Asadullo XASANOV, Kichik ilmiy xodim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi Tarix instituti.
Aннотация. Мазкур мақолада ХХ аср бошида Туркияга муҳожирликка чиқиб кетган ўзбек зиёлилари томонидан чиқарилган “Янги Туркистон” журнали ҳақида маълумотлар келтирилган. Журнал 1927-1931 йилларда нашр этилган. Унинг саҳифаларида совет ҳокимияти ўрнатилган илк даврда Туркистондаги иқтисодий, ижтимоий ва сиёсий аҳволни таҳлилий ёритувчи мақолалар берилган. Унда, шунингдек, Мустафо Чўқаевнинг Туркистон Мухториятига оид хотиралари ҳам босилган.
Калит сўзлар: “Янги Туркистон” журнали, “Туркистон Миллий бирлиги” ташкилоти, Совет ҳукумати, Мустафо Чўқаев, Усмон Хўжа, Туркистон Мухторияти.
Abstract. This article tells us about journal of “New Turkistan” which was published by uzbek politicians moving to Turkey in the beginning XX century. Journal was published in 1927-1931. Its pages was analyzed political, social and economic life of Turkiston in the firstly Soviet period and this article gives some information about it. Also, it is stated Mustafa Chukay’s memories of Turkistan autonomy.
Key words: “New Turkistan” journal, “Turkistan national union” organization, Sovet goverment, Mustafa Chukay, Osman Khoja, Turkistan autonomy.
1917-yil oxirlarida tuzilgan Turkiston Muxtoriyati sovet hukumati tomonidan qonga botirilgach, o‘lkaning oydin fikrli kishilari Turkiston ichkarisida va ham tashqarisida turib Vatan erki va ozodligi uchun kurashga kirishdilar. Bu kurashlarni yagona g‘oya va maqsad yo‘lida birlashtirish uchun turli milliy siyosiy tuzilmalarni tashkil qilishga kirishdilar. Xususan, “Ittihodi taraqqiy” (1917) hamda “Milliy ittihod” (1921) [1; 22] va ularning negizida nafaqat Turkiston, balki butun O‘rta Osiyodagi barcha siyosiy tashkilotlarni yagona tuzilmaga birlashtirgan “O‘rta Osiyo milliy-demokratik musulmon jamiyati” (1921) [2; 343] kabi tashkilotlar shu asosda yuzaga keldi. Ular Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgandan keyin o‘lkada mustamlaka tizimini davom ettirgan sovet hokimiyatiga qarshi ozodlik harakatini boshqarib bordilar. Ammo, sovet hukumatining doimiy ta’qiblari va jamiyat a’zolarining birin-ketin qatag‘onga uchrashi milliy istiqlolchilik harakati kurashchilarining bir qismini Turkistondan tashqarida faoliyat olib borishga majbur qildi. Bu davrda muhojirlar ko‘p qo‘nim topgan o‘lkalardan biri Turkiya bo‘ldi. 1923-1960 yillar orasida Turkistondan Turkiyaga ko‘chib borgan muhojirlar soni 2,128 ming kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich shu yillar ichida Turkiyaga ko‘chib kelganlarning 2 % ini qamrab olardi [10; 15]. Turkiyada yеrlashgan turkistonlik oydinlar Ahmad Zaki Validiy rahbarligida 1921 yilda Buxoroda tuzilgan “Turkiston milliy birligi” tashkiloti faoliyatini 1924 yildan Istanbulda davom ettirdilar. “1924 yilning 9 mayida “Turkiston milliy birligi” tashkilotining Yevropadagi so‘nggi yig‘ilishi o‘tkazildi. Mustafo Cho‘qay bilan Olimjon To‘g‘on ham u yig‘ilishga keldilar. Bundan so‘ng tashkilot markazi Turkiyada bo‘lishi ta’kidlandi. Mustafo Cho‘qay o‘g‘li “Turkiston milliy birligi” tashkilotining Yevropadagi vakili qilib tayinlandi. Istanbulda bosib chiqariladigan nashrlarning tili, faoliyat dasturi to‘g‘risida ham qarorlar qabul qilindi” [2; 53], deya xotirlaydi Zaki Validiy o‘z asarida. Bu tashkilot faoliyatida Turkistonda bolsheviklar yuritayotgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash, Turkistonni yaxlit hudud asosida yagona hokimiyat ostida birlashtirish maqsadi yotardi. Ayni paytda, o‘z g‘oyalari va milliy da’volarini yoyish uchun tashkilot 1927-yildan “Yangi Turkiston” nomli jurnalni chiqara boshladi.
