Ravshan AKBAROV, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Farg‘ona davlat universiteti.
Annotatsiya. maqolada Rossiyada yuz bergan Fevral inqilobining milliy o‘lkalardagi siyosiy jonlanishga ta’siri, milliy siyosiy tashkilotlarning vujudga kelishi, Muxtoriyat va parlamentchilik haqidagi fikrlarning paydo bo‘lishi, o‘lka aholisi orasida ushbu fikrlarning targ‘ib qilinishi, Turkistonda Milliy Majlis tashkil etish uchun harakatlar, uning qanday tuzilishga ega bo‘lishi haqidagi ma’rifatparvarlarning qarashlari haqida fikr yuritilgan.
Kalit so‘zlar: inqilob, qurultoy, ma’rifatparvar, milliy siyosiy tashkilotlar, muxtoriyat, Ta’sis Majlisi, parlament, qonunchilik, senat, siyosiy plyuralizm, respublika, deputat, firqa.
Abstract. The article discusses the impact of the February Revolution in Russia on the political revival of national territories, the emergence of national political organizations, the emergence of ideas about autonomy and parliamentarism, the propaganda of these ideas among the population of the country, for the establishment of the National Assembly in the Turkestan movements, the views of enlighteners on how it should be arranged.
Key words: revolution, congress, education, national political organizations, autonomy, Constituent Assembly, parliament, legislation, senate, political pluralism, republic, deputy, faction.
Turkiston jadidlarining 1906–1910-yillarda nashr etgan gazetalarda o‘lkada mustaqil parlament tashkil etish haqidagi g‘oyalar mustaqillik sari qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lgan. Shuning o‘zi mustabid Rossiya imperiyasi sharoitida mubolag‘asiz jasorat edi. Podsho hukumati bunga yo‘l qo‘ya olmasdi. Natijada ma’rifatparvarlik harakati faollari, ya’ni jadidlar ta’qib ostiga olindi. Shuning uchun birinchi rus inqilobidan keyingi siyosiy reaksiya yillarida Turkistonda parlamentchilik g‘oyasining rivojlanishi vaqtincha to‘xtab qoldi.
Turkistonda parlamentchilik haqidagi g‘oyaning qaytadan jonlanishi Rossiyada 1917-yil Fevral inqilobi bilan bog‘liqdir. Monarxiya tizimi ag‘darilgandan keyin tuzilgan Muvaqqat hukumatning milliy xalqlarga siyosiy erkinliklarning berilishi hududlarda siyosiy jonlanishga sabab bo‘ldi. 1917-yil mart oyida Orenburgda birinchi Butunqozoq qurultoyi chaqirildi. Qurultoy dasturida qozoq yerlariga rus muhojirlarini ko‘chirishni to‘xtatish va o‘sha davrgacha ruslar uchun tarqatilgan yerlarni avvalgi egalariga qaytarish kabi masalalar bilan birgalikda qozoqlar uchun milliy boshqaruv tizimi – muxtoriyat tuzish g‘oyasi o‘rtaga tashlandi [3. 14-15]. 1917-yil 20-martda esa Muvaqqat hukumat tomonidan “Diniy va milliy cheklovlarni bekor qilish” haqidagi qaror e’lon qilindi [8. 5]. Qurultoda turkistonlik vakillarning qatnashuvi va Muvaqqat hukumatning bu qarori mahalliy ma’rifatparvarlar orasida muxtoriyat uchun kurash bosqichini boshlab berdi.
