Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATI HUKUMATINING SOVET HOKIMIYATI  TOMONIDAN TOR-MOR ETILISHI

TURKISTON MUXTORIYATI HUKUMATINING SOVET HOKIMIYATI TOMONIDAN TOR-MOR ETILISHI

Qahramon RAJABOV, tarix fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi.

 

Annotatsiya. Maqolada Turkiston Muxtoriyati hukumatining 1918-yil fevral oyida bolsheviklar va sovet hokimiyati tomonidan zoʻravonlik bilan tugatilishi, Qoʻqonda amalga oshirilgan xunrezliklar koʻrsatilgan. U oʻsha davrga oid arxiv hujjatlari va davriy matbuot materiallari asosida yozilganligi uchun ham qimmatli maʼlumotlarni beradi.

Kalit soʻzlari: Turkiston Muxtoriyati, taraqqiyparvarlar, milliy matbuot, qoʻrboshi, qizil gvardiyachilar, arman dashnoqlari, bolsheviklar, Qoʻqon qirgʻini.

Abstract. This scholarly article presents a detailed investigation into the forcible dissolution of the Turkestan Muxtoriyat by the bolsheviks and soviet authorities in february of 1918, as well as the violent Kogan massacre that ensued. The study relies heavily on primary documents and contemporary periodical press materials to provide new insights into the events of the time. Key words: Government of Turkestan Muxtoriyat, progressive reformers, national journalism, korboshi, red guards, dashnaks, solsheviks, slaughter.

Turkiston Muxtoriyati hukumatini bolsheviklar oʻzlariga katta xavf deb bilganlar. Shuning uchun ham, Turkiston oʻlkasi ishchi, askar va dehqon deputatlari Sovetlarining 1918 yil 19–26 yanvarda Toshkentda boʻlgan favqulodda IV syezdida muxtoriyat hukumatiga munosabat masalasi asosiy sanalgan edi. Qurultoy Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning aʼzolarini qonundan tashqari holda deb hisoblab, hatto, vazirlarni qamoqqa olish haqida qaror qabul qilgan [1; 8; 60-153].

1918 yil 30 yanvardan Turkiston oʻlkasi Xalq Komissarlari Soveti Turkiston Muxtoriyatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshlab yuboradi. Dastlab Skobelevdan qizil gvardiyachilar [Qizil gvardiyachilar — bolsheviklar tomonidan Rossiyada tashkil qilingan qurolli harbiy otryadlar. Muvaqqat hukumat davrida bolsheviklar hokimiyatni egallash uchun 1917 yil bahori va yozida mamlakatning barcha yirik shaharlarida, jumladan, Turkistonda ham dastlabki qizil gvardiyachilar otryadlarini tuzishdi. Bu otryadlar ishchilardan tashqari qamoqxonalarda saqlanayotgan turli jinoyatchilar, oʻgʻri va qaroqchilardan tashkil qilingan. Bolsheviklar 1917-yil 25-oktyabrda Petrogradda Muvaqqat hukumatni agʻdarishda asosan qizil gvardiyachilardan foydalanishdi. Bu paytda poytaxtda ularning soni 20000 – 30000 kishi boʻlgan. Mamlakatda ularning miqdori 250000 – 300000 kishi edi. Aynan Turkistonning Toshkent, Skobelev, Andijon, Perovsk, Samarqand va boshqa shaharlaridan yuborilgan 11 eshelon qizil gvardiyachilar otryadlari arman dashnoqlari drujinalari bilan birgalikda 1918 yil fevral oyida Qoʻqon qirgʻinini amalga oshirib, Turkiston Muxtoriyati hukumatini tugatishdi.

1918 yil 23 fevralda qizil gvardiyachi otryadlar asosida sovet hokimiyati tomonidan dastlab Petrogradda qizil armiya (rasmiy hujjatlarda: Ishchi-Dehqon qizil armiyasi) tuzildi. 1918-yil mart oyida qizil gvardiyachilar otryadlari tugatilib, ular qizil armiya safiga oʻtkazildi] otryadi 30-yanvarda kechqurun Qoʻqonga yetib keladi. Otryad toʻp va pulemyotlar bilan qurollangan edi. 31 yanvardan shaharda hayot-mamot janglari boshlandi. Oʻsha kuni soat 15.00 da Qoʻqon Eski shahari ilk marta toʻplardan oʻqqa tutilgan. Qizil gvardiyachilar va arman dashnoqlari drujinalari [Arman dashnoqlari drujinalari – “Dashnaksutyun” arman inqilobchi partiyasining aʼzolaridan tashkil topgan qurolli kuchlar. Aynan arman dashnoqlari 1918–1919-yillarda Fargʻona vodiysida qizil armiya bilan birgalikda tinch aholini qirgʻin qilgan hamda ularning mol-mulkini talagan] yangi shahar qoʻrgʻonida boʻlgan sovet kuchlari bilan birgalikda hujumga oʻtgan. Ularga qarshi

Muxtoriyat hukumatining 400 kishilik askari (baʼzi manbalarda 1000 kishi) jangga kirgan [Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi. 1918-yil 12-mart].

