Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

TURKISTONDA MILLIY MASALA MUAMMOLARINI OʻRGANISH

TURKISTONDA MILLIY MASALA MUAMMOLARINI OʻRGANISH

Abdusalim KAMILOV, Tarix fanlari nomzodi, Fargʻona politexnika instituti “Ijtimoiy fanlar va sport” kafedrasi mudiri.

Annotatsiya. Maqolada Turkiston ASSR Millatlar ishlari boʻyicha Xalq komissarligining Turkistonda millatlar masalasini oʻrganishdagi roli xususida fikr bildirilgan.

Kalit soʻzlar: Taraqqiyot strategiyasi, Sovet hukumati, Millatlar ishlar boʻyicha Xalq komissarligi, parlament, Konstitutsiya.

Abstract. The role of the Peopleʻs Commissariat for National Affairs of the Turkestan MSSR in the study of national issues in the territory of Turkestan after the independence of Turkestan.

Key words: Development strategy, Soviet power, Peopleʻs Commissariat for Nations Affairs, Parliament, Constitution.

Tarix shundan dalolat beradiki, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayot rivojida millatlararo munosabatlar katta axamiyatga ega. Oʻzbekistonning mustaqillikka erishuvi tarixni xolis, ilmiy oʻrganish uchun imkon yaratdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvarda imzolangan “2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”ning 74-maqsadida: “Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini izchil amalga oshirlishini taʼminlash” [1] vazifasi belgilangan. Shu bois 1917-yil fevral voqealaridan keyin Turkistondagi milliy masala muammolarini tadqiq etish muximdir.

XX asrning boshlarida oʻlkada siyosiy partiyalarning tuzilishi, turli jamiyatlar va milliy tashkilotlarning tashkil topishi mahalliy aholining milliy oʻzligini oshirishi uchun imkon yaratdi. Lekin, fevral voqealaridan keyin Turkiston Vaqtli hukumati mahalliy aholi uchun koʻplab vaʼdalar bergan boʻlsa-da, amalda ularning ijrosi taʼminlanmadi.

Oktyabr voqealaridan keyin Shoʻro hukumati milliy masalani oʻta murakkab deb hisobladi. Shuning uchun 1917 yil 27-oktyabrda RSFSR Millatlar ishlari xalq Komissariatini tashkil etildi. Lekin, bu organ Oʻrta Osiyodagi milliy masala muammolarini oʻrganish va hal etishga yetarli darajada eʼtibor qaratmadi. Vaholanki, 1917-yil 8-noyabrda “Rossiya xalqlari xuquqlari Dekleratsiyasi” qabul qilingan boʻlib, unda milliy siyosatning asosiy tamoyillari eʼlon qilingan edi. Bu xujjat ham qogʻozda qoldi. Masalan, 1917 yil 15–22 aprel kunlari boʻlib oʻtgan Ishchi va soldat deputatlari Sovetlari II Oʻlka syezdida saylangan prezidium tarkibida mahalliy aholidan biron-bir vakil yoʻq edi.

1917 yil noyabr oyining oxirlarida Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan favqulodda musulmonlar syezdida Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilindi va Qoʻqon Muxtoriyatining Favqulodda hukumati va Soveti tashkil etildi. Hukumat tarkibiga 54 nafar aʼzo saylangan boʻlsa, ularning 36 nafari mahalliy millat vakillari edi. Lekin, tarixchi X.Tursunov “Qoʻqon muxtoriyati” tarkibiga koʻra “hukumat tarkibiga va oʻzining maqsadiga koʻra” [2;124] xalqqa qarshi ekanligini taʼkidlaydi. Bu esa, tarixga haqiqiy baho berilmaganligi edi.

Turkiston Sovetlarining 1918-yil aprel oyidagi V Oʻlka syezdida tashkil etilgan Turkiston MSSR hukumati tarkibida

Millatlar ishlari xalq Komissarligi tuzildi. Uning maqsadi mahalliy aholi muammolarini oʻrganish va hal etish edi.

Komissarlik tarkibida statistik, tashkiliy-targʻibot va madaniy-oqartuv boʻlimlari tashkil etildi [3;86-87].

Komissarlikning asosiy vazifasi oʻlkadagi turli millatlar hayot tarzini oʻrganish va hal etishdagi murakkablik ularning turli darajadagi ijtimoiy turmush tarzi edi. Shuningdek, Komissarlik tarkibida mahalliy millat vakillari yetishmas edi.

Turkiston Kompartiyasining I syezdi qabul qilgan rezolyutsiyada yangi hayot qurishga keng qamrovli musulmonlar vakillarini jalb qilish uchun butun respublika hududida mahalliy aholisi tilini bilish talab qilingan [4]. Lekin, Komissarlik faqatgina 1922 yil 1 iyuldan ish yuritishni Turkiston oʻlkasida yashovchi mahalliy millat vakillari tilida yuritishga oʻtishi belgilangan [5].

Komissarlik faoliyatini samarali olib borish uchun Turkiston MIKning 1918-yil 15-maydagi qarori va Millatlar ishlari xalq Komissari S.Ashurxodjayevning 1918 yil 18 iyundagi 13/300 sonli buyrugʻi bilan viloyatlar va uyezdlarda deputatlar Sovetida komissarliklar tashkil etish belgilandi. Bu esa millatlararo munosabatlarni rivoji uchun muhim qadam boʻlgan. Turkiston oʻlkasi mahalliy millat vakillari oʻrtasida matbuotning oʻrni katta edi. Shu maqsadda Turkiston Kompartiyasining 1918 yil 20 iyundagi I syezdi qarori bilan Turkiston Kompartiyasi va Turkiston MSSR Millatlar ishlari xalq Komissarligining organi sifatida mahalliy millat vakillari tilida “Ishtrokiyun” gazetasi nashr etila boshlandi. Gazeta dastavval haftada oʻzbek tilida uch marta (maʼlum qismi qozoq tilida) chiqqan boʻlsa, 1919 yil 1 martdan har kuni 3 ming nusxada chop etilgan [6; 291-292].

