Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATI TARIXINI OʻRGANISHDA YANGICHA YONDASHUVLAR

TURKISTON MUXTORIYATI TARIXINI OʻRGANISHDA YANGICHA YONDASHUVLAR

Rustam SHAMSUTDINOV, tarix fanlari doktori, professor, Andijon Davlat Universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori.

Assalomu alaykum, hurmatli konferensiya ishtirokchilari! Haqiqatan ham Turkiston Muxtoriyati aʼzolarini va Turkiston Muxtoriyatining qilgan ishlarini, uning fojeasini oʻrganish  mustaqillik  uchun  kurashning  dastlabki,  birinchi qadamlarini oʻrganish bilan barobardir.

Mana shu Turkiston Muxtoriyatini ilmiy anjuman obyekti qilib olinganligi nihoyatda muhim va dolzarb masaladir. Garchand Turkiston Muxtoriyati haqida dissertatsiyalar yozilgan boʻlsin, garchand Oʻzbekiston tarixidan darslik, oʻquv qoʻllanmalariga Turkiston Muxtoriyatiga oid materiallar kiritilgan boʻlsin, gazetalar va jurnallarda maʼlumotlar berilgan boʻlishiga qaramasdan, hali hanuz Turkiston Muxtoriyatini toʻlaqonli reja asosida chuqur, atroflicha, keng maʼnoda oʻrganish zaruriyat boʻlib qolmoqda.

Biz tarixchilar, mana mustaqilligimizga 31 yil boʻlyapti, ana shu mustaqillik uchun dastlabki poydevor qoʻyilgan Turkiston Muxtoriyatini qanday boʻlsa, shundayligicha oʻrganganimiz yoʻq. Toʻgʻri, Turkiston Muxtoriyatini oʻrganishda dastlab ilgari qilingan ishlarni doktorlik dissertatsiyasi, monografiya qilib Agzamxodjayev Saidakbar katta ish qildi. Bu monografiyada xorijiy va milliy tildagi arxiv materiallari, arab yozuvidagi hujjatlarni ilk bora ilmiy isteʼmolga kiritdi.

Bir narsani aytish kerakki, Parijda Parij kommunasi oʻrnatildi. Proletar diktaturasi edi, u. Hozir muzeyi bor. Hamma

 

joylardan kelganlar butun Parij kommunasiga oid narsalarni koʻradi, tomosha qiladi.

Lekin Turkiston Muxtoriyati proletariat diktaturasi emas edi. Milliy demokratik davlat edi. Biz ana shu Milliy demokratik davlatimizni hanuz qadriga yetganimiz yoʻq.

Oʻylab koʻringlar, Turkiston Muxtoriyati Qoʻqonda tashkil topdi. Chunki Toshkentda iloji yoʻq edi. Boshqa joyda iloji yoʻq edi.

Endi jadidchilik harakatining milliy tarkibini olaylik, kimlar ular: oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, qozoqlar, turkmanlar va boshqalar edi. Jadidchilik harakati internatsional tarkibda boʻlgan, toʻgʻrimi? Shuning uchun Muxtoriyatni tashkil qilish bilan bogʻliq jarayonda hamma millatlar birga faoliyat olib borgan. Ish yuritish tili nima uchun rus tili boʻldi? Oʻsha vaqtda chor mustamlakachilari bizni milliy toifalarga boʻlib turib, rus tilida ish olib borgan-ku. Oʻzbek, qozoq, tojik tillarida ish olib borishga yoʻl qoʻyilmagan edi.

Jadidchilarning eng katta yutugʻi shundaki, ular mana shu Turkiston muhitidagi butun millatlarning manfaatini oʻylab turib, mustamlakachilarning tili boʻlsa ham, rus tilida ish yuritgan. Bu ijobiy qaror, reaksion, salbiy emas bu.

Jadidlar butun rus manbalarini oʻrgangan. Shuning uchun biz ularga rus tilida ish yuritgan, deb taʼna qilmasligimiz kerak. Agar oʻzbek tilida qilinganda, qozoqlar xafa boʻlardi, tojiklar xafa boʻlardi, qirgʻizlar xafa boʻlardi... va boshqa millatlar.

Turkiston Muxtoriyati butun hujjatlarini rus tilida tuzgan, deb aytish, mutlaqo tarixiylikka zid hisoblanadi. Bu holatni oʻsha davr nuqtai-nazarida oʻylab koʻrish, tasavvur qilish kerak boʻladi.

Yana bir masala: Turkiston Muxtoriyatining maʼno, mazmun- mohiyatini bilishdan oldin, oʻsha jadidchilik harakati yaratgan maromnoma, nizomnomani bilish kerak. Bu hujjat Konstitutsiya xarakteriga ega boʻlgan.

