Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATI VA UNING QISMATI

TURKISTON MUXTORIYATI VA UNING QISMATI

Gulnoza AHMADJONOVA, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA» kafedrasi oʻqituvchisi.

Annotatsiya. Ushbu maqolada Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi yoritilgan. Shuningdek, oʻsha davr milliy matbuotida Turkiston muxtoriyatining faoliyati va uning qismatiga doir koʻp maʼlumotlar tahlil qilingan.

Kalit soʻzlar: Turkiston Muxtoriyati, qurultoy, kengash, shoʻro, “Ulugʻ Turkiston”, “Najot”, “Turon” gazetalari.

Abstract. This article describes the establishment of the Turkestan Autonomy in the history of the statehood of the peoples of the Central Asian region. Also, the national press of that time analyzed a lot of information about the activities of Turkestan autonomy and its fate.

Key words: Turkestan Autonomy, congress, council, shura, “Ulugʻ Turkistan”, “Najot”, “Turon” newspapers.

Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari davlatchiligi tarixida 1917-yilning 28-noyabr sanasi “Turkiston Muxtoriyati” deb atalgan hukumatning tashkil topgani muhim tarixiy voqea sifatida muhrlangan.

Maʼlumki, 1917 yilning 27 fevralida Petrograd shahrida boʻlgan demokratik inqilob bu mintaqaga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Turkistonda yangi jamiyat kurtaklarini shakllantirish uchun harakatlar boshlanib ketadi. Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida oʻlka muxtoriyati masalasi asosiy masala boʻlib qoladi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish gʻoyasi nafaqat ziyolilar orasida, xatto oddiy odamlar oʻrtasida ham ancha ommalashgan edi.

1917 yilning mart – aprel oylari oʻlkaning siyosiy uygʻonishida burilish davri boʻlgan.

1917 yilning aprelidan noyabr oyiga qadar Umumturkiston musulmonlarining 4 ta qurultoyi boʻlib oʻtgan boʻlib, u Turkiston Muxtoriyati tashkil topishi bilan yakun topgan.

Aprel oyida Umumturkiston musulmonlarining birinchi qurultoyi boʻlib oʻtdi. Ushbu qurultoyda, endi nima qilish kerak, monarxiya rejimidan soʻng nima boʻladi, kengashlar nima degani, hokimiyat tuzilmalari qanday tashkil etiladi, qabilidagi savollar koʻrib chiqildi. Unda “Shoʻroi islomiya” degan tashkilot tuzishga qaror qilindi. “Shoʻro” soʻzi “kengash” maʼnosini anglatadi va “musulmonlar kengashi” deb tarjima qilinadi. Toshkent shahrida aprel oyida shunday tashkilot tuzilgani haqidagi xabar boshqa shaharlarga ham yoyilib ketdi [2].

Turkiston jadidlari, milliy ziyolilari va islom ulamolarining yetakchilari boʻlgan Maxmudxoʻja Behbudiy, Munavvar Qori, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Sadriddin Ayniy, Mustafo Choʻqay, Muhammadjon Tinishboyev, Sherali Lapin, Axmad Zakiy Validiy, Obidjon Maxmudovlar oʻlkada yangi tashkil qilingan “Shoʻroi Islomiya” hamda “Shoʻroi Ulamo” deb nomlangan siyosiy partiyalarning tuzilishida asosiy tashabbuskorlardan boʻlgan.

1917 yil 7 aprelda Petrograddagi Muvaqqat hukumat qarori bilan kadet N.N.Shchepkin raisligida Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti tashkil qilindi. Komitet tarkibiga 9 kishi kirgan boʻlib, ularning toʻrttasi Alixon Bukeyxonov (1868-1937), M.Tinishboyev, Sadri Maksudov, A. Davletshinlar turkiy xalqlar vakillari edi. Keyinchalik Turkiston Komitetining tarkibi oʻzgartirildi. Jadidchilik 1917 yilda maʼrifatchilik harakatidan siyosiy harakat darajasiga allaqachon koʻtarilgan edi [4].

Markaziy shoʻroning organi sifatida “Najot” (muharriri - Munavvar qori), keyinchalik “Kengash” (muharriri - Validiy) gazetalari chiqa boshlagan. Shuningdek, 1917 yilda nashr qilingan “Ulugʻ Turkiston”, “Turon” gazetalarida muxtoriyatchilik gʻoyasi bilan sugʻorilgan maqolalar chop qilingan. Shunday qilib, 1917-yil bahorida Turkistonning birligi va yaxlitligi tomon muhim qadam tashlangan. Tarixda ilk marta Butunturkiston miqyosida musulmonlar qurultoyi chaqirilib, unda tub xalqlarning muxtoriyat tomon qatʼiy intilishi, oʻz anʼanalari, urf-odatlari va turmush tarzini izchil turib himoya qilishi aytilgan edi.

Dastlab, gazeta va jurnallarga asos solingan, odamlar mahallalarga borib, tushuntirish ishlari olib borgan, chunki oʻsha paytlarda koʻpchilik nimalar boʻlayotganini tushunmagan. Shu sabab tushuntirish ishlari olib borilgan. U paytda hali “Shoʻroi islomiya” butun Turkistonni qamrab olmagan edi. Aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borgan shunday shahar musulmon kengashlari tuzilgan. Albatta, xalqlarni, aholini doimiy tarzda erkin yigʻib turish va ular orasida bemalol tushuntirish ishlari olib borish imkoniyati boʻlmagan, chunki aynan Toshkent kengashi – Ishchi va askar deputatlarning Toshkent kengashi bu jarayonni nazorat qilib, aynan tartibga solib turgan [2].