Bolsheviklar Skobelevdan tashqari Andijon, Samarqand, Toshkent, Perovsk (hozirgi Qiziloʻrda) shaharlaridan keltirilgan qizil gvardiyachilar otryadlari va arman dashnoqlari drujinalarini Qoʻqonga tashlaganlar. Skobelev harbiy guruhiga K. Osipov [Konstantin Osipov — Toshkentda sovet hokimiyatiga qarshi koʻtarilgan harbiy isyon rahbari (1919-yil yanvar). Skobelev uyezdi harbiy komissari (1917–1918). Turkiston ASSR] boshchilik qilgan. Sovet hokimiyatining Muxtoriyat hukumatiga qarshi boshlangan dastlabki qurolli tajovuziga esa, Qoʻqon yangi shahar Soveti raisi bolshevik Yefim Babushkin [Yefim Babushkin (1880–1927) – Fargʻona vodiysida sovet hokimiyatini majburan oʻrnatishning faol qatnashchisi. Bolsheviklar partiyasi aʼzosi. 1917 yil avgustda Petrograddan Qoʻqonga yuborilgan. Qoʻqon Soveti raisi (1917–1918). Turkiston Muxtoriyati hukumati agʻdarib tashlanishida “tashabbus” koʻrsatgan] rahbarlik qilgan. Turkiston oʻlkasi Xalq Komissarlari Soveti yangi hisob bilan 1918 yil 14 fevralda (eski hisob bilan 1 fevralda) Fargʻona viloyatida harbiy holat eʼlon qiladi [2; 650-651].

Ilk jangda Muxtoriyatning taxminan 1000 kishidan iborat milliy qoʻshinidan tashqari qoʻqonlik tinch aholi vakillari ham qatnashganlar. Asosan bolta, choʻkich, ketmon, oʻroq, tayoq koʻtargan xaloyiqning soni 10000 kishiga yetgan. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil gvardiyachilar Qoʻqon shahriga qilgan hujumini mardonavor qaytardilar. 19-fevralga oʻtar kechasi bu yerga Toshkentdan Turkiston oʻlkasi harbiy komissari Ye.L.Perfilyev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon qoʻshin yetib kela boshladi. Umumiy qoʻmondonlik K. Osipov zimmasiga yuklanadi.

Sovet qoʻshinlari Qoʻqonni uch tarafdan qurshovga oldi. Artilleriya toʻplari toʻliq jangovar holatga keltirib qoʻyildi. Mintaqada tinch yoʻl bilan hokimiyatni toʻliq qoʻlga olishga ishongan Turkiston Muxtoriyati oʻzini himoya qilishga yetarli darajada tayyor boʻlmadi. Shunga qaramay, muxtoriyatchilar sovet qoʻshinlari hujumini uch kun qaytardi. Ular qoʻlga tushgan narsalar – tayoq, bolta, ketmon, oshpichoq, toshlar bilan qurollangan edi. “Turkiston – turkistonliklar uchun!” shiori bilan chiqqan muxtoriyatchilar muqaddas urush – gʻazovot eʼlon qildilar va viloyatlardan yordam kutdilar. Biroq, afsuski, muxtoriyatchilar boshqa joylardan yetarli darajada harbiy yordam olgan emaslar [3; 146].

19-fevral kuni 10 dan 15 daqiqa oʻtganda Kichik Ergashga [Kichik Ergash [Kichkina Ergash] (1885–1918) — taniqli qoʻrboshi, Turkiston Muxtoriyati hukumati rahbarlaridan biri. Turkiston Muxtoriyati hukumati eʼlon qilingach, Kichik Ergash Qoʻqon shahri mirshablari boshligʻi lavozimini oladi hamda unga qoʻrboshi unvoni beriladi. Muxtoriyat hukumatining soʻnggi kunlarida, yaʼni 1918 yil 18–22 fevralda u amalda Turkiston Muxtoriyati hukumatini boshqardi va uning harbiy kuchlariga qoʻmondonlik qiladi. Qoʻqondan jang bilan Bachqir qishlogʻiga chekingan Kichik Ergash qoʻrboshi 1918-yil 27-fevralda qizil gvardiyachilar va arman dashnoqlari bilan boʻlgan toʻqnashuvlarning birida oʻldirildi. Kichik Ergash qoʻrboshini bu paytda Qoʻqonda faoliyat koʻrsatgan Katta Ergash yoki Mulla Ergash (1882-1921) qoʻrboshi bilan chalkashtirmaslik lozim] yuborilgan talabnoma (ultimatum)da qurolni tashlab, taslim boʻlish aytilib, 13:00 gacha muddat qoʻyilgan. Kichik Ergashning shartlarni bajarmaslik haqidagi javobi 12:45 da yuborilgan.

Ye. Perfilyev barcha 12 ta zambarakdan Qoʻqon aholisi ustiga oʻt

ochishni, shu jumladan, yondiradigan snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Tinch aholini toʻpga tutish kunduz soat 13:00 da boshlanib, shomgacha shaharni vayron etib tashladi. Ammo shunga qaramay, muxtoriyatchilar taslim boʻlmay, har bir binoni, har bir doʻkonni, har bir karvonsaroyni mardlarcha himoya qildilar.

