Yoqutxon XONQULOVA, Fargʻona shahar 16-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi.
Annotatsiya. Ushbu maqola XIX asr oxiri – XX asr boshida Turkiston jadid maʼrifatparvarlarining xotin-qizlar masalasida qarashlari, xususan, jamiyat hayotida xotin-qizlar oʻrni va roli, ularning savodxonlik darajasi, bu borada jadidlarning olib borgan saʼyi- harakatlari, xotin-qizlarni bilimli qilish, yangi usul maktablariga ularni jalb etish kabi qarashlari tahlil etilgan.
Kalit soʻzlar: Otinoyilar, jadid maktablari, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Behbudiy, tarbiya.
Abstract. This article is about the views of Turkestan intellectuals of the late 19th and early 20th centuries on the issue of women, in particular the place and role of women in society, their level of literacy, the efforts made by the moderns in this regard, educating women, sending them to new method schools. views such as attraction are analyzed.
Key words: Female teachers, modern schools, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Behbudi, education.
Hozirgi kunda yurtimizda xotin-qizlarning oʻrni, ularning jamiyat hayotida nufuzini har tomonlama oshirish, ularning taʼlim olishi, ularni ish bilan taʼminlash, ularning mavqeini oshirish masalasida samarali ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev oʻz nutqlarida xotin-qizlar masalasiga toʻxtalar ekan, shunday fikrlarni bildiradilar: “Onalar va bolalar sogʻligʻini muhofaza qilish, ayollarning turmush sharoitlarini hisobga olgan holda, ish bilan taʼminlash, opa-singillarimizning ogʻirini yengil qilish uchun har tomonlama imkoniyat yaratish, xotin-qizlarning ijtimoiy- siyosiy hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha davlat siyosatini davom ettirishni biz oʻzimizning eng muhim vazifamiz deb bilamiz” [1, 12]. Bu fikrlar xotin-qizlar nufuzini, mavqeini har tomonlama tiklash dolzarb ahamiyat kasb etishini koʻrsatadi. Bundan qariyb bir asr muqaddam Turkiston oʻlkasida taraqqiyparvar jadidlar jamiyat hayotida koʻplab masalalar singari xotin-qizlarning jamiyatda nufuzini koʻtarish, ularning taʼlim olishi, huquqlari, umuman jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan qarash va munosabatni oʻzgartirish, avvalo ularni bilimli qilib tarbiyalash masalasida oldingi qatorda turib, bu qarashlarni amalga oshishiga sababchi boʻldilar. Demak, hozirgi davrda xotin- qizlarning jamiyat hayotida oʻrni masalasi qanday muhim ahamiyat kasb etsa, XIX asr oxiri – XX asr boshida ham oʻz dolzarbligi bilan ajralib turgan. Mazkur vaziyatni oʻrganish, tahlil qilish, jadidlarimiz qarashlarini ilmiy muomalaga kiritish bugungi kunda ham dolzarb vazifalardandir.
XIX asr oxiri – XX asr boshida oʻlkadagi maʼnaviy hayotga nazar tashlaydigan boʻlsak, XIX asr oxiri – XX asr boshida ommalashgan otinchilik qizlar uchun boshlangʻich taʼlim vazifasini ado etdi, ularga bibixalifa yoki bibiotinlar dars berganlar. Maktab yillarida qizlar oʻz bibiotinlari boshchiligida asosan, “Haftiyak”ni Qurʼonning 2-3 ta surasini oʻqib oʻrganganlar. Qurʼonning boshqa suralarini esa uylarida oʻrgatishgan. “Qizlar uchun ilm mutlaqo ortiqcha, qizlarni tikish, bichish va toʻqishga oʻrgatinglar, oʻqish va yozishni chetga surib qoʻyinglar”, - degan jamoatchilik fikrining mavjudligi adabiyotlarda keltiriladi. Kamdan-kam qizlar oʻqishga oʻrgatiladi, undan ham kam hodisalarda yozishga, qizlarning koʻpchiligi asosan kunduzgi ibodat, namoz oʻqish bilan band edi. Turkistondagi maktablarda qizlar koʻprok fors va turk sheʼriyatini oʻrganib, yozuvga kam eʼtibor berganlar. Maktablarni tugatishlari bilan qizlarning oʻqishiga yakun yasalgan. Baʼzi joylarda qizlar maktabi boʻlsada, ota-onalar bir yildan keyinoq qizlarining oʻqishini toʻxtatib qoʻyar, odatda ularni juda yosh turmushga berib yuborardilar. Bularning barchasi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turkiston maktab-maorifining oʻziga xos xususiyatlaridan biri edi.
Ismoilbek Gasprinskiy 1884 yil “usuli jadid” maktabini ochib, maorif tizimini isloh etish borasida gʻoyalarini “Tarjimon” gazetasida eʼlon qilib, maorif tizimi oldida hal etish kerak boʻlib turgan vazifalardan biri – qizlar maorifiga ham alohida eʼtibor berish lozimligini [2, 34] taʼkidlagan.
