Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATIDA TATARLAR

TURKISTON MUXTORIYATIDA TATARLAR

Abdulla RASULOV, tarix fanlari doktori, Namangan davlat unversiteti professori.

Sardorbek MIRZAXALOV, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD, Namangan davlat unversiteti katta oʻqituvchisi.

 

Annotatsiya. Mazkur maqolada Turkiston Muxtoriyatini bolsheviklar tomonidan tor-mor qilinishi yoritilgan. Shuningdek, Muxtoriyatda faoliyat koʻrsatgan tatar maʼrifatparvarlari haqida soʻz boradi.

Kalit soʻzlar: Turkiston Muxtoriyati, tatarlar, Kavkazorti, xalq majlisi, qurultoy.

 

Abstract. This article describes the destruction of Turkestan Autonomy by the Bolsheviks. It is also mentioned about the Tatar enlighteners who worked in the Autonomous Region.

Key words: Turkestan Autonomy, tatars, Transcaucasia, peopleʻs assembly, congress.

 

Koʻp millatli Turkiston xalqi ijtimoiy-siyosiy, harbiy- iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotida tatarlarning tutgan oʻrni muhim ahamiyatga ega. Xususan, tatarlar Turkiston mintaqasiga sovdo-sotiq ishlarida, oʻzaro diplomatik aloqalarda tilmoch, tarjimon va yana Rossiya imperiyasi, va Qizil armiya bosqini davrida harbiy zobit hamda sovet hokimiyatining dastlabki yillarida partiya va hukumat boshqaruv tizimida faoliyat yuritganlardan hisoblanadi.

Maʼlumki, 1917-yil 26–28-noyabr kunlari Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlari IV qurultoyi Turkiston Muxtoriyatini eʼlon qildi. Unda Fargʻona, Samarqand, Sirdaryo, Yettisuv va Kaspiyorti viloyatlaridan 250 vakil ishtirok etdi [1:189].

Turkiston Muxtoriyatining parlamenti – Xalq majlisiga tatar va boshqirdlardan Ismatulla Ubaydullin, Islom Shoahmedov (Shagiahmedov), Abaydulla Derbisalin, Muso Okchurin, Mustafo Mansurov, Ibrohim Davletshin, Xalil Shirinskiy va Sobirjon Yusupov saylandilar. Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat hukumati tarkibida bosh vazir oʻrinbosari sifatida Turkiston Musulmonlari shoʻrosi markaziy qoʻmitasining raisi Islom Shoahmedov (Shagiahmedov) bor edi [2: 130]. Oradan biroz vaqt oʻtib, Muxtoriyat hukumati tarkibida oʻzgarish boʻlgach, I.Shoahmedov (Shagiahmedov) S.Gersfeld oʻrniga moliya vaziri etib saylandi [3:21]. Abdulla Gaynullin esa soʻngra Muxtoriyatning harbiy boʻlimida ish yurituvchi boʻlib ishlagan [4:62].

Shu yerda tatar I.S.Shoahmedov (Shagiahmedov)ning Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan oʻrniga eʼtibor qaratish lozim [5:168]. R.X. Akbarov tomonidan Sulton Shoahmedov (Shagiaxmedov) ga nisbatan “... kelib chiqishiga [koʻra] tatar-boshqird millatiga mansub boʻlgan” deb maʼlumot beriladi. Qarang: Akbarov R.X. Islom Sulton Shoahmedov siyosiy faoliyatiga doir ayrim mulohazalar / “Fargʻona vodiysi tarixi yangi tadqiqotlarda” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari V. Fargʻona shahri, 2019 yil 26-aprel. – B. 253; Holbuki, tarixda Tatar-Boshqird Respublikasi tuzish saʼy-harakati boʻlgan boʻlsa-da, tatar-boshqird millati boʻlmagan. Bu yerda Islom Sulton Shoahmedov (Shagiahmedov) ga nisbatan D.M.Usmanova fikriga koʻra, mavjud hujjatlarda uni, akasini, otasini “boshqird” deb yozilsa-da, u “boshqird stipendiati” boʻlgan boʻlsa-da, “aslida u dunyoviy rus taʼlimini olgan tatar... Turkistonda uni 1917 yil voqealarida aynan shunday deb qabul qilishgan. Ehtimoldan xoli emaski, uni onasi tatar boʻlgani uchun ham... [U] ona tilim deb tatar tilini koʻrsatgan”.

