Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTON MUXTORIYATINING TASHKIL TOPISHIDA FARGʻONA JADIDLARINING ISHTIROKI

TURKISTON MUXTORIYATINING TASHKIL TOPISHIDA FARGʻONA JADIDLARINING ISHTIROKI

Tohirjon QOZOQOV, tarix fanlari nomzodi, Turon xalqaro universiteti dotsenti.

Annotatsiya. Ushbu maqolada Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida Fargʻonalik jadidlarning ishtiroki, vodiy aholisi tomonidan Muxtoriyatning qoʻllab-quvvatlanishi, Muxtoriyat hukumati tarkibida turli lavozimlarda ishlagan fargʻonalik taraqqiyparvarlar haqida maʼlumotlar berilgan.

Kalit soʻzlar: Muxtoriyat, jamiyat, jadid, Shoʻroi Islomiya, Qoʻqon, syezd, Taʼsis Majlisi, miting, madaniyat, maorif, nashr, volost, aʼzo, taraqqiyparvar, Shoʻro.

 

Abstract. This article provides information about the participation of Ferghana Jadids in the establishment of the Turkestan Autonomous Region, the support of the Autonomous Region by the residents of the valley, and Fergana progressives who worked in various positions within the Autonomous Government.

Key words: Autonomy, society, modernity, Shura Islamiya, Kokan, assembly, Constituent Assembly, meeting, culture, education, publication, volost, member, progressive, Shura.

1917 yilda Turkistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng muhim masalalardan biri, bu Turkistonda yangi boshqaruv usulidagi davlatchilikni tashkil etish edi. Oʻsha tarixiy shart- sharoitlarda milliy davlatchilikka ega boʻlish gʻoyasi turli tashkilot va partiyalarning oʻzaro kurashida asosiy qurolga aylandi. Jadidlarning intilishlari Turkistonda federatsiya asosida milliy-demokratik davlatchilikni barpo etishga qaratilgan edi. 1917 yil mart oyining boshlarida Toshkentda oʻlka musulmon ziyolilarining “Shoʻroi Islomiya” jamiyati tuzildi [5]. Bu tashkilotning  vujudga  kelishi  tasodifiy  boʻlmay,  balki

 

Turkiston xalqlari siyosiy fikrlari tadrijiy rivojlanishining qonuniy mahsuli edi. Uning tarkibini turli xil dunyoqarashdagi, biroq, milliy ozodlik gʻoyalarini oʻzlarining asosiy maqsadi deb bilgan oʻlka ziyolilari tashkil qilar edi.

Ushbu tashkilotning yuzaga kelishida Turkiston jadidlari muhim rol oʻynadilar [4].

Tez orada turli shaharlarda “Shoʻroi Islomiya”ning shoʻbalari tashkil topdi. 1917-yil 25-mayda Qoʻqonda Fargʻona viloyati musulmonlari syezdi boʻlib oʻtdi. Viloyat “Shoʻroi Islomiya” tashkiloti ushbu syezdning tashkilotchilaridan boʻldi. Syezdda 42 musulmon tashkilotidan 98 delegat ishtirok etdi [9]. Prezidiumga: S. Akayev, K. Rahmonberdiyev, T. Norboʻtabekov, O. Mahmudov, A. Ziyoyev, Ya. Yahyoxonov, A. Umarboyevlar saylandilar. Syezd oʻlka “Shoʻroi Islomiya”siga viloyatdan ikki kishi: Mirodil Mirzaahmedov va Olimxontoʻrani vakil etib sayladi. T.Norboʻtabekov esa, Fargʻona viloyatidan Muvaqqat hukumat Turkiston komiteti huzuridagi majlisga aʼzo sifatida saylandi. 1917-yilning 20-martida Qoʻqonda boʻlib oʻtgan musulmon fuqoralarining umumiy yigʻilishida “Musulmon madaniy- maʼrifiy jamiyati” tuzilganligi eʼlon qilindi va bu jamiyat aprel oyida Fargʻona viloyati harbiy gubernatorligi tamonidan rasman roʻyxatdan oʻtkaziladi. 20 mart kungi yigʻilish qaydnomasida koʻrsatilganidek, jamiyatning asosiy maqsadi musulmon aholisi orasida maorif va madaniyatni yoyish hamda ularning yanada

jipslashtirishdan iborat boʻlgan [13].

Andijon shahrida avgust oyining boshlarida musulmon hunar ahlining “Sanoyi ul-islom” shoʻrosi tuzildi. Unga 1500 kishi aʼzo boʻlib kirdi [6;B.8.].