Jadidlar farzandlar tarbiyasi ayollar qoʻlida ekanligi alohida taʼkidlaganlar. Sadriddin Ayniy bu haqida quyidagi fikrni bildirgan edi: “Agarda xotun kishi tarbiyat topgan, savodli boʻlsa, farzandini ham tarbiyat qilib taraqqiylik odami qiladur” [3, 5]. Bu tarbiyada ayniqsa, bolalar bilan koʻproq shugʻullanadigan ona hal qiluvchi ahamiyatga ega hamda onaning bola tarbiyasiga eʼtiborsizlik bilan qarashi fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligi jadidlar tomonidan eʼtirof etilgan.
Abdurauf Fitrat kelajak avlodlarning ongsiz, irodasiz, tarbiyasiz, nodon va johil boʻlmasliklari uchun xotin-qizlar oʻqimishli, sogʻliqni saqlash va bolalar tarbiyasidan xabardor boʻlishlari kerakligini zarur deb biladi. U tarbiyani juda muhim ijtimoiy hodisa, jarayon deb biladi va unda “Oiladagi mushkulvazifa goʻdak tavalludidan soʻng er-xotin boʻyniga tushadigan farzandtarbiyasidir”, deb uqtiradi. Umuman olganda, jadidlarning oila masalasidagi qarashlarida Fitratning “Birinchi tarbiya (oila tarbiyasi) tarbiyaning eng muhimi hisoblanadi. Uning taʼsiri odam tabiatiga mustahkam oʻrnashadi” [4, 89] - degan fikri asos boʻlib xizmat qiladi.
Jadidlar oila va jamiyatda oʻqimishli ayolning oʻrni mavqeyi oʻzgacha ekanligini tushuntirishga harakat qilganlar. Bu haqida manbalardan quyidagalarni bilish mumkin: “...xotinlarni oʻqitmoq va ularning oqillarini jilo bermak va erlari birla yaxshi muomalalar qilmoq va bolalarini tarbiyat qilmoqni yaxshi bilmaklari xususida taʼlim albatta zarurdir”. Toshkentdagi Eshonxoʻja Xonxoʻjayev yangi usul maktabida 3 ta qiz, Sobirjon Rahimovning maktabida 15 ta qiz oʻqigan [5,304]. Qoʻqon shahrining Gʻalchasoy mahallasida Muhammadjon Xoliqiy 1913 yilda dastlab “usuli jadid”, keyin esa qizlar maktabini ham tashkil qilgan. Unda singlisi Soliyaxon Abduxolik qizi oʻquvchilarga saboq bergan. Abdulla Avloniy maktabida ham qizlar oʻgʻil bolalar bilan yonma-yon oʻtirib, tahsil olgan. Tavalloning “Qarindosh va hamshaharlarimiz mazluma qizlar tilidan” sheʼrida [6,67] qizlar ulardan “halokatdan”, “malomatdan” qutqarishni oʻqiitishni, erk va hurlik berishni soʻraydilar. Hattoki, kelajakda oila, tenglik va saodatli, muhabbatli va sadoqatli turmush masalasini oʻrtaga qoʻyadilar.
Shunday bir sharoitda davrning ilgʻor ziyolilaridan Zuhriddin Fathiddinzoda, Rauf Muzaffarzoda, Abdulla Avloniy, Tavallo, Choʻlpon, Ubaydullo, Hamza, Mirmuhsin, Nozimaxonim, Laylixonim kabilar oʻsha davrda gazeta-jurnallar sahifalarida oʻzbek xotin-qizlari maʼnaviy, ijtimoiy, siyosiy hayotini, kundalik turmushini, ularning ilm-fanga, hunarga, sanʼatga oʻrgatish lozimligini taʼkidlab, qator maqolalar yozganlar.
Turkiston jadidlarining otasi boʻlgan Behbudiy millatning koʻzini ochish, asriy qullik iskanjasidan ozod etish, yoʻllarini, avvalo, xalq maʼnaviy jihatlarini oʻstirish bilan bogʻlaydi [7,12]. Birinchidan, diniy, va dunyoviy bilimlarni mukammal oʻqitadigan yangi jadid maktablari tashkil etib, millatning kelajagi boʻlgan farzandlarni komillik darajasiga koʻtarish. Ikkinchidan, jurnallar tashkil qilib omma ongini oshirish, Uchinchidan, teatr turuppalari tashkil qilib, xalqning baʼzi yomon illatlarini fosh etib, madaniy oshirishni maqsad qilib oldi.