Oʻsha davr milliy matbuotida Turkiston muxtoriyatining faoliyati va uning qismatiga doir juda koʻp maʼlumotlarni uchratish mumkin.

Ziyolilardan Islom Shoahmedov tomonidan Turkiston musulmonlarining II qurultoyida muhokama qilish uchun tayyorlangan “Turkiston federatsiyasi” nomli loyiha katta ahamiyatga ega. Loyiha 27 moddadan iborat boʻlib, unda muxtoriyat hukumatining barcha jabhalari qamrab olingan. Qurultoy kunlari Qoʻqon shahri aholisi va butun xalq muxtoriyat xukumati tarafdori ekanligani koʻrsatdi, uni quvvatlab koʻp ming kishilik namoyishlar boʻlganligini maʼlumotlar tasdiqlaydi. Xalqimiz: “Turkistonning yeri – bizning tanamiz, suvi – qonimizdir. Kimda – kim ikkisiga tegadigan boʻlsa, bizni qonimizni toʻkish bilan barobardir”, [3] - degan shiorni ilgari surdilar.

Nihoyat, 28-noyabrda tashkil topgan davlatning nomi “Turkiston Muxtoriyati” deb ataladigan boʻldi. Hokimiyat tarkibi esa quyidagicha shakllanishi lozim edi: Taʼsis syezdi chaqirilgunga qadar hokimiyat toʻla ravishda Turkiston Muvaqqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Milliy) Majlisi qoʻlida jamlanadi. Muvaqqat kengash aʼzolaridan 12 kishilik hukumat tuziladigan boʻldi. Turkiston Muvaqqat Kengashi aʼzolarining soni ilgari Butunrossiya Taʼsis Majlisiga Turkiston oʻlkasidan saylangan nomzodlar soniga qarab aniqlandi (32 kishi) (“El bayrogʻi”, 1917-yil 22-dekabr).

Xalq Majlisi (unga 54 oʻrin belgilandi) tarkibidan shaharlar mahalliy boshqarmalaridan ham 4 vakilga va oʻlkadagi turli yevropalik tashkilotlarning vakillariga 18 oʻrin ajratildi. Shunday qilib, uchdan bir oʻrin oʻlkadagi barcha aholining 7 foizini tashkil etgan yevropalik aholi vakillariga berildi [1;129].

Misol tariqasida aytadigan boʻlgan, birgina 1917 yilning 1-dekabrida Namangan uyezdida ham aholining muxtoriyat hukumatini qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan namoyishi uyushtirilgan. Bu namoyishlarda 100 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Koʻchalar aholi bilan toʻlib, “Yashasin Turkiston muxtoriyati va uning hukumati”, - degan shiorlar yozilgan plakatlar koʻtarib xursandchiligini koʻrsatgan.

Shu oʻrinda eʼtibor qaratish zarur boʻlgan bir jihat bor: Turkiston Muxtoriyati 2 yarim oy mavjud boʻlgandan soʻng oʻrtada ikki hokimiyat: Toshkentda Xalq komissarlari kengashi va Turkiston Muxtoriyati hukumati vujudga keldi. Oʻrta muzokaralar boshlandi... Ammo markazdan har qanday yoʻl bilan yoʻq qilish toʻgʻrisidagi topshiriq kelgani Toshkentdan harbiy eshelon joʻnatilishiga sabab boʻldi. Fargʻona orqali yetib borgan 11 ta eshelon Qoʻqon shahrini oʻrab oladi va 11 ta tarafdan toʻplar oʻrnatiladi. Dastlab Turkiston Muxtoriyatidan taslim boʻlish talab qilinadi. Ammo ular qatʼiy mavqeni egallab, bu talabni rad etadi. Shundan soʻng shaharni toʻpga tutishga buyruq beriladi ... Shu tariqa hukumatning ayrim aʼzolari ham oʻldiriladi. Boshqalari esa Qoʻqondan chiqib ketishga majbur boʻladi. Maqsad hamma narsani tashlab ketish emas, vaziyatdan chiqish boʻlgan edi... 19 fevralda Turkiston Muxtoriyati yer bilan yakson qilindi, deb hisoblanadi, ammo Turkistoni muxtoriyati gʻoyalari saqlanib qolavergan [2].

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Turkiston Muxtoriyati hukumati erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga daʼvat etganini, shuningdek, qisqa fursatda amalga oshirgan tadbirlari, mintaqa aholisining bu hukumatni qoʻllab- quvvatlashi masalalarini ilmiy asosda tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  1. Аъзамхўжаев С. Туркистон мухторияти: миллий-демократик давлатчилик қурилиши тажрибаси. -Т.:”Маънавият”, 2000. – 129 б.
  2. Туркистон Мухторияти. https://uzanalytics.com/tarix/10439/ [29.11.2022]
  3. Туркистон мухторияти // Улуғ Туркистон, 1917 йил 8 декабрь.
  4. Шамсутдинов Р.Т. Туркистон мухторияти ва унинг тақдири. https://e-tarix.uz/maqolalar/498-maqola.html