I.S.Shoahmedov (Shagiahmedov) Taʼsis Majlisiga saylov qoidalarini muhokama etish ishlarida faol qatnishib, 1917-yilning kuzida Fargʻona viloyatidan Taʼsis Majlisiga delegat etib saylangan. Aynan 1917-yil kuzidan boshlab u siyosiy jarayonda Turkistonga federativ muxtoriyat olish loyihasining faol tarafdorlaridan biriga aylandi. 1917-yil 8-11-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlari II qurultoyida Butun Rossiya Taʼsis majlisi muhokamasiga taqdim etish uchun “Turkiston federatsiyasi loyihasi” gʻoyasini ilgari suradi. Mazkur loyiha Turkiston Muxtoriyatining ilk “Konstitutsiya loyihasi” boʻlib, 27 moddadan iborat boʻlgan. Turkiston musulmonlarining II qurultoyida I.S.Shoahmedov (Shagiahmedov) prezidium aʼzoligiga saylanadi [6: 254].

I.S.Shoahmedov (Shagiahmedov) Turkistondagi musulmonlar hayotida siyosiy ongni oʻstirish yoʻlida davriy matbuotdan ham unumli foydalanishni maqsadga muvofiq deb topgan. Chunki XX asr boshlaridan Turkistonda matbuot oʻlka ziyolilari hayotida muhim ahamiyat kasb eta boshlagan edi. Gazetalarda bosilgan maqolalarda turk-musulmon xalqlari hayoti, turmush tarzi, tarixi, iqtisodiy ahvoli maʼlum darajada yoritib borilgan. Masalan, 

I.S.Shoahmedov (Shagiahmedov) tomonidan 1917 yil 18 noyabrida, hali Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinmasdan bir necha kun avval, uning “Ulugʻ Turkiston” gazetasida “Turkiston muxtoriyati va iqtisodiy avtonomiya” nomli maqolasi chop etilib, unda oʻlkada Muxtoriyat hukumati tuzish uchun barcha shart-sharoitlar yetilgani asoslab berilgan. U 1917-yil Qoʻqonda boʻlib oʻtgan Butun Turkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyida faol ishtirok etib, 28-noyabrda tuzilgan Turkiston Muxtoriyati hukumatining bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. Turkiston Muxtoriyati hukumati faoliyatida yana 1917 yil dekabridan boshlab moliya ishlari vaziri oʻrinbosari lavozimiga ham tayinlanib, Muxtoriyat hukumati tomonidan 30 million soʻmlik zayom chiqaradi va mazkur zayomning 10 million soʻmi Qoʻqondagi banklar tomonidan qoplanadi. Taʼkidlash kerakki, aynan mana shu zayomlar oʻz vaqtida Turkiston Muxtoriyati moliyaviy masalalari yechimida muhim rol oʻynagan [6: 254].

I.S. Shoahmedov (Shagiahmedov)ni keyingi hayoti toʻgʻrisida toʻlaqonli maʼlumotlar yoʻq hisobi. Xususan, u Turkiston Muxtoriyati agʻdarilgandan (1918-yil fevral) keyin bolsheviklar tomonidan qamoqqa olingani, kasallikka chalingani, oʻz joniga suiqasd qilgani, 1918-yil mayida qamoqdan ozod qilingani, keyin Hindistonga ketib, yana kasalxonaga tushib qolgani (1920), keyinchalik Vladivostokka qaytgani toʻgʻrisida, 1922-yilda Parijda yashayotgan Mustafo Choʻqayev tomonidan uning achinarli ahvoli toʻgʻrisida maʼlumot bor boʻlsa-da, uning keyingi hayoti va faoliyati toʻgʻrisida boshqa maʼlumotlar yoʻq [6:254].

Muxtoriyat eʼlon qilinishi munosabati bilan Jalolobod volosti, Xonobod qishlogʻida 6-dekabrda oʻtkazilgan mitingda Abdulla eshon va Husayn Validiy nutq soʻzlab, aholiga Muxtoriyatning tashkil etilishi va maqsadlarini tushuntirdilar [1:197]. Turkiston Muxtoriyati hukumati aʼzosi I.Shoahmedov (Shagiahmedov) va Turkiston tatarlari markaziy byurosi raisi Kabir Bakir joylarda aholini muxtoriyat eʼlon qilinishi bilan qutladilar. Aholini Turkiston Muxtoriyatini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga chaqirdilar [3:23].

Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinganidan ikki hafta oʻtib, tatar shoiri Said Sunchalayning “Muxtoriyat sadosi” nomli ozodlik madhiyasi “Ulugʻ Turkiston” gazetasida chop etildi [6].

