Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATI TARIXI MASALALARI ZAMONAVIY QOZOGʻISTON TARIXSHUNOSLIGIDA

TURKISTON MUXTORIYATI TARIXI MASALALARI ZAMONAVIY QOZOGʻISTON TARIXSHUNOSLIGIDA

Salimaxon MADYAROVA, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Jahon tarixi kafedrasi katta oʻqituvchisi (PhD).

 Annotatsiya. Mazkur maqolada XX asr boshlaridagi Oʻrta Osiyoda vujudga kelgan milliy davlatchilik harakatlari, shu jumladan, Turkiston Muxtoriyatining vujudga kelishi, faoliyati va bostirilishi bilan bogʻliq masalalarning XX asrning 90-yillari - XXI asr boshida

Qozogʻiston tadqiqotchilari tomonidan oʻrganilishining ayrim jihatlari xususida soʻz yuritiladi.

Kalit soʻzlar: Tarixshunoslik, Turkiston Muxtoriyati, Alash Oʻrda, milliy davlatchilik, taraqqiyparvarlar, etnosiyosiy jarayonlar, II Umuqozoq syezdi, Sirdaryo va Semipalatinsk viloyati, sovet hokimiyati.

Abstract. This article discusses some aspects of Kazakh researchers in the 90s of the XX - early XXI century, the movement for national statehood that arose in Central Asia at the beginning of the XX century, including issues related to the emergence, activities and liquidation of the Turkestan Autonomy. Key words: historiography, Turkestan autonomy, Alash Orda, national statehood, progressives, ethnopolitical processes, II All-Kazakh Congress,

Syrdarya and Semipalatinsk regions, Soviet power. XX asrning dastlabki oʻn yilligidagi muammolar: sovet hukumatining milliy masalada yuritgan siyosati, turli oʻlkalarda vujudga kelgan milliy-hududiy muxtor davlatlar va milliy davlatchilik uchun kurashlar tarixi nafaqat respublika tarixchi olimlarini, balki Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari va boshqa horijiy tadqiqotchilarini qiziqtirib kelayotgan masalalardandir.

1917-yilda vujudga kelgan Turkiston Muxtoriyati mavzusi ham bundan mustasno emas. Bugungi kunga qadar yangicha nuqtai nazar asosida Turkiston Muxtoriyati tarixining juda koʻp qirralarini yoritilib, mavzuning vatan va xorijiy tarixshunosligini ancha boyib bormoqda. Mavjud adabiyotlarni tarixshunoslik nuqtayi nazaridan tadqiq etish bir tomondan muammo tarixshunosligini boyitish bilan bir qatorda respublikadan tashqarida bu muammo qanday tadqiq etilayotganini kuzatish imkoniyatini beradi, ikkinchi tomondan kelgusida muammoni samarali tadqiq etish yoʻllarini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Faqat Qozogʻistonning oʻzida 1991 yildan to shu kunga qadar XX asr boshidagi Oʻrta Osiyoda vujudga kelgan milliy davlatchilik harakatlariga bagʻishlangan ishlarning soni salmoqli hajmga ega boʻldi. Ushbu adabiyotlarni tarixshunoslik yoʻnalishida umumlashtirib, alohida tadqiqot yaratish ham mumkin. Alash Oʻrda,

 

Turkiston Muxtoriyati, ularning yetakchi kuchlari va ishtirokchilari faoliyatiga bagʻishlangan tadqiqotlar shular jumlasidandir.

Akademik K.N.Nurpeisov, S.M.Isxakov, D.Amanjolova, R.N.Nurmugambetova, N.S.Valixanova singari olimlar tadqiqotlarida Oʻrta Osiyo, shu jumladan Turkistondagi XX asr birinchi choragidagi siyosiy jarayonlar bilan bogʻliq maʼlumotlar berilgan.

