Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid elektron platforma

XX ASR BOSHIDA O‘ZBEK MA’RIFATPARVARLARINING TURKISTON MUXTORIYATI TASHKIL ETISHDAGI O‘RNI

XX ASR BOSHIDA O‘ZBEK MA’RIFATPARVARLARINING TURKISTON MUXTORIYATI TASHKIL ETISHDAGI O‘RNI

Barotjon IBRAXIMOV, Namangan davlat pedagogika instituti, katta o`qituvchi.

Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek ma’rifatparvarlarining Turkiston Muxtoriyati tashkil etishdagi o‘rni tadqiq etilgan.

Kalit so`zlar: Ma’rifatparvarlik, jadidlar, ziyoli, inqilob, g`oya, mustamlaka, Turkiston, tarixchi, taraqqiyparvar, muxtoriyat.

Abstract. This article provides information about the role of the Uzbek intelligentsia in the formation of the Turkestan autonomy.

Key words: Enlightenment, contemporaries, intelligentsia, revolution, idea, colony, Turkestan, historian, progressive, autonomy.

Turkiston 1917-yilda muhim siyosiy o‘zgarishlar arafasida turardi. Mintaqa xalqlari Rossiyatning 50 yillik mustamlakachilik zulmiga qarshi tinimsiz ravishda milliy-ozodlik kurashini olib bordilar. Dastlab ma’rifatparvarlik harakati sifatida vujudga kelgan jadidchilik Turkiston taqdiri hal qilayotgan bu pallada o‘zbek xalining g‘oyaviy jihatdan birlashtiruvchi kuch sifatida maydonga chiqdi.

Jadidlar Rossiyadagi siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bordilar, vujudga kelayotgan rus siyosiy partiyalari dasturlarini o‘rgandilar. Lekin milliy mintalitetning o‘ziga xos xususiyati bo‘lgan o‘zbek xalqining tinchliksevarlikka, bosiqlikka moyilligidan kelib chiqib, ular tinchlik yo‘li bilan, jamoatchilikning murojaatlari, Davlat Dumasidagi ommaviy bahslar va boshqa legal vositalar bilan podsho hokimiyatidan o‘z maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida yon berishga erishishga intildilar. Ammo chorizm ma’muriyati Davlat Dumasida turkistonlik vakillar bo‘lishini man etgan.

Bu, bir tomondan, o‘lka xalqining huquqlari va qadr-qimmatini poymol qilish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ularning siyosiy ongini o‘sishi Rossiya imperiyasi davlatchiligiga xavf tug‘dirar edi. O‘sha paytda jadidlar, Mahmudxo‘a Behbudiyning 1906-yil 11-oktabrda “Xurshid” ro‘znomasida chop etilgan maqolasida o‘z aksini topgan xulosaga, ya’ni birlashib yagona musulmon partiyasi tuzish va Butunrossiya musulmonlari ittifoqi tarkibiga kirish zarurligi haqidagi fikrga keldilar [1; 39].

Shu bilan ular Rossiyadagi barcha turkiy xalqlar orasidagi progressiv kuchlarga tayanishga intildilar. Tarixchi olima D.Alimovaning aytishicha, Behbudiy ushbu maqolasida sotsial-demokratlar partiyasiga nisbattan o‘zining salbiy munosabatini bildiradi. U bu partiyaning dasturini musulmonlar hayoti normalariga muvofiq kelmaydigan xayoliydir, deb hisoblagan [1; 39].

O‘zbek ma’rifatparvarlariga siyosiy hayotni isloh qilshi uchun Turkiya va 1905–1911-yillardagi Eron inqiloblari sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Bu mamlakatlardagi milliy ziyolilar vakillari monarx hokimiyatining konstitutsion doirada cheklanishiga, milliy burjuaziyaning iqtisodiy qudratini mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni qo‘lga kiritishga erishishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar. Biroq ularning tajribalari Turkiston jadidlari tomonidan mexanik tarzda ko‘chirib olinmadi. Ular Sharq va Yevropa mamlakatlarining mustamlakachillikka qarshi kurash hamda demokratik harakat amaliyotidan o‘lka sharoitlariga mufoviq keluvchilarini tanlab oldilar, sharoitga to‘g‘ri kelmaydiganlaridan voz kechdilar yoki bir oz o‘zgartirib qabul qildilar.

Fevral inqilobining rus imperiyasini larzaga keltirib, Rossiyada uch yuz yil xukmronlik qilgan Romanovlar sulolasini tarix sahnasidan quvib chiqarishi loqaydlik va umidsizlik holatida yashayotgan Behbudiyni uyg‘otib yubordi. U yana Samarqandning ijtimoiy hayotida faol ishtirok eta boshladi va Samarqand musulmonlar ijroiya qo‘mitasining ikkinchi raisi etib tayinlandi. U shu lavozim taqozosi bilan hatto Buxoroga borib, taraqqiyparvar kuchlarga muayyan huquqlar bergan amirni tabriklab keldi [2; 36].

Ammo davr o‘zgarib, ijtimoiy hayot saxnasida yangi-yangi kuchlar paydo bo‘la boshladi. Shunday kuchlardan biri Muxtoriyat dasturi loyihasini ishlab chiqib, uni 1917-yil avgustida “Kengash” gazetasida e’lon qildi. Bu loyiha Turkistondagi taniqli siyosiy arboblar, huquqshunoslar va ulamolar ishtirokida tuzilgan bo‘lib, ular orasida Behbudiy ham bor edi. Ammo Turkiston o‘lkasini demokratik yangilash g‘oyasi mutaassib va qoloq fikrli kishilarning qattiq qarshiligiga uchradi. Musulmon jamiyati mazkur kurash natijasida ikki guruhga ajralib ketdi. Bu, bolsheviklarning yaqinlashib kelayotgan inqiloblari oldida fojiaviy holatni vujudga keltirdi. Ko‘p o‘tmay, bolsheviklar Toshkentda hokimiyatni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldilar [1; 38].