Oʻsha davr arxiv hujjatlarida Qoʻqon shahri kimyoviy snaryadlardan oʻqqa tutilgani haqidagi xabarlar ham bor [4; 60]

[Fargʻona viloyati davlat arxivi, 121-jamgʻarma, 1-roʻyxat, 89-yigʻmajild, 60-bet]. Qisqasi, oʻt-olov ichida qolgan shahar butunlay vayron boʻlgan, 10000 dan ortiq qoʻqonlik ajdodlarimiz oʻldirilganlar [5; 21-22; 39].

Ertasi kuni – 20-fevral tongida vayron etilgan shaharga piyoda qoʻshinlar va “Dashnaqsutyun” (“Ittifoq”) arman milliy inqilobiy partiyasi aʼzosi boʻlgan dashnoqlarning jangovar drujinalari kirdi. Ular eski shaharga bostirib kirib, oʻgʻirlik va musulmon aholiga zoʻravonlik qilish bilan shugʻullandi. Birinchi navbatda, maʼlumki, shaharlik tinch aholi, shuningdek, Qoʻqondagi behisob hunarmand va mayda savdogarlarga shikast yetkazildi. Eski shahardan qishloqlar sari talpingan qochoqlar olomoni Fargʻona viloyatining qoʻshni uyezdlaridagi gʻulgʻulani kuchaytirib yubordi. Turkiston Muxtoriyati hukumati 19 fevralda agʻdarildi, biroq shaharni talash davom etdi. Oʻsha kunlarda Qoʻqonda tinch aholini qamoqqa olish va otib tashlash kuchaydi. Qoʻqon aholisi vahimaga tushgan holda shaharni tark eta boshladi. Qoʻqon uch kun mashʼala boʻlib yondi. Uylar, gazlama omborlari, non doʻkonlari kuyib kul boʻldi. Eski shaharning uchdan biri toʻliq vayron etildi. Qoʻqonda dahshatli manzara hosil boʻldi. Hamma yoqda oʻliklar yotardi. Ularning bir qismi kuyib ketgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, shu fojiali voqealar oqibatida 10000dan ziyod kishi halok boʻlgan.

Sovet tuzumi bu vahshiylikni qoʻrqitish uchun amalga oshirdi, u Markazning roziligisiz “muxtoriyat”ni Turkistonda hech kim va hech qachon oʻzboshimchalik bilan barpo etmasin degan maqsadni koʻzda tutdi [6; 75-76].

Qoʻqon fojialarini 1918 yil fevral – mart oylarida Toshkent va boshqa shaharlarda chiqqan milliy gazetalar chuqur alam va qaygʻu bilan oʻz sahifalarida yoritishdi. Masalan, “Ulugʻ Turkiston” gazetasi 1918 yil 25 fevralda oʻz sahifalarida shunday yozgan edi: “11 kun butun jon va tanlari ila qarshi turgʻandan soʻng Xoʻqanddagʻi Turkiston muxtoriyatining askarlari shahardan chekinishgʻa majbur boʻlgʻanlar. Rus shahrida, musulmon shahrida toʻp va toʻfangdan bik yomon zararlangʻan. Bolshevik hukumati tarafidan otilgʻan kuchli va zoʻr toʻplar shaharni, bilxossa, musulmon tarafni juda yomon xarob qilgʻanlar. Bu holning natijasi yomon boʻlajagʻi anglashilgʻach, bolshevik askarining boshligʻi Perfiluf Xoʻqanddan askarini chiqarishni lozim topqan.

Har ikki tarafdan talafot koʻp. Lekin, tabiiy eng koʻp talafot koʻrmish qora qoʻl bilan toʻp va toʻfanggʻa qarshi hujum etgʻan musulmonlardir. Haqiqat hol hozirgʻa ochiq maʼlum emas” [7;154-245].

Xususan, “Ulugʻ Turkiston” gazetasida 1918-yil 6, 9, 12, 14, 19-martda eʼlon qilingan “Xoʻqand fojiasi” deb nomlangan tahririyat bosh maqolasida Qoʻqonda bolsheviklarning harbiy kuchlari boʻlgan qizil gvardiyachilar va arman dashnoqlari drujinalari tomonidan amalga oshirilgan butun fojialar tarix uchun muhrlangan. Gazeta xabarlariga koʻra, Qoʻqonda 1918-yil 30-yanvarda bolsheviklar Turkiston xalqlarining milliy hukumatiga qarshi urush boshlaganlar.

Bu holat milliy matbuotda quyidagicha koʻrsatiladi: “Turkiston Muxtoriyatining Millat Majlisi ila Muvaqqat hukumati oʻturgʻan Xoʻqandda 30-yanvar ila 10-fevral orasida gʻoyat qattigʻ va qonli urushlar boʻldi. Nihoyatida qizil gvardiya toʻp, pulemet va toʻfang ila muxtoriyat tarafdori musulmonlarni tor-u mor keltirub, shaharni oʻz qoʻligʻa oldi...

Xoʻqand voqealari oʻylangʻandan qiyos qabul boʻlmas darajada fojiali boʻlgʻan. Hozir Xoʻqandning musulmon tarafida yonmagʻan va zararlanmagʻan hech bir joy yoʻq darajasida ekan. Boshda juda koʻp binolar, jomeʼ va madrasalar, chorsu va magʻazinlar toʻp va pulemetdan zararlangʻanlar. Soʻngidan bir qism talonchilar, bilhossa, armanilar tarafidan talanub yondirilgʻanlar. Bir qism talonchilar har hovliga ot-aroba bilan kirub musulmonlarning hamma mol va ashyolarini toʻplab olub chiqgʻanlar. Ichida boʻlgʻan jon asarini hammasin oʻldirganlar. Ondan soʻng kerosin sepub va yoxud “dori” solub oʻt qoʻygʻanlar. Mana shundan shahar shul darajada xarob boʻlgʻanki, hatto, baynalmilal urushlarda ham bunday xarobliq boʻlmas ekan.