Alash Oʻrda tarixi bilan bogʻliq tadqiqotlarning aksariyatida mazkur masalalaga yondoshilganda oʻsha davrda Turkiston hududiga kirgan Sirdaryo va Semipalatinsk qozoqlarining har ikki hukumatga munosabatiga asosiy eʼtibor qaratilgan. Jumladan, D.Amanjolova va V.V.Risqulovlarning Alash Oʻrda hukumatining tashkilotchilaridan biri Doʻsmuxamedov hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan tadqiqotida Orenburgda 1917 yilning 5–13 dekabrda boʻlib oʻtgan II umumqozoq syezdining Turkiston Muxtoriyati hukumatiga munosabati masalasi ham muhokama qilinganiligi haqida maʼlumot beriladi. Mazkur mualliflarning yozishicha, syezd ishtirokchilari ikki qismga: Bukeyxonovchi va Dosmuxamedovchi guruhlariga ajralgan. Tezlik bilan Alash Oʻrda hukumatini vujudga keltirish va milliy qoʻshinni tashkil etishni talab qilib chiqqan birinchi guruh Sibir Muvaqqat hukumati bilan ittifoq tuzishni maʼqullab, Semipalatinskni poytaxt etishni tavsiya etgan boʻlsa, Sirdaryo viloyati, shu jumladan, D.Dosmuxamedovchilarning ikkinchi guruhi milliy tarkibi jihatdan qozoq xalqiga yaqinligini inobatga olib, Turkistonni ittifoqdosh qilish hamda Toshkentni poytaxt qilishni taklif etganlar. Syezdda Dosmuxamedovchilar guruhi koʻp ovoz olgan va yakuniy qarorga kelish uchun Toshkentga Alash Oʻrdadan Dulatov va Kulmanov boshchiligidagi vakillar borishi belgilangan» [1; eurasica.ru].

Turkiston Muxtoriyati vujudga keltirilgandan soʻng uning rahbarlarini Alash Oʻrda hukumati bilan aloqasi, ularning qozoqlarning umumiy syezdida ishtirok etishi, Sirdaryo va Semipalatinsk viloyatlaridan Alash hukumatiga aʼzolar kiritilgani toʻgʻrisida R.N.Nurmugambetova ham maʼlumot beradi [2; 1999, 145 s].

Alash Oʻrda hukumati rahbari A.N.Bukeyxonovning ijtimoiy- siyosiy va ilmiy faoliyatini yoritgan Sultan Xan Akkululi esa

«1918-yilning yanvaridagi Sirdaryo viloyat syezdi vaqtinchalik Turkiston Muxtoriyati tarkibida qolish, agarda Alash Oʻrda rasman Muxtoriyat eʼlon etib, Turkiston Muxtoriyati bilan ittifoq tuzsa, Alash Oʻrda bilan birlashishga tayyor ekanligi haqida qaror qabul qilgan»ligini yozadi [3; nklibrary. 149k.].

Mazkur tadqiqotlardagi ilmiy xulosa va yondoshuvlar Turkiston Muxtoriyati tarixi masalalariga oydinlik kiritishda, uni Alash Oʻrda tarixi bilan qiyosiy oʻrganishda maʼlum darajada koʻmak beradi.

Turkiston Muxtoriyati haqida soʻz yuritganda, taraqqiyparvar kuchlar-jadidchilik harakati namoyondalari gavdalanadi. Ularning XX asr boshida Turkiston xalqlarining ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan salmoqli oʻrni bugungi kun kitobxonlari uchun yangilik emas. Mazkur mavzuga oid manba va adabiyotlar tahlilidan maʼlum boʻldiki, 1917-1918 yilgi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan, mahalliy aholi orasida sezilarli obroʻ- eʼtiborga ega shaxslar koʻpchilikni tashkil qilgan. ularning hayoti va faoliyati toʻlaligicha oʻrganilmagan boʻlsa-da, bu borada Vatan (Qozogʻiston) tarixshunosligida sezilarli yutuqlar qoʻlga kiritildi.

Qozogʻistonda ham XX asrning 90-yillari boshida ilmiy isteʼmolga kiritilmagan manbalar orqali qozoq milliy taraqqiyparvarlarining ilgʻor vakillari hayoti va faoliyatiga oid asarlar nashr qilish boshlandi. Jumladan, 1993-yilda Turkiston Muxtoriyati hukumatining tashkilotchi va rahbarlaridan biri Mustafo Choʻqayevning “Turkiston Sovetlar hokimiyati ostida (Proletariat diktaturasi tavsifiga doir) asari» [4; 1993. 160 s., 1993, 46 b] Qozogʻistonda birinchi bor qayta nashr qilindi.