1917-yil 7–15-aprel kunlari Toshkentda Turkiston ishchi va askarlari sho‘rosi syezdi chaqirildi. Syezd buyuk davlatchilik shovinizmi ruhida o‘tgan. Delegatlardan qo‘qonlik o‘qituvchi Nekora o‘lkada hokimiyat ruslarga tegishli bo‘lishi, Malliskiy Toshkentda shahar boshqaruvining yevropalik va mahalliy boshqaruv idoralariga bo‘linishi haqida taklif etdi. Yevropalik vakillarning shovinistik kayfiyati milliy siyosiy markaz tashkil etish vazifasini tezlashtirdi. Natijada Butunturkiston musulmonlari qurultoyidan oldinroq “Turkiston o‘lkasi Markaziy Musulmon Sho‘rosi” tuziladi [3. 24-25]. Ushbu tashkilot keyinchalik xalq orasida “Markaziy Sho‘ro” nomi bilan mashhur bo‘ldi. Markaziy Sho‘roning sa’y-harakati bilan 1917-yil 16–25-aprel kunlari chaqirilgan Butunturkiston musulmonlari I Qurultoyida quyidagi talablar ilgari surildi: 1. Rossiyada federativ demokratik respublika asosida birlashtirilib, chekka hududlarga muxtoriyat berish; 2. Umumiy, teng, to‘g‘ri va yashirin asosda barcha fuqarolarga jinsidan qat’i nazar saylov huquqini berish; 3. Butunrossiya Ta’sis Majlisi Rossiyada federativ boshqaruv usulini tanlasa, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish, boshqaruvning Demokratik Respublika usuli haqida qaror qabul qilinsa, Turkistonga muxtor viloyat maqomini berish. Syezdda Turkistonda mustaqil parlament – Ta’sis Majlisini chaqirish uchun hali vaqt erta, degan qarorga kelindi [9. 4-5]. Shunday qilib, Turkistonga milliy- hududiy muxtoriyat berilishi masalasi dastlab o‘lka musulmonlarining I qurultoyida ilgari surilgan edi. Bu g‘oyaning vujudga kelishida taraqqiyparvar ziyolilar va “Sho‘roi Islom” tashkiloti ta’siri katta bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, tatar va boshqirdlar Turkistonga muxtoriyat berilishi masalasida mahalliy ziyolilar bilan siyosiy kurashlarning oldingi saflarida turdilar hamda birinchilardan bo‘lib ushbu g‘oya tashabbuskorlaridan bo‘ldilar [5. 39].
Turkistonliklar demokratik tamoyillar asosida tashkil etiladigan Ta’sis Majlisi Rossiyada boshqarish shaklini o‘rnatishi va o‘lkaga muxtoriyat huquqini beradigan konstitutsiyaning ishlab chiqilishiga umid qilgandilar. Shuning uchun Rossiya qonunchiligini yaxshi bilgan, rus tilida erkin gapira oladigan va turkistonliklar talablarini amalga oshirishga qodir nomzodlarni tanlash maqsadga muvofiq edi. Shu bilan birga, saylovchilar masalasi ham ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy bu haqida muzokaraga chiqib, saylovchilarning yoshini 18 etib belgilanishini, nomzodlarning, asosan, ulamolar orasidan olinishini, ularning rus tilini bilishi majburiy bo‘lmasligini va biror- bir partiyaga mansubligi shart emasligi, o‘lkadan saylangan vakillar musulmonlar fraksiyasiga birlashishlari muhimligi haqidagi talablarini o‘rtaga tashladi. Kabir Bakir bunga e’tiroz bildirib, nomzodning rus tilini bilishi zarur ekanligi, II Davlat dumasidagi musulmon fraksiyasining faoliyati bunga yaqqol misol ekanligini ta’kidlagan [14]. Qurultoyda tatar vakillari ishtirok etishi mahalliy vakillarning siyosiy masaladagi ba’zi fikrlarini o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.
Turkiston o‘lkasi uchun muxtoriyat maqomini olish borasida olib borilgan kurash ikki bosqichni o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqichda aholi o‘rtasida muxtoriyat g‘oyasini keng targ‘ib qilingan va shu yo‘l bilan mahalliy xalqning siyosiy ongi oshirilgan. Ikkinchi bosqichda esa muxtoriyat huquqini olish uchun faol harakatlar olib borilgan.
Birinchi davr 1917-yilning bahor va yoz mavsumini o‘z ichiga olib, bu davrda ma’rifatparvarlar tomonidan matbuot sahifalari orqali zamonaviy demokratik davlat boshqaruvi, unda parlamentning o‘rni va roli, muxtoriyat haqidagi fikrlar xalq orasida targ‘ib qilingan. Masalan, “Turon” gazetasida Ta’sis Majlisiga tayyorgarlik munosabati bilan e’lon qilingan maqolada bu boradagi dastlabki qarashlar e’lon qilingan. Unga ko‘ra, kelajakda mamlakatda demokratik respublika tuzumi joriy etiladi. Parlament bir palatadan iborat bo‘ladi, chunki Yevropa davlatlaridagidek ikki palatali parlament tashkil etilishi ba’zan qonun loyihalarini muhokama qilish va qabul qilish jarayonida kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Hukumat deputatlar tomonidan tuzilib, parlament oldida mas’uldir. Doimiy qo‘shin tuzish shart emas, uning o‘rniga militsiya bo‘linmalari tashkil etilishi kifoyadir. Saylov umumiy, teng, yashirin va to‘g‘ridan – to‘g‘ri tamoyillar asosida o‘tkazilishi shart. 20 yoshga yetgan fuqarolar saylash va saylanish huquqiga ega. Xalqqa vijdon, so‘z, majlislar o‘tkazish va shaxsiy erkinliklar beriladi. Bularsiz demokratik respublika tuzish mumkin emas [15].
