Mashhura DARMONOVA, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti boʻlim boshligʻi.
Annotatsiya. Maqolada 1917-yil 26–28-noyabr kunlari Qoʻqon shahrida Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi va unda tuzilgan Turkiston Muxtoriyati haqida maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi va bu bilan sovet hokimiyatining ommaviy qatagʻon siyosatini boshlab yuborganligi tarixiy dalillar asosida ochib berilgan.
Kalit soʻzlar: Turkiston Muxtoriyati, tarix, qatagʻon siyosati, sovet hokimiyati, qurultoy, Qoʻqon, milliy hukumat, bolsheviklar, partiya, qatagʻon qurboni.
Abstract. The article provides information about the IV Extraordinary Congress of Muslims of Turkestan in November 26-28, 1917 in Kokand and the establishment of Turkestan Autonomy there. Besides, on the basis of historical evidence, the abolishment of Turkestan Autonomy and the beginning of the Soviet governmentʻs policy of mass repression have been disclosed.
Key words: Turkestan Autonomy, history, repression policy, Soviet power, congress, Kokand, national government, Bolsheviks, party, victim of repressions.
Rossiyada imperiya tuzumi tugatilib, Muvaqqat hukumatni tuzgan raqobatdagi partiyalarning kurashida bolsheviklar zoʻrlik bilan 1917-yil oktyabrda davlat toʻntarilishini amalga oshirib hokimiyatni oʻz qoʻliga olgan. Bolsheviklar avvalgi hukumat tarkibiga kirgan mustamlaka oʻlkalari bilan birga Turkistonda ham imperiyaning vorisi sifatida 70 yildan ortiq vaqt mobaynida yangicha hukmronlik bilan hokimiyatni boshqargan. Shu davr mobaynida oʻz manfaatlari yoʻlida xalqlarning milliy boyligi, tarixi hamda madaniyatini vayron qilganlar.
Rossiya imperiyasining zugʻum va zoʻravonligidan azob chekkan oʻzbek xalqi uchun bolsheviklarning Oktyabr toʻntarilishi hurlik, hurriyat tushunchalari, dabdabali shiorlar bilan namoyon boʻlgan. Bolsheviklar hukumati shu kabi aldovlar bilan xalq orasiga kirib kelgan. Aslida esa mehnatkashlar hukumat barpo etish uchun kelgan bolshevik yetakchilari oʻz siyosatlari tagida zoʻravonlikka asoslangan boshqaruv yotar edi. Ana shu soxta shiorlar bilan xalqning koʻzini bogʻlab, oʻzlarining kuchli hokimiyatini qurib borganlar. Ularning ushbu maqsadlari yoʻlida uchragan har qanday toʻsiqni kuch bilan yoʻq qilishga kirishganlar. Bu yoʻlda qatagʻon siyosati asosiy qurol vazifasini oʻtagan.
Bolsheviklar qatagʻon siyosatini amalga oshirish uchun turli yoʻllardan foydalanganlar. Turkistonga kirib kelgan bolʼsheviklar hukumati oʻlkadagi taraqqiyparvarlar va ulamolar katta kuch ekanligini angladilar. Ular ham madaniy ham siyosiy jihatdan ziyrak, bolsheviklarning makkorona siyosatini anglovchi kishilar edi. Shu bois ham, birinchi navbatda, taraqqiyparvar va ziyoli qatlamlar boshini egish yoki ularni kurash maydonidan turli yoʻllar bilan yoʻq qilish payida boʻlganlar. Jumladan, 1917-yil oktyabr voqealaridan keyin Toshkentda boʻlgan hukumat saylovlari yoki Qoʻqonda tuzilgan milliy hukumat – Turkiston Muxtoriyatining yoʻq qilinishidayoq bolsheviklar oʻz asl yuzlarini koʻrsatib qoʻygandilar [1; 10].
Bolsheviklarning qonxoʻrliklari aslida 1917 yil 25 oktyabrda Petrogradda hokimiyatni qoʻlga olishdan boshlangandi. Ularning dohiysi V.Leninning mana bu mashhur soʻzlari Rossiya imperiyasida 74 yil hukmronlik qilgan sovet hokimiyatining tabiatini ochib beradi, albatta: “Inqilobni oq qoʻlqop kiyib qilib boʻlmaydi. Ommaviy zoʻravonliksiz hokimiyatga erishishning oʻzgacha yoʻli yoʻq. Terrorning kuch-qudrati va ommaga qoʻrquv solishini ragʻbatlantirmoq kerak... Rus xalqining 90 foizi oʻlib ketsa ham mayli, uning 10 foizi jahon inqilobigacha yashab qolsa, bas”.
Mazkur jarayon sovet hukumatining mustamlakalari, jumladan, Turkistonda ham davom etgan. Bolsheviklarning toʻntarilishidan keyingi Turkistondagi siyosiy jarayonlarga eʼtibor qaratsak, 1917-yil 15–22 noyabr kunlari bolsheviklar Toshkentda oʻtkazgan Ishchi, askar va dehqon deputatlari qurultoyida 15 kishidan iborat yangi hukumat – Turkiston xalq komissarlari kengashi (XKK) tuzilgan va uning tarkibiga birorta milliy vakil kiritilmagan [2; 46]. Buning oqibatida milliy taraqqiyparvarlar 1917 yil 26–28 noyabr kunlari Qoʻqon shahrida Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyini chaqirganlar. 1917 yilning 25 noyabrida 208 ta delegat toʻplangan qurultoyda 36 ta musulmon va 18 ta rus aʼzodan iborat kengash tuzilgan, shuningdek, 12 kishilik muvaqqat hukumati ham qurilib, 27-noyabrda Turkiston Muxtoriyatini eʼlon qilganlar [3; 28]. Buni oʻzlariga katta xavf deb bilgan bolsheviklar Turkiston sovetlarining IV qurultoyida Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning aʼzolarini qonunga zid deb baholab, ularni qamoqqa olish haqida qaror qabul qilganlar. Shunga koʻra, Turkiston xalq komissarlari soveti Muxtoriyatni tugatish uchun harbiy harakatlarni boshlab yuborgan.