Bundan tashqari, B. Sodiqova, M. Koygeldiyev, G. Shimыrbayeva, B.Qoyshыbayev V.V. Risqulov, Sultan Xan Akkululi tomonidan D.Amanjolova va V.V. Risqulov, R. Majitov, K.N. Nurpeisov, E.Eziretbergenova, J.Q. Axmetova, M.S. Jetpіsbayeva,

K.Yesmagʻambetov va boshqa bir qator tadqiqotchilarning Turkiston Muxtoriyati va Alash Oʻrda hukumati yetakchilaridan boʻlgan Mustafo Choʻqayev, Muhammadjon Tanishboyev, Sherali Lapin, D. Dostmuhamedov, S. Xoʻjanov singari tarixiy shaxslarga bagʻishlangan ishlari [5; 1992, 12-13-b, 2007, 227-b, 2010, 17- 22-b] muammoning XX asr tarixshunosligi birmuncha boyitdi. Ulardagi yangi materiallar asosida berilgan maʼlumot va ilmiy xulosalar bevosita Turkiston Muxtoriyati tarixining maʼlum bir qirralarini ochib berishda oʻziga xos oʻrin tutadi.

Qozogʻiston olimlarining Turkiston Muxtoriyati hukumati yetakchilaridan biri M. Choʻqayev va Turkistonda milliy davlatchilikni vujudga keltirish yoʻlidagi faoliyatiga doir natijalari 2008 yilda t.f.d, prof. K.L.Yesmagʻambetov tomonidan yaratilgan yirik monografiyada [6; 1993. 160 s., 1993, 46 b] oʻz aksini topgan. Unda katta hajmdagi manba va turli adabiyotlar orqali M.Choʻqayevning Turkiston Muxtoriyati qurilishidagi faol ishtiroki koʻrsatilib, Turkiston Muxtoriyati masalasining baʼzi bir jihatlariga ham aniqlik kiritishga urinilgan.

Asar muallifining M.Choʻqayev shaxsiy arxividagi hukumat aʼzolarning tadbirlariga oid bergan bir necha yangi faktlari Turkiston Muxtoriyati harakatidagi ishtirokchilarning bu davrdagi faoliyatlarini yanada kengroq yoritishda maʼlum darajada koʻmak beradi. Masalan, tadqiqotda keltirilishicha, O. Mahmudov boshchiligidagi bir guruh muxtoriyatchilar Kavkazga safarga otlangan, Turkiston Muxtoriyatining Yer ishlari vaziri Yurgali Ogʻoyev esa 1917-yilning dekabr oyi oxirlarida yer ishiga oid qonun loyihasini tayyorlab bitirgan [7; Oʻsha asar. 122-159-b]. Bu maʼlumotlar shu kungacha nashr etilgan manbalarda ham, Oʻzbekiston tarixshunosligida ham uchramagan edi.

Yu.Ogʻoyev haqiqatan ham, 1917-yilning dekabr oyida Yer ishlari vaziri yer ishlari boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqishga kirishganini OʻzR Milliy arxivida saqlanayotgan hujjat ham isbotlaydi. Bu maʼlumot Turkiston Muxtoriyati hukumatining uzoq yillar davomida sovet tarixshunosligidan oʻrin olgan “Turkiston Muxtoriyati hukumati tomonidan deyarli hech qanday tadbirlar amalga oshirilmagan”ligi toʻgʻrisidagi qarashlarining tarixiy haqiqatdan yiroqligini isbotlash imkonini beradi.

Tadqiqotchilar S.Rustemov, G.Utepova, X.M.Turcun, J.Axmetova, J.Q.Jarыlqapova, A.A.Kulshanovalarning tadqiqotlari ham Turkiston Muxtoriyati tarixi masalalari yuzasidan alohida fikr yuritiladi. Misol uchun, G.P.Utepova oʻzining 2004-yilda nashr qilingan maqolasida Turkiston Muxtoriyatining vujudga kelishi qozoq xalqining XX asr boshilaridagi oʻz-oʻzini anglashida katta ahamiyatga ega boʻlganiligini yozadi [8; 2004, 174-177-b].

XXI asrga kelib muammo bilan bogʻliq ishlarning manbaviy bazasining boyishi bilan bir qatorda milliy davlatchilik mavzusining doirasi ham birmuncha kengaydi. Masalan, t.f.d. X.M.Tursunning 2010-yilda himoya qilingan dissertatsiyasi [9; 2010] qozoq milliy elitasining XX asrning birinchi choragida Turkistondagi etnosiyosiy jarayonlardagi ishtirokiga bagʻishlangan boʻlsa, t.f.n. J.A.Naushabayevning tadqiqotida esa [10; 2010, 5- 11-b]. Semirechye va Sirdaryo oblasti materiallari asosida XX asr boshidagi Turkiston milliy ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar masalasi yoritib beradi.