Turkiston Muxtoriyati hukumatiga bolsheviklar tomonidan boʻlayotgan tazyiqlar milliy ziyolilarni jiddiy tashvishga soldi. Muxtoriyatni saqlab qolish uchun kuchli armiyaning zarur ekanligi maʼlum boʻldi. Bu masala muxtoriyat eʼlon qilingandan soʻng “Ulugʻ Turkiston” gazetasi sahifalarida dolzarb muammo sifatida koʻtarilgan. Masalan, taniqli tatar maʼrifatchisi Muxtor Bakir oʻzining “Turkiston Muxtoriyati va turkistonlilar” [8], “Turkiston Muxtoriyatini barpo boʻlishiga kuch kerak” [9] nomli maqolalarida Muxtoriyat hukumati oldida turgan asosiy vazifalar sifatida moliyani isloh qilish, qonunlarni tartibga keltirish, yer-suv masalalari, diniy, ijtimoiy, maorif masalalarini hal etish, harbiy mahkama, tashkilotlar va Turkiston Muxtoriyati uchun asosiy qonun (konstitutsiya)ni tuzish hamda eng asosiysi Muxtoriyatning milliy armiyasini shakllantirish lozim, deb hisoblagan.

Turkistonda  Muxtoriyatining  eʼlon  qilinishi  avval boshdanoq bolsheviklar hukumatiga yoqmagan edi. Muxtoriyatni tugatish yoʻlidagi ochiqdan-ochiq siyosat 1918-yil yanvar oyining ikkinchi yarmidan, aniqrogʻi 19–26 yanvar kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston oʻlkasi sovetlarining IV syezdidan soʻng boshlab yuborildi. Syezd qabul qilgan qarorlarda ularning shovinistik siyosatlari oʻz ifodasini topgan edi [10:87].

1918-yil 17–18-fevral kunlari Muxtoriyat Muvaqqat hukumati tarkibida oʻzgarish boʻlgan. Bosh vazir M.Choʻqayev oʻz lavozimidan isteʼfo berishni maʼqul koʻrgach, uning oʻrniga Mahdi Chanishev tayinlangan [11:45].

Biroq imkoniyat bolsheviklar tomoniga ogʻib borayotgan edi. Shu paytda Toshkentdan Turkiston harbiy komissari Ye.L.Perfilyev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon qoʻshin yetib keldi. 19-fevralda Turkiston Muxtoriyati qonga botirilib, tor-mor keltirildi va Qoʻqon shahri uch kun davomida qirgʻin, talon-taroj hamda olov ichida qoldi. Manbalarda keltirilishicha, shu kunlarda Qoʻqonda 10000 atrofida kishi oʻldirilgan [12:148-149].

Turkiston Muxtoriyati tor-mor keltirilgandan keyin bolsheviklar hukumati Muxtoriyat hukumati aʼzolaridan ayovsiz oʻch oldilar. Jumladan, Muxtoriyat hukumati harbiy kengashi raisi, polkovnik Mahdi Chanishevning qismati fojiali yakunlandi. U Skobelev shahrida bolsheviklar tomonidan qoʻlga olindi va qatl etildi [13]. Bosh vazir oʻrinbosari I.Shoahmedov (Shagiahmedov) shu paytda Qoʻqon shahrida boʻlganligi uchun Qizil askarlar tomonidan asir qilib olindi [14:12]. Qoʻqon fojialari vaqtida bolsheviklar tomonidan qoʻqonlik mashhur savdogar Abdulla Gazin ham hibsga olindi [15].

Soʻzi bilan amaldagi faoliyati bir-biriga toʻgʻri kelmagan bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatini yoʻq qilish bilan asl qiyofalarini koʻrsatishga ulgurgan edilar. Holbuki, bolsheviklarning yetakchisi boʻlgan Lenin va Stalin 1917 yil 20-noyabrda “Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnat kashlariga” murojaat qilib, unda Turkiston, Volgaboʻyi, Qrim, Sibir, Kavkazorti musulmonlariga “Sizning din va urf-odatlaringiz, sizning milliy va madaniy muassasalaringiz bundan buyon erkin va daxlsiz deb eʼlon qilinadi. Oʻz milliy turmushingizni erkinlik bilan va bahuzur tuza beringiz. Shunday qilishga haqlisiz”, – degan edi [16:493]. Ammo amalda “dohiylar” yetakchiligidagi sovet hukumati har qanday hurfikrlilikka, millatlar oʻz taqdirini oʻzi belgilashiga qarshi chiqdilar. Bolsheviklar tomonidan Turkiston Muxtoriyatini badnom qilinganiga qarata 1918-yil 1-iyunida Zaki Validi Toʻgʻon oʻz munosabatini bildirib, “... muxtoriyatchilarni hibsga olib, koʻpchiligini oʻldirdilar. Koʻplab uy-joylarga oʻt qoʻyib, minglab odamlarni sovuq Sibirga surgun qildilar... Bolsheviklar oʻz amaliy faoliyatlarida har qanday ifloslikdan qaytmadilar”, – deydi. Shuningdek, Z.V.Toʻgʻon Qoʻqon, Margʻilon, Quva va boshqa shaharlarda oʻt qoʻyish, qirgʻin boʻlgani, musulmonlarning ayrimlari “soqolini oldirishga va boʻyniga xoch  osgandagina qutulib qolishga” erishganliklarini taʼkidlaydi [16:108-109].

