Dilorom ALIMOVA, tarix fanlari doktori, professor, OʻzR FA Tarix instituti Bosh ilmiy xodimi.
Annotatsiya. Turkiston jadidlarining maʼrifatchilik bosqichidan siyosiy faoliyat bosqichga oʻtishi jarayonlari yoritilgan. Bu jarayonda jadidlarning boʻlajak jamiyat va davlat haqidagi tasavvurlari, shuningdek, Rossiya davlatchiligida Turkistonning oʻrni xususidagi qarashlari davr manbalari hamda esdaliklari asosida oʻrganilgan. Bundan tashqari Yosh buxoroliklarning davlatchilik borasidagi qarashlari tahlil qilingan. Umuman olganda, mazkur maqolada XX asr boshida Oʻrta Osiyo ijtimoiy-siyosiy hayotida jadidlarning oʻrni va faoliyati oʻrganilgan.
Kalit soʻzlar: Jadidlar, M. Behbudiy, F. Xoʻjayev, U. Xoʻjayev, “Shoʻroi Islomiya”, “Shoʻroyi ulamo”, “Turkiston Muxtoriyati”, “Yosh buxoroliklar”, I. Tobolin, “Turkiston musilmonlar ittifoqi”.
Abstract. In the article there were shed the light the processes of transition of Turkestan jadids from the Enlightenment to the stage of political activity. On the basis of the sources and memories of the period there were studied the jadids ʻ vision on the future society and state, as well as their views on the role of Turkestan in Russian statehood. In addition, the views of Young Bukharians on agriculture have been analyzed. In general, this article explores the role and activities of jadids in political and social life of Central Asia in 20th century.
Key words: Jadids, M. Behbudi, F. Khojaev, U. Khojaev, “Shoroi Islamiya”, “Shuroyi Ulama”, “autonomy of Turkestan”, “Young Bukharians”,
- Tobolin, “The Turkestan Muslim Union”.
Turkistonda XIX asr oxiri ‒ XX asr boshidagi islohotchilik harakati murakkab, koʻp qirrali rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Jadidlar boshqa davlatlarning taraqqiyotga erishish va islohotlar boʻyicha toʻplangan tajribalariga tayanib, bu amaliyotni oʻlkaga tatbiq etishga harakat qilishdi. Biroq bu jarayon osonlik bilan kechmadi, chunonchi ijtimoiy taraqqiyotga erishish borasidagi turlicha qarashlar oʻz navbatida bu zaminni ziddiyatlar manbaiga aylantirgan edi. Mustaqillik uchun kurashning bosh gʻoyasi ana shunday murakkab sharoitda shakllandi. Jadidlar boʻlajak jamiyat va davlatni qanday tasavvur qilishgan? Ularni qayta qurish dasturiga ega boʻlishganmi?
Jadidchilik oʻz tarixi davomida ikki bosqichdan oʻtgan: birinchisi ‒ maʼrifatchilik bosqichi, ikkinchisi ‒ siyosiy bosqich. Jadidlarning davlatchilik masalasiga doir qarashlari birinchi bosqichdayoq shakllana boshlagan, ikkinchi bosqichda esa tugal shaklga ega boʻlgan. Ular oʻtmishga nazar solib, jamiyatdagi barcha salbiy jihatlarni milliy davlatchilikning boy berilishi bilan bogʻlashgan. Mustamlakachilik tizimi Turkiston xalqlarini oʻzlari bilmaydigan yevropacha qonunlar asosida yashashga majbur qildi, oʻz haq-huquqlarini himoya qilish uchun esa savodli boʻlish zarur. Mahmudxoʻja Behbudiy savodxon mutaxassislar, xususan, huquqshunoslar Davlat Dumasi, sudlar va Turkistondagi rus maʼmuriyati orqali harakat qilib millatiga foyda keltirishi mumkin edi degan xulosaga keladi.
Jadidlarning xalqaro aloqalari juda keng qamrovli boʻlgan. Ular Rossiya, Turkiya, Misr va boshqa mamlakatlardagi jadidchilik harakatlarining dasturlari bilan yaxshi tanish boʻlganlar, sayohatlar va suhbatlar vositasida oʻzaro tajriba almashganlar. Rossiyada 1905‒1906-yillarda yuz bergan inqilobiy voqealar Turkistonga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan.
Mahalliy aholi siyosiy ongining oʻsishidan tashvishga tushgan imperiya maʼmuriyati Turkiston vakillarining Davlat Dumasiga kirishiga taʼqiq qoʻydi. Shunda jadidlar Butunrossiya musulmonlari ittifoqi tarkibiga kirish uchun birlashish va yagona musulmon partiyasini tuzish zarur degan xulosaga keldilar. “Hurriyat” gazetasida 1906-yil 11-oktyabrda eʼlon qilingan maqolada Mahmudxoʻja Behbudiy faqat shu yoʻl bilan, Rossiyadagi turkiy xalqlarning ilgʻor kuchlariga tayanib siyosiy huquqlarga erishish mumkinligi haqida yozdi [1]. Shu yerda sotsial-demokratik partiyaning dasturini musulmonlar turmush tarzi uchun yaroqsiz va xayoliy deb hisoblab ularga nisbatan salbiy munosabatini bildirdi.
Stolipin reaksiyasidan keyin jadidlar qonundan tashqari holatga oʻtdilar. Toshkent politsiya departamentiga yetkazilgan xabarga koʻra, asosan milliy ziyolilar va tahsil olayotgan yoshlardan tashkil topgan yashirin guruhlardan biriga oʻqituvchi Ahmadjonov boshchilik qilgan. Qoʻqonda 50 kishidan iborat shunga oʻxshash guruh tashkil etilgan. Jadidlarning Andijondagi jamiyati “Taraqqiyparvar” deb nomlangan va uning boshligʻi, yashirin politsiya yetkazgan xabarga koʻra, Ubaydulla Xoʻjayev boʻlgan. Bundan tashqari, 1909‒1916-yillarda podsho oxrankasi agent- lari mudarrislar va maktab muallimlari oʻlkani boshqarish uchun islohotlar oʻtkazish boʻyicha targʻibot ishlari olib borayotganlari haqida hukumatni bir necha bor ogohlantirishgan [2; 21].