A.A.Kulshanova esa Turkiston jadidchiligiga oid maqolasida [11; 2010] Alash Oʻrda va Turkiston Muxtoriyati faoliyatiga qiyosiy jihatdan baho berishga uringan. Mazkur muallif Turkiston jadidchiligining maʼrifatparvarlikdan siyosiy bosqichga qadam qoʻygani, milliy taraqqiyparvarlarning milliy davlat barpo etishga qaratilgan harakatlari xususida fikr yuritib, XX asrdagi milliy mustaqillik uchun kurash yoʻnalishlaridan biri Turkiston jadidchilik harakatida M. Choʻqay, M. Tanishpayev, M. Behbudiy, M. Abdurashidxonov, U. Xoʻjayev, O. Maxmudov va boshqa jadidchilik harakati namoyondalarini tilga olib oʻtadi.

A.A.Kulshanovaning fikricha, Alash Oʻrda va Turkiston Muxtoriyati hukumati namoyondalarining gʻoyaviy qarashlari bir-biridan farq qilgan: Gʻarb liberal nazariyasi va jahon mustamlakaga qarshi harakat tajribasi Turkiston jadidlarining gʻoyaviy-nazariy qarashlari asosiga xizmat qilgan. Biroq, Gʻarb va Rossiyadagi koʻpgina maʼrifatparvarlardan farqli ravishda Turkiston jadidlari dindan voz kechmay, islom dinini jamiyat taraqqiyotiga erishish, inqirozli holatdan chiqish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqni maʼnaviyatli qilish va ularni birlashtishda omili sifatida qaradilar, ular islom diniga maʼnaviy poklash vositasi deb qaradilar.

Muallifning fikricha, Qozoq elitasi Turkiston elitasidan farqli ravishda Gʻarb moderinizatsiyasi nazariyasi bilan tarbiyalangan edi va bu Qozogʻistondagi muxtoriyatchilik harakati natijalarida aks etgan, yaʼni Alash Oʻrda turkiy muxtoriyat emas, qozoq muxtoriyati boʻlgan.

A.A.Kulshanova Turkiston va Qozogʻiston muxtoriyatchiligi yoʻnalish va tamoyili jihatdan bir-biriga oʻxshashligini taʼkidlab oʻtadi. uning fikricha, bu oʻxshashlik quyidagilarda aks etgan:

  • Siyosiy tuzilishni bir xil talqin qilish (Rossiya federatsiyasi doirasida milliy-hududiy muxtoriyat);
  • Muxtoriyatni qonuniylashtirilishi umid qilinayotgan Butunrossiya Taʼsis majlisini himoya qilish;
  • Alash Oʻrda va “Qoʻqon muxtoriyati” uchun Rossiyadan tashqarida boshqa ittifoq orqali mustaqil davlatni rivojlantirish imkoniyatini inkor qilish.

Shuningdek, maqolada Turkiston xalqining etnosiyosiy jarayonlarida islom dinining roli toʻgʻrisida ham soʻz yuritiladi. Muallif Turkiston Muxtoriyati davrida islom dinining Turkiston jamiyatidagi roli birmuncha yuqori boʻlgani, “milliy qurilish” asosiga umumdiniy birlik omil boʻlganligi, bu davrda oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar – umuman hududdagi yirik etnoslar uchun alohida muxtoriyat vujudga keltirish masalasi qoʻyilmagani, balki “Turkiston Muxtoriyati” gʻoyasi uchun qatʼiyatlik bilan yoʻl ochilganini taʼkidlaydi. Islom dinining Turkiston jamiyatidagi roli birmuncha yuqoriligidan, “milliy qurilish” asosiga umumdiniy birlik omil boʻlganligini alohida taʼkidlab oʻtadi [12; 2010, 35-bet].

Oʻlkada 1917 yil Fevral inqilobidan keyingi ijtimoiy-siyosiy holat xususida soʻz yuritilgan t.f.n. D.Qыdыraliyevning maqolasida [13; 2010, 34-38-b] va Mustafo Choʻqayevning Turkiston Muxtoriyati qurilishidagi ishtirokiga bagʻishlangan J.Q.Jarыlqapova tadqiqotida [14; 2015. 366-373-b] ham Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi va faoliyati haqida soʻz borganda asosiy eʼtibor oʻlkadagi milliy davlatchilik qurilishi jarayonlarida ishtirok etgan qozogʻistonlik taraqqiyparvarlarga qaratilganligini kuzatish mumkin. Jumladan, J.Q. Jarыlыqapova Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi, 13-dekabr voqeasi, Muxtoriyatni bolsheviklar hukumati tomonidan tan olinmagani, Turkiston Muxtoriyati hukumati Tashqi ishlar vaziri sifatida saylangan M.Choʻqayev ikkinchi qozoqlar qurultoyidan kelgandan soʻng oʻlkadagi oziq-ovqat masalasini hal qilish uchun Orenburgga borishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingani, shuningdek, hukumat aʼzolarining yangi davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan mustahkamlash uchun olib borgan saʼy-harakatlari, shu jumladan, yer boʻyicha qonun ishlab chiqish ishiga qishloq xoʻjaligi vaziri Yurgʻali Ogʻoyev rahbarlik qilganini yozadi.