Turkiston Muxtoriyati uchun kurashda tatarlar ishtiroki, ularni mazkur milliy hukumatni qoʻllab-quvvatlashi turkmusulmon xalqlari hamkorlik va birdamlik aloqalaridan dalolat beradi. Tatarlarni Turkiston Muxtoriyati uchun kurashda ishtiroki, amalda oʻlka turk-musulmon xalqlarining har qanday vaziyatda ham yelkama-yelka turib, mustaqillik va ozodlik uchun kurasha olishga qodir ekanliklarini koʻrsatdi. Bu kurash dastlabki jarayonda madaniy-maʼrifiy taraqqiyot yoʻlida amalga oshirilgan boʻlsa, 1917 yil Fevral inqilobidan soʻng siyosiy tus oldi. Ayni paytda tatar-boshqird ziyolilarining murakkab vaziyatlarda turkistonlik qardoshlari bilan yelkama-yelka turib, yagona mustaqil davlatchilik uchun kurashlari turkiy xalqlarning Turkiston ozodligi yoʻlida kamarbasta boʻlganliklarini koʻrsatadi. Shu oʻrinda, taʼkidlash joizki, keyinchalik bolsheviklar makr-hiylalari ostida koʻplab tatar ziyolilari (Yu.Ibrohimov, O.Klevleev, S.Abdusattorov, Yu.Aliyev va boshqalar) Turkistonda sovet hokimiyatini mustahkamlash yoʻlida xizmat qildilar.

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  • Агзамходжаев С. История Туркестанской Автономии (Туркистон Мухторияти). – Тошкент: Тошкент ислом университети, 2006. - Б. 189.
  • Аъзамхўжаев С. Туркистон Мухторияти. – Тошкент: “Маънавият”, – Б. 130; Ўзбекистон совет мустамлакачилиги даврида... -Б. 53–54.
  • Ражабов Қ., Ҳайдаров М. Туркистон тарихи (1917–1924 йиллар). – Тошкент: “Университет”, 2002. -Б. 23.
  • Убайдуллаев Ў.Қ. Ўзбекистонда 20–30- йилларда мустабид тузумгақарши миллий мухолифат ҳаракати (маҳаллий зиёлилар фаолияти мисолида): тарих фан. номз. дисс. – Андижон, 2004. -Б. 62.
  • Усманова Д.М. Ислам Шагиахметов: Забитые герои 1917 г. “Гасырлар авазы – Эхо веков”. // №3/4, 2017. С. 168.
  • Акбаров Р.Х. Ислом Султон Шоаҳмедов сиёсий фаолиятига доир айрим мулоҳазалар / “Фарғона водийси тарихи янги тадқиқотларда” мавзусидаги халқаро илмий конференция материаллари V. Фарғона шаҳри, 2019 йил 26 апрель. -Б. 254.
  • “Мухторият садоси” // “Улуғ Туркистон”, 1917. 16 декабрь.
  • “Улуғ Туркистон”, 20 декабрь.
  • Шамсутдинов Р., Каримов Ш. Ўзбекистон тарихидан материаллар. – Андижон: “Andijon nashriyot-matbaa” OAЖ, 2000.
  • Мингнаров А.Т. Туркистонда миллий озодлик масалалари давр миллий матбуотида (1917 йил февраль – 1918 йил ўрталари): тарих фан. номз. дисс. – Т., 2000.
  • Аъзамхўжаев С. Туркистон Мухторияти. – Тошкент: “Маънавият”. 2000.
  • Маҳди Чанишев // “Улуғ Туркистон”, 1918 йил 21 март.
  • Ражабов Қ. Жадидлар – истиқлолчилик ҳаракатининг ғоявий раҳнамолари // Ўзбекистон тарихи: янги нигоҳ. Жадидлар ҳаракатидан миллий мустақилликка қадар. – Тошкент: “Эльдинур”, 1998.
  • Абдулла Ғозин // “Улуғ Туркистон”, 1918 йил 21 март.
  • Ленин В.И. Ўрта Осиё ва Қозоғистон тўғрисида. – Тошкент: “Ўзбекистон”, 1984.