“Yangi Turkiston” jurnali Turkiyaga ko‘chib kelgan buxorolik taraqqiyparvar davlat arbobi Usmon Xo‘ja boshqaruvi va Mahmud Kozim mas’ul muharrirligida chiqarilgan. 1927-1931-yillar oralig‘ida jurnalning jami 39 soni nashr qilinadi. 1927-1928 yillardagi ilk 16 son arab alifbosida, keyingi sonlari esa lotin alifbosida turk tilida chop qilingan [12; 72]. Jurnalning 28-soniga qadar nashr ishlari, asosan, Usmon Xo‘ja, Mahmud Kozim va Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on tomonidan boshqariladi. Zaki Validiy “Turkiston milliy birligi” tashkiloti Markaziy qo‘mita raisi lavozimidan olingach, jurnal boshqaruvida o‘zgarish yuz beradi. Usmon Xo‘ja va Mahmud Kozim o‘rniga Nosir va Majididdin Ahmadlar keladilar [12; 76].
“Yangi Turkiston” jurnalining 1-sonidagi ilk maqolaga ko‘ra, uning maqsadi: “Turkiston xorijinda yashayan turklari ogoh etmak, milliy g‘oya ila Turkiston xorijina chiqanlarning ta’qib etdiklari maqsadlarini izoh etmak, Turkiston milliy harakatlarindan, siyosiy va iqtisodiy ahvolindan ma’lumot nashr etmak, Turkistondagi turk madaniyati xususinda maqolalar yozmoq, turklar orasinda haras (himoya) birligi masalalarini izoh etmak, Turkiston xorijindagi turklar ichinda va ovro‘palilar turk harasi (himoyasi) yo‘lindagi masoilarila tanishdirmoq va qo‘mshu (qo‘shni) islom davlatlarindagi tajdid harakatlarindan ma’lumot vermak” edi. [3; 1]
Jurnal muqovasida uning oyda bir marta chiqadigan “adabiy, siyosiy, iqtisodiy majmua” ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuning uchun unda yuqoridagi uch yo‘nalish doirasida turli mavzulardagi maqolalar berib borilgan. Maqolalar soni va hajmiga qarab jurnal sahifasi 20- 30 betni tashkil qilgan. Masalan, jurnalning 1927 yildagi ilk soni 32 sahifada chiqqan bo‘lsa, 1928 yildagi 1(13)-soni 20 sahifani tashkil etgan [8]. Nashr ishlarining moliyaviy asosi obuna puli va turli xayriya mablag‘laridan jamg‘arilgan. Yillik obuna narxi Turkiya hududida yashovchilar uchun 160 qurush, tashqaridagilar uchun 1 dollar 25 sentni tashkil etgan. Jurnal adadi dastlab 500 nusxada bosilgan bo‘lsa, keyinchalik 750 va 1000 nusxagacha yеtib borgan [11; 303].
Odatda, jurnal maqolalarining ko‘p qismi “Turkiston milliy birligi” tashkiloti a’zolari tomonidan yoziladi. Usmon Xo‘ja o‘g‘li, Mustafo Cho‘qay, Ahmad Zaki Validiy, Abdulqodir Inon, Abdulvahob O‘qtoy, toshkentlik Tavakkul Bobur, Mustafo Shohquli, Majididdin Dalil, Ahmad Naim kabi istiqlol uchun kurashgan ziyolilarning ko‘plab maqolalar bosiladi. Siyosiy yo‘nalishdagi aksariyat maqolalar Mustafo Cho‘qay o‘g‘li, Usmon Xo‘ja o‘g‘li va Zaki Validiy tomonidan yozilgan. Turkistondagi siyosiy vaziyat va ozodlik harakati tarixiga oid [13] Mustafo Cho‘qay o‘g‘lining 16 ta, Usmon Xo‘ja o‘g‘lining 16 ta va Ahmad Zaki Validiyning 7 ta maqolasi nashr qilinadi. Jurnal sahifalarida turkistonlik ziyoli muhojirlar harbiy shifokor Solih Erinkol, Abdulvahob O‘qtoy, Tohir Shokir kabi olimlar ham “Elter”, “Janay”, “Chig‘atoy” va “Yosh turkistonli” taxalluslari bilan maqolalar chop qilganlar [12;76]. Shuningdek, jurnal sahifalarida Cho‘lponning “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnalidan ko‘chirib bosilgan “Musohiba” [4;21], Elbekning “Qizil O‘zbekiston” gazetasidan olingan “Milliy Bayroq” [6;1] va Fitratning “Qor” she’rlari hamda samarqandlik istiqlolchilik harakati yеtakchisi Hamroqulibekning xotiralari [7; 13-17] ham mavjud.
