Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATI VA MILLIY OZODLIK HARAKATI: OʻZARO ALOQADORLIK DIALEKTIKASI

TURKISTON MUXTORIYATI VA MILLIY OZODLIK HARAKATI: OʻZARO ALOQADORLIK DIALEKTIKASI

Nasriddin NAZAROV, tarix fanlari doktori, Chirchiq davlat pedagogika universiteti professori.

Annotatsiya. Ushbu maqolada Turkiston Muxtoriyati, uning milliy tafakkurda tutgan oʻrni, ushbu siyosiy birlikning milliy ozodlik harakati bilan aloqadorlik jihatlari tadqiq etiladi. Milliy ozodlik harakatining yirik vakillari, jumladan, Muhammad Ibrohimbek faoliyati bilan Turkiston Muxtoriyati voqealari orasidagi uzviylikka eʼtibor qaratilib, ushbu voqealar milliy oʻzlikning rivojidagi oʻrni masalalariga eʼtibor qaratiladi.

Kalit soʻzlar: Turkiston Muxtoriyati, milliy ozodlik harakati, qoʻrboshilar, Ibrohimbek, erkinlik, ozodlik, milliy oʻzlik.

 

Abstract. This article examines the Turkestan autonomy, its place in national thinking, aspects of the relationship of this political unit with the national liberation movement. Emphasis is placed on the continuity between the activities of major representatives of the national liberation movement, including Muhammad Ibrahimbek, and the events of the Turkestan autonomy, and the role of these events in the development of national identity.

Key words: Turkestan autonomy, national liberation movement, kurbashi, Ibrahimbek, freedom, will, national identity.

Yurt ozodligini asrash va unga erishishga intilish muqaddas tuygʻu boʻlib, vatan va el taqdiri uchun oʻzini masʼul deb hisoblagan har-bir insonning qalbidan oʻrin olishi tabiiy, albatta. Ushbu tuygʻuni eʼzozlash, asrab-avaylash, zarurat tugʻilganda Vatan himoryasi yoʻlida kamarbasta boʻlish milliy mentalitetimizning asosiy qirralaridan birini tashkil etadi.

Maʼlumki, insoniyat oʻtmishi, turkiy xalqlar tarixi, jumladan oʻzbek xalqining tadrijiy taraqqiyot bosqichlari erkinlikka intilish, mustaqil yashash, yurt va eʼtiqod himoyasi yoʻlida shiddatli kurashlar tarixidan iborat. Abdurauf Fitratning talqiniga koʻra: Tarix millatning oʻtmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini oʻrganadigan fandir. Modomiki, shunday ekan, bugun biz oʻsha yaqin oʻtmishdagi siyosiy jarayonlarga tarix koʻzgusi orqali nazar soladigan boʻlsak, yurtdoshlarimiz oʻz yelkasida naqadar masʼuliyatli yukni koʻtarib, avlodlar kelajagini taʼminlashga harakat qilganliklari, hatto ushbu maqsad yoʻlida jonlarini ham garovga qoʻyganliklarining guvohi boʻlamiz. Nemis faylasufi Gegel: Haqiqiy jasorat yurt ozodligi yoʻlida qurbon boʻlishga tayyor ekanlikda namoyon boʻladi, degan edi.

Hech kimga sir emaski, XIX asrning oxirida chor Rossiyasi tomonidan Turkiston oʻlkasining egallanishi chor hukumatining bosqinchilik siyosatining mevasi edi. XX asrning birinchi choragida bolsheviklar Rossiyada hukumatni egallagach, chor hukumati tarkibida boʻlgan oʻlkalar xalqlariga turli imtiyozlar vaʼda qilish evaziga bolsheviklar hokimiyatini qoʻllashlari lozimligiga unday boshladi. Turkiston Muxtoriyati ham ana shunday vaqtinchalik kafolatlar toʻlqinida millat vakillarini jumbushga keltirgan siyosiy harakat edi. Bu siyosiy harakat qisqa vaqt (1917-yil oxiri – 1918-yil boshi, 72 kun) davomida faoliyat koʻrsatgan boʻlsa-da, lekin millat tafakkurida erkinlik va ozodlikka intilish gʻoyalarini uygʻotib, yurt ozodligi yoʻlida keyingi harakatlarning boshlanishiga asos boʻldi, desak, toʻgʻri boʻladi.