Oʻrta Osiyo jadidchiligiga 1905‒1911-yillarda Turkiya va Eronda yuz bergan inqiloblar ham sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Bu mamlakatlar milliy ziyolilari oʻz oldilariga monarxiya hokimiyatini konstitutsiya bilan cheklash va milliy burjuaziyaning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, buning uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish maqsadini qoʻyganlar. Biroq ularning tajribasi Turkiston jadidlari tomonidan toʻgʻridan- toʻgʻri koʻchirib olinmadi. Demokratik islohotlarga erishish uchun mustamlakachilikka qarshi Sharq va Yevropadagi kurash tajribasining faqat oʻlka sharoitida qoʻllash mumkin boʻlgan jihatlarinigina maʼlum oʻzgarishlar bilan tadbiq qildilar.
Fevral demokratik inqilobi arafasida Turkiston jadidlari jiddiy siyosiy kuchga aylanib ulgurgandi. Agar Birinchi jahon urushidan soʻng jadidlar parlament monarxiyasi uchun kurash olib borgan boʻlsalar, fevral inqilobidan keyin ularning radikal qismi keng qamrovli talablarni ilgari surdi, bu talablar orasida oʻlkani boshqarishda mahalliy aholi vakolatlarini kengaytirish, mahalliy aholi sonidan kelib chiqib Davlat Dumasidan joy ajratish, asosiy demokratik erkinliklar, avvalambor, milliy matbuot erkinligi, monarxiya tuzumini konstitutsion tuzumga oʻzgartirish va h.k. boʻyicha chuqur islohotlar oʻtkazish bor edi.
Jadidlar Rossiya davlatchiligida Turkistonning oʻrnini qanday tasavvur qilganlar? Bu Mahmudxoʻja Behbudiyning maqolasida yaqqol oʻz ifodasini topgan, u yozadi: “Federatsiya, yaʼni muxtoriyat, biz, Turkiston musulmonlari, istaymizkim, Rusiya mamlakatigʻa yopishub turub, xorijiy va ishlargʻa aning ila bir boʻlib turib, doxil ishlar va tirikchiliklarimizni oʻzimiz idora etsak, muning kayfiyati shunday boʻlur. Besh oblastdan iborat Turkistonning har bir shahar va uyezdidan bir necha nafardan kishi saylanib, Toshkandda katta markaz bir majlisimiz boʻlurki, barcha olur-soliq va minbaʼd joriy boʻlaturgon qonun va nizomnomalarni alar tuzib, Turkistonda joriy qiladurlar. Rusiya hukumati ila musulmonlar orasinda shul majlis vosita boʻlur. Turkiston uchun va har viloyat uchun saylangan voliy va maʼmurlarni alar mustahkam qiladur. Turkistonning taraqqiy va inkishofigʻa alar harakat qiladurlar. Albatta, mazkur vakil va mabʼuslarimizning koʻbroq musulmonlardan va ozrogʻi ruslardan boʻlub, barcha ishlar hukm ila va zoʻr ila boʻlmay, balki mashvarat, rizoliq ila boʻlur”[3]. Ammo haq-huquqlarga erishish uchun, Mahmudxoʻja Behbudiy fikricha, millatidan qatʼi nazar, ijtimoiy kurashga faolroq kirishish, ruslar bilan birlashib “Turkiston musulmonlari ittifoqi”ni tashkil etish, unga har bir uyezddan vakil saylash kerak ‒ erkinlik va mustaqillik harakatining ilk shartlari shunday. U Rossiya demokratik davlati tarkibida muxtoriyat maqomiga erishishning bosh sharti ichki ixtiloflarni bartaraf etish deb hisoblagan. “Bayoni haqiqat” maqolasida Mahmudxoʻja Behbudiy bu haqda shunday yozadi: “Biz istaymizki, Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qoʻshilgan holda oʻz boshlarigʻa Rusiyani bir parchasi hisoblanadurgʻon Turkiston hukumati taʼsis etsak, oʻzimizni majlis muborrovotimiz (parlamentarizm) boʻlsin. Turkiston musulmonlari oʻz shariat va odatlarigʻa, oʻz zakoʻn va dinlarigʻa muvofiq tiriklik qilsunlar. Turkiston yahudiy va
... (boshqa) musulmonlari uchun hammalarining manfaatlarini
eʼtiborga olaturgʻon qonunlar tuzulsin... Agarda biz, Turkiston musulmonlari, xohlasakki, din va millatimizni ittifoq etib, bu kundan islohotgʻa, ittifoqqa qadam qoʻysalar, ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz, boy va ulamomiz birlashib, din va millat va vatanni rivoji uchun xizmat etsak. Agarda biz muxtoriyat rivojini xohlasak va ruslargʻa hurriyatdan va hamvatanlikdan bahra topmoqchi boʻlsak, lozimki, oʻzimizdan bora-bora tadrijiy suratda... askarlarimiz boʻlsun, ul milliy askarlarimizni vazifasini, qiyofat va shaklini, libos va tarz maishatini oʻzimiz tayin qilurmiz. Mana, bizning oldimizgʻa eng katta ishlar turubdur. Agarda hammamiz ittifoq etib, “Shoʻroi islom” jamiyatini oʻzimiz uchun siyosiy va moʻtabar bir jamiyat qaror etub, barcha shaharlargʻa shuʼbalarini ochib, qadim va jadidimiz birlashub istasak, muxtoriyatli hurriyatga noil oʻlurmiz. Vale hozirgi Turkiston ahvoligʻa qaraganda, yana biz, musulmonlar, ruslarning fuqarosi va raiyasi boʻlgan oʻlkadek, alardan dast va rijogʻa qolurmiz” [4].
Koʻrinib turibdiki, Mahmudxoʻja Behbudiy milliy-ozodlik harakatining tarqoqligi yana boshqaruvning mustamlakachilik tizimiga olib kelishini yaxshi tushungan. Agar butun Turkiston xalqi birlashsa, qon toʻkilmaydi. Yer va mulk ajratilmaydi. Taraqqiyot jadallashadi. “Ming karra dodu bedodki, ixtilof etmoq uchun ittifoq etkanimiz va ixtilofimiz sabab ila badbaxtlikgʻa duchor boʻlurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 millionlik bir quvvat ulamogʻa kelurki, munga yer titraydi” [5].
