Dilnoza JAMOLOVA, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, katta ilmiy xodim.
Annotatsiya. 1905 yilda boʻlib oʻtgan voqealar, rus-yapon urushidagi magʻlubiyatlar Rossiyaning mustamlakasi ostida boʻlgan xalqlarning milliy ozodlik harakatlarini boshlashlariga sabab boʻldi. Turkiston jadidlari ham istiqlolni tinch yoʻl bilan qoʻlga kiritish maqsadida muxtoriyatchilik harakatini boshladilar. Ushbu maqolada Mahmudxoʻja Behbudiyning madaniy muxtoriyat loyihasi, Turkiston muxtoriyatini tuzishda jadidlarning ishtiroki haqida maʼlumot beriladi.
Kalit soʻzlar: mustamlakachilik, jadidchilik, madaniy muxtoriyat, milliy tashkilotlar, vaqf, maorif, gazeta, qurultoy.
Abstract. The events of 1905, the defeats of the Russo-Japanese War, caused the peoples under Russian colonization to launch national liberation movements. The jadids of Turkestan also launched a movement of autonomy with the aim of peaceful conquest of Istiqlol. This article will tell about the cultural autonomy project of Mahmudhaja Behbudi, the participation of jadids in the formation of the autonomy of Turkestan.
Key words: colonialism, jadidism, cultural autonomy, national organizations, vakf, education, newspaper, congress.
Turkiston XIX asr oxiri – XX asr boshida mustamlakachilik siyosati oqibatida siyosiy, madaniy, iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. Millat oydinlari Rossiya imperiyasi, keyinchalik uning vorisi bolsheviklar hokimiyati istibdodidan qutulish, millatni uygʻotish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyot sari yoʻl ochish, xalqqa ziyo tarqatish maqsadida islohotchilik dasturlarini ishlab chiqdilar. Mustamlakachilik – uzluksiz zoʻravonlik, taʼqib va nazorat (senzura), zulm va haqsizlik muhitida kechgan mazkur faoliyatda huquq masalasi alohida ahamiyat kasb etgan.
Mahmudxoʻja Behbudiy 1907 yilda ishlab chiqqan “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi mintaqa xalqlari manfaatlarining ifodasi boʻlib, unda davlat ishlarini turkiy tilda yuritish, milliy idoralar tashkil etish va unga turkiy millatga mansub ziyolilardan aʼzolar saylash qatʼiy belgilab qoʻyilgandi. Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka xalqlar nomidan Davlat dumasi oʻz bilganicha ish tutmasligi, har bir mamlakatning tabiiy, ijtimoiy va madaniy sharoitlaridan kelib chiqib qonunlar chiqarilishi kerakligi taʼkidlandi [1; 3-6].
“Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasining birinchi boʻlimi “Davlat dumasi xususinda” boʻlib, uning tarkibiga Turkiston aholisi soniga nisbatan vakillar saylanishi lozimligi va ular oʻz xalqlari nomidan ish koʻrishlari belgilab qoʻyilishi kerakligi tavsiya qilindi. Loyihada “Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasi”ni tuzish, uning tarkibiga turkistonlik savodli, shariat va zamondan xabardor kishilarni (idora raisi va aʼzolari) 5 yil muddatga saylash, shuningdek, ushbu vakillik organi Toshkent shahrida joylashishi belgilab qoʻyildi [1; 52-55]. “Turkiston qozilari xususinda” boʻlimida esa, qozilik
va sud ishlarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilab qoʻyildi. Qozilar prokuratura idorasiga emas, Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasiga boʻysunishi hamda doimiy ravishda uning nazorati ostida faoliyat olib borishi kerakligi uqtirildi [1; 56].
Mahmudxoʻja Behbudiy yuqorida tashkil etilishi tavsiya qilinayotgan barcha idoralarning xodimlari oldiga idora binosida oʻtirib qogʻoz toʻldirish emas, xalq ichida yurib, ularning orzu- istaklarini amalga oshirish vazifasini qoʻyadi: “Bizni hozirgi mansabdorlarimizni xizmati faqat toʻgʻrilik va yomonlarni ushlab teyishli joyigʻa topshurmoq, podshohlik soliqlarini vaqtigʻa yigʻib bermoq va xalqni tinch saqlamoqdan iboratdur. Mundin boshqa xizmatni hanuz aksar milliy maʼmurlarimiz, yaʼni maktab va madrasalarni yangidan ochilmoqigʻa, eski va yangi maktab va madrasalarni va oʻqilaturgʻan rusiy, musulmoniy ilm va fununni rivoj topmoqigʻa qilinaturgan saʼy, yurulaturgan yoʻllarni goʻyo bilmaydurlar, hukumat ila raiyat orasigʻa favqulodda xizmatni kam qiladurlar, zamoni kelsa, bilsalar va qilsalar kerak va ammo zamon hozirgi zamondur” [2; 226].