Maqolada keltirilishicha, “davlat banklarini konfiskatsiya (musodara) qilinishi va Muxtoriyat hukumatining moliyaviy inqirozi M.Tanishpayevni Turkiston Muxtoriyati bosh vaziri lavozimidan ketishiga olib kelgan. Uning oʻrniga kelgan M.Choʻqayevning tomonidan esa darhol moliyaviy qiyinchilik bartaraf etish boʻyicha qaror qabul qilinib, zayom chiqarishga kirishilgan [15; Oʻsha joyda].

2013-yilda nashr etilgan A.Sh.Qodirboyev maqolasida Turkiston Muxtoriyatining bostirilishidagi arman jamoalarining, aniqrogʻi, dashnoqlarning roli haqida yangi maʼlumotlar uchraydi. Muallifning yozishicha, “fuqarolar urushi” davrida arman jamoalari atrofidagi Turkiston musulmon aholisi bilan munosabatlari keskinlashgan. Turkistondagi bolsheviklar uchun ittifoqchilar kerak boʻlgan. Shuning uchun ular oʻzini sotsialistik harakat deb hisoblovchi dashnoqlar bilan ittifoq tuzgan [16; 2013, 32-38-b]. Muallifning fikricha, Qoʻqon voqealari vaqtida Birinchi jahon urushi harbiy asirlari – vengerlar, avstriyalik, nemislardan tashqari arman jamoasi vakillari – baqqollar, mayfurush, sartarosh, qassob va boshqa savdo qatlamlari vakillari qoʻshilgan. Oʻzlarini oqlash uchun goʻyoki musulmonlarning “jihod”idan qoʻrqqanliklari sababli bu bosqinchilikka qoʻl urgan [17; Oʻsha joyda].

Umuman, Turkistonda milliy davlatchilik gʻoyasining shakllanishi va bu yoʻldagi harakatlar, Turkiston Muxtoriyatini eʼlon qilinishi, sovet hokimiyatini milliy masaladagi noqonuniy harakatlari, Muxtoriyatning bostirilishi bilan bogʻliq qozoq va oʻzbek tarixchilari yondoshuvlarda koʻpincha umumiylik koʻzga tashlanadi.

Yuqorida tilga olingan tadqiqotlar tahlilidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, qozogʻistonlik tadqiqotchilarning nazariy- uslubiy yondoshuvlar asosida yaratilgan muammo bilan bogʻliq ishlari maʼlum darajada Turkiston Muxtoriyati va Alash Oʻrda rahbarlari va harakat qatnashchilarining oʻzaro aloqalari, gʻoyaviy qarashlari va faoliyatidagi oʻxshashlik va farqli jihatlar, bir- biriga oʻzaro taʼsirini koʻrsatib berishga xizmat qiladi.

Ijobiy natijalarni eʼtirof etgan holda, 1991 yildan soʻng Qozogʻistonda nashr etilgan tadqiqotlarda Turkiston Muxtoriyati tarixi bilan bogʻliq fakt va xulosalarda baʼzi bir xato va kamchiliklar ham uchrayotganini taʼkidlab oʻtish joiz.

Turkiston Muxtoriyati rahbarlariga berilgan baʼzi tadqiqotlardagi baholarni ham bizningcha, chuqurroq tahlil etish lozim. Sababi bir necha joyda Muxtoriyat rahbarlari xususida soʻz borganda asosiy eʼtibor M.Tanishboyev yoki (M.Tinishboyev) va M. Choʻqayevlarga qaratilganligini, baʼzi hollarda M.Tanishboyevning Muxtoriyat hukumatidagi faoliyatiga doir yondoshuvlarda bir oz noaniqliklar mavjudligini koʻrishimiz mumkin. Masalan, M.Isʼhoqovning Qozogʻiston tarixiga bagʻishlangan internet saytiga kiritilgan materialida Turkiston Muxtoriyati hukumatiga bosh vazir etib saylangan Muhammadjon Tanishboyevning hukumatdan ketishiga “1918-yilning boshida bolsheviklar bilan boʻladigan munosabatning yomonlashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan Muxtoriyat hukumatining baʼzi harakatlari bilan kelisha olmaganligi” [18; kazakhstan.awd.kz.