Turkiston oʻlkasida qizil armiyaning qurolli harakati XX asrning 20 – 30-yillarida bolsheviklarning bosqinchilik siyosati natijasida amalga oshirilib, yerlik xalqni “bosmachi”, “quloq” degan nooʻrin haqoratlar ostida siyosiy siquv va oʻz vatanlaridan badargʻa qilish natijasida mustahkamlandi.

Xalqimizda “Urush – botirni sinaydi, jahl dononi sinaydi, yoʻqchilik doʻstni sinaydi”, - degan naql bor. Turkiston Muxtoriyati qisqa vaqt davomida siyosiy birlik sifatida bolsheviklar tomonida tugatilgan boʻlsa-da, ushbu harakat millat botirlarini maydonga chorlab ketdi. Madaminbek, Katta Ergan, Kichik Ergash, Shermuhammadbek, Junaydxon, Ibrohimbek kabi dovyurak botirlarning maydonga chiqishida Turkiston Muxtoriyatining oʻrni saboq boʻldi, albatta. Davrning shiddati millat botirlarini lashkarboshi hamda qoʻrboshi sifatida shakllantirib, yirik harbiy- siyosiy fenomen sifatida maydonga olib chiqdi. Jumladan, sharqiy Buxoroda (bugungi markaziy va janubiy-sharqiy Tojikiston) faoliyat koʻrsatgan Muhammad Ibrohimbek faoliyati ham Turkiston Muxtoriyati inqirozi tufayli toptalgan xalq uchun intiqom hissi tufayli alanga olgan harakat desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Garchi, Buxoro amirligi hududi Turkiston Muxtoriyati tuzilgan va alal-oqibat asosiy zarbani yelkasiga olgan Fargʻona vodiysidan maʼmuriy jihatdan bir-biridan uzilgan hududlar sifatida koʻzga tashlansada, oʻzaro madaniy-iqtisodiy aloqalarning mavjudligi bois, Buxoro amirligidagi olis bekliklarda ham Fargʻona vodiysidagi siyosiy jarayonlarning aksu sadosi eshitilib, masjid va yigʻinlarda muhokama mavzusi sifatida kun tartibidan oʻrin olganligi ham tabiiy.

Shuningdek, bolsheviklarning bosqinchiligiga qarshi Turkiston oʻlkasida keng quloch yoygan xalq harakati bolsheviklar tomonidan “bosmachilik harakati” deb, ushbu harakat ishtirokchilari “bosmachilar” deb atala boshlanganligi, bosqinchi bolsheviklar tomonidan istiqlolchilik harakatini bostirish uchun ham Turkiston Muxtoriyatini bostirgan usullardan foydalanishni oʻz oldilariga maqsad sifatida qoʻyganliklarini dalillaydi.

Maʼlumki, aslida “bosmachi” soʻzi “bosmoq” feʼlidan olingan boʻlib, muayyan hududni bosmoq, talamoq maʼnosini bildiradi. Bu isbot ham, ilmiy talqin ham talab qilmaydigan aksioma. Xuddi mana shu sabab tufayli oʻtgan asrning birinchi choragidan boshlab chiqarilayotgan deyarli barcha ilmiy maqolalarda atamaning yuqoridagi talqini ustuvor mohiyat kasb etib keldi. Bu soʻz yurt mudofaachilari va erku imon himoyachilarini xalqqa yomon koʻrsatib, badnom qilish uchun bolsheviklar tomonidan ishlatilib, keyinchalik harbiy va ilmiy-siyosiy muomalaga kiritilgan atamadir. Aslida bosmachi muayyan hududga oʻzga yurtdan bostirib kelganlarga nisbatan ishlatilsa toʻgʻri boʻladi. Masalaning ikkinchi tomoniga ham eʼtibor qaratish lozimki, oʻsha qonli mojarolar avjiga chiqqan yillardagi siyosiy hokimiyatning tamoman falajligi sharoitida baʼzi kriminal elementlar ham qurollanib, ayrim hududlarda talonchilik qilishgan. Bunday kimsalar yurt va imon-eʼtiqod himoyasi uchun birlashgan dastalar orasida ham yoʻq emas edi (yaqin oʻtmishdagi Tojikistondagi fuqrarolar urushi yillarini esga olaylik, talon-tarojlik ham avjga chiqqan edi). Mana shunday kimsalarga nisbat berilib, aholi orasida ularga nisbatan salbiy kayfiyat uygʻotish maqsadida bolsheviklar yurt himoyasi uchun otlangan butun boshli guruhlarni ham bosqinchi toʻdalar, yaʼni bosmachilar, deb atay boshlaganlar