Maʼlumdirki, Fargʻona Turkistonning oʻzagidir. Ovroʻpa matbuotida Turkiston paxtasi qiyosi oʻrnida “Fargʻona paxtasi” deb yuritiladi. Xoʻqand ila mana shu butun Turkistonning timsol majmuasi boʻlgʻan Fargʻonaning markaz shahrida, Turkistonning eng buyuk savdosi ushbu Xoʻqandda edi. Bunda oʻngʻa yaqin bank bor. Butun Turkistonning paxta birjasi bor edi. Shuning ustiga Xoʻqand shahri Turkistonning eng tarixiy bir shahri boʻlub, Turkistonning eng soʻnggʻi xonlari (Xudoyorxon) ham ushbu Xoʻqandda boʻlmishdir. Mana shul sabablardan Xoʻqand “Turkistonning Maskovi” atalar edi.

Endi mana shul shaharning musulmon tarafidan yolgʻiz bir xaroba qoldi. Rus shahri ham juda yomon zararlandi.

Moliya arbobining hisobina koʻra, Xoʻqandning butun zarari uch milyardgʻa boradir” [Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi. 1918-yil 9-mart].

“Ulugʻ Turkiston” gazetasi Qoʻqon fojialarini xronologik ketma-ketlikda yoritganligi uchun bugungi kunda nodir tarixiy manba sanaladi. Gazetada milliy taraqqiyparvarlardan tashqari boshqa siyosiy kuchlar: sotsialistlar, demokratlar, eserlar, tatar musulmonlari, bolsheviklarning bu sohadagi fikrlari ham keltiriladi [Gazetadagi baʼzi xabarlarda bolsheviklar mafkurasi singdirib yuborilganligi uchun bu maʼlumotlarga tanqidiy yondoshmoq va ulardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak]. Qoʻqonda 31-yanvarda boshlangan shiddatli janglar ertasi kuni – 1-fevralda [yangi hisob bilan 14-fevralda] ham davom etgan. Muxtoriyat kuchlari bilan qizil gvardiyachilar oʻrtasidagi janglarda musulmonlar “zoʻr gʻayrat bilan soʻgʻishib, tashabbusni oʻz qoʻllarida saqlaganlar”. “2-fevralda [yangi hisob bilan 15 fevralda] shaharda yongʻinlar boshlangʻan... Yongʻinlar ila bir vaqtda talovlar ham boshlagʻan. Qurolli kishilar xususiy qvartiralargʻa bosub kirub... uydagi hamma narsani talab olalar ekan... Soʻgʻishning uchinchi kunida magʻazinlarni talov boshlangʻan. Talovchilar bir narsada qoldirmasdan olalar ekan... 3-fevralda shu kabi ruslarning tashabbusi ila sulh haqida muzokaralar boshlangʻan. Ikki tarafning vakillari Rus-Osiyo bank binosida majlis yasagʻanlar” [Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi. 1918-yil 14-mart].

30-yanvardan 4-fevralgacha boʻlgan janglarda bolsheviklar tomonida asosan Toshkent va Skobelevdan kelgan qizil gvardiyachilar va arman dashnoqlari drujinalari boʻlgan. Bu paytda Turkiston Muxtoriyati rahbarlari oʻrtasida siyosiy birdamlik va harbiy kuch yetishmagan. Bosh vazir Mustafo Choʻqay va boshqalar bolsheviklar bilan muzokaralarga kirishgan. Bolsheviklar muxtoriyatchilardan butun hokimiyatni Qoʻqon yangi shahar Soveti va harbiy inqilob qoʻmitasi (raisi Babushkin)ga topshirishni talab qilishgan. Mustafo Choʻqayning keyinchalik xorijda yozgan xotiralarida taʼkidlashicha, u bolsheviklarga oʻsha paytda shunday javob beradi: “Bolsheviklar shaharni oʻqqa tutishni darhol toʻxtatsalar va tinch xalqqa qarshi shiddat koʻrsatmaslikka soʻz berib, boshliqlarini bizning Milliy markazimizga topshirsalar, men oʻz-oʻzimni Qoʻqon harbiy inqilob qoʻmitasiga “omonat” boʻlaroq taslim etishga tayyorman” [8; 48].