 

Ana oʻsha hujjatni kim yaratgan? 12 kishi edi ular. Milliy tarkibi ham har xil edi, ularning. Mana shu oʻn ikki shaxsni biz hammasini toʻlaligicha oʻrganganimiz yoʻq. Ular yozgan maromnoma, nizomnomaning ham qanday asoslarga tayanib yozilganligi, mazmun- mohiyatini ham hozirgacha toʻliq tahlil qilganimiz yoʻq.

Turkiston Muxtoriyati oʻsha konstitutsiya darajasidagi hujjat asosida boʻldi-ku?!

Yana bitta narsani aytish kerak. Sovet davrida biz burjua tarixchilariga qarshi kurashga haddan tashqari berilib ketgan edik. Har qanday dissertatsiyaga burjua tarixchilarining qarashlarini tanqid qilish masalasi qoʻyilgan edi. Shunga buyurtma, talab boʻlgan. Vaholanki, burjua tarixchilari, biz keyin bilyapmiz, bor haqiqatlarni aytgan.

Vatan xoinlari deb Vali Qayumxonov, Boymirza Hayit, boshqa-boshqalarni, oʻzimizning millatdoshlarimizni, hammasini tanqid qildik. Lekin ularga qarasak, ular Turkiston Muxtoriyati xaqida yaxshi, toʻgʻri, haqqoniy fikrlarni aytgan-ku. Mana shulardan bittasi doktor Boymirza Hayit. Oʻzbek, fargʻonalik, namanganlik. Juda katta, koʻp kitoblar yozgan.

Mana “Bosmachilar. Turkiston milliy kurashi” nomli kitobi shular jumlasidandir. Bu kitob avval nemis tilida, keyin turk tilida chiqarilgan.

Shu kitobni 1996–1997-yillar olishi bilan menga bergan. Oʻsha vaqtlarda tarjima qilishga kirishgan edim. Lekin ayrim sabablar bilan toʻxtab qolgan. Shundan keyin bu kitob turk tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi va nashr qildik.

Bu kitobning mundarijasida Turkiston Muxtoriyati masalasi alohida qoʻyilmoqda. Turkistonliklarning maqsadlari, ruslarning munosabati masalalari yoritilgan. Eʼtibor beringlar, Boymirza Hayit ana shu sovet manbalari, arxivlariga kirishi mumkin boʻlmagan boʻlsa ham, turli yoʻllar bilan materiallarni olishga va kitob yozishga muvaffaq boʻlgan.

Men bu kitobni mamnuniyat bilan Saidakbar Agzamxodjayevga sovgʻa qilaman. Shu bilan birga “Vodiynoma” jurnalining ham

30-sonini taqdim qilaman. Bu jurnal sahifalarida Turkiston Muxtoriyatining hali ochilmagan qirralariga bagʻishlangan maqolalar eʼlon qilinib kelinmoqda.

Biz 2020 yilda Qoʻqonda Turkiston Muxtoriyatiga bagʻishlangan konferensiya oʻtkazganimizda, men bir taklifni kiritgan edim. Turkiston Muxtoriyati 3 kun yigʻilish qilgan, oʻsha bino Qoʻqonda bor, hozir ham. Shu yerda ular majlis qilishgan, namoz oʻqishgan va boshqalar. Men bizning birinchi, koʻp millatli davlatimiz boʻlgan Turkiston Muxtoriyatining muzeyini qilishimiz kerakligini taʼkidlagan edim. Chunki, butun Oʻrta Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun kurashining ramzi hisoblanadi – bu. Shu maʼnoda Qoʻqonda Turkiston Muxtoriyati muzeyi boʻlishi kerak.

Turkiston Muxtoriyatining har bir aʼzosiga oid alohida tadqiqot qilinishi kerak.

Mana Qozogʻistonliklar mustamlakachilik haqida dissertatsiya yoqladi. Muhammadjon Tinishboyev xaqida ham dissertatsiya yoqlandi. Bizda-chi? Biz Turkiston Muxtoriyatchilarining har birini dissertatsiya obyekti qilib berayapmiz.

Biz qanchalik Turkiston Muxtoriyati tarixini chuqur oʻrgansak, qanchalik anglasak, qanchalik xalqimizga yetkazsak, shunchalik foydali boʻladi. Chunki milliy istiqlol mafkurasining tamal toshini Turkiston Muxtoriyati qoʻygan.

Turkiston Muxtoriyatini oʻrganish uchun maxsus komissiya tuzish kerak. Avtorlar tarkibini tuzish kerak. Qozoqmi, tojikmi, qirgʻizmi kim boʻlishidan qatʼi nazar, baynalminal Turkiston Muxtoriyati tarixini yozishimiz kerak. Shuning uchun ham Turkiston Muxtoriyatini oʻrganishda biz qarzdormiz. Gaplarimiz koʻp. Lekin men shu bilan cheklanaman. Eʼtiboringiz uchun rahmat!