1917 yilning bahori Turkiston oʻlkasi musulmon aholisining siyosiy jihatdan jonlanishida keskin oʻzgarish davri boʻldi. Siyosat maydoniga demokratik jarayonlarga boshchilik qilishga tayyorligini bildirgan yangi kuchlar chiqdi. Shakllanayotgan milliy- demokratik kuchlarning negizini avvalgi faoliyati davomida bu rolga tayyorlanib ulgurgan jadidlar tashkil etdi. Ular oʻlka tub aholisining taraqqiysi va mustaqilligi haqidagi orzulari roʻyobini oʻlkadagi demokratik inqilob bilan bogʻlagan holda inqilob tomonidan eʼlon qilingan prinsiplarni hayotga tatbiq etishga faol kirishdilar. Avjiga chiqqan demokratik jarayonlarda mahalliy xalqlar siyosiy manfaatlarini himoya qilish fevral inqilobidan keyingi dastlabki kunlardanoq ularning siyosat maydonidagi asosiy vazifasiga aylandi [6]. Turkistonda ushbu gʻoyalar boshida Mahmudxoʻja Behbudiy turgan.
Turkistonda milliy siyosiy partiya va uyushmalar yuzaga kela boshladi, jumladan, 1917-yil martida jadidlar tomonidan “Shoʻroi islomiya” tashkilotiga asos solindi. Biroq ular tez orada Rossiya Muvaqqat hukumati ham, Turkistondagi Muvaqqat qoʻmita ham avvalgidek mustamlakachilik siyosatini yuritishda davom etayotganini anglab yetdilar. Bu Taʼsis majlisi oʻtkazish zarurligini yaqqol koʻrsatib berdi. 1917 yil iyunida konservativ kayfiyatdagi qism “Shoʻroi islomiya” tarkibidan chiqib, oʻzining “Shoʻroi ulamo” tashkilotini tuzdi. 1917 yil avgustida Turkiston shahar dumalariga saylovlar boʻlib oʻtdi. Ularning aksariyatida “Shoʻroi islomiya” koʻpchilik ovozga ega boʻldi. Toshkent shahar dumasiga oʻtkazilgan saylovda eng koʻp oʻrinni (62) “Shoʻroi ulamo” egalladi. Bolsheviklar taʼsirini yoʻq qilishga urinib va milliy harakatni mustahkamlash zaruratini anglab yetib taraqqiyparvarlar ikkala tashkilotni “Turk Adami markaziyati” deb nomlangan yagona partiyaga birlashtirish haqida qaror qabul qildilar [7; 98].
Taʼsis majlisi chaqirishga tayyorgarlik davrida harakat mustaqillik uchun kurash xususiyatiga ega boʻldi. Jadidlar mustaqillik va muxtoriyat uchun hayot-mamot jangi vaqti kelganini anglab mustamlakachilikni jiddiy tanqid qilishga kirishdilar, avvalgi konstitutsion monarxiya gʻoyasidan butkul voz kechdilar va Turkistonga Rossiya Federativ Demokratik Respublikasi tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat taqdim etilishini yoqlab chiqdilar. “Yashasun Qoʻshma xalq jumhuriyati!”
– 1917-yildan jadid gazetalari “Kengash”, “Turon”, soʻngra turkistonlik federalizm vakillarining matbuot organi – “Turk eli” gazetasi shunday shior bilan nashr etila boshladi. Taraqqiyparvarlarning dasturiy hujjatlarida asosiy eʼtibor milliy-hududiy muxtoriyat tartibotlarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, Turkistonning mustaqil vakolatlarini roʻyobga chiqarish uchun chaqirilgan oliy hokimiyat organlarini tashkil etish, oʻlkaning boshqarmalari va sudlariga qaratildi. Taraqqiyparvarlarning ustuvor vazifasi demokratik huquq va erkinliklar kafolatlanadigan demokratik jamiyatni shakllantirish edi [8; 98-99]. Oʻsha yillarda Turkistondagi barcha millat va elatlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va madaniy hayotning barcha sohalarida qonun oldida tengligi gʻoyasini ilgari surishi ularning ulkan xizmati boʻlgan.
Turkistondagi oktyabr voqealari va hokimiyatning bolsheviklar tomonidan egallanishi ularning oldilariga qoʻygan maqsadlariga erishishiga imkon bermadi. Shunga qaramay, jadidlar bolsheviklar hukumati tomonidan eʼlon qilingan Millatlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilashi haqidagi deklaratsiyada eʼlon qilingan huquqlaridan foydalanib, Qoʻqonda “Turkiston Muxtoriyati” nomli mustaqil muxtor respublika tuzilganini eʼlon qildilar. Respublika bor-yoʻgʻi uch oy yashadi va 1918-yil fevralida bolsheviklar tomonidan tor-mor etildi.
Agar maʼrifatchilik bosqichida jadidlar faoliyati Turkiston xalqlarini birlashtirishga qaratilgan boʻlsa, 1917‒1918-yillarda Turkiston Muxtoriyatining muhim maqsadlaridan biri milliy manfaatlarni himoya qilish boʻldi. Mahmudxoʻja Behbudiy hech kim va hech qanday hokimiyat xalqqa mustaqillik bermasligini asoslab berdi. “Bilmoq kerakki: “Haq olinur, berilmaydur!” Har bir millat va mamlakat xalqi oʻzini huquqi diniya va siyosiyasini harakat va ittifoq ila boshqalardan oladi. Dunyo jihodgardur. Jihod – jahd va jihodni shakli har zamonda boshqa boʻlur... Hozir bizni jihodimiz fikr, gazet va basirat hamda ittifoq ila boʻlur. Biz musulmonlar, xususan, Turkiston musulmonlari istaymizki, hech bir kishi bizning din va millatimizgʻa zulm va tahdid qilmasin va bizni ham boshqalargʻa tahdid qilmoqqa aslo fikr va niyatimiz yoʻq” [9].
“Mustaqillikka faqat kurash yoʻli bilan erishiladi, buning uchun biz yakdil boʻlishimiz lozim”, ‒ deb yozadi u. Turkistonliklar, shuningdek, yevropalik xalqlar vakillariga murojaat qilib, Behbudiy muxtoriyatni saqlash uchun vaqtincha bahs va ixtiloflardan tiyilib turishni taklif etdi. Bundan kelib chiqadiki, jadidlar dunyoqarashida ushbu fikr, avvalgidan farqli oʻlaroq, maʼrifatchilikdan siyosiyga oʻsib chiqib ulgurgan, yaʼni Turkiston Muxtoriyati taqdiri bevosita Turkiston jamiyatidagi yakdillik va birodarlikka bogʻlangan.