- S.1.] sabab qilib koʻrsatiladi. Biroq, birlamchi manbalardagi maʼlumotga koʻra M.Tanishboyev Muxtoriyat hukumatidan «Yettisuv viloyatining qirgʻizlari Turkiston Muxtoriyatiga qoʻshilishni rad qilib, Semipalatinskdagi umumqozoqlarning “Alash sovetiga” qoʻshilganliklari uchun, Alash sovetining taklifi bilan Muxtoriyat hukumatidan chiqib ketgan» [19;1918.].

Bundan tashqari, M. Choʻqayev muallif yozganidek, M.Tanishboyev oʻrniga yanvar oyining oʻrtalarida emas, boshlarida kelgan.

Yuqorida tilga olingan K.L.Yesmagabetov monografiyasida ham Muxtoriyat qoʻshini masalasida sovet tarixshunosligida aks etgan yondoshuvni koʻrish mumkin. Uning taʼkidlashicha, Muxtoriyat hukumati oʻzining qurolli kuchlari boʻlmagani uchun (!) (taʼkid bizniki – S.M.) kadrlardan komandalik quramga rus ofitserlari, tatar, polyak va xarbiy asirlarni chaqirgan. Qoʻqon militsiyasiga boshliq etib bosmachi (!) (taʼkid bizniki – S.M.) Ergash tayinlandi” » [20; 2008. 142-b], deb beradi.

Mazkur asarda ham boshqa tadqiqotlardagi kabi bolsheviklar bilan boʻlgan xarbiy janglarda ishtirok etgan Kichik Ergashning Mustafo Choʻqayev oʻrniga kelishi jarayoni, ulamo va muxtoriyatchilar oʻrtasidagi ziddiyat sababi ham ochib berilmagan.

Muallif Turkiston Muxtoriyati, Buxoro amirligi va Xiva xonligi oʻrtasidagi munosabat masalasiga toʻxtalganda muallif sovet tarixchisi D.L. Golinkovning “Buxoro amiri va Xiva xoni tomonidan Turkiston Muxtoriyatiga yordam koʻrsatilgan” degan fikriga qarshi chiqib, A.Parkning 1957-yildagi asariga tayangan holda “bu mafkura taʼsirida tarixni ochiqdan-ochiq soxtalashtirishdir, Buxoro amiri Turkiston Muxtoriyatiga hech bir yordam bermagani, oʻsha vaqtda yordam soʻrab uning qabuliga borgan Muvaqqat hukumat vakillari bilan uchrashuvdan bosh tortgan”ligi,

Xiva xonligi ham doʻstlikka ishorat koʻrsatmagan”ligini yozadi [21; oʻsha joyda]. Bu kabi yondoshuvlar Qozogʻistonda nashr qilingan baʼzi darslik va oʻquv qoʻllanmalarida ham aks etgan. Misol uchun, 2001-yilda Qozogʻistonda nashr etilgan “Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston tarixi” nomli oʻquv qoʻllanmasida Turkiston musulmonlarining Favqulodda IV qurultoyida raislikka saylangan qozoq ziyolilari M.Tanishboyev va Mustafo Choʻqayevlarga asosiy urgʻu berilib, “ularning rahbarlik lavozimiga saylanishi tasodif emas edi, aynan ular mutaassib ulamo bilan munosabatlardan birmuncha erkin boʻlgan”ligi aytiladi [22; 2001, 512-519-b]. Koʻllanmada Muxtoriyat hukumati qoʻshini masalasida ham notoʻgʻri yondoshuvni koʻramiz. Yaʼni unda “hukumat qoʻshini biografiyasi va shaxsi shubhali boʻlgan bosmachi Ergashning 1,5 mingga yaqin kishisidan tashkil topgan edi” [23; Oʻsha joyda] deb beriladi.

2011-yilda qayta nashr qilingan Qozogʻiston oliy oʻquv yurtlari uchun moʻljallangan “Qozogʻiston tarixi” darsligida ham Turkiston Muxtoriyatiga alohida oʻrin berilgan boʻlib, unda ham mazkur davlat nomi “Qoʻqon muxtoriyati” deb beriladi.

