Muslimbek ALIJONOV, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi.
Annotatsiya. Ushbu maqolada jadid taraqqiyparvarlari tomonidan milliy matbuotda e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyati to‘g‘risidagi maqolalari tahlil etilgan.
Kalit so‘zlar: Turkiston Muxtoriyati, jadidchilik harakati, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, G‘oziy Yunus, Hidoyatulla Aliyev, Mannon Ramz, “Qizil O‘zbekiston” gazetasi.
Abstract. In this article, the articles on Turkestan Autonomy in the national press by modern progressives are analyzed.
Key words: Turkestan Autonomy, resistance movement, Mahmudhoja Behbudi, Abdurauf Fitrat, Ghazi Yunus, Hidoyatulla Aliyev, Mannon Ramz, “Kyzil Uzbekistan” newspaper.
Turkiston Muxtoriyati o‘zining ulug‘vor ta’siri bilan O‘zbekiston tarixida katta iz qoldirdi. Ta’kidlash lozimki, Turkiston Muxtoriyati davlatchilik nuqtayi nazaridan o‘lkada yashayotgan barcha millatlarning mutanosibligi prinsiplari, umumdemokratik va ko‘p ming yillik qadriyatlarning o‘zaro uyg‘unligi asosida barpo etilgan edi. Turkiston Muxtoriyati o‘z faoliyati davomida aholining iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish, moliya siyosatini yuksaltirish, milliy qo‘shin tuzish borasida faol ishlarni amalga oshirdi. Turkiston Muxtoriyati Sovet hokimiyatidan farqli o‘laroq, qonuniy asosda tashkil etilgan holda, o‘lkada yashovchi barcha insonlarning millatidan va dinidan qat’iy nazar birdek huquqlari e’tirof etilgan va kafolatlangan davlatchilik na’munasi edi.
Qayd etish kerakki, o‘lka taraqqiyparvarlari to‘la mustaqillikni emas balki avtonomiya shakliga ega bo‘lgan hokimiyat boshqaruvini talab qilishgan edi. Bu borada Mahmudxo‘ja Behbudiy “Federatsiya, ya’ni Muxtoriyat, biz Turkiston musulmonlari istaymizkim, Rusiya mamlakatig‘a yopishib turub, xorijiy ishlarg‘a aning ila bir bo‘lib turub, dohil (ichki – M.Alijonov) ishlar va tirikchiliklarimizni o‘zimiz idora etsak, muning kayfiyati shunday bo‘lur” [6; 2]. Aytish mumkinki, bu vaqtinchalik chora bo‘lib, Muxtoriyat sifatida Turkiston kuch to‘plab olgach keyinchalik to‘la mustaqillik uchun ham albatta siyosiy harakatlar taraqqiyparvarlar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lar edi. Qolaversa Behbudiy o‘z maqolasini “Haq olinur, berilmas” deb nomlagani ham bejiz emas.
Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi o‘sha davr taraqqiyparvarlarining barchasini hushnud etdi, to‘lqinlantirdi. Jumladan Abdurauf Fitrat: “Turkiston Muxtoriyati Temur hoqonining chin bolalari yonida, Turkistonning tubjoy turklari orasinda bundan muqaddas, bundan suyunchlik bir so‘zni borlig‘iga ishonmayman. Turkiston turkining qonini, qaynatguvchi, iymonini yuksaltirguvchi bir quvvat bor esa, yolg‘iz shu so‘zda bordir: Turkiston Muxtoriyati” [1; 3], deb iftihor qildi. Bu fikrni “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1926- yil 10-dekabr sonidagi maqolasi bilan Mannon Ramz ham qo‘llab- quvvatlaydi: “Bundan ilgari bo‘lg‘on musulmon qurultoylari bo‘lsun, Turkiston va umumiy Rusiya qurultoylari bo‘lsun, hammasi bir og‘izdan deyarlik Turkistong‘a Muxtoriyat olishning lozim ekanligi to‘g‘risida qaror qilg‘on edilar. Bolsheviklar hukumatining boshlig‘i Lenin ham so‘nggi farmonida Rusiyada yashag‘on millatlarg‘a, shu jumladan qozoq, bilan Turkiston musulmonlarig‘a muxtoyita e’lon qilib, o‘z ishlarini o‘z qo‘llarig‘a olish mumkin ekanligini bayon qildi. Shuning uchun bu kun Turkiston qurultoyining Turkistonni Muxtoriyatli deb e’lon qilishi xalq va hukumat tilagiga hilof emas edi” [7; 2].
Muxtoriyatning e’lon qilinishi o‘lka ziyolilarini chinakamiga to‘lqinlantirib yubordi. Milliy matbuot Muxtoriyatni olqishlovchi she’r va maqolalar bilan to‘ldi. Shavqiy Shaxrixoniy, Cho‘lpon, A. Begi, Hidoyatulla Aliev, Said Sunchalay, Hamza Hakimzoda, G‘ulom Zafariy, Muhtor Bakr kabi ziyolilar matbuot sahifalari orqali xalqni Muxtoriyatning tashkil etilishi bilan qutlab, ularni birlikka chaqirdi. Jumladan Hidoyatulla Aliyev “Turkistong‘a she’rida:
“Ko‘rmaysanmi oldda nurlar sochub, Chiqdi sening botqon quyoshing…
…Kerak senga bikrak, kuchli to‘pqa Qarshu turaturg‘on erlaring.