Jurnalda har kim ham maqola chiqara olmagan. Unda chiqariladigan maqolalar “Turkiston milliy birligi” tashkiloti markaziy qo‘mitasi tomonidan nazorat qilib turilgan. Agar qo‘mita a’zolaridan bittasi bo‘lsa ham biror maqolani nashr qilishga ruxsat bermasa, u maqola chop qilinmagan [11;303]. Bu ma’lum ma’noda jurnal ichki senzuraga ega bo‘lganligini anglatadi. Nashriyot idora boshqaruvining o‘zgarishiga ham aslida shu tartib sabab bo‘ladi. Jumladan, Usmon Xo‘ja o‘g‘lining jurnalning 27-sonida yozgan “Istiqbol!..” [9;1] nomli quyidagi she’riga Mustafo Cho‘qay o‘g‘li va tashkilotning boshqa a’zolari e’tiroz bildirishgan va shundan keyin Usmon Xo‘ja nashriyot boshqaruv ishidan olingan:
Yuguramiz biz sen tomon buyuk istiqbol Qo‘mondonimiz g‘oziy Mustafo Kamol Bayrog‘imiz jumhuriyat, g‘oyamizdir xalqchilik Boqiy qolir alaloqibat bu ideal
Mustafo Cho‘qay o‘g‘li fikricha, “Turkiston milliy birligi” tashkilotining Turkiya bilan do‘stligi alohida masala bo‘lib, Mustafo Kamolni Turkiston istiqlolchilik harakatini lideri deb bilish to‘g‘ri emas edi. Chunki, u va boshqa ko‘plab tashkilot a’zolari “Turkiston istiqloli Mustafo Kamolning boshchiligida emas, milliy kuchlarimiz harakati bilan bo‘ladi” [12; 82] deb hisoblardilar.
Turkiston ozodlik harakati va kurashi tarixiga oid ko‘plab maqolalar ichidan Mustafo Cho‘qay o‘g‘lining Turkiston Muxtoriyati [5; 7-11] tarixiga oid xotira maqolasi manba sifatida alohida ahamiyatga ega. Ushbu maqolani tahlili orqali jurnalning Turkiston ozodlik kurash tarixidagi manbaviy ahamiyati haqida biroz tasavvur hosil qilish mumkin. Maqolada asosiy e’tibor Turkiston Muxtoriyati tuzilishidan oldingi tashkiliy jarayonlar, muxtoriyat hukumatini tuzishda Mustafo Cho‘qay o‘g‘li va boshqa turkistonlik ziyolilar, bilxossa, Ubaydulla Xo‘jayevning xizmatlari, Turkiston boshqaruvi masalasida xalq vakillarining turli qarashlari, sovet matbuotida Turkiston Muxtoriyati bilan bog‘liq ayrim
ma’lumotlarning noto‘g‘ri talqin qilinishi masalasiga qaratiladi.
Muallif Turkiston Muxtoriyati tashikiliy jarayoni to‘g‘risida yozar ekan, “Xo‘qand muxtoriyati”ning tashkili Turkiston milliy tashkilotina oid”ligi, o‘zi esa faqat “27-28-noyabr kechasida tashkil etilgan mashhur va tarixiy favqulodda milliy qo‘ng‘raya rayosat etmak” vazifasini bajarganini ta’kidlaydi. Ayni paytda, Sovet hokimiyati Mustafo Cho‘qayevni yangi milliy hokimiyat tashkil etish ishidan chalg‘itish, o‘z tarafiga og‘dirishga harakat qiladi. Toshkent sovet hukumatining ijro qo‘mitasi raisi Baranov yangi hukumat (Sovet hukumati – A.X.) ga birorta ham musulmon vakil kiritilmasligi, lekin istisno tariqasida uni olishlari mumkinligini taklif qiladi. M. Cho‘qayev Baranov bilan uchrashganda: “Yangi hukumat raisi bo‘lishingiz nima uchun mumkin bo‘lmasin? Musulmon qo‘mitasining raisi sifatida siz bizga buyuk yordam va manfaat ta’min eta bilasiz”, deb o‘z maqsadini ochiq-oydin bildiradi. Mustafo Cho‘qayev uning taklifni rad etib, Farg‘onaga ketadi. Chunki, taklifdan ko‘zlangan maqsad Turkiston xalqi manfaatlarini himoya qiladigan musulmon vakilini yangi hukumat tarkibiga kiritish emas, balki sovet hukumatiga qarshi bo‘lgan muxolif milliy siyosiy tashkilot yoki hokimiyatning tuzilishini oldini olish edi.