Jadidlarning Turkistondagi davlat qurilishi borasidagi fikrlarida oʻlkaning iqtisodiy taraqqiyoti masalasi muhim ahamiyatga ega edi. U.Xoʻjayevning maqolalaridan biri (1915-y.) oʻlka ziyolilarining iqtisodiy holati va uning xususiyatlari toʻgʻrisida aniq tasavvur beradi. U oʻz oldiga obyektiv fikr bildirish maqsadini qoʻyib, Qoʻqon, Andijon, Namanganga tashrif buyurgan va Turkiston musulmonlarining ogʻir iqtisodiy ahvoliga shaxsan guvoh boʻlgan. Ayniqsa, zavodlar va paxta tozalash sanoati yevropalik millatlar qoʻlida toʻplangan Qoʻqon aholisi ayanchli holatda edi. “Nega bu borada musulmonlar zaif, tashabbussiz va ojiz?” [10] ‒ deb savol qoʻyadi muallif. Uning fikricha, buning sababi odamlarning mehnatga munosabatda tirishqoqlik va tashabbuskorlik boʻlgandagina mazkur holat oʻzgarishi mumkinligini tushunmaganligidadir.
Andijonda musulmonlar ahvoli biroz yaxshi boʻlgan. Namangan esa, maqola muallifining aytishicha, madaniy taraqqiyotda ancha ortda qolgan. Biroq bu yerda, Ubaydulla Xoʻjayev fikricha, savdo- sotiq, tadbirkorlik rivojlangan, ishlab chiqarish mahalliy aholi qoʻlida jamlangan va yaxshi holatda boʻlgan. Ayni damda, ayrim shaharlarda madaniy hayotning oldingi qatorlariga yosh avlod vakillari chiqa boshlagan, ular oʻzlarining “milliy va madaniy qusurlari”ni anglab, ularni asta-sekin bartaraf etishga astoydil kirishganlar. Ubaydulla Xoʻjayev ularga Toshkent ijodiy ziyolilarining samarali taʼsirini taʼkidlab oʻtadi. Muallifning madaniyat va taʼlimdagi qoloqlikni anglash yoshlarni fanlarni faol oʻzlashtirishga, maʼrifatchilik faoliyati bilan shugʻullanishga undaydi degan fikriga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq. U. Xoʻjayev barcha jadidlar kabi maorifning jamiyatni oʻzgartirishga qodir qudratli kuch ekaniga qatʼiy ishongan.
Jadidlar yana Turkiston kelajagi huquqiy bilimlarni oʻzlashtirish bilan chambarchas bogʻliq deb hisoblaganlar. Mahmudxoʻja Behbudiy “Qonuni Ovrupo”, “Haq olinur, berilmas!”, “Loyiha”, “Qozi va biylar haqinda loyiha” maqolalarida Turkistonda huquqiy sohadagi ishlarning abgor holati haqida yozadi. U oʻlka maʼmuriyatini huquqiy masalalarni nafaqat huquqiy, balki maishiy ishlarni ham koʻpincha pora evaziga hal etgan ellikboshi va qozilar qoʻliga topshirib qoʻygani uchun tanqid qiladi. Behbudiyning taʼkidlashicha, shariat meʼyorlari, ehtimol, Rossiya siyosati va rus madaniyatiga toʻgʻri kelmas, ammo ular musulmonlarning oʻzgarmas ehtiyojlariga javob beradi va islom aqidalariga koʻra chuqur bilimga ega boʻlish zarur, shu asosda qonun buzuvchilarni, jumladan, shariat asoslarini oyoqosti qiladigan, oʻzining gʻarazli maqsadlarini koʻzlaydigan qozilarni aniqlash kerak.
Bu boradagi chuqur tahlil uni qozilar sudi tizimini bekor qilish, uning oʻrniga Turkistonning beshala viloyatida apellyatsiya komissiyalaridan tashkil topgan davlat sudlarini yaratish, okrug sudlari faoliyatini nazorat qilish uchun rais, oʻrinbosar va uch nafar sud aʼzosidan iborat Oliy sud palatasi ochish haqidagi fikrga olib kelgan [11; 106-107]. U volost saylovlarida 20 yoshga toʻlgan har bir turkistonlik qatnashishi kerak deb hisoblagan.
Hatto, Turkiston Muxtoriyati magʻlubiyatga uchraganidan keyin ham jadidlar Turkistonning davlat qurilishi qanday boʻlishi kerakligi haqida gapirishni toʻxtatmadilar. Bu yerda Mahmudxoʻja Behbudiyning 1918-yili eʼlon qilingan ushbu masalaga daxldor juda muhim maqolasiga eʼtibor qaratamiz. Maqolada muallifning nafaqat davlatchilik asosida yotishi kerak boʻlgan iqtisodiy masalalar boʻyicha qarashlari, balki bu masalalarni bolsheviklar hokimiyati qanday hal qilayotgani, aslida, qanday hal qilinishi lozimligi borasidagi tanqidiy fikrlari oʻz aksini topgan.
Turkiston Muxtoriyati qulaganidan keyin, 1918 yil iyunida Mahmudxoʻja Behbudiy “Gʻalla, askarlik, yer va taʼminoti harbiya” maqolasini eʼlon qiladi, unda don taʼminoti, qoʻshinga chaqiriq, harbiy soliq, yer va suvdan foydalanish borasidagi qarashlari qisqa-loʻnda aks ettirilgan.
Toshkentga maorif masalasidagi qurultoyda ishtirok etish uchun kelgan Mahmudxoʻja Behbudiy, Turkiston kompartiyasi raisi I. Tobolin qabulida boʻladi va ushbu masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bildiradi. Tabiiyki, bu yoʻq joydan paydo boʻlib qolgan gʻoyalar emas, balki uzoq yillik maʼrifatchilik va siyosiy faoliyati davomida toʻplangan (uning oʻzi taʼkidlaganidek, 25 yillik) tajribasiga asoslangan qarashlari edi, umuman, bu qarashlarda jadidlarning mazkur masalalar borasidagi fikrlari oʻz ifodasini topgan.