 

[1, S. 9]. Aslida, har ikki tomonda ham bunday kimsalar boʻlib, aholini talash hollari qizillarning ham orasida bor edi. Esimda: “Oʻsha “bosmachilik” yillari qizillar qishloqqa kirib uyma-uy yurib, qurol axtarish maqsadida ayollarning ham butun tugunlarini titkilar, koʻziga koʻringan ayollar taqinchoqlarini ham olib ketar, bunday paytda momom onasidan qolgan tilla taqinchogʻini “katte chavdesh” (choygum)ga solib, ustidan suv quyib, baqirlatib choy qaynatib oʻtirar ekan. Xuddi shu yoʻl bilan oʻsha tilla taqinchoq bir necha “talav”lardan omon qolgan ekan”. Demak, talonchilik hamma zamonda ham, har qanday kuchlar orasida ham boʻlgan. Buni inkor etish hodisalarga bir tomonlama munosabatda boʻlish demakdir. Lekin, tadbirli qoʻrboshilar oʻz guruhida mana shunday salbiy holatlarning oldini olishga harakat qilganlar. “Ibrohimbek oʻz qoʻshini safida qattiq tartib-intizom oʻrnata oldi. Tinch aholini talashda qatnashgan yoki begunoh musulmonlarni oʻldirgan askarlar mabodo uchrab qolsa, ular shafqatsiz jazolangan. Ibrohimbek tomonidan qoʻl ostidagi qoʻrboshilari Abdulaziz va Abdurahmonboyga yozgan maktublari koʻp jihatdan ahamiyatlidir. Ibrohimbek oʻz maktubida Abdurahmonboyga quyidagi soʻzlarni yozgan edi: “…askarlarni maxsus ruxsatnomasiz miltiqlari bilan joʻnatayapsiz – bu juda yomon”. Demak, qoʻrboshilar oʻz yigitlarini qishloqlarga miltiqlari bilan yuborishsa, ularga maxsus ruxsatnoma berishgan” [2, B. 110]. Xudi shu mazmunda Ibrohimbekning Xonaqa (bugungi markaziy Tojikistondagi Hisor va Shahrinav tumanlari) hududidagi qoʻrboshi Mulla Niyoz Muhammad inoq-biy nomiga yozgan xati ham xarakterlidir: “Sizning qoʻl ostingizdagi askarlardan baʼzilari shariat qonunlariga xilof ravishda dehqonlarning mol-mulkini talash va oʻgʻirlash bilan ham shugʻullanayotgan ekan, shunday kimsalarni aniqlab jazolashingizni talab qilaman” [3, S. 681]. Abdulaziz qoʻrboshi nomiga yozilgan yana bir maktubda: “Menga yetkazilgan maʼlumotlarga koʻra, sizning bir yigitingiz, shariat asoslariga xilof ravishda gunohsiz bir moʻminni oʻldirgan ekan, ushbu voqea yuzasidan qattiq tekshiruv oʻtkazib, maʼlumot tasdiqlansa, oʻsha  askarga nisbatan qatʼiy chora-hatto otuvga hukm qilishlikni talab etaman” [4, S. 674].