Farg‘ona o‘sha davrda milliy harakatning yirik markazlaridan biriga aylandi. IV favqulodda Umumturkiston musulmonlari qurultoyini tashkillash uchun bu yerda bir rayosat tuzildi. Rayosat a’zolaridan biri bo‘lgan M. Cho‘qayev xotirlashicha, rayosat vakillari ichida ham Turkistonda tuzilajak idora shakli masalasida qizg‘in muzokaralar kechgan. Muzokaralarda viloyatlardan kelgan vakillar qat’iy suratda “fursatdan istifoda etib Turkiston o‘lkasini mustaqil davlat e’lon qilmoq” haqida fikr bildirganlar. Mustafo Cho‘qayev va Ubaydullar Xo‘jayev siyosiy vaziyat qaltisligi va mavjud imkoniyatdan kelib chiqib vaqtincha mustaqillikni e’lon qilish imkonsiz ekanligini tushunganlar. “Biz istqilol yoxud muxtoriyat e’loni masalasida shoshilmaslik tarafdori edik. Chunki, Turkiston shaharlaridagi askarlar ichida bitta ham turkistonli yo‘q edi. Bu inqilobchi rus askarlari esa bizga “bosib olingan o‘lka aholisi” nazari bilan qarardi. Ishchilar ichida ham mahalliy aholidan hech kim bo‘lmagan. Rus ishchilari ham bizga “mustamlaka qishloqilari” nazari bilan boqardilar”, deb yozadi M. Cho‘qayev. Qolaversa, qo‘lida bir “to‘fangi va askariy hozirlig‘i bo‘lmag‘an bir millat ichun qurolli rus ishchi va askarlariga qarshi mujodala ochmoq juda mushkul edi”. Rayosatda davom etgan uzoq muzokara va tortishuvlardan keyin umumqurultoy dasturida Turkistonni “muxtoriyatli o‘lka” deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishga qaror qilindi. Turkiston sovet hukumati bilan birgalikda boshqaruvni amalga oshirish haqidagi barcha takliflar esa qat’iyan rad qilinadi.
1917-yil 26-noyabr Qo‘qon shahrida Ubaydulla Xo‘jayev taxt rayosatida Umumturkiston musulmonlarining favqulodda qurultoyi rasmiy ravishda ochildi. Qurultoyda boshqaruv masalasida Chanishevdan boshqa barcha vakillar ittifoq bilan “Turkiston muxtoriyati”ni e’lon qilishni qo‘llab-quvvatladi. Muxtoriyatga qarshi bo‘lgan M. Chanishev haqida Mustafo Cho‘qay quyidagi ma’lumotlarni keltirgan: “Chanishev Toshkentdagi sovet hukumatining josusi ekanligi keyinchalik bilindi. Turkiston sovet matbuotining “Chanishev muxtoriyatli Turkiston hukumati tarafidan bosh qo‘mondon o‘laroq tayin etilmishdi” deya yozganlari yolg‘ondir. Turkiston milliy hukumati Chanishevni nafaqat hukumat xizmatiga olmagan, balki uni Qo‘qondan haydab chiqargan edi”.
Qurultoy yakunida Milliy hukumat tuzish masalasida ham xalq vakillari ichida ikki xil fikr ustida bahs boradi. Mustafo Cho‘qayev va Ubaydulla Xo‘jayev markaziy qo‘mita tashkil etib, hukumatni shakllantirish ishini u qo‘mitaga havola etish tarafdori bo‘lsa, Solomon Gersfeld to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni bevosita “Turkiston hukumati”ni tashkil etish taklifini ilgari suradi. Yakunda ikkinchi fikr tarafdorlari g‘alaba qozonadi va shu yo‘l bilan yangi hukumat shakllantiriladi.