1918 yil 18 fevralda [eski hisob bilan 5-fevralda] kechqurun Qoʻqonga Toshkent va Samarqanddan yuborilgan qoʻshimcha harbiy kuchlar Turkiston oʻlkasi harbiy komissari Perfilyev boshchiligida toʻp va pulemyotlar bilan yetib keladi. Avval ham yozilganidek, manbalarda ularning miqdori 11 eshelon deb koʻrsatilgan. 19-fevralda Qoʻqon shahri uchun shiddatli janglarning soʻnggi ikkinchi bosqichi boshlangan. Gazeta xabarlariga qaraganda, “6-fevralda [yangi hisob bilan 19-fevralda] rus askarlari eski shaharni toʻxtamasdan toʻpqa tuta boshlagʻanlar. Toʻp oʻqidan boshqa pulemyot, miltiq ham qoʻl granatalari otqanlar. Bunga qarshi musulmonlar yolgʻiz miltiq ilagina javob berganlar. Kun oʻrtasina yaqin ruslar tajovuzga kirishub, eski shaharga oʻtganlar. Shunday qilib urushning 7-kunidagina bolshevik askari eski shaharga kira olgʻan” [Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi. 1918 yil 14 mart]. Xullas, Qoʻqon mudofaasi oʻn kuncha davom etgan boʻlsa, bolsheviklar faqat yettinchi kuni eski shaharga oʻta olgan.

“Ulugʻ Turkiston” gazetasida yozilishicha, “6-fevralda musulmon askarlari shahar ortiga chekinganlar. Shundan soʻng bolshevik firqalari monesiz eski Xoʻqand koʻchalariga kirib, ondagʻi qochurgʻa ulgurmagan tinch sartlarni otub oʻldirub, yoʻlda uchragʻan bor narsani yondirub yurganlar.

6-fevraldan yettisina oʻtar tunda eski Xoʻqand oʻt dengiziga aylanub, gʻoyat dahshatli manzara hosil boʻlgʻan. Vaskresenskiy, Kamitetskiy, Xoʻjandskiy koʻchalar, eski shaharning bozor qismi yongʻin ichida qolgʻan. Parazinevskiy nom qishloqda ham yongʻinlar boʻlgʻan. Bu vaqt musulmonlar ortiq qarshiliq koʻrsatmaganlar. Balki, mumkin qadar qochub qutilurgʻa tirishganlar. Eski ham yangi shaharda talovlar boʻlub turgʻan.

7 fevral Xoʻqand tarixining eng dahshatli kunidan hisoblanurgʻa teyush... Armanilar ayricha “faoliyat” koʻrsatganlar. Eski shahardagi hamma magʻazinlar, savdo firmalari, savdo rastalari, banklar ham ozmi, koʻpmi yaxshiroq koʻringan xususiy qvartiralarning hammasi talangʻan. Bank ham savdo firmalarindagʻi aqcha kassalari va qulf ichidagi aqchalari olingʻan. Talovchilar talab olgʻan narsalarini arobalargʻa toʻplab vokzalgʻa yoki krepoʻstga yuborilar ekan... 8 fevralda talovlar davom etgan. Eski shaharnida, yangi shaharnida bir tekis talagʻonlar. Bu vaqtlarda “Oʻltir, burjuylarni! Hamma ishda olargʻina aybli!” degan soʻzlarda yaxshi eshitilgan…” [Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi.

1918-yil 19 mart].

“Ulugʻ Turkiston” gazetasi chuqur qaygʻu bilan xabar berganidek, “20-fevral (eski hisob bilan 7-fevral) kuni Hoʻqand tarixining eng dahshatli kuni edi. Bunda armanilar ayricha faoliyat koʻrsatganlar…”. Gazetadagi ushbu maqola “Hoʻqand – hozir oʻliklar shahri” degan dahshatli ibora bilan tugaydi [Hoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi. 1918 yil 8 mart].

Turkiston Muxtoriyati hukumatini harbiy kuchlari oz boʻlganligi hamda yaxshi qurollanmaganligi uchun qizil gvardiyachilar hujumiga dosh bera olmagan. Bu paytda Qoʻqon shahar mirshablarining boshligʻi Kichik Ergash qoʻrboshi shahar mudofaasini oʻz qoʻliga olgan. Bolsheviklar 19-fevralda Turkiston Muxtoriyati hukumati rahbarlariga quyidagicha ultimatum yuborgan: “1. Muxtoriyat hukumati sovet hokimiyatini tanishi; 2. Turkiston xalqini sovet hokimiyatiga boʻysunishga chaqirib bayonnoma nashr etishi; 3. Aholini qurolsizlantirish, xalq qoʻlidagi bor qurollarni bolsheviklarga topshirish; 4. Milliy hukumat militsiya tashkilotini tarqatishi kerakligi” talab qilingan. Mustafo Choʻqayning yozishicha, “Bu paytda hukumat aʼzolaridan Mirodil (Mirodil Mirzaahmedov), Abdurahmon Oʻroziy (Abdurahmonbek Oʻrazayev), Hidoyatbek Yurgʻuli (Hidoyatbek Yurali Agayev) hamda men (Mustafo Choʻqayning oʻzi koʻzda tutilmoqda – Q.R.) Qoʻqonda edik... Nosirxon toʻra Namanganda, Harsfeld (Solomon Gersfeld) Samarqandda, Ubaydullo Xoʻja (Ubaydulla Xoʻjayev) Ashxobod – Samarqand yoʻlida, Obidjon (Obidjon Mahmudov) Buxoroda, Shoahmadbek (Islom Sulton Shoahmedov) esa Qoʻqon qoʻrgʻoni ichida ekan, bolsheviklar qoʻliga tushib qolgan edilar” [9; 49] [Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari). – B. 49].

