1917 yil 27 fevralda Petrograda boshlangan inqilob Turkiston o‘lkasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Natijada, Turkistonda ham ishchi va soldat deputatlari sovetlari tuzila boshladi.
1917 yilda o‘lka muxtoriyati masalasi Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida asosiy masala bo‘lib qoldi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g‘oyasi nafaqat milliy ziyolilar o‘rtasida, hatto din peshvolari va oddiy xalq orasida ham ommalashgan edi. Ijtimoiy tafovutlarga qaramay, butun Turkiston jamiyatida o‘lkaning mustamlaka maqomini tugatishga intilish kuchli edi. Milliy ozodlik uchun boshlangan harakat bu yerda yangi hokimiyatning rus tashkilotlari bilan bir qatorda «Sho‘roi Islomiya», «Sho‘roi ulamo», «Mirvaj ul-islom», «Miftoh ul-maorif», «Ravnaq ul-islom», «Ittifoq ul-muslimin», «Turon» va boshqa turli musulmon tashkilotlari paydo bo‘lishiga olib keldi.
«Sho‘roi islomiya»ning Toshkent tashkiloti tashabbusi bilan chaqirilgan Butunturkiston musulmonlarining 1-qurultoyi 1917 yil 16 aprelda ish boshladi. qurultoyda davlat boshqaruvi va uni tashkil qilish masalalari bo‘yicha Ahmad Zakiy Validiy ma’ruza qildi. Butunturkiston musulmonlari 1-qurultoyi so‘nggi majlisida markaziy organ – Turkiston o‘lka Musulmonlar Markaziy Sho‘rosi (Kraymussovet) tashkil etilishi haqida qaror qabul qilindi. Uning tashkil etilishidan asosiy maqsad milliy ozodlik harakatiga tashkiliy va markazlashtirilgan tus berish uchun barcha jamiyat, qo‘mita va tashkilotlarni birlashtirish edi.
Shunday qilib, Turkistonning birligi va yaxlitligi yo‘lida birinchi muhim qadam qo‘yildi. Afsuski, o‘lka musulmonlari siyosiy tashkilotlarining birlashish jarayonlari har doim ham bir tekis rivojlanmay, Munavvar Qori Abdurashidxonov boshchiligidagi «Sho‘roi Islomiya»dan 1917 yil iyun oyida «Sho‘roi Ulamo» ajralib chiqdi. «Sho‘roi Ulamo» tashkilotining tashabbusi bilan Toshkentda 1917 yil 17-20 sentabrda turkistonlik musulmonlarning qurultoyi o‘tkazildi.
Natijada «ulamochilar» bilan «Sho‘roi Islomchilar» o‘rtasidagi uzoq va keskin kelishmovchiliklarga qaramay, qurultoy kelishish yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘ldi. «Sho‘roi Islomiya», «Turon», «Sho‘roi Ulamo»-barchasi birlashdi va yagona kuch sifatida ish ko‘rish vaqti kelgani alohida ta’kidlanib, «Ittifoqi muslimin» degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi. Shuningdek, qurultoyda Turkistonning milliy davlatchilik tuzumi haqida turli fikrlar bildirildi.
Shunday qilib, “ulamo”chilar qurultoydagi asosiy masala Turkiston o‘lkasining kelajakdagi siyosiy boshqaruvi to‘g‘risida bo‘lib, unda demokratik Rossiya tarkibida hududiy muxtor federatsiya – Turkiston Federativ Respublikasi tuzilishi g‘oyasi ilgari surildi. Bunda Turkiston federatsiyasi o‘z pulini muomalaga chiqarishi, o‘z militsiyasiga ega bo‘lishi, o‘z chegarasini qo‘riqlash uchun qo‘shin saqlashi mumkin bo‘lishi ko‘zda tutildi. Urush vaqtida chegarani qo‘riqlash vazifasi esa Rossiya respublikasining hukumati tomonidan tashkil etilishi, Turkiston federatsiyasining butunlay Rossiya hukumati buyrug‘iga bo‘ysunishi ta’kidlandi.
Biroq 1917 yil oktabr oyida Toshkent Soveti soldatlarni o‘z tomoniga og‘dira boshladi, asli rossiyalik bo‘lgan ishchilar ham unga ergashdi. Toshkentdagi Oktabr to‘ntarishi qatnashchilari 1 noyabrda Korovchenko va Muvaqqat hukumatining Turkiston Komitetini qamoqqa oldilar. Shu kuni Toshkent Soveti Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilganini e’lon qildi. 1917 yil 1 noyabrda sovetlar Yangi Termiz va Kattaqo‘rg‘onda, 25 noyabrda Yangi Buxoro (Kogon)da, 28 noyabrda Samarqandda, 7 dekabrda Namanganda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi.
Turkistonda bolsheviklar sinfiy kurash tamoyillariga amal qilib proletariat «manfaatlari» dan kelib chiqib siyosat yurita boshladilar. O‘lkadagi yangi tuzum Rossiya imperiyasining mustamlakachilik siyosatidan oshib tushdi. Turkiston o‘lkasi ikkinchi marta Markaziy Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaram bo‘la boshladi.1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV — qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, musulmonlarning ushbu qurultoyi va unda qabul qilingan qarorlar sovet davri adabiyotlarida «millatchilar guruhining yig‘inida e’lon qilingan burjua muxtoriyati» deb talqin qilib kelindi. Hujjatlar esa ushbu holning butunlay teskarsi bo‘lganligini isbotlaydi. Masalan, muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z ma’ruzasida qurultoyning Turkiston xalqlari tarixida ulkan ijobiy, tarixiy hodisa va burilish davri ekanini ta’kidlab, «Qurultoyimiz qabul qilayotgan qarorlar shuning uchun ham ahamiyatliki, unda Turkiston aholisining yevropalik vakillari ham ishtirok etmoqdalar», dedi.