Jonin, tanin shunga qurbon etub,
Saqlay turg‘on erlaring” [2; 1], deb yozdi.
Yana bir taraqqiyparvar adib G‘oziy Yunus ham taraqqiyparvar ziyolilar qatori Turkiston Muxtoriyatining tashkil topganligidan hursand bo‘ldi va o‘zining ko‘plab maqolalarida qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Jumladan, G‘oziy Yunus “Ishchilar dunyosi” jurnalida faol tarzda Turkiston Muxtoriyatining legitimligini saqlashga, mustahkamlashga chaqirdi va ushbu Muxtoriyatning noqonuniy tuzilganligiga doir fitna nazariyalarni qat’iyyan rad etdi. Uning “Toshkent masjidi jome’inda 5-yanvar, juma kuni “Ulamo” jamiyati tarafidan katta yig‘in bo‘lib, Umumturkiston uchun zo‘r ko‘ngilsiz voqea bo‘lib o‘tdi. Tarixda Turkiston uchun bir qaror sahifa ochildi” jumlalari bilan boshlanuvchi “Turkiston uchun xo‘rlik” maqolasida, mavjud vaziyatga xolisona baho berishga harakat qiladi [4; 94], shuningdek, masjidda yig‘ilgan ulamolarning Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, aksincha unga nisbatan ishonchsizlik bildirganligini qattiq qoraladi. Muallif: “Kechagina masjidi jome’da qariyb ikki yuz ming bir og‘izdan ahd qilib, takbir aytib, yig‘lashib Ho‘qanddag‘i muvaqqat hukumatga bay’at qilib, kerak bo‘lsa jonimiz, molimiz, qonimiz bilan yordam qilmoqqa vada qilub tarqalib edik. Yana ikkinchi marotaba muvaqqat hukumatga sodiqligimizni ajnabiy millatlarga ko‘rsatmak uchun 13-dekabrda yoshu-qari, ulamoyu-ishchi bayroqlar ko‘tarib namoyish yasab, ikkinchi qaytadan muvaqqat hukumatga sodqiligimizni izhor qildik. Ma’al ta’assuf orada hech qancha fursat o‘tmasdan muvaqqat ozmi-ko‘pmi ishlab turganidan bir to‘da loyqa suvdan baliq ovlaydirgan irtijoparast Muxtoriyat dushmanlari masjidi jome’da odamlar o‘rtasida Muxtoriyat xususinda so‘z qo‘zg‘otib, sodda xalqning ko‘ziga bir dona tuhumni yetmish hil bo‘yab ko‘rsata boshladi. Bechora bizim xalq kamoli sofdillig‘idan bul janoblarning nohaq so‘zlarin haq fahmlab hayajonga keldilar” [3; 6] deb yozadi.
Bolsheviklar hukumati Turkiston Muxtoriyatini harbiy kuch bilan yo‘q qilib tashlashdan oldin xalq o‘rtasida uning obr’o-e’tibori va legitimligini parchalashni maqsad qilgan edi. Buni albatta ko‘pchilik davr ziyolilari singari G‘oziy Yunus ham chuqur anglagan. Shu boisdan ham u: “…muhtaram ulamolarimizdan, suyukli yoshlarimizdan o‘tinamizki, bundan buyon har ikki taraf ham sof bo‘lib harakat qilingiz. Ulamolarimiz qora xalq bizning orqamizda deb Turkistonga uyat keltiradirgan ishni ishlamasunlar. Yoshlarimiz ham o‘z foyda- zararini ajrata olmagan xalqimiz uchun kecha-kunduz rahmat o‘rniga la’nat eshitib, boshdan oyoq kufr pechati bilan pechatlanib, oxiri o‘rtada biror qonli voqea bo‘lib, badbaht Rusiyaning ahvoli Alloh saqlasun, bizim Turkiston boshiga tushmasun deb qo‘rqamiz” [3; 7], deb yozgan holda, xalqni Muxtoriyatni asrab qolish yo‘lida o‘zaro ihtiloflarni bas qilib birlashishga chaqirdi. G‘oziy Yunus quruq qog‘ozda Muxtoriyat deb qo‘yilgani bilan tuzilib qolinmasligini, buning uchun Turkistonda yashovchi olti yoshdan oltmish yoshgacha (ya’ni barcha – M.Alijonov) chin dildan istashi va bu yo‘lda jiddu-jahd qilishi lozimgini urg‘ulab, xalqni davlatchilikka doir masalalarni tinch va demokratik tamoyillar asosida ovoz berish yo‘li bilan hal etishga chaqiradi. Biroq muallif eng avvalo ana shu ovoz berish madaniyatini shakllantirish lozimligini qayd etib, bu borada Turkiston xalqining siyosiy madaniyati o‘ta sayoz ekanligini ochiq-oydin ta’kidlaydi: “Madaniy millatlar kabi qo‘l ko‘targanda masalani hal bo‘lishini bilmasmiz, Eshmuhammad qo‘l ko‘tarsa, Toshmuhammadboy qo‘l ko‘taradir. Ulamo qiyofatida bir kishi minbarga chiqib “Bizlarga oq kerak” desa, “Ha taqsir oq kerak”, agar qora kerak desa “Ha taqsir, albatta qora kerak” deb qichqiradir” [3; 7]. G‘oziy Yunus o‘zining yuqoridagi so‘zlari bilan xalqning ijtimoy- siyosiy ongining qay darajadaligi xususida ham ma’lumot bermoqdaki, muallifning istagi kim qayoqqa yetaklasa ketaveradigan mavjudotni emas, balki mavjud holatni va taraflarning o‘zaro da’volarini tahlil qila oladigan, shundan so‘nggina xulosa chiqara oladigan shaxslar ommasini (ya’ni huquqiy ong keng miqyos otgan jamiyatni) yaratish nechog‘lik zarur ekanligiga ishora qiladi.