Jadidlar ikki palatali parlamentni yoqlamaganligi sababi ko‘p hollarda yuqori palata saylov yo‘li bilan emas, balki tayinlanish yo‘li bilan shakllantirilishi edi. Bu holatda tenglik tamoyili buzilar edi. Doimiy qo‘shin tuzmaslik haqidagi fikrga kelinsa, shuni ta’kidlash lozimki, dastlab Turkiston milliy ma’rifatparvarlar o‘lkani Rossiya imperiyasining keng tarkibiy qismi deb tasavvur qilganlar, shuning uchun ular Turkistonda milliy qo‘shin o‘rniga militsiya bo‘linmalari bo‘lishi yetarli, deb hisoblaganlar.
Parlamentchilik haqidagi qarashlar boshqa gazeta sahifalarida ham berib borilgan. “Ulug‘ Turkiston” gazetasida tatar ma’rifatparvarlari N.Sayfulmalik va A.Tohir tomonidan e’lon qilingan maqola bunga maqola yaqqol misoldir. Ushbu maqolada davlat boshqaruvining respublika shaklida parlamentning o‘rni haqida fikr yuritilgan. Ularning fikriga ko‘ra, mamlakatni idora etish xalqning qo‘lida bo‘lishi, “jumhuriyat” deb atalgan respublikani hukmdor o‘rnida xalq tomonidan saylangan “prezident” boshqarishi va ma’lum bir muddatga (ikki yoki yetti yilga) saylanishi, aybdor bo‘lsa, qonun oldida javob berishi, qonun qabul qilishda uning ta’siri bo‘lmasligi haqida ma’lumotlar berilgan. Qonun loyihasini yaratish xalq va deputatlar vakolati hisoblanadi. Davlat rahbari qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritishi mumkin, lekin uni qabul qilish yoki qilmaslik parlament vakolatidir. Prezidentning parlament oldidagi vakolati deputatlar tomonidan qabul qilingan qonunlarni e’lon qilishdir. Qonun qabul qilish bilan parlamentning vazifasi tamom bo‘lmay, qabul qilingan qonunlarning ijrosini nazorat qilish ham uning zimmasida bo‘lib, bu ishni vazirlar va davlat amaldorlari orqali nazorat qiladi. Qonunga xilof ish qilgan har qanday amaldor parlament oldida javob berishi kerak. Insonlar uchun vijdon erkinligi, so‘z, matbuot, yig‘ilishlar o‘tkazish, jamiyatlar tuzish erkinligi, boshlang‘ich ta’limning umumiy, majburiy va bepul bo‘lishi ta’minlanadi. Qisqasi, demokratik tizimda qonun oldida barcha teng bo‘lishi kerak, deb ta’kidlanadi.
Maqolada Yevropada parlamentga o‘tkaziladigan saylovlar haqida ham ma’lumotlar berilgan. Jumladan, saylov tamoyili umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda yashirin bo‘lib, 20 yoshga yetgan barcha fuqarolar, jinsi va yashash joyidan qat’i nazar saylov huquqiga ega. Yevropa parlamentlari asosan ikki palatali bo‘lib, yuqori palata “senat” deb ataladi. Uning a’zolari 45 yoshdan katta bo‘lib, 9 yilga saylanadi. Senat a’zolarining asosan yuqori tabaqa vakillaridan iborat bo‘lishi, parlament quyi palatasi tomonidan oddiy xalq ommasi uchun ishlab chiqilgan qonunlarga qarshi bo‘lishlari mumkin. Shuning uchun ham, ikki palatali parlament respublika boshqaruvi uchun maqbul emas [18].
Maqolada berilgan fikrlarga ko‘ra, boshqaruvning demokratik usulida mamlakatdagi barcha hukumat organlari faoliyati parlament nazoratida bo‘lib, mamlakat hayotiga doir hech bir ish parlamentning roziligisiz amalga oshirilmaydi. Mana shu omil maqola mualliflari tomonidan ma’qullanib, Butunrossiya Ta’sis Majlisida boshqaruvning respublika usuli tanlanishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan [18].