Muammoning yana bir tomoni, bosqinchi atamasi, oʻzga yurtdan bosib kelgan guruhga nisbatan ishlatilsa haqiqatga yaqinroq boʻladi. Demak, bolsheviklarning oʻzlari bosmachilik siyosati tufayli Oʻrta Osiyo hududlarini bosib olib, oʻzlarining harbiy- siyosiy qilmishlarini xaspoʻshlash uchun ayrim oʻgʻri guruhlar siymosida ushbu salbiy atamani yurt himoyachilariga nisbatan ham qoʻllay boshladilar. Sharqiy Buxorodan istiqlolchi kuchlarning yoʻlboshchilari 1922-yilda Boysun garnizonidagi bolsheviklar hukumati vakillariga quyidagi talabni qoʻyadi va bu xat Sovet hukumatining Boysundagi vakili Olimjon Akchurinning qoʻliga kelib tushadi: “Boysun shahridagi bolsheviklar vakiliga. Haqiqiy mustaqil Buxoro tuprogʻidagi aholining vakillari boʻlgan bizlar Sizlarga shuni maʼlum qilamizki, sizlar vatanimizdan chiqib ketmaguningizcha jangni davom ettiraveramiz, deb hammamiz bir qarorga keldik. Hozirgi vaqtda behuda qon toʻkilmasin deb va odamgarchilik qilib sizlarga mamlakatimizdan chiqib ketishni taklif qilayotirmiz. Shunday qilsangiz Sizning doʻstlaringiz boʻlib qolamiz va oʻzimiz yordam berib sizlarni ochlikdan saqlab qolamiz, aks holda, sizlar vataningizda ochlikdan oʻlayotgan oilalaringiz kabi mahv etilasiz. Hozir biz gunohkor boʻlmaylik deb odam qonini toʻkishni istamayotirmiz. Lekin xalqimizning istagiga xilof ravishda vatanimizga bostirib kirgan sizlar bilan jang qilishni muqaddas burchimiz deb bilamiz. Bizlar xursandlik bilan bu yoʻlda qonimizni toʻkib, shahid boʻlishdan qaytmaymiz. Muhrlar: Mulla Muhammad Ibrohim.

Dodxoh Abdulla Hoji. Hoji Sulton Sadr, Fazliddin Gʻozi” [5, B. 247-248].

Demak, harakat ishtirokchilari hech qachon oʻzlarini “bosmachi” deb atashmagan, balki xalq vakili deb hisoblashgan. Atrofda bolsheviklar va ularning mafkurachilari yurt himoyachilarini ushbu atama bilan badnom qilishni davom ettiraverganlar. Xuddi  shuningdek,  Moskvada  nashr  etilgan  Katta  Sovet Ensiklopediyasining birinchi nashri 5-tomida: “Bosmachilik harakati shiddatli siyosiy, aksilsovet xarakter kasb etdi va butun Osiyoning mavjud uch respublikasi - Buxoro, Turkiston, Xorazm aholisining ommaviy harakatiga aylandi. Harakatning dohiylari… Koʻr Shermat, Ibrohimbek kabi alohida boshliqlari boʻlib qolmasdan, balki unga mahalliy ziyolilar, mulla va boylar ham rahbarlik qila boshladilar” [6, S. 36], deyiladi.

