Diyorjon ABDULLAYEV, tarix fanlari doktori (DSc), Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti.
Annotatsiya. Mazkur maqolada jadidlar tomonidan amalga oshirilgan islohotlar dasturida xayriya muassasalari hamda tashkilotlarining tuzilishi va ularga oid maʼlumotlar tahlil qilingan. XX asr boshida Turkistonda sodir boʻlgan voqea-xodisalar va unda jadidlarning oʻrni yoritilgan.
Kalit soʻzlar: jadid, xayriya, muxtoriyat, ziyoli, maktab, tashkilot, muassasa, inqilob, maʼrifat, siyosiy harakat.
Abstract. This article analyzes the structure and information related to charitable institutions and organizations in the reform program carried out by the Jadids. The events in Turkestan at the beginning of the 20th century and the role of the Jadids in them are covered.
Key words: jadids, charity, autonomy, intellectuals, school, organization, institution, revolution, enlightenment, political movement.
Jadidlar faoliyatida milliy gʻoya va mafkura alohida oʻrin egallab, ular davlat qurilishidan tortib, jamiyat va uning maʼnaviy hayotigacha boʻlgan masalalarni qamrab olgan edilar. Ular faoliyati mobaynida xalqni maʼrifatli qilish hamda bu orqali Turkistonni mustaqillikka erishuviga erishishni maqsad qilib oldilar.
Jadidlar orasida dunyo kezgan yetuk olimlar, madaniyat arboblari yetishib chiqib yurt ozodligi yoʻlida fidoiylarcha kurashdilar. Ular oʻz dasturida 4 ta: 1} Yangi usul maktablarini koʻpaytirish; 2} Qobiliyatli yoshlarni chet ellarga oʻqishga yuborish, 3} Turli maʼrifiy jamiyatlar tuzish; 4} Gazeta va jurnallar chop qilish kabi xayrli ishlarni amalga oshirishni belgilab olgan edilar [4; 12].
Jadidchilar asosiy gʻoya va maqsadlari sifatida oʻlkani diniy xurofot va qoloqlikdan ozod qilish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, oʻlkani muxtoriyatga yetaklash, milliy pul birligi va qoʻshinni tuzish belgilangan edi.
Jadidlar turli maʼrifiy jamiyatlar tuzish masalasida siyosiy tashkilotlar bilan bir qatorda iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy sohalarni qamrab olgan xayriya jamiyatlariga asos solishga hamda mahalliy boylar, ziyolilar, metsenatlar tomonidan ularga homiyliklar koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratganlar.
Tadqiqotlarga koʻra jadidlar tomonidan tashkil etilgan jamiyatlar, shirkat, tashkilotlar va uyushmalar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
“Shirkati Buxoroi Sharif” (1909 y. mart)
“Jamiyati xayriya” (1909-y. 12-may) – Toshkentda tashkil etilib, 41 moddalik Nizomga ega boʻlgan. Uning aʼzolari sifatida Toshhoji Tuyoqboyev, Nizomqori Mulla Hasanov, Abdulla Avloniy, Munavvar sori, Bashrilla Asadullaxoʻjayevlar hisoblangan.
“Tarbiyai atfol” (1910-y. 2-dekabr) – Buxoroda tashkil etilgan. Yoshlarni xorijga oʻqishga joʻnatishda moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlagan. Yoshlar Germaniya (Olmoniya), Turkiya (Istanbul) va hududlarga taʼlim olish uchun yuborilgan. Mudarris Hoji Rafiʼ, Usmon Xoʻja, Abduvoxid Mirzo, Hamidxoʻja Mehriy, Ahmadjon Mahdum va boshqalar jamiyat aʼzolari hisoblangan.
“Turon” shirkati (1913-y.) – Toshkentda tashkil etilgan. Aʼzolar sifatida Ubaydulla Xoʻjayev, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov, Munavvar qori Abdurashidxonov, Komilbek Norbekov, Abdulla Avloniy, Muhammadjon Poshshaxoʻjayev, Kattaxoʻja Boboxoʻjayev, Bashrillaxon Asadillaxoʻjayev, Nizomiddin Asomiddinxoʻjayev, Karimbek Norbekovlar hisoblangan.