Maqolada berilgan ma’lumotlar bugungi kun uchun oddiy bo‘lib tuyulsa-da, o‘sha davr uchun juda muhim bo‘lgan, chunki u davrda Turkiston o‘lkasi aholisining siyosiy savodxonligi talab darajasida bo‘lmagan. Shuning uchun davriy matbuot sahifalarida parlament tushunchasining mazmunini keng xalq ommasiga tushuntirib borish g‘oyat muhim bo‘lgan.
Moskvada 1917-yil 1–11-may kunlari bo‘lib o‘tgan I Butunrossiya musulmonlari syezdidan so‘ng musulmonlar orasida muxtoriyat haqidagi masala faol ko‘tarila boshlandi, chunki syezd musulmon xalqlari uchun milliy-hududiy muxtoriyat berilishini talab qilgan edi [19]. Syezd musulmon aholisining hayoti bilan bog‘liq keng doiradagi masalalarni muhokama qildi. Tashkiliy jihatdan mintaqaviy partiya va harakatlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Butunrossiya musulmonlari Sho‘rosi (Markaziy Sho‘ro) saylandi. Mazkur Sho‘roning ijroiya qo‘mitasiga Turkiston o‘lka musulmonlari Markaziy Sho‘ro hay’ati a’zolari U.Xo‘jayev va I.Shoahmedovlar kirdi [2. 68]. Mana shu voqelikdan keyin milliy siyosatchilar orasida mustaqil parlament tuzish, o‘lkada yashovchi mahalliy aholi manfaatlarini hisobga oluvchi qonunlar ishlab chiqish g‘oyasi ko‘tarila boshlandi. Bunga imperiya hududida yashovchi millatlarning muxtoriyat uchun kurashi va ularning erishgan muvaffaqiyatlari sabab bo‘lgan. Masalan, litvaliklar, finlar, ukrainlar muxtoriyat olganliklari, o‘z parlamenti va hukumatini tashkil etganliklari [11], belorus va gruzinlarning muxtoriyat olish uchun kurash boshlaganliklari, qrim tatarlari milliy harbiy qismlar tuzib, milliy muxtoriyat olish uchun harakat boshlaganliklari haqida xabar berilib, Turkistonda ham Butunrossiya Ta’sis Majlisi qarorlarini kutib turmay, milliy-madaniy muxtoriyat tuzish kerakligi ta’kidlangan [20].
Buning uchun, avvalo, Turkiston shaharlarida mahalliy boshqaruvni, xalq maorifi sohasini, yer va suv ishlarini hamda milliy moliyani tashkil etish kerak [11]. Xalq orasida targ‘ibot olib borish yetarli bo‘lmay, aholini birlashtiradigan siyosiy va ijtimoiy tashkilotlar tuzilishi zarur edi. Bu borada ilk qadam – bu jadidlar tomonidan 1917-yil mart oyida tashkil etilgan ilk siyosiy tashkilot “Sho‘roi Islom” jamiyati edi. “Sho‘roi Islom” jamiyati dastlabki kunlardanoq xalqni o‘z ortidan ergashtira oladigan, nufuzli siyosiy organ ekanligini namoyon etdi. Tez orada o‘lkaning turli shaharlarida uning sho‘balari tuzila boshlandi. Jumladan, Samarqandda “Marvaj ul-islom”, Andijonda “Ozod xalq”, “Miftah ul maorif”, “Sana ul islom”, Qo‘qonda “Musulmon mehnatkashlari ittifoqi”, Kattaqo‘rg‘onda “Ravnaq ul islom”, Xo‘jandda “Muayyan at-tolibin” kabi sho‘balar tuzildi [2. 38]. Shuningdek, aprel oyida “Ittifoq”, 15-may kuni esa “Ehtiyot” ittifoqi tuzilib, u o‘z oldiga Butunturkiston musulmonlarini birlashtirish va ularga demokratiya iborasini mukammal tushuntirib, madaniy va milliy ishlarda yordam berish, aholini Ta’sis majlisiga tayyorlash va xalqni turli zo‘ravonliklardan muhofaza qilish maqsadlarini qo‘ygan edi [16]. Sanab o‘tilgan tashkilotlarning hammasi ham siyosiy tashkilot hisoblanmasa-da, ular o‘lka aholisi siyosiy faoliyatining jonlanishiga bir qadar ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Turkistonda muxtoriyati masalasi ko‘tarilishi milliy-ozodlik harakatining barcha harakatlantiruvchi kuchlarining manfaatlarini tutashtirgan asosiy nuqta bo‘ldi. 1917-yilning yozi Turkistonda, bir tomondan, siyosiy kuchlarning jipslashish davri bo‘ldi. Ikkinchi tomondan, milliy harakatda tabiiy bo‘linish jarayoni davom etdi. Bo‘linishning sababi konservativ kuchlarning diniy islohotlar, xotin- qizlar emansipatsiyasi, urushga munosabat, Rossiya va Turkistonda bo‘lajak davlat qurilishi, Muvaqqat hukumat tomonidan yuritilgan milliy siyosatga munosabat kabi masalalarda o‘zgacha pozitsiyada turishi edi [1. 101].