Oʻz takliflarini aytib u, birinchi navbatda, I.Tobolinning diqqatini xalqning maʼnaviy, diniy va boshqa anʼanalari bilan hisoblashishga qaratadi. Uning iqtisodiyotning ayrim masalalari, xususan, don masalasidagi qarashlari bolsheviklarnikiga tamomila zid edi. U oziq-ovqat qoʻmitalari tomonidan donning natsionalizatsiya qilinishiga butunlay qarshi boʻlgan. Behbudiy Turkistonning ayrim hududlarida dehqonlardan don butunlay tortib olinayotgani haqidagi gap-soʻzlardan tashvishga tushib, bu ishga salbiy munosabatda ekanini bildirgan va masalani hal qilish boʻyicha dasturini ilgari surgan. Uning takliflari quyidagilardan iborat edi: bozor ochiq, narxlar erkin boʻlishi kerak, viloyat va uyezdlardan don olib chiqib ketilishiga yoʻl qoʻymaslik, xususiy novvoyxonalarning faoliyatiga qoʻyilgan taʼqiqlar olib tashlanishi darkor. Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining takliflarini quyidagicha asoslagan: “... bozor ochiq boʻlsun, ammo viloyat va uyezddan gʻalla chiqorilmasun va omborlarning gʻalla olishi manʼ qilinsun. Taksa (qatʼiy baho) aslo boʻlmasun. Faqat gʻalla ekkan dehqonlar bir botmon ekilgan yerdan toʻrt pud gʻalla taksa yuzasindan bersunlarkim, bu ham avvalo daftar boʻlub, soʻngra berilsun” [2].
Qoʻshinga olish masalasida ham Behbudiy oʻz nuqtai nazariga ega boʻlgan. Uning fikricha, hali yangi hokimiyatga koʻnikmagan aholini majburlab qoʻshinga chaqirish zarar keltirishi mumkin. Buning oʻrniga u koʻngillilar qoʻshinini tuzishni, harbiy soliqni bekor qilishni taklif etadi, negaki qimmatchilik va ocharchilik xalqni xonavayron qilgan. Muallif, jumladan, shunday deydi: “... musulmonlar hanuz shunga oʻrganmagan va ham doxiliy fitnachilar qora xalqning fikridan foydalanib, ehtimolki, baʼzi bir fitnalargʻa sabab boʻlsalar. Va ham nomaʼlum va siyosatdan fikri bilkulli notoʻgʻri kishilar qoʻligʻa yaroq oʻtub, ehtimolki, kutilmagan yomon hodisalar paydo boʻlsa. Shuning uchun taklif qilamanki, to xalq oʻrganib, bir oz ahvol oʻzgarguncha umumiy askar olinmay, koʻngilli tariqinda targʻib va tashviq bilan ham xalqning ahvoligʻa qarab olinsa edi” [1].
Behbudiy yerlarning natsionalizatsiya qilinishiga qarshi chiqib, statistik tahlil yoʻli bilan ularning holatini aniqlash zarurligiga eʼtiborni qaratgan va I.Tobolindan korxonalar, ustaxonalar, tegirmonlarni natsionalizatsiya qilishni toʻxtatib turishni soʻragan [4]. Uning fikricha, oziq-ovqat razvyorstkasi va yerlarning natsionalizatsiya qilinishi hukumat va xalq oʻrtasidagi toʻqnashuvlarga, shuningdek, xalq ommasining nihoyatda qashshoqlashishiga olib kelishi mumkin. Uning bu bashoratlari keyinroq haqiqiy voqelikka aylandi. Biroq oʻsha paytda u soddalik bilan I.Tobolin bu takliflarga ijobiy munosabatda boʻldi deb oʻylagan. Uning bu masalalar borasidagi nuqtai nazari jadidlar iqtisodiy konsepsiyasining bir qismi sifatida bolsheviklar konsepsiyasiga umuman mos kelmasdi.
Jadidchilik Oʻrta Osiyoda ancha serqirra hodisa hisoblanib,
Buxoro va Xivadagi milliy-taraqqiyparvarlik harakatlari uning oʻziga xos shakli edi. Oʻziga xos xususiyatlari va rivojlanish shakli bilan farq qilgan holda ular mazkur mintaqalarda yashayotgan xalqlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy holati bilan bogʻliq boʻlgan. Fayzulla Xoʻjayev oʻtmishda islom madaniyati rivojlangan markazlardan biri boʻlgan Buxoroga hurmat saqlagan holda bu yerga Yevropa, xususan, Rossiya iqtisodiyotining kirib kelishi ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqarganini taʼkidlaydi [5; 8]. Oʻrta asrlarga xos anʼanaviy boshqaruv shakli va turmush tarzining saqlanganligi, ayni damda, iqtisodiy qaramlikning kuchayishi Buxoroni mushkul ahvolga solib qoʻygan. Buxoro jamiyatining taraqqiyparvar kuchlari ogʻir vaziyatdan chiqish yoʻllarini qidirish zarurligini tushunib yetgan.
Shu bois Buxoro jadidlari, xususan, Abdurauf Fitrat asarlarida huquq, savdo-sotiq, boshqaruv va maʼnaviy hayot bilan bogʻliq masalalar jiddiy tanqid ostiga olingan.
Shunga qaramay, tarix jadidchilik harakati uchun ortga yoʻl yoʻqligini koʻrsatdi: maʼrifatchilik va madaniyatchilikning tor doirasidan boshlab, keyinchalik u oʻz oldiga jamiyatni va uning boshqaruv tartiblarini isloh qilish maqsadini qoʻygan siyosiy harakatga aylandi. Jadidchilik Tataristonda “Musulmon ittifoqi”, Turkistonda “Shoʻroi islomiya”, Buxoroda esa “Yosh buxoroliklar” partiyalarining shakllanishiga imkon berdi. Biroq siyosiy talablar ushbu partiyalar tashkil topganidan keyingina birinchi oʻringa chiqa boshladi deb hisoblash xato boʻlur edi, ular avval ham ilgari surilgan.