Millatning taraqqiyparvar kuchlari 1917-yilning 26-oktabrida Qo‘qonda to‘planib, O‘lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyini o‘tkazdilar. Bir necha kun davom etgan qurultoy Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilganini e’lon qildi. Qurultoyda hukumat a’zolaridan tashqari, Xalq majlisi a’zolari ham saylandi. Mazkur a’zolar orasida Behbudiy ham bor edi. Turkiston Muxtoriyat hukumatining o‘rnatilishi Behbudiyning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shib yubordi. “27-noyabrda Xo‘qandda, - deb yozdi u “Turkiston Muxtoriyati” sarlavxali maqolasida, - Turkiston Muxtoriyati umumiy musulmon s’ezdig‘a e’lon qilindi. Muborak va xabarli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lishi uchun iftixor etaman.

Yashasun Turkiston Muxtoriyati!” [3; 23]. Chor mustamlakachilarining vorislari bo‘lmish bolsheviklar Turkiston Muxtoriyat hukumatining o‘rnatilganidan mutlaqo manfaatdor emasdilar. Buni yaxshi bilgan Behbudiy “Bizga isloh kerak”, “Xaq olinur, berilmas!”, “Qozoq qardoshlarimga ochiq xat”, “Yoshlarga murojaat” singari publitsistik maqolalar yozib, taraqqiyparvar milliy kuchlarni birlashishga va Turkiston Muxtoriyat xukumatini himoya qilishga da’vat qildi. Lekin kuchlar teng emas edi. 1918-yilning 19-fevral kuni Turkiston o‘lka harbiy komissari S.Perfilev boshchiligidagi yaxshi qurollangan qo’shin Qo‘qonni 12 zambarakdan o‘qqa tutib, Muxtoriyatni ham, Qo‘qoni latifni ham qonga botirdi. 1918-yilda Behbudiy “Ittifoq” jamiyatining sa’y-harakati bilan musulmon maorif sho‘basiga mudir etib tayinlanadi Behbudiy iste`foga chiqishga majbur bo‘ladi [3; 26].

Behbudiyning o’z odatiga xilof ravishda muallimlar bilan uchrashuvga bormasligining sababi Toshkent safarining biror natija bilan tugamaganida edi. U Toshkentda xam, xuddi Samarqanddagidek, xamma narsaga o‘zga yurtlardan kelgan kimsalarning rahbarlik qilib, mahalliy kadrlarni sariq chaqaga olmayotganini ko‘rdi. Uning Qalbida fevral inqilobi va Turkiston Muxtoriyati tufayli uyg‘ongan umid nihollari xali yashil barglar yozib ulgurmasdan xazon bo’lgan edi. Bu hol ayni paytda uning sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan edi.

Bu o`ziga xos “lirik chekinish”dan so‘ng yana Xoji Muinning xotirasini o‘qishda davom etsak: “Shundan so‘ngra xech bir kishig‘a onglatmasdan maslakdosh va fikrdoshlari mulla Mardonqul Shohmuhammad o‘g‘li, Muhammadkul O’rinboy o‘g‘li bilan 25-mart oyinda 1919-yil asrorangiz bir suratda Samarqanddan g‘oyib bo‘ldi. Oradan bir xafta o‘tgandan keyin bularning Qarshi yo‘li bilan safarg‘a chiqqanlari, qarshi shaxrida Buxoro xukumati tarafindan ushlanib xibsga oling‘onlari, hatto shaxid bo‘lg‘onliklari shoyi’ bo‘ldi. Shundan so‘ngra muxtalif (xilma-xil) xabarlar ko‘p eshitildi. Shuning ila barobar Samarqand axolisi bularning shaxid o‘lg‘onliklarini zanni (taxmin) ila inonib marosimi ta’ziya va qadrdonini yod etmoqchi buldi” [4; 23].

Fevral inqilobining ro‘y berishi va chor hokimiyatining ag‘darilishi bilan u o‘zining pirovard siyosiy maqsadi - mustaqil davlatni barpo etish g‘oyasini amalga oshirishga kirishdi. Lekin, bu harakat kuchli va birlashgan partiya yo tashkilotga ega bo‘lmaganligi hamda xalq ommasini hali uyg‘onta olmaganligi sababli, uning mustaqil o‘zbek davlatini barpo etish rejasini ro‘yobga chiqmadi. Hali oyoqqa turib ulgurmagan yosh Turkiston Muxtoriyati hukumatini sho‘rolar davlati go‘daklik paytidayoq majaqlab tashladi [5; 32].

 

MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI

  1. Alimova D. Jadidchilik harakatining ijtimoiy-siyosiy mohiyati va jadidlar tafakkuri. / Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. (Turkiston va Buxoro jadidchiligi tarixiga yangi chizgilar) Davriy to‘plam № 1. -T: Universitet, 1999.
  2. Alimova Istoricheskaya mirovozzreniye djadidov i ix proyeksiya buduщyego Turkistana. -T. 1996. -S. 36.

 

  1. Karimov N. Mahmudxo‘ja Behbudiy. -T: O‘zbekiston,
  2. Hoji Muin / Tanlangan -T: Ma’naviyat, 2002. -B. 23.
  3. Karimov N. XX asr boshlaridagi tarixiy vaziyat va jadidchilik harakatining vujudga kelishi. Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun (Turkiston va Buxoro jadidchiligi tarixiga yangi chizgilar) Davriy to‘plam № 1. -T: Universitet, 1999. – B. 32.