Loyihada Turkistonda istiqomat qilib kelayotgan boshqa din va millat vakillarining huquq va erkinliklari belgilab qoʻyildi. Maʼlumki, Turon zaminiga yashash uchun kirib kelgan yahudiylar va boshqa millat vakillaridan jon soligʻi olingan boʻlib, ular bir qator cheklovlarga boʻysunishga majbur boʻlganlar. Mahmudxoʻja Behbudiy Turkistonda yashab turgan xorijiy fuqarolar va boshqa din vakillari oʻz urf-odatlariga amal qilib, bayramlari va anʼanalarini oʻtkazishlari mumkinligi, ammo shariat qonunlariga hurmatda boʻlishlari kerakligini uqtirgan [1; 57]. Millat oydinining diniy bagʻrikenglik tashabbusi bugungi kun uchun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan muhim masalalardan biridir.
Ushbu loyiha “Mulkiy mahkamalar” tashkil etish boʻyicha ham asosli sabablar keltirilib, ularga keng vakolatlar berish lozimligi qayd qilingan. Turkistonning iqtisodiy asoslaridan biri boʻlgan vaqflar ishlarini tashkil etish va boshqarish masalalari loyihada alohida boʻlimda belgilab qoʻyilgan [1; 58]. “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasida maorif ishlarini tashkil etish boʻyicha ham zarur tavsiyalar taqdim qilingan. Behbudiy maorif ishlari har bir mamlakatning oʻzining milliy masalasi boʻlib, Rossiya imperiyasidan taʼlim sohasiga mustaqillik berishini soʻragan. Loyihaning “Umum maktablar” boʻlimida maktab va madrasalarni hukumat nazoratidan ozod qilish, ularni faoliyatni kuzatib boruvchi komissiya tashkil etish, rus tilini oʻqitishni majburiy qilib qoʻymaslik belgilab qoʻyilgan [1; 59]. Mahmudxoʻja Behbudiyning xususiy taʼlim haqidagi orzulari bugun – oradan bir yuz yigirma yil oʻtibgina
Yangi Oʻzbekistonda roʻyobga chiqmoqda, xususiy bogʻchalar, maktablar va universitetlar tashkil qilinmoqda, ularning faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Loyihaning toʻqqizinchi boʻlimi “Suv va yer ishlari”ga bagʻishlangan boʻlib, dunyoning barcha hududlarida yashovchi musulmonlarga Turkistondan, shuningdek, turkistonliklar ham istagan musulmon davlatlaridan yer olish huquqiga ega boʻlishlari belgilab qoʻyilgan. Turkiston xalqi talab qilmaguncha, Turkistonga aholi koʻchirilmasligi, yer va suv ishlari milliy mutaxassislar tomonidan boshqarilishi kerakligi taʼkidlangan [1; 59].
Tabiiyki, Rossiya imperiyasi hukumati bu loyihani rad etib, uning amalga oshishiga yoʻl bermaydi [3; 146-147]. Shunday boʻlsa-da, jadidlar Turkiston muxtoriyati gʻoyasidan voz kechmadi. Turli siyosiy uyushmalar, jamiyatlar tuzish harakatiga tushdi. Buning uchun nazariy bilimga ega boʻlish uchun shu soha taraqqiy etgan davlatlarga borib tajriba orttirishdi. Jumladan, 1911-yili Munavvar qori doʻstlari Abdusamigʻ qori Hidoyatboyev va Hakim Sarisoqovlar bilan “Turon” jamiyati yoʻllanmasi bilan muxtoriyat asoslari, turli tashkilotlar tuzish ishlarini oʻrganish uchun Finlandiyaga borganlar [4; 44].