“Nashriyoti Behbudiya” (1913-y.) – Bexbudiyning xususiy nashriyoti boʻlib, koʻpgina maʼrifatparvarlarning asarlari tarjima qilinib nashr etilgan. Shuningdek, ilk bor Turkiston xaritasi shu yerda nashr qilingan.
“Kutubxonai Behbudiya” (1913 y.)
“Nashriyot” shirkati (1914-y.) – Toshkentda ochilgan. Taʼsischilari sifatida Abdurahmonov, Sarimsoqov, Abdurashidxonov, Avloniy, Poshshoxoʻjayev, Azizxoʻjayev, Umarxoʻjayev, Xujayorov, Saidkarimboyevlar xisoblangan.
“Maktab” shirkati (Toshkent, 1916 y.)
“Ittihodi taraqqiy”, “Shoʻroi islomiya” (1917-y.) “Muallimlar jamiyati” (1917 yildan soʻng) – Toshkentda
ochilgan. Munavvar qori tashabbuskorligida milliy maktabni shakllantirish, xalq maorifini rivojlantirish maqsadida tuzilgan.
“Turon” xavaskorlar jamiyati (1917 y.) – Toshkentda Munavvar qori tashabbusi bilan teatr sanʼatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Musulmon oʻqituvchilar instituti (1918-y.) – Ibroxim Ismoilov tomonidan Toshkentda ochilgan. Munavvar qori, Fitrat faoliyat yuritgan. Uning tarkibida qisqa kurslar ishlab turgan.
“Birlik”, “Erk”, “Temur”, “Botir gapchilar” yashirin tashkilotlari (1919-y.)
“Turkiston milliy birligi” (1921 y.) [3; 118-119].
Shuningdek, jadidlarning faol taraqqiyparvarlari tomonidan 1909-1920-yillar mobaynida “Umid”, “Zarafshon”, “Barakat”, “Gʻayrat”, “Taraqqiyparvar” kabi ijtimoiy-siyosiy tashkilot va muassasalarga asos solindi. Ular Turkistondagi siyosiy hayotning faollashishi, mustamlakachilik tuzumiga qarshi kayfiyatlarning oʻsib borishi va kuchayishiga zamin yaratdilar. Birinchi jahon urushi (front orti va safarbarlik vaqti)da ularning faoliyati yorqin namoyon boʻldi. Ular yuqori tajriba va kuchga ega boʻlmaganligiga qaramay qarshilik harakatini tarixiy voqealik va milliy manfaatlarga javob beruvchi darajaga koʻtarishga harakat qilgan edilar [1; 54].
Turkiston jadidlari turli jamiyatlar tashkil etar ekanlar, millatni jipslashtiruvchi, yagona yoʻlga boshlovchi milliy gʻoyani imperiyaning boshqa hududlaridagi musulmonlarlardan olgan boʻlsa-da, uni mahalliy aholi turmush tarzi va muhitiga moslagan holda qayta shakllantirgan edilar. Ular dastlabki islohotlarda taʼlim, zamonaviy bilimlar targʻibi va mahalliy aholi turmush sharoitini yaxshilashga oid dasturni qoʻlladilar. Bu esa jadidlarning milliy gʻoyasi asosini tashkil etdi. Bu jarayonda milliy gʻoya asosini belgilagan xayriya muassasalarining toʻlaqonli faoliyati amalga oshirilmay qoldi. Bunga bir tarafdan mahalliy sarmoyador, savdogar va ishlab chiqaruvchilar sinfining sustligi, ikkinchi tarafdan qoʻshni hududlar va oʻlkada rus hukumatining olib borgan siyosati toʻsqinlik qildi. Natijada Turkistonda xayriya muassasalarining faoliyati mahalliy jamiyatning turli qatlamlari orasida birdek pogʻonada tayanch topa olmadi.
