Risligʻoy RASULOVA, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti.
Annotatsiya. Turkiston musulmonlari orasida siyosiy, ilmiy va ijtimoiy jihatdan zamonga mos islohotlarni olib borish, oʻlkadagi turli millatlar oʻrtasidagi ixtiloflar hamda shubhalarga barham berish, millatlarni bir-biriga yaqinlashtirish ishlarida tatarlar oʻz faolliklarini koʻrsatganlar. Turkiston Muxtoriyatining tuzilishi va unda tatarlarning faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Kalit soʻzlar: Turkiston Muxtoriyati, tatarlar, Shoʻroi Islomiya, Tatarlar jamiyati, Turkiston musulmonlari, tatar maktablari.
Abstract. Tatars have shown their activity in carrying out political, scientific and social reforms among Muslims of Turkestan, eliminating differences and suspicions between different nationalities in the country, bringing nationalities closer to each other. Particular attention is paid to the structure of Turkestan Autonomy and the activities of Tatars in it.
Key words: Autonomy of Turkestan, Tatars, Shurai Islamiya, Tatar society, Muslims of Turkestan, Tatar schools
1917 yil Fevral inqilobidan keyin Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida milliy ziyolilarning turli qatlami oʻz haq-huquqlari, siyosiy erkinliklari, davlat tuzilmasi, madaniy-maʼrifiy islohotlar uchun faollik bilan harakat boshladilar. Xususan, inqilobdan keyingi ijtimoiy-siyosiy harakatlarda, Turkistondagi demokratik jarayonlarda tatarlar oʻz faolliklarini koʻrsatib, vujudga kelgan shart-sharoitdan turk- musulmon xalqlari ozodligi, ularning haq-huquqlari himoyasida foydalanishni maqsadga muvofiq deb hisoblaganlar. Masalan, 1917-yil 14-martda Toshkentda “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining birinchi tashkiliy yigʻilishida 48 nafar mahalliy aholi vakillari qatori 13 nafar tatar va qozoqlardan ham qoʻshimcha saylangan. Bu umumiy hisobda 61 kishidan iborat edi. Mazkur jamiyat oʻz oldiga Turkiston musulmonlari orasida siyosiy, ilmiy va ijtimoiy jihatdan zamonga mos islohotlarni olib borish, oʻlkadagi turli millatlar orasida boʻlgan va boʻlishi mumkin boʻlgan ixtiloflarga hamda shubhalarga barham berish, millatlarni bir-biriga yaqinlashtirish vazifalarini qoʻydi.
Faoliyat jarayonida “Shoʻroi Islomiya” jamiyati ish darajasini kengaytirish maqsadida nomini “Turkiston Shoʻroi islomiya jamiyati” deb oʻzgartirdi. Mazkur jamiyat oʻz faoliyatini oʻlka miqyosida olib borish bilangina “kifoyalanmay, “Alash”, Markaziy Rossiya tatar-boshqird jamiyatlari, “Ittifoq” jamiyatlari bilan aloqa oʻrnatgan edi” [1,43-44]. 1917 yil 4-aprelda Toshkentdagi rus-tatar maktabi binosida boʻlgan yigʻilishda, tatar ziyolilarining Turkistonda fuqarolik mavqelarini koʻtarish maqsadida “Ittifoq” jamiyati tuzildi [2].
Mazkur “Ittifoq” jamiyati tomonidan qabul qilingan qarorda Toshkentda “Turkistonda turk-tatarlarning markaziy byurosi” nomida jamiyat tuzish va uning maqsadi etib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy masalalarda oʻlka musulmonlariga rahbarlik qilish belgilangan [3].
Mazkur jamiyatning 1917-yil 14 maydagi umumiy majlisida uning Nizomi qabul qilindi va yashirin ovoz berish yoʻli bilan X.Rahmatullin, Abdurashidov, X.Alishirinskiy, A.Safogirev, I.Tohiriy, R.Nuʼmonov, S.Nuriddin, S.Yusupov, R.Xudoyberganov, I.Chanishev, A.Abduholiqov, S.Abdusattorov, Q.Bulatov, I.Shamsuddinov, Gʻ.Yunusov va boshqalar, jami 21 kishi idora aʼzoligiga saylandilar [4,7-8].