Jadid tashkilotlari maqsadlarining kengayishi va ularning siyosiylashuviga, birinchidan, qanchalik gʻayritabiiy tuyulmasin, amir hokimiyatining reaksiyasi va uning ortidan 1914‒1915-yillarda gazetalar va yangi usul maktablarining yopilishi sabab boʻldi. Ikkinchidan, jadidlar safi xorijda tahsil olgan va milliy taraqqiyparvarlik harakatining Sharqning boshqa mamlakatlaridagi tajribasi bilan tanishgan yoshlar orqali toʻlib bordi. Ular madaniyatchilik bilan cheklanmasdan, aniq siyosiy vazifalarni hal qilish, soliqlarni qisqartirish, amaldorlarning hokimiyatini cheklash, dehqonlarning hayotini yengillashtirishni talab etish kerak deb hisoblashgan. Natijada jadidlar ikki qarama-qarshi guruhga: eskicha fikrlovchilar va Abdurauf Fitrat boshchiligidagi yoshlarga boʻlinib ketdi. Ular oʻrtasida ziddiyatlar kelib chiqa boshladi, bu, oʻz navbatida, harakatlarning nomuvofiqligi, amir manifestini qoʻllab- quvvatlab oʻtkazilgan tinch namoyishning tarqatib yuborilishi va keyinchalik “Yosh buxoroliklar” partiyasiga asos solgan jadidlarga qarshi qatagʻonlarning boshlanishiga olib keldi.
Yosh buxoroliklar qanday davlat tuzishni xohlaganlar va ularning davlatchilik borasidagi qarashlari asosi nimalardan iborat boʻlgan?
“Yosh buxoroliklar” oʻzining islohotlar dasturiga ega boʻlib, unda jadidlarning davlat qurilishi borasidagi qarashlari umumlashgan holda aks etgan. Uning loyihasi asosan Abdurauf Fitrat tomonidan ishlab chiqilgan va Markaziy qoʻmita tomonidan qabul qilingan. Shuni inobatga olish kerakki, bu dastur jadidlarning keng qamrovli maqsadlarining faqat bir qismini ifodalagan. Shunga muvofiq ravishda ular siyosiy vaziyatni hisobga olib davlat qurilishining global vazifalarini yoki zoʻrlik yoʻli bilan boshqaruvning respublika shaklini oʻrnatish maqsadini qoʻyishmagan. Fayzulla Xoʻjayev ushbu loyihani minimal dastur deb atagan, unda “konstitutsiya masalasini hal qilmay, boshqaruvning monarxiya shaklini oʻzgartirmay... ikki maqsad koʻzda tutilgan: Buxoroda huquqiy davlatchilikni joriy etish, oʻrta asrlarga xos sharqona mustabid tuzumni Yevropa namunasidagi maʼrifatli monarxiyaga almashtirish hamda Buxorodagi mehnatkash ommaning farovonligi va madaniyatini oshirish asosida Buxoroni iqtisodiy, siyosiy, harbiy tomondan mustahkamlash” [6; 35]. Davlat boshqaruvi sohasida dastur inqilobiy boʻlmagan va amir boshqaruvining huquqiy asoslariga deyarli daxl qilmagan. Biroq ichki ishlar masalasida Buxoroda qatʼiy maʼmuriy boʻlinishni amalga oshirish, hukumat tomonidan haq toʻlanadigan mahalliy boshqaruv organlarini taʼsis etish va boshqaruvni markazlashtirish talab qilingan. Mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish juda cheklangan doirada koʻzda tutilgan: faqat hokimiyatning quyi boʻgʻini ‒ oqsoqollar xalq tomonidan saylanishi kerak edi. Adliya tashkilotlari shariat qonunlariga tayanishi va ruhoniy shaxslar qoʻlida qolishi kerak boʻlgan. Shu bilan birga, oʻn kishidan iborat Vazirlar kengashini yaratish taklif qilingan, uning tarkibida quyidagi vazirlar boʻlishi kerak edi: ziroatchilik, vaqf ishlari, harbiy ish, moliya, ichki ishlar, adliya, mirshablar, aloqa yoʻllari, qazuv va qayta ishlash sanoati, maorif, shuningdek, tashqi ishlar vazirlari. Ammo vazirlarning saylab qoʻyilishi va ularning javobgarligiga toʻxtalib oʻtilmagan.
Baribir, mamlakatni iqtisodiy va madaniy qayta qurish masalalarida yosh buxoroliklar koʻproq jurʼat koʻrsatdilar, Buxoro aholisi turmushning barcha sohalari, ayniqsa, soliq siyosati sohasida islohotlar oʻtkazishni taklif qildilar, bu islohotlar xalq ommasi ahvolini yaxshilashga qaratilgandi.
Loyiha, jumladan, davlatga va mehnatkashlarga tegishli yerlardan olinadigan soliqlarni kamaytirish, aksincha, xususiy boʻlgan “mulk” yerlari va davlatniki hisoblangan, ammo amir tomonidan xususiy shaxslarga biriktirib qoʻyilgan “mulki xiroj” yerlarining bir qismiga soliqlarni koʻpaytirishni koʻzda tutgan. Obod qilingan, lekin ekin ekilmagan yerlarni soliqqa tortish, yosh buxoroliklar fikricha, ekin ekishdagi zoʻriqishga yoki yerga ishlov berishga qodir boʻlmagan xoʻjaliklarga sotib yuborilishiga sabab boʻlishi mumkin edi.
Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini koʻpaytirish, ekin yerlari maydonini kengaytirish va yer egaligini intensivlashtirish, Zarafshon sugʻorish tizimini tartibga solish masalalariga ham daxl qilingan. Qishloq xoʻjaligini intensivlashtirishni ragʻbatlantirish maqsadida qishloq xoʻjaligi krediti va ishlov berishni mexanizatsiyalashtirish, yaʼni Buxoroda viloyatlarda koʻp sonli shoxobchalariga ega, mamlakat dehqonchiligini “koʻp sonli qishloq sudxoʻrlarining oʻtkir changalidan qutqarish, shuningdek, Buxoroga koʻplab qishloq xoʻjalik mashinalarining olib kelinishi va dehqonlarga boʻlib berilishiga hamda dehqonlarni ulardan foydalanishga oʻrgatishda” [7; 32] yordam berishi mumkin boʻlgan qishloq xoʻjalik bankiga asos solish nazarda tutilgan.
Yosh buxoroliklar dasturida maorif masalalari muhim oʻrin egallagan, ayni damda, vaqf institutiga alohida oʻrin ajratilgan. Biroq ular maorif va vaqf vazirliklari vazifalarini ajratishmagan hamda taʼlimni rivojlantirish ishida ikkinchisini maʼqul koʻrishgan.