Shahar Dumasi uchun boʻladigan saylovlarga barcha tashkilotlar tomonidan qizgʻin tayyorgarliklar koʻrildi. 14-17-iyul kunlari Andijonda uyezd-shahar musulmon tashkilotlari “Shoʻroi Islomiya”, “Muftah ul-maorif”, “Havaskoroni maorif” va boshqalarning syezdi boʻlib oʻtdi. Syezdda 11 ta masala koʻrildi: yaʼni, Qozonda boʻladigan Butunrossiya Musulmonlari syezdiga delegatlar yuborish; Taʼsis Majlisi uchun boʻladigan saylovlarga mahalliy aholini tayyorlash uchun uyezdlarga tashviqotchilar yuborish; aholi roʻyxati haqida, shahar Dumasi saylovlarida ayollarning ishtiroki va h.z [12].

Butun Turkistonda boʻlgani kabi, Fargʻona vodiysida ham jadidlar tomonidan barcha mahalliy jamiyatlarni yagona tashkilot qilib birlashtirish harakatlari davom etdi. 12-14-iyul kunlari Skobelev shahrida Fargʻona viloyat musulmon tashkilotlari vakillarining navbatdagi syezdi boʻlib oʻtdi. Ushbu syezdda 137 delegat ishtirok etdi. Anjuman barcha musulmon tashkilotlarini siyosiy jihatdan birlashishga chaqirdi.

Ushbu syezdning muhim ahamiyati, “Turk Adami Markaziyati” firqasining tuzish haqida qaror qabul qilinishi boʻldi. Delegatlar tuzilajak firqaning nizomnomasi va maromnomasi loyihasi bilan qisqacha tanishtirildilar. Ushbu qonuniy hujjatlarni ishlab chiqishda fargʻonalik jadid va ulamolardan Kamoluddin qozi Rahmonberdi oʻgʻli, Mullo Muhiddin, Maxdum aʼlam mullo Muhammad, Mullo Boqi Oxund domullo Odilboy oʻgʻli, Mullo Nuriddin Aʼlam Yoʻldoshxoʻja eshon oʻgʻli, Mullo Muhammadjon Kamoljonboyef, Mirzo Abdulqodirbek Mirzoahmad Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Mirodil Mirzoahmad oʻgʻli ishtirok etdilar [10; B.8.].

Turkistonning koʻplab shaharlarida yangi partiyaning tashkiliy yigʻilishlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, 23-avgust kuni Andijonda “Havaskoroni maorif”, “Turon”, “Talabalar jamiyati” tashkilotlari vakillari tomonidan “Turk Adami Markaziyati” firqasining Muvaqqat qoʻmitasi tuzildi. Uning tarkibiga Xusan Eshonxoʻja, Sohib afandi, Isroil Yusufzoda va boshqalar saylandilar [11].

20 avgustda Margʻilon shahrida 2000 kishilik miting boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy “Shoʻroi Islomiya” tashkiloti faollari yigʻilganlarni shaharda federalistlar firqasi shoʻbasini tuzishga chaqirdilar.

Taraqqiyparvar ziyolilar tomonidan ishlab chiqilgan firqaning maromnomasini oʻlkada demokratik koʻrinishdagi davlat qurishning nazariy asosi edi, deyish mumkin [10; B.8.].

Oʻlkadagi demokratik jarayonlar rivojida vodiydagi qirgʻiz milliy jamiyatlari ham faol qatnashdilar. 1917 yilning 17-iyunida Andijonda “Elatiya” jamiyati tuzilib, uning rahbar hayʼatiga Kenja Ali Doʻstov, Sulaymon Kelganboyev, Botirxon Meirbekov va boshqalar aʼzo boʻlib kirdilar [3].

Biroq, 1917 yilning 15-22 noyabr kunlari Toshkentda ishchi, soldat va krestyan deputatlari Sovetlarining III oʻlka syezdi boʻlib oʻtdi. Syezd soʻl eser, bolshevik va maksimalistlardan iborat Turkiston Xalq Komissarlari Soveti (raisi - F.I. Kolesov) tuzilganligini eʼlon qiladi. Hukumat tarkibiga mahalliy aholidan bironta ham vakil kiritilmadi. Bundan norozi boʻlgan “Shoʻroi Islomiya” va boshqa mahalliy tashkilotlar 1917-yilning 26 – 29 noyabr kunlari Qoʻqonda oʻlka musulmonlarining IV favqulodda syezdini oʻtkazdilar. Syezd ishida Turkistonning barcha hududlaridan 300 dan ortiq, jumladan, rus tashkilotlari vakillaridan ham delegatlar ishtirok etdi.

27-noyabr kuni syezd Taʼsis Majlisining chaqirilishiga hech qanday umid qolmaganligi va yagona yoʻl muxtoriyat eʼlon qilish ekanligini eʼtirof etgan holda, Turkiston Muxtoriyati tuzilganligini eʼlon qildi [1;B.45.].