Bu orada Mustafo Cho‘qayev Boshqirdiston va Qozoq-qirg‘iz milliy markazlari bilan aloqa o‘rnatmoq va siyosiy vaziyatni yaqindan o‘rganmoq uchun hukumat tomonidan Orenburgga yuboriladi. Voqealarning keyingi rivojida bolsheviklar vaziyatni o‘z nazoratiga olib, muxtoriyatga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar. Va 1918 yil fevral oyidagi qonli urush bilan 72 kun yashagan Turkiston muxtoriyatiga barham beradilar.
Fikrlarni xulosalasak, “Turkiston milliy birligi” tashkilotining nashri bo‘lgan “Yangi Turkiston” jurnali o‘zining 5 yillik qisqa faoliyati davomida Turkiyada yеrlashgan turkistonlik muhojirlarning Vatan ozodligi uchun kurashlarini ifodalovchi muhim minbarga aylandi. Turkistondagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat va sovet hokimiyatining mustamlakachilik siyosati bilan butun dunyo jamoatchiligini tanishtirib bordi. Turkiston xalqining madaniy hayoti va tarixini dunyo bo‘ylab targ‘ib qildi. Butun dunyo bo‘yicha o‘z o‘quvchilariga ega bo‘ldi.
Jurnal idorasi Turkiyada joylashgan bo‘lsa-da, boshqaruvchilari turk hukumatining ta’siriga bo‘ysunib, uning yo‘rig‘iga yurmadi. Turk xalqini o‘ziga yo‘lboshchi deb emas, do‘st, ittifoqchi va hamkor deb bildi. Faqat milliy kuchlar vositasi bilan Turkistonni ozod qilish mumkinligiga ishondi.
Jurnal sahifalarida nafaqat dunyoning turli mintaqalarida yashayotgan turkistonlik millat oydinlarining, balki ona Vatanda qolgan – Cho‘lpon, Elbek, Fitrat kabi millat fidoiylarining ham Vatan, Ozodlik, Istiqlolchilik haqidagi fikrlari berib borildi. Muxtoriyat tarixi va istiqlolchilik kurashlari masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda jurnal Turkiston ozodlik harakati tarixini yorituvchi vosita vazifasini bajardi.
Umuman olganda, “Yangi Turkiston” jurnali tariximizning hali noma’lum bo‘lgan ba’zi kemtik sahifalarini to‘ldirishda va Turkiston ozodlik kurashlari masalasida sovet davri tarixiga oid qarashlarni qayta ko‘rib chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qila oladi.
MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YXATI
- Munavvar qori Xotiralarimdan (Jadidchilik tarixidan lavhalar). – Toshkent, 2001.
- Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on. Xotiralar: Turkistonda mustaqillik va ozodlik uchun kurashlar tarixi. -Toshkent, 2014.
. .۱ افاده. »یڭی تورکستان« مجموعه. ۱۹۲۷-هزیران.-۵ صایی .۱ صایفه 3.
. چولپان. مصاحبه »)معارف و اوقوتغوچی«دن.( »یڭی تورکستان« 4.
مجموعه. -۱۹۲۷ایلول صایی .۴ صایفه .۲۱
. چوای اوغلی مصطفی. خوقند مختاریان حقنده. »یڭی تورکستان« مجموعه. 5.
.-۱۹۲۸کانون . اول. صایی .۷ صایفه .۷-۱۱
. ایلبیک. مللی بایراق »)قز. اوزب« 5 نیسان 924 .( »یڭی تورکستان« 6.
مجموعه. -1928مایس، حزیران، تموز. صایی .10-11-12 صایفه .1
. مراقلبکك مجاهده خاطرهای. »یڭی تورکستان« مجمعه. -1928مایس، 7.
حزیران، تموز. صایی .10-11-12 صایفه .13-17
.). »یڭی تورکستان« مجموعه. 1928-اغستوس. صایی 13)1 8.
- Osman Kocaoğlu. “Istikbal!...” // “Yeni Türkistan” 1930 Şubat. Sayi 15 (27).
- Geray Cevat. Türkiye’den ve Türkiye’ye Göçler (1923–1961). Ankara, 1962. 76 sayfa.
- Ahat Cedidizm’den Bağımsızlığa Hariçte Türkistan Mücadelesi. Istanbul, 2003. 942 sayfa.
- Tevfik Evci. Yeni Türkistan dergisi (1927-1931). Kirikkale, 139 sayfa.