Oʻrta umumtaʼlim maktablarining 9-sinflari uchun qayta ishlanib, 2013-yilda nashr qilingan “Qozogʻiston tarixi” darsligida ham Turkistondagi jadidchilik harakati, oʻlkada faoliyat olib borgan siyosiy partiyalar, Turkiston Muxtoriyati bilan bogʻliq masalalar xususida ham soʻz yuritiladi. Darslikda 1917 yil noyabrda tashkil etilgan Turkiston Muxtoriyatni tashkil topishi, uning tarkibiga Qozogʻistonnning janubiy rayonlari ham kiritilgani, Turkiston oʻlkasi musulmonlarining IV favqulodda syezdida M.Tanishbayev, 1918-yil boshida esa M. Choʻqayevning Turkiston Muxtoriyati hukumatining rahbari sifatida faoliyat olib borgani va Turkiston Muxtoriyatini bostirilishi jarayoni haqida maʼlumot beriladi [24; 2013. 64-77-b].

Shuningdek, asarda “Turkiston jadidlari faoliyatida Oʻrta Osiyo siyosiy, milliy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish ustivorlik qilgani, bu harakat aholining turli qatlamlarini qamragan va xalq harakati koʻrinishiga ega boʻlgan”ligi, Qozogʻistonning janubiy oblastlarida vujudga keltirilgan “Shoʻroi Islomiya” va “Shoʻroi Ulamo” faoliyatida M Choʻqay, A.Qori, A.Temirbekovlarning faol rol oʻynaganligi alohida taʼkidlab oʻtilgan. Mazkur partiyalarni vujudga keltirganlar “ulamo va diniy kayfiyatdagi ziyolilar” [24; Oʻsha joyda] deb berilgan.

Ushbu darslikda ham baʼzi faktik xato va noaniqliklar, sovet davri adabiyotlarida mavjud boʻlgan yondoshuvlarni uchratish mumkin. Misol uchun darslikda “Shoʻroi Islomiya” partiyasi tarkibiga “milliy burjuaziya va ziyoli, feodal va musulmon din peshvolari kiritilgan, “Shoʻroi Ulamo” 1917-1918-yillarda Turkistondagi “aksilinqilobiy panislamistik tashkiloti boʻlib, u din peshvolari, mahalliy feodallar va milliy burjuaziyaning birmuncha reaksion qismini tashkil qilgan. 1917 yil noyabr oyidagi Turkiston Sovetlarining 3-syezdida ulamolar Sovet hokimiyatini oʻrnatilishiga qarshi chiqdilar. Uning tashkilotchilari orasida aksilinqilobiy Qoʻqon Muxtoriyatini va bosmachilikni ilhomlashtiruvchilar boʻlgan”, “Ulamolar sovet hokimiyatiga qarshi kurashda rus oq gvardiyachilar va chet el imperialistlari bilan ittifoqni maʼqul koʻrdilar [24; Oʻsha darslik, 73-bet], kabi xulosalar chiqarilgan.

Mustafo Choʻqayevni Turkiston Muxtoriyati hukumatida mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanganligi aytiladi [24; Oʻsha darslik, 73-bet]. Haqiqatda esa, Turkiston Muxtoriyati tashkil etilgan davrda Mustafo Choʻqayev Tashqi ishlar (Horijiya vaziri) vaziri sifatida saylangan.

Turkiston Muxtoriyatini ham 62 kun yashagan deb koʻrsatiladi [24; Oʻsha darslik, 74-bet] (Aslida 72 kun faoliyat yuritgan). Bu kabi yondoshuvlarning sababi bizningcha, tadqiqotlarni yaratishda mualliflar tomonidan birlamchi manbalarga murojaat qilmaganligi bois kelib chiqqan boʻlsa kerak.

Shunday qilib, qozogʻistonlik tadqiqotchilar tomonidan Turkiston Muxtoriyati tarixi bilan bogʻliq koʻp sonli va xilma-xil tadqiqotlar yaratildi. Bizningcha, tarixchilar oldida bajarilishi lozim boʻlgan yana bir qancha vazifalar mavjud. Masalan,

  • Turkiston Muxtoriyatining vujudga kelishi va faoliyatida ishtirok etgan shaxslarga oid tadqiqotlar doirasini kengaytirish;
  • Muxtoriyat hukumatining kadetlar, menshevik, eser partiya vakillari, Orenburg bilan aloqalari hukumatining Janubiy- sharqiy ittifoqqa qoʻshilishi masalasi;
  • Turkiston, Boshqird, Ukraina, Alash Oʻrda kabi milliy mustaqillik uchun kurashgan harakat rahbar va qatnashchilarining oʻzaro aloqalari, yondoshuvi, qarashlari, milliy harakatlarning bir-biriga bogʻliqligini oʻrganish;
  • Birlamchi manbalar asosida faktlarni ishonchliligini va koʻrilayotgan masalalarning haqiqiyligini aniqlab, Oʻrta Osiyodagi millliy davlatchiligining yagona konsepsiyani yaratish;
  • Muxtoriyat hukumatining diplomatik faoliyati, chet davlatlar (AQSH, Qashqar, Eron va boshqa), Buxoro – Xiva xonligi bilan aloqalari munosabatlari kabi masalalarni ana shu vazifalar qatoriga kiritish mumkin.