Turkiston Muxtoriyati tarkibida koʻplab fargʻonalik jadidlar masʼul lavozimlarda ishladilar. Fargʻonalik jadidlar butun faoliyatlari davomida Muxtoriyatni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni targʻib va tashviq qildilar.

Xalq Majlisiga Fargʻona viloyatidan Shoislom Shoahmedov, Abdurahmon Oʻrazayev, Hidoyatbek Yurali Akayev, Sayyid Nosirxontoʻra, Toshxoʻja Ashurxoʻjayev, Mirodil Mirzaahmedov, Abdulqodir Qushbegiyev, Obidjon Mahmudov, Jamshidbek Qorabekovlar kirdilar.

Syezdda milliy pul jamgʻarmasi tashkil etilib, fargʻonalik taraqqiyparvarlardan Mirodil Mirzaahmedov 10.000 rubl miqdorida pul oʻtkazdi.

1918-yil 10-11-yanvar kunlari Andijonda “Muayyan ul- islom” jamiyati idorasida Turkiston Muxtoriyatini qoʻllagan holda, barcha musulmon jamoat tashkilotlarining syezdi boʻlib oʻtdi [8].

2017-yil 1-dekabrda Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab- quvvatlab, Namangan uyezdida 100 mingga qadar kishi ishtirok etgan namoyish boʻlib oʻtdi. Namoyishchilarning bayroqlariga “Yashasun muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” soʻzlari yozilgan edi. 6 dekabrda esa, xuddi shunday namoyish Jalolobod volostiga qarashli Xonobod qishlogʻida ham oʻtkazildi [2;B.158-159].

Muxtoriyat hukumati tomonidan madaniy-maʼrifiy ishlarni yaxshi yoʻlga qoʻyish maqsadida maxsus “Musulmon xalq maorifi” boʻlimi tashkil qilindi. Uning rahbari etib, Fargʻona “Shoʻroi Islomiya”sining faollaridan Sayyid Nosirxontoʻra tayinlandi [7].

Biroq,  hujjatli  maʼlumotlarga  koʻra,  Turkiston Muxtoriyatining tashkil topishi va uning oʻlka mahalliy aholisi manfaatlariga mos tushuvchi siyosati bolsheviklar tomonidan salbiy tarzda kutib olindi. Voqealar rivoji Qoʻqonda tuzilgan Muxtor Hukumatning 1918-yilning fevral oyida qonga botirilishi bilan xotima topdi [6;B.9.].

Turkiston Muxtoriyati hukumatining tor-mor etilishi va shundan keyin mahalliy aholiga qarshi jazo kompaniyasining avj olishi, vodiyda istiqlolchilik harakatining kelib chiqishiga, Vatan va millatning, avvalo, Fargʻonaning asl farzandlarini erk va ozodlik uchun qoʻllariga qurol olishga majbur etdi.

Turkiston Muxtoriyatini tashkil etish uchun muqaddas kurash jarayonida Fargʻona jadidlarining ham oʻz oʻrinlari bor. Ular oʻz faoliyatlari davomida doimo milliy manfaatlar, xalq baxtu saodati yoʻlida faoliyat olib bordilar.

 

MANBA VA ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Агзамходжаев С.С. Туркистон Мухторияти: Борьба за свободу и независимость (1917-1918гг.): Автореф. дис. д-ра. Ист. Наук. -Ташкент,
  2. Аъзамхўжаев С. Туркистон Мухторияти - жадидлар миллий- демократик давлатчилик ғояларининг амалдаги ифодаси. Жадидчилик: ислоҳот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш (Даврий тўплам №1). -Тошкент: Университет, 1999. -Б.158-159.
  3. Знамя свободы // 1917 йил 21 июн.
  4. Мирмулла Шермуҳаммадий. Иттифоқ замони // Нажот. 1917 йил 31 март.
  5. Нажот// 1917 йил 9 апрель.
  6. Норқулов Н. Мухториятнинг тугатилиши // Фан ва Турмуш. 1990. -№8.
  7. Свободный Туркестан // 1918 йил 31 январь.
  8. Свободный Туркестан. -1918. 15 фев.
  9. Туркестанские ведомости. -1917. -22 июн.
  10. Туркистонда халқ жумҳурияти // Фан ва Турмуш. -1990. -№7.-Б. 8.
  1. Турон. -1917. -6 сент.
  2. Ўзбекистон Миллий Архиви, 1760-фонд, 1- рўйхат, 24-иш,
  3. Ўзбекистон Миллий Архиви, 19-И фонд, 1- рўйхат, 10059-иш.