Bolsheviklar dohiysi V.I. Lenin oʻz qoʻl ostidagi mamlakatlarni mustaqil boʻlishini xohlamagan. Ularning ozodlik yoʻlidagi kurashiga “Bunday xalq dushmanlariga, sotsializm dushmanlariga rahm-shafqat boʻlmasligi lozim. Boylar va ularning yuvindixoʻrlari, burjua ziyolilari bilan hayot-mamot jangi bormoqda... boylar va oʻgʻrilar bir olmaning ikki pallasi, ular kapitalizm yetishtirgan tekinxoʻrlarning ikki asosiy qismi boʻlib, sotsializmning asosiy dushmanlaridir. Bu dushmanlar butun aholi tomonidan alohida nazorat ostiga olinishi lozim, ular sotsialistik jamiyat qonun va qoidalarini sal buzishlari bilanoq shafqatsiz ravishda jazolanishlari zarur”, degan fikri bolsheviklarning asl maqsadini ifodalaydi [4; 14].
1918-yilning 19-fevralga oʻtar kechasi Toshkentdan piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon Qoʻqonga yuborilgan. Ular bilan birga Turkiston oʻlkasi harbiy komissari Ye. Perfilyev ham kelgan. Rus qoʻshinlari Koʻqonni uch tarafdan qurshovga olib, artilleriya toʻplari toʻliq jangovar holatga keltirib qoʻyilgan. Ye. Perfilyev “qurollarni tashlab, taslim boʻlish” shartini qoʻygan, biroq Muxtoriyat qoʻshinini boshqargan Kichik Ergash qoʻrboshidan shartlarni bajarmaslik javobini olgach, barcha 12 ta zambarakdan Qoʻqon aholisi ustiga oʻt ochish va yondiradigan snaryadlardan foydalanishni buyurgan.
Tinch aholini toʻpga tutish kunduzi boshlanib, qorongʻu tushguncha davom etgan. Davriy matbuotda Ye. Perfilyev “masjidlarni toʻplar yordamida vayron qilishga toʻgʻri keldi”, deb tan olganligi qayd etilgan. Ingliz razvedkachisi Blekkerning aytishicha, oʻsha fojiali kunlarda Qoʻqonda 3000 kishi halok boʻlgan, shahar esa “portlovchi moddalar bilan bombardimon etilishi tufayli tag-tugi bilan vayron qilindi”. Ayrim manbalarda yozilishicha, “shaharda koʻp sonli yongʻinlar boshlandi. Uylar, manufakturali, don-dunli omborlar yonardi. Shahar uch kun yongʻin ostida qoldi” [5; 6].
Turkiston Muxtoriyati bostirilgandan soʻng, Qoʻqondagi fojialar jarayonida Muxtoriyatning yetakchi kuchlari boʻlgan M. Mirahmedov, A. Oʻrazayev, Ya Ageev, A. Qushbigiyev, M. Chanishev singari hukumatning 15 ga yaqin aʼzolari Skobelev (Fargʻona) ga joʻnashga majbur boʻlgan. Ular xalq tomonidan kutib olinib, namoyish uyushtirilgan. Biroq Skobelevdagi bolsheviklar tomonidan qoʻlga olinib, otib tashlangan [6].
Umuman olganda, bolsheviklar hukumati va qizil qoʻshinning qonli hujumlari oqibatida, 1918-yilning 19-fevralida Turkiston Muxtoriyati tugatilgan. Qoʻqon va uning aholisi qirgʻin qilingan. Birgina Qoʻqonning oʻzida uch kun davomida 10 000 kishi oʻldirilgan, ularning uylari qizil askarlar tomonidan talon-taroj etilgan, aholining katta miqdordagi mol-mulki poyezdga ortib olib ketilgan. Bolsheviklar bunday shafqatsiz xatti-harakatlari bilan ommaviy qatagʻon siyosatini boshlab yuborganlar.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- М. Дармонова. Совет ҳокимиятининг қатағон сиёсатига доир. Ўзбекистон тарихи журнали. 2022. 3-сон. 183 бет.
- Бахтиёр Ҳасанов. Қатағон қурбонлари хотираси давлат музейи. Йўлкўрсаткич. -Тошкент. “Академнашр” 2022. 168 бет.
- Аҳад Анжижон. Туркистон учун кураш. Биринчи жилд: илми1- оммабоп. Тошкент. 2017. 512 бет.
- Наим Каримов. Зулм салтанатининг ваҳшатлари. “Фан ва турмуш” журнали. 1992. 11 – 12-сонлари. 32 бет.
- Марат Ҳасанов. Туркистон мухторияти: ҳақиқат ва уйдирма. “Фан ва турмуш” журнали. 1990. 11-сон. 36 бет.
- Хабарлар // Улуғ Туркистон. 1918-йил 28-феврал.