Yosh buxoroliklar, albatta, kuchli mustaqil davlatning bosh belgisi qoʻshin hisoblanishini yaxshi tushunishgan. Amir qoʻshinlarining holatini hisobga olgan va Yevropa davlatlari, xususan, Rossiyaning harbiy tuzilmasi haqida tasavvurga ega boʻlgan holda ular qoʻshin tuzishning umumiy harbiy majburiyat, davlat xazinasidan haq toʻlanadigan qoʻmondonlar tarkibi uchun harbiy maktab yaratish, askarlarni alohida libos bilan va minimal oylik maosh bilan taʼminlashni koʻzda tutadigan yevropacha usulini joriy qilish shart deb hisoblashgan. Ayni damda, amir qoʻshinida keng quloch yoygan oliy amaldorlarning quyi amaldorlarga nisbatan boshboshdoqligi va beshafqat munosabatiga barham berish zarurligi taʼkidlangan.
Moliya sohasini koʻzdan kechirib yosh buxoroliklar moliya vazirligi ishini batafsil loyihalashtira olmaganlar, faqat u amirning shaxsiy mablagʻini umumdavlat mablagʻidan ajratishni, soliqlarni tartibga solish va aniq belgilashni, har yili davlat byudjetini eʼlon qilishni koʻzda tutishini qayd etishgan, xolos. Umuman olganda, kamchiliklarga qaramay, yosh buxoroliklarning birinchi dasturi milliy demokratlar tomonidan Buxoroni tubdan qayta qurish zarurligining tushunilishini ifodalagan yorqin hujjatga aylandi. Yosh buxoroliklarning Turkistondagi Markaziy byurosi tomonidan yaratilgan ikkinchi hujjat undan tubdan farq qilgan, endilikda ular amir hokimiyatini qanday boʻlmasin agʻdarish va Turkiston bolsheviklari yordamida oʻz hokimiyatini oʻrnatishga qaror qilib ulgurishgandi. Hujjatning asosiy qoidalari amirni agʻdarish va aholi soniga proporsional ravishda va umumiy saylov huquqi asosida shakllantirilgan hukumatga ega xalq respublikasini tuzishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib mazkur hujjat ancha siyosiylashgan va yosh buxoroliklar qurishni niyat qilgan davlat borasidagi aniq qarashlarini aks ettirgan.
Turkistondagi qochqinlik yillari izsiz ketmagandi. Oʻlkada mavjud boʻlgan siyosiy tizim ularga taʼsir qilgandi, bu dasturning quyidagi nuqtalarida oʻz aksini topgan: “Partiya kapitalistik Yevropa bilan har qanday hamkorlikdan voz kechadi, ammo yevropalik ishchi va dehqonlar bilan mehnatkashlarni ozod etish borasida hamkorlikda kurash olib boradi”; “partiya bor kuch va vositalar bilan Yevropa imperializmi hukmi ostidan ozod boʻlish uchun kurashadi” [18; 65]. Avvalgi dasturdan farqli oʻlaroq, yosh buxoroliklar milliy masalaga katta ahamiyat berishgan, partiya milliy va diniy nizo chiqishiga yoʻl qoʻymasligi, bor kuch- gʻayrati bilan “Buxoro Xalq Respublikasining har bir fuqarosi huquqlarda boshqalar bilan teng boʻlishi, unga taqdim etilgan barcha huquqlardan bir xilda foydalanishi”ga [11] intilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Buxoro jadidlarining ushbu dasturiga koʻra, huquq sohasi tubdan yangilanishi kerak edi. Taʼsis majlisi tomonidan ishlab chiqilgan qonunlar “faoliyatiga har qanday aralashish va begona kishilarning taʼsiridan” muhofaza qilingan sudlar tomonidan soʻzsiz bajarilishi koʻzda tutilgan. Jinoyat sudlari ikki instansiyadan tashkil topishi kerak edi: birinchi instansiya sudlari aholi tomonidan saylanishi, ikkinchi instansiya sudlari esa birinchi instansiya sudlari koʻrib chiqqan ishlarga aniqlik kiritishi talab etilardi. Mazkur dasturda sakkiz soatlik ish kuni belgilanishi, kasaba uyushmalarining tashkil etilishi, tijorat va davlat kreditlari masalalari ham yangilik edi.
Bundan tashqari, ishchilarning huquqlarini himoya qilish, davlatning mehnatni muhofaza qilishi, 18 yoshga toʻlmagan shaxslarni mehnatga yollashning taqiqlanishi, keksa va mehnatga layoqatsiz ishchilar borasida davlat sugʻurtasi koʻzda tutilgan [9; 65]. Biroq yosh buxoroliklar ushbu dasturni amalga oshirish usullari masalasida yagona toʻxtamga kela olmadilar. Maʼlumki, yosh buxoroliklarning “Yosh buxoroliklar” partiyasining Turk byurosi tomonidan ishlab chiqilgan dastur kommunizm gʻoyalariga zid deb hisoblagan kommunistik guruhi ham mavjud edi. Garchi maqsadlari bitta ‒ amir hokimiyatini agʻdarish boʻlsa-da, aynan yuqorida taʼkidlangan jihat ikkala guruhning birlashishiga toʻsqinlik qildi. Kommunistik guruh vakili Orifov “din va shariat” soʻzlari birlashish uchun oʻtib boʻlmas gʻov ekanini taʼkidlagan [8]. Yosh buxoroliklar Turk byurosi rahbari F. Xoʻjayev mushkulotlarni bartaraf etishga va oʻz partiyasining mavqeini saqlab qolishga qanchalik urinmasin, RKP(b) Turk byurosining qatʼiy talabi bilan qoʻshilish yuz berdi, oqibatda Rossiya kommunistik partiyasining bir qismi sifatida Buxoro kommunistik partiyasi tashkil etildi. Shu vaqtdan boshlab fevral inqilobiga qadar boʻlgan pozitsiyada turgan jadidlarning katta qismi siyosatdan chetlashdi. Qatagʻon yillarida ular ham sovet hokimiyatiga qoʻshilganlar qatorida jismonan yoʻq qilindi.
Avval aytib oʻtilganidek, Xiva xonligida jadidchilik XX asr boshlarida biroz boshqacha tarixiy sharoitlarda yuzaga kelgan. Bu yerda jadidchilik harakati ikkita oqimdan iborat edi. Oʻng oqim oʻsha paytda xonlikda rivoj topgan savdo-sanoat korxonalari egalari va yirik yer egalarini birlashtirgan. Unga Islom Xoʻja – Asfandiyorxonning bosh vaziri boshchilik qilgan. Ular oʻz oldilariga xon hokimiyatini saqlab qolgan holda ijtimoiy- iqtisodiy islohotlar oʻtkazish orqali bozor munosabatlarini rivojlantirish yoʻllarini kengaytirishni qoʻyganlar. Xiva jadidchiligining soʻl oqimiga mayda burjuaziya vakillari, hunarmandlar, ulamolar va aholining oʻrta qatlami kirgan. Uning rahbari Xiva xonligi shayxulislomi Bobooxun Salimov edi. Biroq Birinchi jahon urushiga qadar Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari boʻlmagan.