1917 yil fevralda Rossiyada mamlakatni 303 yil boshqargan Romanovlar sulolasi hukmronligi tugatilgach, hokimiyat xalqqa demokratik tartiblarni oʻrnatishni vaʼda qilgan Muvaqqat hukumat qoʻliga oʻtdi. Rossiyada sodir boʻlgan bu voqealar uning mustamlakasi ostida boʻlgan barcha xalqlarning ijtimoiy- siyosiy jarayonlariga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Turkistonda ham milliy ozodlikka erishish, mamlakatni demokratik tartiblarda boshqarish uchun harakatlar boshlandi. Bu harakatlar boshida millat oydinlari boʻlgan jadidlar turdilar. Munavvar qori Abdurashidxonov oʻzining xotiralarida: “Jadidlar... fevral inqilobigacha Turkistonda muxtor boshqaruv masalasini koʻtarib chiqa olmagan edi. Bu toʻgʻrida ular oʻylagan ham emas. Ularning butun umidi Rossiyadagi inqilob jarayonida mahalliy aholini milliy, diniy cheklash va jabrlanishdan ozod qilish, ularning haq- huquqlarini ovrupoliklar bilan tenglashtirish, xilma-xil maktab va matbuot ishlari hamda turli-tuman jamiyatlar tashkil etishga keng imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi. Ularning eng yaxshi koʻrgan shiori: Ozodlik, Tenglik va Adolat boʻlgan. Fevral inqilobidan keyin jadidlar oʻrislar bilan birgalikda bir qancha siyosiy masalada yigʻilish va qurultoylar oʻtkazishdi. Bundan tashqari, ular Kavkaz va Tataristondan kelgan ziyolilar bilan turkistonliklarga madaniy yordam berish masalasida bir necha marta suhbatlar tashkil qildilar. Shu jarayonda mahalliy ziyolilar milliy muxtoriyat, mahalliy muxtoriyat, federativ va demokratik jumhuriyat va boshqa muxtoriyatlar haqida bahs yurita boshladi” [5; 51], deb eslaydi.
Jadidlarning milliy muxtoriyat tuzish gʻoyasi 1917 yil 14 martda tashkil topgan “Shoʻroyi Islomiya” (Musulmonlar shoʻrosi) faoliyati davrida rasmiy tusga kirdi [6; 37]. 1917-yil oktyabr voqealari Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik qurish borasidagi harakatlarini yanada tezalashtirgan. Ular tomonidan tayyorlangan nizom, maromnoma kabi huquqiy hujjatlar Turkiston Muxtoriyatining rasman shakllanishiga gʻoyaviy mafkuraviy asos boʻlib xizmat qilgan. Behbudiyning “Turkiston madaniy muxtoriyat loyihasi”da qozilik ishlarini tartibga solish, maorif masalalarini hal qilishda muxtoriyat talab qilingan boʻlsa, 1917 yilda tayyorlangan “Shoʻroyi Islom”ning Muvaqqat qonuni, Shoislom Shoahmedovning “Turkiston federatsiyasi loyihasi”, “Turk adami markaziyat firqasining maromnomasi”da milliy demokratik muxtor davlat boshqaruvining qonun-qoidalari toʻla mujassamlashtirildi.
1917-yil 26–28-noyabrda boʻlib oʻtgan Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil qilindi. Qurultoy jarayonida Milliy Majlis tarkibiga Turkiston jadidchilik harakatining koʻzga koʻringan vakillari Ubaydulla Xoʻjayev, Nosirxontoʻra Kamolxontoʻra oʻgʻli, Obidjon Mahmudov, Mahmudxoʻja Behbudiy va boshqalar kiritilgan. Hukumatning dastlabki tarkibiga Ubaydulla Xoʻjayev harbiy vazir, Obidjon Maxmudov oziq-ovqat vaziri, Nosirxontoʻra Kamolxontoʻra oʻgʻli maorif vaziri (1917- yil dekabr) sifatida ham kiritilishi ham jadidlarning siyosiy jabhadagi mavqeilarini koʻrsatdi [7; 11-12].
Milliy davlatchilikning qaror topishi birinchi navbatda jadidlarni quvontirdi va ular Vatanlari hamda xalqlarini Muxtoriyat bilan tabriklab, uni asrab-avaylashga chaqirdilar.