1917-yil fevralda sodir boʻlgan xalq inqilobi davrning ulkani hisoblangan Rossiya imperiyasini parchalab tashladi va unga barham berdi. Bu voqea hodisa mustamlaka sifatida hisoblangan Turkistonda ham yuqori kayfiyatda kutib olindi. Natijada, ozodlik va tenglik toʻlqini Turkistonni xam inkilobiy joʻnbushga keltirdi. Oʻlka axolisining ilgʻor kismi sanalgan jadidlar, ulamolar, ziyolilar bu inkilob gʻoyasini xayotga tatbik etishga astoydil bel bogʻladilar. Ular rus hukumati tarkibida boʻlsa xam milliy, xukukiy, muxtor davlat qurish uchun astoydil kurashdilar. Oktyabr toʻntarishidan keyin esa Turkiston xalqlarining mazkur umidi yuqqa chiqarildi.
Turkistonda 1917 yil fevraldan oktyabrgacha davr mobaynida jadidchilik harakati (dastlab maʼrifatchilik harakati sifatida edi) jiddiy oʻzgarishlarga uchrab, siyosiy harakat darajasida rivojlanib bordi. Xususan, 1917-yil mart oyiga kelib siyosiy koʻrinishga ega “Shoʻroi Islomiya” (Toshkentda) tashkiloti tuzildi [5; 3]. Unga dastlab milliy-liberal, progressiv harakat jadidlarning hamda ruhoniylarning “Ulamo” jamiyati kiritildi (keyinchalik 1917-iyunda alohida ajralib chiqqan edi). Qarashlarning turlicha boʻlganiga qaramay, ularni mustamlaka tuzumiga nisbatan nafrat hamda umumiy maʼnaviy qadriyatlar birlashtirib turar edi.
Jadidlar tashabbusi bilan oʻlkada umumqurultoylar (toʻrt bor Butunturkiston musulmonlari qurultoyi) oʻtkazildi. Uchinchi qurultoy davrida (1917-yil 17-20-sentyabr) “Shoʻroi Islomiya”, “Ulamo”, “Turon” va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish maqsadida umumiy boʻlgan “Ittifoqi muslimin” siyosiy partiyasini tuzishga qaror qilindi. Keyinchalik, soʻnggi qurultoy natijasida Turkiston Muxtoriyatiga asos solindi (1917 yil 26 noyabr) [2; 132]. Aynan, Turkiston jadidlarining milliy gʻoyasi oʻz amaliy tatbiqini 1917 yil Muxtoriyat tashkil etilishi bilan yakunladi. Muxtoriyat Turkistonning dastlabki va soʻnggi mustaqil siyosiy tuzilmasi sifatida tarixdan oʻrin oldi.
Yuz yildan oshiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da bugungi yangi taraqqiyot davrida amalga oshirilayotgan islohotlarga tayanch boʻlguvchi tariximizning jadidlar va istiqlolga intilgan shaxslar faoliyati davrini oʻrganilmagan yangi qirralarini oʻrganish va uni oshkor etish muhim hisoblanadi. Bu borada yuqorida ilgari surilgan mavzu doirasida jadidlar tomonidan tashkil etilgan har qanday siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muassaslar va jamiyatlar faoliyatini davriy matbuot nashrlari, arxiv manbalari, xotira- esdalik asarlarini oʻrganish maqsadga muvofiq. Shuningdek, jadidlarning Turkiston Muxtoriyati faoliyatidagi oʻrni va oʻzaro munosabatlari tarixini aniqlash muhim hisoblanadi.
МАНБА ВА АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ
- Абдуллаев Р.М. Национальные политическое организации Туркестана в 1917-1918 гг. Автореф. дисс. доктора ист. наук. -Ташкент, 1998.
- Аъзамхўжаев С. Туркистон Мухторияти: миллий- демократик давлатчилик қурилиши тажрибаси. -Тошкент, 2000.
- Номозова К. Жадидчилик: муаммолар, ислоҳот ва қарашлар. -Тошкент: Turon-Iqbol, 2010.
- Ражабов Қ., Ҳайдаров М. Туркистон тарихи (1917-1924 йиллар). -Тошкент: Университет, 2002.
- Ражабов Қ. Мустақил Туркистон фикри учун мужодалалар (1917-1935). -Тошкент: Ўзбекистон, 2000.