Hukumat aʼzolari bolsheviklarga qatʼiy rad javobini bergach, 19-fevral soat 11 dan 40 daqiqa oʻtgach, bolsheviklar hukumat aʼzolari oʻtirgan uyni toʻplardan oʻqqa tutishni boshladilar. Mustafo Choʻqayning yana eslashicha, “Oʻq vizillashi ichida biz Qoʻqonning eski shahar koʻchalari ichiga kirib ketdik. Oʻsha payt mening yonimda bir polshalik harbiy shtab ofitseri bor edi. Ismini unutib qoʻyganman, bu kishi askariy tashkilotimizning shuʼba mudiri edi”[10; 282-345].

Aynan 19–22 fevral kunlari Qoʻqon shahri dahshatli tarzda toʻplardan oʻqqa tutildi. Shahar butunlay vayron qilinadi. Qoʻqonning oʻzida uch kun ichida 10000 kishidan ortiq tinch aholi oʻldiriladi. Qizil gvardiyachilarning “inqilobiy hamkori va safdoshi” boʻlgan arman dashnoqlari Qoʻqondan tashqari yaqin atrofdagi shahar va qishloqlarda yana 15000 – 20000 musulmonni oʻldirishadi. Xullas, Qoʻqonda hayot-mamot kurashi 11 kun (30 yanvar – 9 [22] fevral) davom etadi.

Qoʻqonlik oʻzbek sovet yozuvchisi va jurnalisti Husayn Shams [Husayn Shams, Husayn Shamsiddinov (1903–1941) – oʻzbek sovet yozuvchisi va jurnalisti. Qoʻqon shahrida tugʻilgan. 1918-yil fevraldagi Qoʻqon fojialarining bevosita shohidi. “Huquq” (1935) romanida Turkiston Muxtoriyati hukumatiga qarshi bolsheviklar kurashini koʻrsatgan, biroq bu roman tugallanmay qolgan. Aslini olganda, yozuvchi bu mavzuda roman-trilogiya yozishni maqsad qilgan edi. Bu roman ilk marta 1959 yili chop etilgan. U sotsialistik realizm usulida yaratilgan boʻlsa ham, unda muhim maʼlumotlar bor. Husayn Shams sovet davlati tomonidan 38 yoshida 1941-yili qatagʻon qilingan] “Huquq” romanida oʻzi 1918-yil fevralda 14-15 yoshligida bevosita guvoh boʻlgan qonli qirgʻin dahshatlari hamda Kichik Ergash qoʻrboshi hamda uning 30 nafar yigiti oʻlimini quyidagicha tasvirlaydi: “Kichkina Ergash oʻlibdi... Kichik Ergash – Qoʻqon urushida, shoʻroyi islomchilarning ishonchli qahramonlaridan, xalq tili bilan aytganda, u shu urushning “hazrat Alisi” boʻlib, jonbozlik koʻrsatdi. Undan tashqari, qandaydir bir afgʻon yigiti ham bir necha yeridan oʻq yeyishiga qaramay, butun xalq diqqatini oʻziga jalb qilib, soʻng daqiqasigacha islom yoʻlida urushdi. Mana shunday qahramonlardan bir nechalari xalqni qiziqtirib, baʼzan choʻchitib, orqaga qaytganlarini yana ilgarilashga undab kelgan edilar...

Butun olomon ham bir edi, oʻttiz yigiti bilan Kichik Ergash ham bir edi...

Shahar ham yonadi. Hali yonib tamom boʻlmagan rasta, baʼzi binolarning quyuq dudlari juda ohistalik bilan burqsab, kechayu kunduz koʻk yuzini toʻsib turadi. Kechagina qizgʻin hayot qaynagan shahar – bugun oʻz vayronasi bilan sonsiz oʻliklarni allalab, yarador alamzadalar faryodini tinglab yotadi...

 

Oʻgʻlidan, otasidan, onasidan, aka-ukasidan, uy-joyidan ayrilib, xarobalarda qolgan bechoralarning qalbdan chiqqan figʻoni yurakni ezardi.

Quyuq qorongʻi kecha boʻlishiga qaramay, bilaklariga oq latta oʻrab, hukumatdan najot istab kelgan odamlar, oʻliklar xirmonidan muxtoriyatchilarning aldovi bilan bolshevikka qarshi ketmon, bel koʻtarib kelgan “shahid” avlodlarini izlaydilar...

Borliq soʻngan. Faqat sarin shabada – yongʻin va oʻliklarning sassiq hidlarini oʻzi bilan ergashtirib, vayronalar ustida oʻynaydi...

Oʻliklar tanasidan sizilib oqqan qonlar, yoʻlning oʻnqir- choʻnqirlariga toʻlib, kichkina “qon koʻlchalari” hosil qilganlar. Bu “koʻlchalar” esa, baʼzan yiltillab, baʼzan oʻpka singari qotib, bilqillab turardilar. Oʻliklarning basharalari sap-sariq shishgan, kesilgan aʼzolar har odimda uchraydi. Baʼzilarning koʻzlari ochiq, nursiz baqrayganlar, ular xuddi sopoldan yasalgan kabi xira, nursiz, qoʻrqinchli edi. Kechagina dushman tomondan oʻtga tutilgan kichkina bozorchada, yongʻindan qochib qutula olmagan kishilarning qop-qora koʻmirga aylanib ketgan gavdalari burdalanib, baʼzan tarashaday qotib yotadi” [11; 468 – 469, 475 – 477].