G‘oziy Yunusning Muxtoriyatni himoya qilib yozgan maqolalarining ichida “Diniy majallada e’tiborsizliq” felyetoni ayniqsa muhim hisoblanadi. Ushbu felyeton “Ulamo” jamiyatining nashri-afkori bo‘lmish “Al-Izoh” jurnalida Mulla Pirmuhammad A’lam imzosi bilan e’lon qilingan “Bayoni haqiqat zarifona” nomli maqolaga raddiya o‘laroq yozilgan. Maqola muallifi bo‘lmish Mulla Pirmuhammad A’lam o‘zining oldiga hali turmush qurmagan va nikohsiz homila orttirgan ayol kelganligini, uning bu ishi shariatga zid ekanligini, buning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini aytib unga tanbeh berganligini yozadi. Ayol ketgach go‘yoki muallif hayolga cho‘mib Turkiston Muxtoriyati ham go‘yoki nikohsiz (noshar’iy) tug‘ilganligiga shama qiladi. Ushbu maqola G‘oziy Yunusni haqli ravishda g‘azabini keltiradi. Shu boisdan ham u ulamolardek katta jamiyatning yuzi hisoblangan jurnalda bundayin saviyasiz va tuhmatdan iborat maqolani chop etilishini qattiq qoralaydi: “Aqli qosironamizcha Suval Muqaddar xonimning g‘ayri mashrug‘ bo‘lgan homilasi a’lam janoblarining o‘z pushti kamarlaridan bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki bul kishi birlan donlashib yurganiga o‘zlarin iqrorlarincha o‘n oydan ziyodaroq vaqt bo‘ldi. Agarda xonimning muddati homilasi to‘lub o‘g‘ul tug‘sa ismin Moskov syezdiga bag‘ishlab “Mulla Musovot” qo‘yulsa, bul shum qadam agarda o‘lmasdan katta bo‘lsa, Toshkentdagi masjid, mozorlarni sotib aqchasig‘a a’lam janoblarig‘a o‘xshash musallas olib ichib bituradir” [5; 8]. Bir jihatni alohida ta’kidlash kerakki, Pirmuhammad A’lam Zulfiya otinning akasi bo‘lib, demak u G‘oziy Yunusning tog‘asi ham edi. Yaqqol ko‘rinib turibdiki, G‘oziy Yunus millat va Muxtoriyat oldidagi rishtani qarindoshchilik rishtalaridan ham ko‘ra balandroq qadrlagan holda, vaziyatda xolisona baho bergan.
Xulosa o‘rnida aytganda, jadid taraqqiyparvarlari Turkiston Muxtoriyatini milliy matbuot orqali qizg‘in qo‘llab-quvvatlab, yosh davlatni asrab qolish va legitimligini mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib bordi, Muxtoriyat oldida o‘z yechimini kutib yotgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqib, jamiyat va hukumat e’tiborini ularga qaratishga harakat qildilar.
MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI
- Fitrat. Muhtoriyat // “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 5-dekabr.
- Aliyev Turkistong‘a // “Ulug‘ Turkiston” gazetasi. 1918-yil 6-yanvar.
- G‘oziy Turkiston uchun xo‘rlik // “Ishchilar dunyosi” jurnali. 1918-yil 4-yanvar. – №1.
- Irzayev Turkiston Muhtoriyati tarixini o‘rganishda muhim manba. “O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muhtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani mateariallari. –T.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2017. –B. 94.
- Ishchi (G‘oziy Yunus). Diniy majallada e’tiborsizliq // “Ishchilar dunyosi” jurnali. 1918-yil 1-mart. – № 4.
- Behbudiy. Haq olinur berilmas // “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 13-iyul.
- Mannon Muxtoriyat // “Qizil O‘zbekiston” gazetasi. 1926-yil 1-dekabr.