Tatarlarning faolligi Turkiston boshqaruv tizimining huquqiy asoslarini yerli aholi manfaatlariga moslab yuritishida ham koʻzga tashlanadi. Xususan, 1917 yil oktyabrida xalq sudyalarini saylash bilan bogʻliq huquqiy masalada: qonuniy deb tan olish yoki noqonuniy deb, eski xalq sudyalarini lavozimiga qaytarish muhokama qilindi. Mazkur majlisda huquqshunos I.Shagiahmedov yangi tartibda saylangan xalq sudyalari faoliyatiga huquqiy maqom berish zarur, deb hisoblaydi [5,20]. Turkistonda vujudga kelgan shart-sharoit milliy davlatchilik masalasini, oʻlkada Muxtoriyat tuzishni qoʻydi. Turkistonda Muxtoriyat gʻoyasi ilk bor oʻlka musulmonlarining I qurultoyida koʻtarilib, bu “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining faoliyati bilan bogʻliq hisoblanadi. Mazkur masalada tatar ziyolilaridan Nushirvan Yovushev tomonidan: “Rossiyada 30 million turk-tatar xalqlari bor. Ular madaniy jihatdan bir- biriga juda yaqin. Turkiston esa turklarning asl vatanidir. Shu sababli Turkistonga avtonomiya berilgan taqdirda Rossiyadagi boshqa turklar Turkistonli qardoshlariga yordamlashadilar”, - deydi. Yana Turkiston Muxtoriyatida boshqaruv masalasida soʻz yuritib: “Muxtoriyatni qoʻlga kiritgandan keyin uni boshqarish masalasi ham yuzaga keladi. Buning uchun moddiy va maʼnaviy kuch kerak boʻladi. Baʼzi birovlar xalq nochor deb, bunga qarshi turibdilar. Toʻgʻri, hozir ayrim yetishmovchiliklar bor. Lekin yosh taraqqiyparvarlar bilan ishga kirishilsa, keng yoʻllar ochiladi. Shundan keyin tez orada mamlakatni boshqara oladigan darajaga yetamiz” deb umid bildirgan edi [6,137-138].
Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida tatarlar faolligi 1917-yil 26-28-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida ham koʻzga tashlanadi. Qurultoy Turkiston Muxtoriyatini eʼlon qilgandan keyin uning boshqaruv tizimida: Muxtoriyat parlamenti – Xalq majlisiga tatar va boshqirdlardan I. Ubaydullin, I. Shagiahmedov, U. Derbisalin, M. Oqchurin, M. Mansurov, I. Davletshin, X. Shirinskiy va S. Yusupov saylandilar. Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat hukumati tarkibida bosh vazir oʻrinbosari sifatida Turkiston Musulmonlari Shoʻrosi markaziy qoʻmitasining raisi I. Shagiahmedov bor edi [7,53-54]. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, I. Shagiahmedov Turkiston Muxtoriyatidagi moliya vaziri boʻlmish S. Gersfeldni oʻrniga oʻtdi [8,137]. Yana tatarlardan A. Gaynullin Turkiston Muxtoriyatining harbiy boʻlimida ish yurituvchi lavozimida faoliyat yuritgan[9,21].
Turkiston Muxtoriyatining eʼlon qilinishi oʻlkadagi
barcha mahalliy aholi bilan bir qatorda tatar millatiga mansub maʼrifatparvar ilgʻor ziyolilarni ham hursandchilik bilan qarshi olishiga olib keldi. Xususan, 1917-yil Tatar jamiyati vakillarining Qoʻqonda Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinganiga munosabat yuzasidan tatar maʼrifatparvari Kabir Bakir raisligida majlis boʻlib, Turkistondagi tatar jamiyatlari Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qarorlar qabul qilindi. Xususan, majlisda, Turkistondagi har bir shahar va qishloqlarda tatarlarning milliy va turmush tarzini yaxshilash uchun mahalliy jamiyatlar tuzilishi, bu Tatar jamiyatlari madaniyat, maorif, moliya ishlarida yetakchilik qilish yoʻlida oʻlka tatar markazi yordam uyushtirishini taʼkidlandi. Tatar markaziy byurosi huzurida din va maorif shoʻbasi tuzilishi kerakligi, Turkistondagi tatar mahallalariga imom, muazzin, muallim hamda muallimalarni imtihon qilish va nazoratga olish joriy etilishini aytib oʻtildi [10].