“Hurriyat” gazetasida Abdurauf Fitrat Turkiston Muxtoriyatiga eng munosib va loyiq taʼrifni berdi: “Turkiston muxtoriyati ... Temur hoqonining chin bolalari yoninda, turkistonli tubchak turklari orasinda, mundan oʻgʻurli (haybatli, buyuk), mundan muqaddas, mundan suyunchli bir soʻzni borligʻiga ishonmayman. Turkiston turkining qoni qaynatuvchi, imonini yuksaltiruvchi bir quvvat bor esa, yolgʻiz shu soʻzda bordir: Turkiston Muxtoriyati. Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qoʻlimiz bogʻlandi, tilimiz kesildi, ogʻzimiz qoplandi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuruldi, nomusimiz gʻasb qilindi, huquqimizga tajovuzlar boʻldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi, toʻzimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyrugʻga boʻysundik, butun borligʻimizni qoʻldan berdik. Yolgʻiz bir fikrni bermadik, yashrunturdik, emgaklarimizga oʻrab saqladik: Turkiston Muxtoriyati!” [8].
Mahmudxoʻja Behbudiy “Hurriyat” gazetasining navbatdagi sonida Turkiston Muxtoriyati ostida butun xalqni birlashishga chaqirdi: “Bolsheviklargʻa kelguncha, bularning asl matlabi muxtoriyatli jumhuriyatdir. Ammo bular deydilarki, yerlik jumhuriyat boʻlmasun, yaʼni yer va amlok taqdim boʻlsin. Mana bularning nutqi ixtilofi. Turkiston muxtoriyatchilari deydilarki, biz yerlik muxtoriyat tilaymiz va ham muni eʼlon qilduk... Shunda bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon toʻkilmas. Yer va amlok ham taqsim boʻlmay qolur. Din ham rivoj topur. Ming karra dodu bedodki, ixtilof etmoq uchun ittifoq etkanimiz va ixtilofimiz sababi ila badbaxtlikgʻa duchor boʻlurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 millionlik bir quvvat olamga kelurki, munga yer titraydi. Agar soʻzimni fahmlatolgan boʻlsam, oʻzimni baxtli hisoblardim” [9].
Xulosa qilib aytganda, millat oydinlari hisoblanmish Turkiston mintaqasi jadidlari yuz yil oldin yetishib chiqqan chinakam mutafakkirlar maʼrifatparvarlar edi. Ular davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, moliya, yer egaligi, soliq va taʼlim tizimini tubdan isloh qilish uchun gʻoyaviy va amaliy harakatlar olib bordilar. Mahmudxoʻja Behbudiy, Isʼhoqxon Ibratdek qozilik lavozimida faoliyat koʻrsatgan taraqqiyparvarlar, Ubaydulla Xoʻjayev, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi zamonaviy huquqiy bilimlarni egallagan jadid bobolarimiz nafaqat madaniyat va maʼrifatni yuksaltirish, balki, siyosiy sohalar, ayniqsa, qonunchilik, tuzukchilik va davlat tuzish borasida ham yuksak salohiyatga ega edilar. Ularning bu boradagi bilim va faoliyatlari uch ming yillik tarixga ega boʻlgan milliy davlatchiligimiz tajribasiga tayangan edi.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Проект культурной автономии Туркестана Махмудходжи Бехбуди. Текст. Перевод. Комментарии. Шамсиддин Камолиддин, Тимур Коджаоглу. Saarbrücken: LAP, 2021.
- Маҳмудхўжа Беҳбудий. Самарқанддан мактуб // Танланган асарлар. 1-жилд. -Тошкент. 2021. 226-бет.
- Маҳмудхўжа Беҳбудий. Туркистон маданий мухторияти лойиҳаси
// “Жаҳон адабиёти” журнали. 2003. 8-сони. 146 – 147-бетлар.
- Абдурашидхонов М. Танланган асарлар. -Тошкент. 44-бет.
- Абдурашидхонов М. Хотираларимдан (Жадидчилик тарихидан лавҳалар). -Тошкент. 2001. 51-бет.
- Аъзамхўжаев С. Туркистон мухторияти. Миллий демократик давлатчилик қурилиши тажрибаси. Тошкент. 2000. 37-бет.
- Ражабов Қ. Туркистон Мухторияти вазирлари ҳамда Миллий Мажлис аъзолари ҳаёти ва тақдири. -Тошкент. 2021. 11-12 бетлар.
- Фитрат. Мухторият // “Ҳуррият” газетаси. 1917-йил 5-декабр.
- Маҳмудхўжа Беҳбудий. Туркистон Мухторияти // “Ҳуррият” газетаси. 1917 йил 22 декабр.