Sovet rejimining qatagʻoni avjiga chiqqan XX asr 30 yillari oʻrtalarida bu mavzuda tarixiy roman yozib, unga “Huquq” deb nom berilishi juda katta mazmun va mohiyat kasb etadi. Qoʻqonlik adib oʻz asarida millat taraqqiyparvarlari va muxtoriyatchilarning oʻzbek xalqining mustaqil davlat tuzish yoʻlidagi huquqini hamda bu kurashda qurbon boʻlgan “qora xalq” vakillarini shunday tasvirlaydi. U sovet yozuvchisi sifatida oʻz romanida bu “shahidlar”ni “muxtoriyatchilarning aldovi bilan bolshevikka qarshi” kurashgan deb yozishga majbur boʻlgan edi. Holbuki, qoʻqonliklar yurak amri bilan bolsheviklarga qarshi jangga kirishgan. Eng muhimi, “Ulugʻ Turkiston” sahifalarida 1918 yil mart oyida Qoʻqon fojiasining haqiqati tarixiy manba sifatida muhrlangan boʻlsa, Husayn Shamsning “Huquq” romanida bu fojia tarixiy haqiqatdan badiiy haqiqat darajasiga koʻtarilgan.

Nihoyat, 1918-yil 22-fevralda Qoʻqon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnomasi” imzolanib, uning ikkinchi moddasida “Aholi oʻlka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oladi”, deb yozilgan edi. Ha, oʻqqa tutilgan, oʻldirilgan, talangan va tahqir etilgan qoʻqonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini rasmiy ravishda tan olishga majbur boʻlgandi [12; 17 – 40].

Qoʻqon qirgʻini va Turkiston Muxtoriyati hukumatining fojiali tugatilishi “Ulugʻ Turkiston” gazetasidan tashqari 1918 yil fevral – may oylarida chiqqan barcha milliy gazetalarda chuqur taassub bilan yoritilgan edi. Ushbu maqolalarda bolsheviklar va arman dashnoqlarining musulmonlarga qarshi vahshiyona siyosati ochiq koʻrsatiladi. Masalan, qoʻqonlik Yusuf Xalil oʻzining “Xoʻqandning halokati” maqolasida shunday yozadi: “Xoʻjand koʻchasining ikki tarafida tamom yonib bitgan. Piyon bozoridagi madaniy muassasalar: apteka, tipografiya, banklar, otellar, notarius konturi, ambulatoriya kabilar yerlar orasida kulga aylangan. Eski shahardagi banklar, magʻazinlar, savdo tijorat konturlari, Muvaqqat hukumat idorasi, Shoʻroyi Islomiya binosi, Muvaqqat gospitallar, umumiy qiroatxona, taʼlim maorif idorasi, Gʻayrat shirkati matbaasi, dorulmuallimin binosi, rushdiy va ibtidoiy maktablar va buyuk manufaktura omborlari, bozordagʻi butun doʻkonlar, 11 hovli, 37 masjid, 19 madrasa yonub yoʻqgʻa chiqqan va talangʻan. Ruslar ila aralash oʻtirgʻan musulmon oilalari armanilar qilichi bilan soʻyilgʻan. Xoʻjand hududidagi “Qaroqchiqum” degan bekatdan “Oltiariq” (Vannovskaya) bekatiga qadar 118 chaqirim yerda boʻlgʻan qishloqlardagʻi musulmonlarning koʻpisi armanilar tarafidan oʻldirilub, talanub, uylariga oʻt qoʻyilib xarob etilgan. Jodidan kesilib ikki-uchga boʻlinib oʻldirilgan musulmon xotun va bolalarining vafotidan tashqari, bokiralarning asir etib ichki Rusiyaga tomon uzatilishi, maʼsumalarning hisobi yolgʻiz Allohning oʻzigagina maʼlum. Samara, Orenburgʻ va boshqa qishloqlardan kelub talovchi rus er-xotinlarida hisobsiz boʻldi.

8 kunga qadar vagonlab narsalar uzatildi. Hozirda ham shunga yaqin hollar davom etmoqda. Miltiqli saldatlar uyma-uy yurub oʻlum bilan qoʻrqitub aqcha olub chiqadilar. Shahar va qishloqlarda butun davlatlari talanub, oʻzi otub oʻldirilgan boylarning ham soni koʻpgina. Butun zavudlar, kerak musulmonlarniki va kerak boshqa millatlarniki boʻlsun bolsheviklar tarafidan qoʻlgʻa olindi. Shahar ichida qaysi uyning xoʻjasi yoʻq boʻlsa, rabuchiy ruslar tarafidan ishgʻol etildilar. Talangʻan bechoralarning holiga eʼtibor etuvchi kishi yoʻq. Otliq bolsheviklar oʻramlarda uchragʻan musulmonlarni miltiq va qamchilar bilan kaltaklab oʻtmoqda. Vagonlarda yuruvchi musulmonlarning chekkan azobini Alloh taolo hech bir bandasiga koʻrsatmasun” [Yusuf Xalil. Xoʻqandning halokati // “Ulugʻ Turkiston” gazteasi. 1918-yil 2-aprel].