1917-yil yozi Butunrossiya Ta’sis Majlisiga saylovlar arafasida turkistonlik taraqqiyparvarlar o‘zlarining siyosiy partiyalarini tuzish zaruriyatini tushunib, anglab yetishdi. Taraqqiyparvarlar “Turon” ma’rifiy jamiyatini demokratik tamoyillariga asoslangan partiyaga aylantirish g‘oyasini ilgari surdilar. Turkistonlik va ozarbayjonlik islohotchilarning birgalikdagi harakatlari natijasida Skobelevda 1917- yil 12–14-iyulda bo‘lib o‘tgan musulmon tashkilotlari qurultoyida “Turk Adami Markaziyat firqasi” tuzildi [2. 103]. Ayni paytda partiyaning maromnomasi (dasturi) ham tuzilgan. Maromnoma 10 bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘lim 7-moddasi parlamentchilik masalasiga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, har bir muxtoriyatga erishgan o‘lkada qonun chiqaruvchi organ – Millat Majlisi va qonunlarni ijro etadigan hukumat tashkil etiladi [27].
“Turk Adami Markaziyati firqasi” partiyasining tuzilishi Turkistonda Markaziy musulmon firqasining yuzaga kelishida katta turtki bo‘ldi. 1917-yilning avgust – sentabr oylari Turkiston musulmonlarining yagona partiyaga jipslashish davri bo‘ldi. Bu jarayonda “Turk Adami Markaziyat firqasi” muhim rol o‘ynadi. Aynan shu davrda Farg‘ona vodiysining Skobelev, Andijon, Marg‘ilon, Namangan kabi yirik shaharlarida partiyaning sho‘balari tuzildi [17].
1917-yil yoziga kelganda, Turkiston o‘lkasida turli tashkilotlar faoliyat olib bormoqda edi. Masalan, Toshkent shahrining o‘zida bu vaqtda 20 dan ortiq tashkilot faoliyat yuritgan. Lekin bu tashkilotlar barchasi ham yetuk siyosiy tashkilotlar emasdi. Siyosiy o‘zgarishlar natijasida tuzilgan bu tashkilotlar faoliyatini ma’lum bir tizimga solishga harakatlar bo‘lishi tabiiy edi. Bu safar ham tatar va boshqird taraqqiyparvarlari yetakchilik qilganlar. Masalan, Ahmad Zaki Validiy o‘lkada siyosiy tashkilot tuzish masalasida ko‘rsatma shaklida bo‘lgan “Turkistonda tashkilot” nomli maqolasini e’lon qiladi. Ushbu maqolada siyosiy tashkilotlarning turlari, ularni tuzish usullari, xullas, siyosiy tashkilot tuzish uchun qanday ishlar amalga oshirish zarurligi (dastur yoki nizomnoma tuzilishi, markaziy boshqaruv tizimi bo‘lishi, tashkilot faoliyat ko‘rsata olishi uchun moliyaviy manbaga ega bo‘lishi va boshqalar) haqida yo‘l-yo‘riqlar berilgan [12].