Mazkur muammoni xalqaro ilmiy natijalar bilan hamohang oʻrganish esa shubhasiz tadqiqotlarni yanada samarali boʻlishini taʼminlaydi.

MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Аманжолова Д.А., Рыскулов В.В. Председатель Западного Отделения Алаш-Орды Д. Досмухамедов и судьбы казахской интеллигенции в период сталинских репрессий // https://eurasica.ru/articles/ kazakh
  2. Нурмугамбетова Р.Н. Алаш и история Алаш. Историография проблемы (20-90-е годы): Автореф. Дисс.канд. ист. наук. Алматы, 145с.
  3. Султан Хан Аккулулы. Жизнь и смерть лидера Алаш Орды. Очерк об общественно-политической и научной деятельности А. Н.Букейхана (Букейханова) // nklibrary.freenet.kz/ elib/collect/death.htm - 149k.
  4. Чокай-огли М. Туркестан под властью Советов (к характеристике диктатуры пролетариата). Статьи, воспоминания.Алма- Ата:Айкап,1993.160 с.
  5. Байбот К. С. «Мұстафа Шоқай. Түркістан ның қилы тағдыры» // Алматы, «Жалын», 1992.
  1. Есмагабетов К.Л. Элым таныган тулға (Мустафа Шоқайнын дунетанымы женэ қайраткерлик бўлмысы). Алматы: Дайк-Пресс, 2008. 122-159-бетлар.
  2. Рустемов С. Туркiстан мусылмандарынын қўзғалысы (ақпан 1917–1918 ж) // ҚазМУ Хабаршысы. Тарих серияси. № 2. 69-бет; Турcын Х.М. Туркистан (Қўқон) автономиясы: килыптасу жэнэ куйреу тарихи (1917-1918 жж): Автореф. Т.ф. н. дисс… - Алматы, 2001; Утепова К. Г. Туркестан (Қўқан) автономиясынын курылуы туралы // Вестник КазНУ. 2004. №3 (34). Б.174-177.
  3. Турсун Х. М. История деятельности национальной элиты в этнополитических процессах Туркестана (первая четверть ХХ в.): Автореф. дисс... д.и.н. 2010.
  4. Қыдыралиев Д. Түркістандағы автономия мəселесі жəне ұлттық құрылтайлар // Отан тарыхи. 2010. №3. 34-38-бетлар.
  • Кульшжанова А.А. Туркестанский джадидизм как разновидность национализма // Вестник КазНУ. Серия Востоковедения. №1 (50).
  1. Наушабаев Ж. А. Образование и деятельность национальных общественно-политических организаций в Туркестанском крае (на материалах Семиреченской и Сырдарьинской области в начале ХХ века). Автореф. дис. к.и.н. 2010.
  2. Жарылқапова Ж.Қ. Мұстафа Шоқайдың Түркістан Автономиясын құрудағы қызметі // KazNU History series. No1 (76). 2015.
  1. Кадырбаев А.Ш. Армянская диаспора и Дашнакцуютун в Туркестане 1917-1922 годы // Восточный архив. 2013. №2 (28).
  2. Исхаков С. М. Кокандское правительство – реальная попытка построения единого Туркестанского государства. В кн: История Республики Казахстан - // http://kazakhstan.awd.kz. - С.1.
  3. Хабарлар // Улуғ Туркистон. 1918, 19 февраль.
  4. Есмагабетов К.Л. Элым таныган тулға (Мустафа Шоқайнын дунетанымы женэ қайраткерлик бўлмысы)– Алматы: Дайк-Пресс, 2008.
  5. 22. История Казахстана и Средней Азии Алмаата,
  6. История Казахстана. (Начало XX века – настоящее время) Учебник для 9 класса общеобразовательной школы. 3-е издание, переработанное / Под общей редакцией доктора исторических наук, профессора Б.Г. Аягана. Астана: Атамура, 2013. 400 с.