazetasi “Ishtirokiyun”ning tashkilotchilaridan va uning birinchi muharrirlaridan boʻlgan. U sovet davrida turli masʼuliyatli lavozimlarda xizmat qildi, qaysi vazifada ishlamasin ilm-maʼrifat tarqatish, taʼlim-tarbiya masalalari bilan shugʻullanib keldi, bilim yurtlarida, oliy maktablarda oʻqituvchilik qildi. 1930–1934 yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi ToshDU) kafedrani boshqardi. 1933 yili 7-sinf uchun oʻqish xrestomatiyasi tuzib nashr ettirdi. Unda 20-30-yillardagi oʻnlab oʻzbek adiblari hamda rus, Yevropa adabiyotining qator vakillari haqida biografik maʼlumotlar keltirilgan, ularning mashhur asarlaridan namunalar berilgan. Abdulla Avloniy umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishi, pedagogik faoliyati, davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, tarixnavisligi, ilmiy faoliyatdagi xizmatlari, oʻzbek adabiyoti va sanʼati oldidagi fidoyiligi yuksak hurmat va ehtiromga sazovordir.
Xulosa qilib aytganda, XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropa va Osiyo mamlakatlari ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida roʻy bergan oʻzgarishlar Turkistonga ham taʼsir qilib, bu yerda maʼrifatchilik rivoj topa boshladi. Bu jarayonda Toshkentning milliy-ilgʻor ziyolilarining oʻrni alohida boʻldi. Ular orasida Toshkentda birinchi boʻlib, yangi usuldagi maktabni, soʻng hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining asosi hisoblangan oliy oʻquv yurti – “Turkiston xalq dorilfununi”ni ochgan Munavvar qori Abdurashidxonov ham bor edi. U “Adibi avval” va “Adibi soniy” darsliklarini yozgan. Ayni mahalda oʻzbek tilidagi “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Kengash” gazeta va jurnallarining ham asoschilaridan biridir.
Maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy ham xalqni maʼrifatli qilish uchun koʻp saʼy-harakat qilgan. Uning maʼnaviy tarbiyaga bagʻishlangan “Turkiy guliston yoxud axloq” asari koʻpchilik uchun dasturiy kitob boʻlib qoldi. Ubaydulla Asadullaxoʻjayev Rossiyada taʼlim olgan birinchi oʻzbek huquqshunosi edi. U oʻz vaqtida taniqli yozuvchi Lev Tolstoy bilan madaniyat masalalarini muhokama qilib, xat yozishgan. Toshkentlik shoirlar Tavallo, Sidqiy Xondayliqiy, Xislat va xalqni maʼrifatga daʼvat etgan boshqa shoirlar Turkiston hayotida muhim rol oʻynaganlar.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Аҳмедов С. Мунаввар қори Абдурашидхонов танланган асарлари. - Тошкент: Маънавийат, 2003.
- Абдулла Авлоний. Туркий гулистон ёхуд ахлоқ. -Тошкент: Ўқитувчи, 1992.
- Аъзамхўжаев С. Туркистон мухторияти. –Тошкент: Маънавият, 2000.
- Мустафо Чўқай ўғли. Истиқлол жаллодлари. -Тошкент: Ғафур Ғулом, 1992.
- Содиқов Ҳ., Шамсутдинов Р., Равшанов П., Усмонов Қ. Туркистон Чор Россияси мустамлакачилиги остида. 2-жилдлик 1-китоб. -Тошкент: Шарқ, 2000.
- Қосимов Б. Абдулла Авлоний Танланган асарлар 2 жилдлик 1-жилд. –Тошкент: Маънавият, 2006.
- Қосимов Б. Абдулла Авлоний Танланган асарлар 2 жилдлик 2-жилд. –Тошкент: Маънавият, 2009.