Andijon shahrida istiqomat qiluvchi tatarlar 1917 yil 3-4-dekabr kunlari Turkiston Muxtoriyati bayramini nishonlab, bu bilan muxtoriyatga turk-musulmon xalqlari xayrixohligini bildirdilar. Ayni paytda, 4 dekabr kuni nafaqat katta yoshdagi tatarlar, balki maktab yoshidagi bolalar ham “Ittifoq” jamiyati idorasida bayram uyushtirdilar. Shuningdek, 4-dekabr kuni “Ittifoq” jamiyati aʼzolari, maktab oʻquvchilari va musulmon askarlari birgalikda, musiqa sadolari ostida Eski shaharga borib, mahalliy aholini Andijon tatarlari nomidan Muxtoriyat eʼlon qilinganligi munosabati bilan qutladilar. Bu voqea- hodisalar shundan dalolat beradiki, oʻlkada yashayotgan, uning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol qatnashayotgan, harbiy xizmat oʻtayotgan tatarlar Turkistonda Muxtoriyat eʼlon qilinganini shodu xurramlik bilan kutib olganlar.
1917-yil 25 dekabrida Turkiston Musulmonlari Shoʻrosi tomonidan musulmon askar va ishchilari favqulodda qurultoyi boʻlib, unda tatarlardan Turkiston Muxtoriyati bosh vazir oʻrinbosari I.Shagiahmedov, Markaziy musulmon harbiy shoʻrosi nomidan I.Ubaydullin, Samarqandda musulmon askarlar nomidan M.Oqchurinlar faol qatnashdilar. Oʻz navbatida, Muxtoriyatni qoʻllab-quvvatlab Turkiston Harbiy Shoʻro raisi O.Sh.Klevleev tomonidan 1917-yil 26-dekabrda Petrogradga yuborgan telegrammasida: “Turkiston xalqi bir ovozdan Turkiston Muxtoriyatini eʼlon qilib, oʻlkaning boshqaruv usulini Turkiston Taʼsis Majlisi tomonidan ishlab chiqishni taklif qildi. Ruslar va yevropaliklar oʻlkaning 2 foizini tashkil qilsa-da, xalq shoʻrosiga saylanganlarning 33 foizini egalladi. Biroq, Rossiya komissarlari tomonidan Turkiston Muxtoriyatini tugatish yoʻlida tadbirlar qilinmoqda. Musulmon ishchi va askarlarning I qurultoyi qarorlarini maʼlum qilib, sizni Rossiya demokratik jumhuriyatining oliy idorasi ekanligingizdan, boshqaruvni Toshkentdagi komissarlar sovetidan Turkiston Muxtoriyati hukumatiga topshirishga buyruq berishingizni iltimos qilaman. Toki orada tortishuv boshlanib, Turkiston mamlakati halokatga duchor boʻlmasin”, – deydi [11].
Turkiston Muxtoriyati oʻlkada istiqomat qilayotgan tatar ziyolilarini befarq qoldirmadi. Masalan, Bulat (Poʻlat) Soliyev Turkiston Muxtoriyatini tashkil etishda, mazkur hukumatning Milliy majlisi aʼzosi sifatida qatnashgan. U Qoʻqon shahrida chop etiladigan “El bayrogʻi” gazetasi muharriri boʻlib, mazkur gazetani Turkiston Muxtoriyati organiga aylantirish yoʻlida katta hissa qoʻshgan. B. Soliyev muharrirligidagi “El bayrogʻi” gazetasida Turkiston Muxtoriyatining Murojaatnomasi chop etilib, unda: “...inson qoni bilan sugʻorilgan yer osmonga nido qilib tinchlik soʻramoqda, holdan toygan insoniyat holsizlik bilan qilichini tushirmoqda, insoniy beʼmanilik ilohiy oqillikka yoʻl bermoqda”, - deyilgan [12,7].
Turkiston Muxtoriyat boshqaruv tizimida muhim rol oʻynaganlar qatorida tatar ziyolisi M. Chanishev Qoʻqondagi toʻs- toʻpolon, fojiali kunlarda zimmasiga bir necha lavozimlarni olishiga, mumkin qadar aholini bu beboshlikdan saqlab qolishga va ayni paytda Turkiston Muxtoriyati gʻoyalarini himoya qilishga harakat qilgan. Masalan, M.Choʻqayev Turkiston Muxtoriyati Bosh vaziri lavozimidan isteʼfoga chiqqach, M.Chanishev zimmasiga uning oʻrnini egallash yuklatilgan. Ayni paytda, 1918-yil fevralidan Turkiston Muxtoriyati Harbiy kengashi raisi lavozimida ham faoliyat olib bora boshlagan. Bundan tashqari polkovnik M.Chanishev Turkiston Muxtoriyatida harbiy ishlar vaziri – musulmon qoʻshinlari qoʻmondoni sifatida sovet qoʻshinlariga qizilarmiyachilar qurolini topshirishini, taslim boʻlishini qatʼiyat bilan talab qilgan. Ayni paytda, Turkiston Muxtoriyatidagilarga qatʼiyatli boʻlishda davom etish, qizilarmiyachilarga taslim boʻlmaslik tarafdori boʻlgan [14,92-95].