1918-yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Turkiston Oʻlkasi Sovetlarining Favqulodda VI syezdida qabul qilingan Konstitutsiyada barcha millatlar mehnatkashlarining davlat boshqaruvida teng xuquqliligini eʼtirof etdi. Lekin, Konstitutsiyada, birinchidan, millatlarning davlat bilan munosabatlari haqida gapirilmagan boʻlsa, ikkinchidan, Konstitutsiya faqat rus tilida chop etilib, umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi. Komissarlik 1918-yil 30-dekabrdagi Turkiston MIKga yoʻllagan xatida Konstitutsiya risolasini musulmon (yaʼni oʻzbek) tilida chop etishni oʻz zimmasiga oldi [7].

1920-yil 17-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Turkiston Oʻlka komiteti, Oʻlka musulmonlar byurosi, Xorijiy kommunistlar komiteti qoʻshma majlisida soʻzga chiqqan T.Risqulov: “Turkiston Konstitutsiyasi Rossiyanikidan koʻchirilgan va uni bir qancha oʻzgartirish kerak”, - deydi [8].

Lekin, shunday boʻlsada, komissarlik faoliyatida bir qator kamchiliklar ham boʻlgan. Masalan, 1918-yilda qabul qilingan davlat tili haqidagi masala, faqatgina, 1919-yil 16 apreldagi Hayʼat yigʻilishida koʻrib chiqib qaror qabul qilingan. Komissarlikdagi bunday xatoliklar ayrim shovinistik elementlar uchun qoʻl kelganki, ular komissarlikni tarqatish masalasini ilgari surganlar. 1919-yil sentyabrda boʻlib oʻtgan Turkiston Sovetlarining VIII syezdi bu masalani koʻrib chiqdi va “... Bu komisariatni tarqatib yuborish masalasi yuzaga kelmoqda” – deb taʼkidlaydi [9]. 1919-yilning 2-oktyabrida syezd qabul qilgan qarorda: “Millatlar ishlari xalq komissariati tarqatilsin” goʻyoki “kerak emas va foydasiz tashkilot” – deyiladi [10].

Demak, Turkiston oʻlkasida yashovchi koʻp millatli aholining muammolarini oʻrganish va hal etish uchun tashkil etilgan organ yetarli darajada faoliyat koʻrsata olmadi va tarqatildi.

Turkistonda fuqarolar urushidan keyin oʻlkadagi millatlararo munosabatlarda ulkan vazifalar bor edi. Shu maqsaddaTurkiston KP MK ijroiya byurosi 1921 yil 17 sentyabrda qabul qilgan qarori bilan “TurkMIK tarkibida umumiy asoslarda millatlar ishlari komissarligi tashkil etish zarur”, - deb topdi [11]. Demak, bu davrda komissarlikning asosiy vazifasi millatlararo tengsizlikni tugatish edi. Lekin, bu vazifalar amalda bajarilmay qogʻozda qoldi. Shunday boʻlsada, komissarlik bu davrda talaygina ishlarni qilishga harakat qilgan. Masalan, komisarlikning 1922 yil 11 fevraldagi Hayʼat yigʻilishi qarori bilan aholining koʻp qismi oʻqiydigan taʼlim muassasalarida koʻpchilik tili bilan oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan [12]. Bu davrda K.Atabayev, A.Ikramov, S.Qosimxodjayev kabi milliy kadrlar yetishib chiqdi.

Shunday boʻlsada, Oʻrta Osiyoda milliy-davlat chegaralishiga tayyorgarlik boshlanishi munosabati bilan Turkiston Millatlar ishlari xalq Komissarligi faoliyatiga zarurat qolmadi. Turkiston MIK Prezidiumining 1922 yil 4 iyuldagi 102-son qarori bilan komissarlik tarqatilgan deb eʼlon qilindi [13].

Xulosa qlinadigan boʻlsa, XX asrning 20-yillarida Turksiton oʻlkasidagi millatlar hayotida sinovli davr boʻldi. Chunki, mahalliy aholi turmush tarzida oʻzgarishlar roʻy bergan edi. Bu davrda tashkil topgan komissarlik Markazning yordam bermaganligi bois ancha qiyinchiliklarga duch kelgan. Komissarlik tarkibida faoliyat olib borgan kadrlar ruhida partiyaviy- maʼmuriy hislar bor edi. Demak, oʻlkadagi koʻp millatli aholi turmush tarzi muammolarini hal etish uchun tashkil topgan komissarlik qisqa muddat faoliyat koʻrsatdi, xolos.

МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ

  1. https://lex.uz
  2. Турсунов Х. Национальная политика Коммунистической партии в Туркестане. – Т., «Узбекистан», 1971, С.124.
  3. ЎзР МА 36 ф., 1-р., 4-я.с. 86-87 б.
  4. «Наша газета», №130, от 29 июня 1918 г.
  5. «Жизнь национальностей», №15/150/ от 17 июля 1918 г.
  6. Победа Октябрской революции в Узбекистане. Сборник документов. -Т.2. – Ташкент: АН УзССР, 1963. С.291-292.
  7. ЎзР МА 129 ф., 11-р., 3-3орқ б.
  8. ЎзССР КП МК собиқ архиви, 60 ф., 1-р., 405 я.с. 48 орқ.б.
  9. Известия ТуркЦИКа №218 от 7 октября 1919 г.
  10. ЎзР МА 36 ф., 1-р., 4-я.с.15, 83-95 б..