Behbudiy bola tarbiyasida oilaning, maktabning rolini koʻrsatar ekan, ularning jismoniy, gigenik tarbiyasiga ham eʼtibor qaratmoq lozim ekanligini oʻqtiradi. Bunday qarashlarni uning “Hifzi sihati oila” (Oilaning salomatligini saqlash) maqolasida bayon etadi. “Bolalarning yosh vaqtlaridan ishqiy gʻazallar oʻqishlariga yoʻl qoʻymaslik, kerak deydi. Ayniqsa, qizlar tarbiyasi haqida gapirib, bunda oʻta ehtiyotkorlik lozim deydi. Oʻn toʻrt yoshga toʻlgan qizlarni bu vaqtda nihoyat diqqat bilan oʻtkazib, ularni zohiriy va botiniy va tarbiyalarini hifzi sihat va shariat taklifigʻa muvofiq etmoqlari kerak. Bu holda qizlarni vujudini quvvatsiz etadurgan har xil taomlardan saqlab ham issiq liboslarni kiygʻizmoq kerak” [8, 81-82] - deydi oʻz maqolasida. Behbudiy. Toʻy-maʼrakalarga ketadigan befoyda pullarga bolalarni hukumat maktablariga berib, bu puldan talabalarni Makka va Madina, Misr, Istanbul va Rossiya dorilfunun va dorusanolarigʻa yuborilib,diniy,dunyoviy va zamonaviy odamlar yetishtirishni yoqlab chiqadi.
“Turkiston viloyatining gazetasi”ning [9, 131] birgina 1908-yildagi bir necha sonlarida eʼlon qilingan huquqshunos muallim va shoir Ibrohim Davronning “Haq soʻz” (37-son), Mirza Toshpoʻlat Alimboy oʻgʻlining “Zaifalarga erlarbarobarida huquq berilsindeganzotlarga ochiq xat” (81-son), “Bir musulmon imzosi” ostida bosilgan “Eski hammom, eski tos” (82-son), Imomali
Buronovning “Tilsiz xotin” (83-son), Fayzullohning “Xotinlarga ilm lozimmi?” (1909, 62-son), “Xotinlar erkaklar bilan barobar emas” (1912, 72-son), “Xotun kishi qozi boʻla oladimi?” (1912, 54-son), “Bir musulmonning teng huquqlilik togʻrisida yozgani” (1913, 91-93-sonlari), “Musulmonlar ovozi (xotin-qizlarga teng huquq berilishi toʻgʻrisida)” (1914, 4-son) kabi publitsistik maqolalarida Turkiston ijtimoiy-maishiy hayotining asosiy muammolaridan boʻlgan mahalliy xotin-qizlarning haq-huquqi va maorifi masalasi haqida bahslar yuritiladi.
Hattoki, Ismoilbek Gasprinskiy ham “Dorur-rohat” asarida ham amirning rafiqasi Xadichabonuning davlatni boshqarish ishlariga aralashishi, ayollar qozi (sudya) kabi turli vazifalarda ishlashi toʻgʻrisida yozar ekan, bu bilan xotin-qzlarning ijtimoiy faoliyatida erkaklardan kam ish bajarmasligini koʻrsatadi” [10, 68 ] - deb yozadi.
Shuning uchun ham jadidlar musulmon xotin-qizlarini ozodlikka chiqarishga, teng huquqli boʻlishga, shu bilan taraqqiyot yoʻliga, ilm-fan, maʼrifatga, dunyoviy ishlarni oʻrganishga chaqirganligi, undaganligi ularning xizmatlari beqiyosligini koʻrsatardi. Eng asosiysi, erkaklar bilan teng huquqda jamoat ishlarida qatnashishlari, saylovlarda ishtirok etishlari uchun qilgan saʼy-harakatlari Turkiston maʼrifatparvarlarining Sharq mamlakatlarida birinchilardan boʻlib intilganligini koʻrsatardi.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Мирзиёев. Ш. Эркин ва фаровон демократик Ўзбекистон давлатини биргаликда барпо етамиз. -Т.: Ўзбекистон. 2016.
- Қосимов Б. Исмоилбек Гаспиринский – Т.: Мерос. 34 б.
- Айни. С. Мусулмонлар хаёти Туркистон вилоятининг газетаси. 1906. 16-19 июл.
- Фитрат А. Танланган асарлар: 2 т. / Таҳрир ҳайъати: О.Шарафиддинов ва бошқ.: Нашрга тайёрловчи ва изоҳлар муаллифи Ҳ.Болтабоев; Масъул муҳаррирлар Н.Каримов, - Т.: Маънавият. 2000.
- Қосимов Б. Миллий уйғониш: жасорат, маърифат, фидойилик.
-Т.: Маънавият, 2002.
- Жабрдийда ёзувчилар халқ хизматида. Таҳрир ҳайъати: Б.Хасанов ва б. Масъул муҳарир: Б.Хасанов. - Т. « Фан». 2013.
- Бехбудий меросининг миллий ғоя тарғиботидаги аҳамияти. Масъул муҳаррирлар: Б.Хасанов,Н.Каримов.- Т. 2014. Б 12
- Бехбудий М. Танланган асарлар. // Тўпловчи, сўзбоши ва изоҳлар: Б.Қосимов 2-нашри, тузатилган ва тўлдирилган. -Т.:«Маънавият»,
- Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси нодир нашрлар зали миллий матбуот библиографияси каталоги. Тошкент. 2010 й. Б-131.
- Қосимов Б. Исмоилбек Гаспиринский – Т.: Мерос. 68 б.