Buxoroda jadid harakatidan “Yosh buxoroliklar” partiyasi kelib chiqqanidek, 1914-yil avgustida Xivada jadidlarning soʻl oqimi tomonidan “Yosh xivaliklar” partiyasi tashkil etildi, unga Polvonniyoz hoji Yusupov rahbarlik qildi. Partiya oʻz dasturiga ega boʻlib, unda Xivada konstitutsiyaviy monarxiya oʻrnatish va demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirish maqsadi qoʻyilgan.
1917 yil 5 aprelda Xiva xoni Asfandiyor “Yosh xivaliklar” partiyasi tomonidan tayyorlangan manifestni imzolashga majbur boʻldi. Unda islohotlar oʻtkazish, jumladan, yangi usul (jadid) maktablari ochish, mamlakatda temir yoʻllar qurish, pochta va telegrafni yoʻlga qoʻyish, davlat xazinasini nazoratga olish, amaldorlarning saylanishini taʼminlash va ularga maosh belgilash, shuningdek, odamlarning shariat oldida teng huquqliligini eʼlon qilish talab etilgan. Islohotlarning borishini nazorat qilish uchun xon huzurida 49 nafar vakildan iborat nazorat organi (Idorai mashrutiya) tuzildi. Davlatni boshqarish uchun Xivada xon huzurida parlament koʻrinishidagi Majlis (raisi B.Salimov) va Nozirlar kengashi (raisi Husaynbek devonbegi Matmurodov) tashkil etildi. Ammo Asfandiyorxon tez orada ularni tarqatib yubordi va Idorai mashrutiyani yopib qoʻydi [10; 74-75].
1919-yili “Yosh xivaliklar” partiyasining yangi dasturi qabul qilindi, 1920-yil 8-fevralda u Toshkentdagi “Izvestiya” gazetasida eʼlon qilindi. Unda Xiva inqilobiy partiyasining yaqin kelajakdagi vazifalari ifodalab berildi va 12 banddan iborat manifest chiqarildi, unda Xivada xon hokimiyatini agʻdarish, xon va uning yaqinlari mulkini natsionalizatsiya qilish, yirik mulkdorlarning yerlarini kambagʻal dehqonlarga boʻlib berish, xon tuzumiga barham berish va xalq-demokratik boshqaruvi shaklidagi respublikaga asos solish rejalashtirilgan [13; 499]. Xiva inqilobi ham Buxorodagi ssenariy boʻyicha kechdi. Xiva jadidlari taqdiri ham Buxoro va Turkiston jadidlariniki bilan bir xil boʻldi.
Oʻzlarining rivojlangan davlat barpo etish borasidagi gʻoyalarini amalga oshirish jarayonida Turkiston, Buxoro va Xiva jadidlari konservativlik, loqaydlik va qoloqlikka qarshi kurashga katta eʼtibor berdilar. Bu vazifalarni hal qilishda ular taraqqiyotning yosh va savodli tarafdorlariga tayandilar.
Jadidlar til oʻrganish, fan-texnikani rivojlantirishga alohida eʼtibor berdilar va oʻtmishdagi, bugungi Turkistonning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga oldilar. Jadidlar xalqning madaniyatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarishni orzu qilganlar, buning uchun esa yoshlarni Yevropaning eng yaxshi oʻquv markazlarida oʻqitish zarur deb hisoblaganlar, zero, mamlakat kelajagi ularning qoʻlida ekanini tushunganlar.
Milliy taraqqiyparvarlar faoliyati va dasturi kelajak avlodlar uchun juda ibratli. Shubhasiz, ularning tarixiy xizmati shundan iboratki, oʻsha paytda yetilgan ijtimoiy vazifalarni evolyutsion-islohotchilik gʻoyalari asosida formatsion- institutsional oʻzgarishlar yoʻli bilan hal qildilar. Ammo, baribir, boshqa partiyalar va harakatlar bilan birlashish harakatlarining kuchsizligi, Turkiston jadidlarining oʻta ziyoliligi, va aksincha, Buxoro hamda Xiva jadidlarining siyosiy kaltabinligi, ular tarkibidagi yoshlarning har qanday yoʻl bilan, xususan, bolsheviklar yordamida hokimiyatni egallashga boʻlgan intilishi halokatli oqibatlarga olib keldi. Ayanchli yakun topganiga qaramay, jadidlar asos solgan milliy-taraqqiyparvarlik harakati milliy oʻzlikni anglashning oʻsishiga imkon yaratdi, milliy-ozodlik gʻoyasining shakllanishi va rivojlanishida muhim rol oʻynadi.
MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI
- Behbudiy Xayr ul-umuri avsatuxo // Xurshid. 1906 y. 11-oktyabr.
- Aʼzamxoʻjayev S. Turkiston Muxtoriyati. Toshkent: Maʼnaviyat, 2000.
- Behbudiy Haq olinur, berilmas // Hurriyat. 1917 y. 13 iyul.
- Behbudiy Bayoni haqiqat // Ulugʻ Turkiston. 1917 y. 12 iyun.
- Behbudiy Turkiston Muxtoriyati // Hurriyat. 1917 y. 22 dekabr.
- Ulugʻ 1917-y. 12 iyun.
- Qarang: Agzamxodjayev Istoriya Turkestanskoy avtonomii (Turkiston Muxtoriyati). S.98.
- Agzamxodjayev Istoriya Turkestanskoy avtonomii (Turkiston Muxtoriyati). S.98-99.
- Behbudiy Bayoni haqiqat // Ulugʻ Turkiston. 1917 y. 12 iyun.
- Xoʻjayev Turli oʻrinlar // Sadoi Turkiston. 1915 y. 2 fevral.
- Behbudiy Qozi va biylar haqinda loyiha // Oyna. 1913. №5. 106-107-betlar.
- Behbudiy Gʻalla, askarlik, yer va tazminoti harbiya // Mehnatkashlar tovushi. 1918-y. 2-avgust.
- Xodjayev K istorii revolyutsii v Buxare.Tashkent,1926.