Ommaviy harakat qachon boshlanadi?! Birinchidan, yirik siyosiy, harbiy, iqtisodiy yoki maʼnaviy tahdid vujudga kelgan taqdirda hamda tashqi bosqin xavfi vujudga kelsa va bu bosqin real mohiyat kasb etsa. Ikkinchidan, hech qanday siyosiy- lingvistik leksikonda ommaviy harakat “bosmachilik” deb atalmaydi. Bu atama bolshevistik rejim vakillari tomonidan oʻylab topilib, oʻz raqiblariga nisbatan harbiy va mafkuraviy jang uchun qoʻllangan strategik usuldir. Xuddi shu atama orqali ularni badnom qilishga harakat qilindi va qaysidir jihatdan oʻz niyatlariga yetishdilar ham. Keyingi yetmish yillik bolsheviklar rejimi sharoitida ushbu atama yurt mudofaachilari va eʼtiqod himoyachilariga nisbatan faol ishlatilib, harbiy-siyosiy va ilmiy leksikonda barqaror mohiyat kasb etib, bugungi kungacha baʼzi manfaatdor hududiy birliklarda chop etilgan ilmiy nashrlarda eski, bolshevikcha qarashlarga sodiq holda, yurt himoyachilarini bosmachilar, harakatni esa bosmachilik sifatida bir tomonlama baho berib: “Bosmachi - millatchilik kayfiyatidagi qurolli harakat qatnashchisi, bosmachilik esa millatchilik kayfiyatidagi qurolli harakat” sifatida taʼriflanmoqda. Vaholanki, ushbu harakat hech qachon millatchilikni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymasdan, yurt mudofaasi va eʼtiqod himoyasi yoʻlida barcha millat vakillarining boshini birlashtirib, bosqinchilarga qarshi kurashga daʼvat etganlar. Ibrohimbek qoʻshinining oʻzida oʻndan ziyod millat vakillari (hatto yahudiylar ham) nafaqat oddiy askar, balki qoʻrboshi sifatida ham faoliyat koʻrsatishganlar.

“Bosmachi” atamasining genezisiga eʼtibor qaratishda yana bir jihatni ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozimki, harakat ishtirokchilarining  harbiy  amaliyot  jarayonida  yigitlarni jasoratga chorlab, gʻayratlantiruvchi hayqirigʻi “ur-bas”, “bas- bas”, “baso-bas” terminlari edi. Laqaylarning hayqirigʻi “ur-bas” ekanligi, qoʻngʻirotlarniki “bas-bas”, boshqa qurolli guruhlarniki ham “baso-bas” ekanligi, mana shu hayqiriqlarga qarab qizillar qaysi guruh bilan urushayotganliklarini aniqlashganlar [7, S. 34-38]. Harakat ishtirokchilarining bolsheviklar tomonidan “bosmachi” deb atalishida mana shu jihatlar ham rol oʻynagan boʻlishi mumkin.

Umuman olganda, yuqorida taʼkidlangan milliy ozodlik harakatining ildizlari Turkiston Muxtoriyati va uning inqirozi bilan bogʻliq jarayonlarga borib bogʻlanishi, tarixiy voqealar silsilasida jarayonlarning oʻzaror aloqadorligini ifodalaydi. Zero, har ikki hodisa – Turkiston Muxtoriyati va Milliy ozodlik harakati ham oʻzlikka intilish va uni anglash hosilasidir. Gurchi, bolsheviklar harbiy imkoniyatlarining kengligi har ikki harakatning inqirozini taʼminlagan boʻlsada, bu harakatlar bir- birini toʻldirib, millatning oʻzligini anglatib keldi. Bugungi milliy mustaqillikning tarixiy tadrijiy zanjirida bu ikki harakat jarayonlarni oʻzaro bogʻlovchi yirik halqa sifatida milliy siyosiy tarixda yaqqol namoyonligi ham – isbot talab etmaydigan aksiomadir.

MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Radjabov K.K. Voorujennoye dvijeniye v Turkestanskom kraye protiv sovetskogo rejima (1918-1924 gg.). Avtoreferat diss… dokt. istor.nauk. –Tashkent, 2005. –S.9.
  2. Rajabov Istiqlol shahidlari // Sharq yulduzi. 2002. Toʻrtinchi fasl. 110-bet.
  3. Pogranichnыe voyska 1918-1928. -Moskva. Nauka. 1973. Str. 681.
  1. Pogranichnыe voyska 1918-1928. -Moskva. Nauka. 1973. Str. 674.
  1. Fayzulla Xoʻjayev. Tanlangan asarlar. I tom, -Toshkent, 1976. 247-248 betlar.
  2. Xodjayev F. Basmachestvo //Bolshaya Sovetskaya Ensiklopediya. T.5. –M.: 1927. –S. 36.
  3. Djurabayev Xurrambek. Roman. -Tashkent. 1960.