Qurultoy 1917 yil 27 noyabr kuni qabul qilgan qarorda: «Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi hamda muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etdi». 28 noyabrda tarkib topayotgan mazkur hukumatning nomi aniqlanib, u Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi.
Butunrossiya Ta’sis majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat kengashi va Turkiston Milliy (millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak, deb hisoblandi. Qurultoyda Turkiston Muvaqqat kengashi a’zolaridan Turkiston muxtoriyati xukumati (8 kishidan iborat) tuzildi. Bosh vazir qilib avval Muhammadjon Tinishboyev, so‘ngra Mustafo Cho‘qayev saylandi. Ayni paytda M.Tinishboyev ichki ishlar vaziri ham hisoblangan. Qo‘qon shahri mirshablarining boshlig‘i-qo‘rboshisi bo‘lgan Kichik Ergashning vakolati Turkiston Muxtoriyati tamonidan e’tirof etildi.
Shuningdek, Ubaydulla Xo‘jayev harbiy vazir, Abdurahmon O‘razayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Mustafo Cho‘qayev tashqi ishlar vaziri, Islom Sulton Shoahmedov bosh vazir o‘rinbosari, Yurali Agayev yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov oziq-ovqat vaziri, Solomon Abramovich Gersfeld moliya vaziri qilib saylandilar.
Turkiston Muxtoriyati-milliy demokratik davlat edi. Muxtor xukumatni keng xalq ommasi qo‘llab-quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati milliy qo‘shinni tashkil qilishga jiddiy kirishdi. 1918 yil boshida ularning soni 2000 askarga yetgan. Bundan tashqari, Qo‘qonda taxminan shuncha mirshab bor edi. Ularga Kichik Ergash qo‘rboshi boshchilik qilgan.
Turkiston Muxtoriyati xukumatining xalq orasida obro‘-e’tibori va nufuzi oshib borishi bolsheviklarni tashvishga solib qo‘ydi. Turkiston o‘lka Sovetlarining IV s’ezdi (1918 yil 16-29 yanvar) Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda, deb hisobladi, hatto hukumat a’zolarini qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. Bu bilan sovet xukumati yerli xalq milliy demokratik davlatchiligining dastlabki tajribasi bo‘lgan Turkiston Muxtoriyatini qonga botirib tugatishga qaror qildi.
S’ezd tugaganidan keyin uch kun o‘tgach, 1918 yil 30 yanvarda Turkiston o‘lkasi XKS muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlar boshladi. 1 fevralda (yangi hisob bilan 1918 yil 14 fevralda) Farg‘ona viloyatida harbiy holat e’lon qilindi.
1918 yil 29-30 yanvarda Qo‘qonda favqulodda vaziyat mislsiz darajada keskinlashdi. Ana shunday bir sharoitda 30 yanvarda Qo‘qon ishchi va askar deputatlari Sovetining majlisi bo‘ldi. Unda Turkiston muxtoriyatini ag‘daruvchi organ-inqilobiy qo‘mita (revolyutsion komitet) tuzildi. Uning raisligiga bolshevik Ye.G.Babushkin saylandi. Inqilobiy qo‘mita tarkibiga tub yerli aholi vakillaridan kiritilmadi.
Qo‘mita o‘z qo‘lida cheklanmagan hokimiyatni mujassamlashtirdi, unga katta vakolatlar: favqulodda choralar ko‘rish, hamma narsani sovet hokimiyatini himoya qilishga bo‘ysundirish va safarbar etish xuquqi berildi. Inqilobiy qo‘mita oldidagi eng asosiy bosh vazifa muxtoriyat hukumatini tugatish, shahar aholisini qurolli kuch bilan sovet hokimiyatini tan olishga majbur qilish, «Inqilobiy tartib» o‘rnatishdan iborat edi. Bu esa ommaviy qatog‘onlar uchun keng yo‘l ochib berdi.
Inqilobiy qo‘mita ishni yevropalik ishchilar va temiryo‘lchilarni qurol bilan ta’minlashdan boshladi. Ayniqsa bolsheviklarning Qo‘qon shahridagi arman millatiga mansub dashnoqlarni: baqqollar, sartaroshlar va vino sotuvchilarni qurollantirishlari ommaviy qirg‘inlarni yanada dahshatli tus olishlariga sababchi bo‘ldi. Toshkent, Skobelev, Andijon, Namangan va boshqa shaharlardan harbiy madad so‘rab murojaat qilindi.
Aynan shu paytda, 1918 yil yanvari oxirlari-fevrali boshlarida Sovet hokimiyati tomonidan kuchli bosim ta’sirida Muxtoriyat tarafdorlari xatti-harakatlari xususiyati shahar soveti tuzulmalari bilan tinch-totuv yashashdan harbiy qarama-qarshilikka borishga tomon o‘zgara boshladi. Qo‘qon sovdeposi muxtoriyatchilarning qurolli qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rayotgani belgilarini qayd etdi.
Shahar hokimiyati bunga sovuqqonlik bilan qarolmasdi, chunki undagi harbiy qal’a 16 kishilik rota tomonidan qo‘riqlangan edi, xolos. Bu qarama-qarshilik ochiqdan-ochiq jangovar harakatlarga aylana boshladi. 29 yanvardan 30 yanvarga o‘tar kechasi sovet hokimiyati tomonida turgan harbiy qismlar Qo‘qondagi muxtor respublika xukumati bilan kurashni boshlab, mohiyatan Rossiyada birinchi bo‘lib fuqarolar urushini boshladi.
(davomi bor)
Elmurod Zokirov
Manba: Azon.uz