Xulosa qilib taʼkidlash joizki, Turkiston Muxtoriyati uchun kurashda tatarlar ishtiroki, ularni mazkur milliy hukumatni qoʻllab-quvvatlashi turk-musulmon xalqlari oʻrta- sidagi hamkorlik va birdamlik aloqalaridan dalolat beradi. Tatarlarni Turkiston Muxtoriyati uchun kurashda ishtiroki, amalda oʻlka turk-musulmon xalqlarining har qanday vaziyatda ham yelkama-yelka turib, mustaqillik va ozodlik uchun kurasha olishga qodir ekanliklarini koʻrsatdi. Bu kurash dastlabki jarayonda madaniy-maʼrifiy taraqqiyot yoʻlida amalga oshirilgan boʻlsa, 1917 yil Fevral inqilobidan soʻng siyosiy tus oldi. Ayni paytda tatar ziyolilarining murakkab vaziyatlarda turkistonlik qardoshlari bilan yelkama-yelka turib, yagona milliy davlatchilik uchun kurashlari turkiy xalqlarning Turkiston ozodligi yoʻlida kamarbasta boʻlganliklarini koʻrsatadi. Shu oʻrinda, taʼkidlash joizki, keyinchalik bolsheviklar makr-hiylalari ostida koʻplab tatar ziyolilari (Yu.Ibrohimov, O.Klevleev, S.Abdusattorov, Yu.Aliyev va boshqalar) Turkistonda sovet hokimiyatini mustahkamlash yoʻlida xizmat qildilar.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Туркестан в начале ХХ века: к истории истоков национальной независимости. – Тошкент: “Шарқ”, 2000.
- Абдурашидханов М. Танланган асарлар. – Тошкент: “Маънавият”, 2003.
- “Иттифоқ” жамияти // “Улуғ Туркистон”. 1917 йил 25 апрель
- “Туркистондағи тоторларнинг съезди” // “Улуғ Туркистон”. 1917 йил 25 апрель.
- Мингнаров А. Туркистонда 1917–1918-йиллардаги миллий сиёсий ташкилотлар (Миллий матбуот материаллари асосида). – Тошкент: “Маънавият”, 2002.
- Ўз МА, И-1044 фонд, 1-рўйхат, 12-иш, 20-22-варақлар.
- Мингнаров А. Туркистондаги ижтимоий-сиёсий жараёнларнинг миллий матбуотда ёритилиши (1917-1918 йиллар). Тошкент: “Истиқлол нури”, 2013.
- Аъзамхўжаев С. Туркистон Мухторияти. – Тошкент: “Маънавият”, 2000.
- Ўзбекистоннинг янги тарихи. Ўзбекистон совет мустам- лакачилиги даврида... Иккинчи китоб. Тошкент: “ШАРҚ” 2000.
- Исоқбоев А.А. Туркистон ижтимоий-сиёсий ва маданий ҳаётида татар-бошқирд маърифатпарварларининг фаолияти (XIX аср охири – XX аср бошлари). Тарих фанлари номзодлик илмий даражаси диссертацияси. Наманган, 2008.
- Раджабов Қ., Ҳайдаров М. Туркистон тарихи (1917-1924 йиллар). – Тошкент: “Университет”, 2002.
- “Туркистондағи татарларнинг қарорлари” // “Улуғ Туркистон”. 1917 йил 20 декабр.
- Мингнаров А. Туркистондаги ижтимоий-сиёсий жараёнларнинг миллий матбуотда ёритилиши 1917–1918-йиллар). – Тошкент: “Истиқлол нури”, 2013.
- Андижонда Мухторият намойиши // “Улуғ Туркистон”, 1917. 16-декабрь.
- Темиров Ф. Пўлат Солиев. Тошкент: “ABU MATBUOT- KOHSALT”, 2011.