Keyinchalik, 1917-yil kuzida Turkistonga muxtoriyat olish masalasi yana qat’iy tarzda kun tartibiga qo‘yildi. I.Shoahmedov “Turk adami markaziyat firqasi” dasturi asosida Turkiston Dumasi haqida qonun loyihasini tayyorladi [7. 133]. Afsuski, ushbu loyihaning qisqagina varianti saqlanib qolgan, xolos. Loyihaning mavjud variantida ham Turkistonda mustaqil parlament tashkil etish g‘oyasi ochiq ko‘rinib turadi. Ushbu loyihaning 1-moddasida Turkiston o‘lkasi uchun mahalliy (hududiy) va milliy muxtoriyat olish talab qilingan edi. Rossiya Ta’sis Majlisiga saylangan turkistonlik deputatlar ushbu masalani Majlisdan talab qilishlari lozim edi. 2-moddada Turkiston o‘lkasiga oid barcha masalalar o‘lka vakillaridan tarkib topgan Majlisi Ma’buson – Ta’sis Majlisi tarafidan qabul qilingan qonunlar asosida hal etilishi lozim edi. Loyihada Turkiston Majlisi Ma’busoni vakolatiga kirmaydigan masalalar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan: o‘lkada yashovchi ruslar uchun jinoiy va fuqarolik ishlari, pochta, telegraf, maorif va madaniyat muassasalari, Rossiya mamlakati bilan chet davlatlar o‘rtasida bo‘ladigan siyosiy munosabatlar va harbiy ishlar [3-modda]. 4-modda Turkiston Ta’sis Majlisiga saylov masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ta’kidlanishicha, Majlisi Ma’busonga saylov Rossiya Ta’sis Majlisiga saylov bo‘lib o‘tgandan bir oy keyin amalga oshiriladi. Majlisga saylov haqidagi qonun Rossiya Ta’sis Majlisiga saylov qonuniga hamohang bo‘lishi kerak edi. Ushbu moddaning ilovasida Turkistonda Ta’sis Majlisiga saylov qonunlarini tartib etish uchun har bir okrugdan bittadan a’zo saylanib, tarkibida ushbu a’zolar bo‘lgan komissiya tuzilishi kerak edi. Ushbu komissiya ishi Toshkent sud palatasi tomonidan boshqarilishi belgilangan. 5-moddada Turkistonning boshqaruv va ichki ishlariga oid barcha masalalar Turkiston Majlisi Ma’busoni vakolatiga kirishi ta’kidlangan. 6-moddada Turkiston Ta’sis Majlisi a’zolari soni Rossiya Ta’sis Majlisiga saylanadigan turkistonlik a’zolar sonidan uch baravar ko‘p bo‘lishi kerak edi. 7-moddada Turkiston Majlisi Ma’busonida 10 nafar o‘lkada yashovchi yevropalik vakillarining bo‘lishi belgilangan [21].
Loyihada har bir fuqaro erkinligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, loyihaga ko‘ra, Turkistonda yashovchi har bir fuqaro millati, jinsi va boshqa jihatlardan qat’i nazar, qonun oldida tengligi ta’kidlangan [8-modda]. Bundan tashqari, loyihada Turkistonning ichki va tashqi ishlarda tamoman mustaqil bo‘lishi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan edi [21-modda] [22].
Loyiha matnidan ko‘rinib turibdiki, 1917-yilning kuzidayoq Turkistonda mustaqil parlament tuzishni nazarda tutgan qonun loyihasi tayyorlangan. Hatto loyihada Turkiston Majlisi Ma’busoniga saylanadigan a’zolar soni ham aniq ko‘rsatib qo‘yilgani diqqatga sazovordir. Turkiston musulmonlari II qurultoyi yakunida I.Shoahmedov loyihasi va Turk Adami markaziyat firqasi maromnomasi ko‘paytirilib, har bir viloyatga tarqatilishi, hududlarda ikki loyiha muhokama qilinganidan so‘ng, IV qurultoyga taqdim etilishi belgilandi [13]. Uzoq muhokamalardan keyin 1918-yil yanvarida Turkiston Muxtoriyati Xalq Sho‘rosi qabul qilgan qarorga ko‘ra, Turkiston Ta’sis Majlisi a’zolari soni 234 nafardan iborat bo‘lishi haqida qaror qabul qilingan [26].
1917-yil sentabr oyi Turkiston milliy ma’rifatparvarlari o‘rtasida siyosiy kurashning kuchaygan davri bo‘ldi. Turkiston musulmonlari II qurultoyini rasman tan olmagan “Ulamo” va “Xaloyiq” jamiyati 17–20-sentyabr kunlari Toshkentda 500 nafar vakil ishtirok etgan qurultoylarini chaqiradilar. Qurultoyga o‘lka turli hududlari bilan birgalikda, Ural va To‘rg‘ay viloyatlaridan ham vakillar qatnashgan [23]. Ushbu syezdda Turkistonning yer-suv masalasi Turkiston Ta’sis Majlisi ixtiyoriga berilishi haqida qaror qabul qilindi [24].