“Ishchilar dunyosi” [“Ishchilar dunyosi” — Toshkentda 1918- yil yanvardan may oyigacha chiqqan jurnal. Mahalliy ishchilar tomonidan 6 ta soni chop etilgan. Tahrir hayʼati orqali Hasan Xaliliy muharrirlik qilgan] jurnalida 1918-yil yanvarda eʼlon qilingan “Turkiston uchun hurlik” maqolasida koʻrsatilishicha, ulamolar muxtoriyatni qoʻllab-quvvatlamagan, yaʼni “ulamolarimiz muxtoriyatning foydasigʻa hech ishlamadilar” [13; 2-4].

Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr koʻrgan boʻlsa ham, u erksevar bobo-momolarimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga daʼvat etgandi. Muxtor hukumatning zoʻrlik bilan shafqatsizlarcha agʻdarilishi turkistonliklar tomonidan sovet Rossiyasining Turkistonga nisbatan tajovuzkor rejalari borligining yana bir dalili sifatida qabul qilingan. Turkistonliklar tinch yoʻl (parlament) bilan milliy davlatchilikni tiklash mumkin emasligini anglab, 1918 yil fevral oyining oxirida qoʻllariga qurol olgan holatda Turkistonda sovet rejimi va bolsheviklarga qarshi qurolli harakatni boshlab yuboradilar. Sovet davrida “bosmachilik” harakati deb qoralangan turkistonliklarning mazkur milliy ozodlik kurashi tarixga istiqlolchilik harakati sifatida kirgan.

 

Turkiston ishchi, askar va dehqon deputatlarining 1918 yil 30 aprelda Toshkentda oʻtgan V syezdida RSFSR tarkibida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (baʼzi manbalarda Rossiya Federatsiyasining Turkiston Sovet Respublikasi) tuzilgani eʼlon qilinadi [14; 47-48]. Sovet hokimiyati shu tariqa goʻyoki turkistonliklarga sovet avtonomiyasi boshqaruvidagi “milliy davlatchilik” va “muxtoriyat”ni bergandek.

XX asr 30-yillarida sovet rejimi Turkiston Muxtoriyati hukumati vazirlari, Millat Majlisi aʼzolari va muxtoriyatchilik harakatining barcha qatnashchilaridan tirik qolganlarini qatagʻon qildi hamda oʻldirib yubordi.

MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati vazirlari hamda Milliy Majlis aʼzolari hayoti va taqdiri. – Toshkent: Bodomzor invest, 2021.
  2. Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” 1918 yil 12 mart.
  3. Aʼzamxoʻjayev S., Rajabov Q. Turkiston Muxtoriyati // Oʻzbekiston milliy 8-jild. Toshkent: OʻzME Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.
  4. Aʼzamxoʻjayev S., Turkiston Muxtoriyati: milliy-demokratik davlatchilik qurilishi tajribasi. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2000.
  5. Fargʻona viloyati davlat arxivi, 121-jamgʻarma, 1-roʻyxat, 89-yigʻma jild.
  6. Radjabov K.K. Istiklolchilik xarakati v Ferganskoy doline: suщnost i osnovnыe etapы razvitiya (1918–1924 gg.). Avtoreferat dissertatsii kandidata istoricheskix Tashkent. 1995. S. 21 –22; On je. Voorujennoye dvijeniye v Turkestanskom kraye protiv sovetskogo rejima (1918–1924 gg.). Avtoreferat dissertatsii doktora istoricheskix nauk. Tashkent. 2005.
  7. Oʻzbekiston tarixi (1917–1991-y.). Ikkita kitob. Birinchi kitob. 1917–1939-yillar. Masʼul muharrirlar: R.Abdullayev, M.Raximov, Q.Rajabov. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2019.
  8. Azamat Ziyo. Milliy matbuot Turkiston Muxtoriyati haqida // “Oʻzbekiston tarixi jurnali”. №4. – B. 154-245; Turkiston Muxtoriyati- ning fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” gazetasi. 1918-yil 25-fevral.
  9. Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” 1918 yil 9 mart.
  10. Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari). Toshkent: Gʻafur Gʻulom nashriyoti,
  11. Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” 1918 yil 14 mart. 
  12. Xoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” 1918 yil 19 mart.
  13. Hoʻqand fojiasi // “Ulugʻ Turkiston” 1918 yil 8 mart.
  14. Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari).
  15. Mustafa Cokay. 1917-yili Hatira parcalari. Paris – Berlin, 1937; Mustafa Shыgʻarmalarыnыn tolыq jinagʻы. 12 tomdыq. Tom IX. Almatы: Dayk-Press, 2014.
  16. Husayn Shams. Huquq // Tanlangan asarlar. Toshkent: Oʻzadabiynashr, 1959.
  17. Rajabov Q. Oʻzbekiston SSRda sovet rejimining qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1917 – 1991). Toshkent: Fan, 2022.
  18. Yusuf Xalil. Xoʻqandning halokati // “Ulugʻ Turkiston” gazteasi. 1918-yil 2-aprel.
  19. Turkiston uchun hurlik // “Ishchilar dunyosi” jurnali. 1918-yil 18-yanvar. 2-son.
  20. Rajabov Q., Haydarov M. Turkiston tarixi (1917–1924-y.). – Toshkent: Universitet, 2000.