Syezdda o‘lkaning kelajakdagi siyosiy tizimi haqida 14 moddadan iborat qaror qabul qilinadi. Ushbu qarorning parlamentchilik masalasiga oid mazmuni quyidagilardan iborat edi: Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Kaspiyorti viloyatlari Rossiya respublikasi tarkibida hududiy muxtoriyat olib, dastlabki davrda o‘lkada yashovchi barcha xalqlar milliy-hududiy jihatdan mustaqil hisoblanib, siyosiy birlashmaning nomi “Turkiston federativ respublikasi” deb ataladi [1-modda]. Turkiston federatsiyasidagi qonunchilik va o‘z-o‘zini boshqaruv masalasi Turkiston parlamentiga oiddir. Parlament o‘lkada yashovchi barcha xalqlar tomonidan umumiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi [2-modda]; Turkiston parlamenti qonunchilik funksiyasi Rossiya respublikasi asosiy qonunlari va shariatga mos bo‘lishi kerak [3-modda]. Turkiston parlamenti umumdavlat masalalar muhokamasiga ruxsat uchun Rossiya respublikasi Oliy hukumati tarkibiga o‘z vakillarini jo‘natadi [4-modda]. Turkiston federativ parlamenti sessiyaviy shaklda faoliyat ko‘rsatadi. Sessiyaning chaqirilish va tarqatilish vaqti bevosita parlament tarafidan amalga oshiriladi. Parlament prezidiumi esa tanaffussiz faoliyat ko‘rsatib, bu davrda uning vakolatlari saqlanib qoladi [5-modda]. Turkiston federatsiyasi xalq xo‘jaligining butun tarmoqlari parlament tomonidan saylangan va respublika hukumati tomonidan tasdiqlangan maxsus kotibiyat tomonidan boshqariladi [6-modda]. Kotibiyat Turkiston federativ parlamenti oldida mas’uldir [7-modda]. Turkiston federatsiyasi “Mahkamai Sha’riya” (Qonunchilik palatasi) deb ataladigan Senati Toshkent shahrida joylashadi. Senat qonunlar ishlab chiqadi va unga izohlar beradi, qonunlarni shariat asosida mamlakatdagi barcha tashkilotlarda to‘g‘ri shaklda amal qilishini nazorat qiladi [8-modda]. Senat raisi “shayxulislom” (general-prokuror) deb ataladi va Turkiston federatsiyasi qonunlari qo‘riqlovchisi hisoblanadi [9-modda]. Senat a’zolari (senatorlar) xalq tarafidan umumiy, to‘g‘ri, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi [10-modda] [4. 562- 563]. Qurultoyda o‘lkaga muxtoriyat olish masalasi qat’iy ravishda kun tartibiga qo‘yilgan. Muxtoriyatga “Turkiston Federativ respublikasi” nomi berilib, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona va Kaspiyorti viloyatlaridan iborat bo‘ladi. Davlat kelajakda parlamentar respublika usuli asosida boshqariladi. Respublikaning asosiy hokimiyat organlari – qonun chiqaruvchi organ (Turkiston parlamenti), ijro hokimiyati (Kotibiyat va respublika hukumati), qabul qilingan qonunlarni shariatga mosligini hamda qonunlar ijrosini nazorat qiladigan Senatdan iborat bo‘ladi [6. 63-64].
Syezdda, shuningdek, yer qo‘mitalari tuzishni to‘xtatish va yerni ijtimoiylashtirishga chaqirildi. Bularning hech biri jadidlar qurultoyidagi muxtoriyat shaklidan keskin farq qilmasdi. Hal qiluvchi farq ulamoning bo‘lajak parlamentning ikki palatali bo‘lishi hamda din va ayollar masalalariga munosabatida edi. Qurultoy “din ishlari bilan bu dunyodan ajralib turmaslik kerak, ya’ni maktablardan tortib yer va adolat masalalarigacha shariat asosida hal qilinishi kerak”. Qurultoyda barcha musulmon tashkilotlarini birlashtiruvchi “Ittifoqi muslimin” nomli partiya tuzildi. Partiyaning tamoyillari shariatga mos bo‘lib [6. 65], “Sho‘roi islomiya” kabi barcha mavjud tashkilotlar o‘rnini egallashni taklif qildi. Bu Turkistondagi jadid – ma’rifatparvarlar tomonidan tashkil etilishi mo‘ljallangan bo‘lajak tashkiliy infratuzilmasini yo‘q qilishga chaqiruvdan, ulamolarning o‘z kuchini tajovuzkorona da’vosidan boshqa narsa emas edi [10. 69]. Endi har bir tomon o‘zini jamiyatning yagona qonuniy vakili deb hisobladi va uning nomidan ish olib bordi.
1917-yil oktabr oyigacha Turkistonda, asosan, bir palatali parlament tashkil etish masalasi ilgari surilgan. Sentabr oyi oxirida ulamochilar tashabbusi bilan chaqirilgan qurultoyda ikki palatali parlament masalasi ilk bor ilgari surilgan. Shu yilning 8–11-oktabr kunlari Toshkentda asosan o‘z tarafdorlari vakillaridan iborat Sirdaryo viloyat musulmonlari qurultoyini o‘tkazdilar. Qurultoyda parlamentchilik haqida sentabr oyida qabul qilingan qaror yana bir bor mustahkamlangan [25].
Bu Sho‘roi Ulamo vakillari mintaqaning ijtimoiy-siyosiy hayotida shariat qonunlari ustun bo‘lishi talabida qat’iy turganligini bildiradi. Bugungi kunga qadar “Ittifoqi muslimin” O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarini birlashtiruvchi partiya sifatida tavsiflanib kelgan. Lekin partiyaning siyosiy boshqaruv ishlarida ham shariatga asoslanganligi ma’rifatparvarlarni o‘z-o‘zidan hokimiyat tuzilmalaridan uzoqlashtirishga va qarama-qarshi pozitsiyada turishiga sabab bo‘lgan. Natijada, 1917-yil may oyida boshlangan g‘oyaviy qarama-qarshilik endilikda rasman bo‘linishga sabab olib keldi. Bu g‘oyaviy qarama- qarshilik keyinchalik Turkiston Muxtoriyati faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI
- Абдуллаев Р.М. Национальные политические организации Туркестана в 1917 1918 годах. Дис. док. ист. наук. – Ташкент, 1998. – 341 с.
- A’zamxo‘jayev S. Turkiston Muxtoriyati. Milliy-demokratik davlatchilik qurilishi tajribasi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2000.
- Mustafo Cho‘qay o‘g‘li. Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari). – Toshkent, 1992.
- Победа октябрьской революции в Узбекистане. Том I. Установление советской власти в Узбекистане. Сборник документов. – Ташкент: Фан, 1963.
- Rasulov A, Isoqboyev D, Nasretdinova D. Turkiston ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida tatarlar. – Toshkent: Turon-İqbol, 2019.
- Сафаров Г. Колониальная революция (Опыт Туркестана). – Москва, 1921.
- Sirojiddin Ahmad. Ubaydulla Xo‘jayev // Jahon adabiyoti. 1998. 8-son.
- Хабутдинов А. Органы национальной автономии тюрко-татар мусульман внутернней России и Сибири в 1917 – 1918 гг. – Вологда, – 61 с.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti arxivi Farg‘ona viloyat bo‘limi. I-1 fond. 1a-ro‘yxat. 1a-yig‘ma jild. 4-5-varaqlar.
- Adeeb Khalid. The Quest for Autonomy in Turkestan: Hopes, Challenges, and Tragedy // Petersburg historical journal, no. 2, 2020, pp. 69.
- وچدانینگ قندی تحمول قالدور؟ // کینگش. .1917 11 اییول
- زکی ولدی. تورکیستانده تشکالت مسلسی // کینگش. .1917 19 ایول
- یاسالغان قرارنامه )ریزایوتسیه(لر // کینگش.1917. 13 سینتبر
- اومومتورکیستان موسلمانلری قورلتایی // نجات. .1917 28 اپریل
- کینگ خلق جومحوریتی // توران. .1917 9 مای
- ʻʻایهتیاتʻʻ سایوزی // توران. .1917 26 مای. 16
- تورک ادمی مرکزییت فرقسنینگ وکلری فرغانه ده، نمنگنده // تورک ایلی. .1917 28 اوکتبر
- صعف الملک ن.، تاحر ا. خلق جومحوریتی // اولوغ تورکیستان. .1917 20 مای
- بوتونراسییه اوموموسولمان قورلتایی قراری // اولوغ تورکیستان. .1917 7 ایون
- ملی و معدنی موحتاریت // اولوغ تورکیستان. .1917 9 اوگوست
- تورکیستان فدرتسییسی // اولوغ تورکیستان. .1917 7 سینتبر
- تورکیستان فدرتسییسی // اولوغ تورکیستان. .1917 10 سینتبر
- تاشکنتده اولما سیزدی // اولوغ تورکیستان. .1917 29 سینتبر
- اولما سیزدی قرارلری // اولوغ تورکیستان. .1917 30 سینتبر
- سردریا ابلستی موسولمانلری سیزدی // اولوغ تورکیستان. .1917 18 اوکتبر
- تورکیستان اوچریدتیلنی سابرنییه سی // اولوغ تورکیستان. .1918 14 ینور
- تورک ادمی مرکزییت مرانامسی // حوریت. .1917 13 ایون